PQ-572-son Qaror · 23.01.2007

“Oʻzbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi telekommunikatsiya tarmoqlarini yanada rivojlantirish va modernizatsiya qilish toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-572
  • Qabul qilingan sana:23.01.2007
  • Kuchga kirgan sana:23.01.2007
  • Rasmiy nashr:СЗ РУ 4-6

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2005-yil 8-iyuldagi PQ-117-sonli qarorini amalga oshirish hamda mamlakatning axborot-telekommunikatsiya tizimini rivojlantirish loyihalarini amalga oshirish uchun xorijiy investitsiyalarni jalb etishni jadallashtirish maqsadida:

1. Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligining Xitoy Taraqqiyot Banki va “Huawei Technologies Co. Ltd” (XXR) kompaniyasi bilan birgalikda lizing asosida, umumiy qiymati 21 283,70 ming AQSh dollari miqdoriga teng, 1-ilovaga* muvofiq loyihaning tarkibiy qismlarini hisobga olgan holda “Oʻzbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi telekommunikatsiya tarmogʻini rekonstruksiya qilish va rivojlantirish” toʻgʻrisidagi investitsiya loyihasini amalga oshirish haqidagi taklifiga rozilik berilsin.

* 1-ilova rus tilidagi matnda berilgan.

2. Quyidagilar maʼlumot uchun qabul qilinsin:

maxsus komissiya tomonidan, joyiga borib uskunalarning sifat koʻrsatkichlari, ishlab chiqarish sharoitlari oʻrganib chiqildi va xarid qilinadigan uskunalarning yuqori texnologik darajasi, texnik xarakteristikasi xalqaro norma va standartlarga muvofiqligi qayd etildi;

maxsus komissiya xulosalari asosida “Aloqabank” aksiyadorlik-tijorat banki tomonidan belgilangan tartibda “Huawei Technologies Co. Ltd” (XXR) kompaniyasi bilan uskunalarni yetkazib berish boʻyicha besh lotdan iborat 18 313,52 ming AQSh dollari miqdorida, keyinchalik “Oʻzbektelekom” AKga lizingga berish uchun shartnoma imzolandi;

“Aloqabank” ATB va “Oʻzbektelekom” AK oʻrtasida lizing shartnomasi tuzildi.

3. Shartnomani quyidagi tartibda:

“Aloqabank” ATBga berilgan toʻlash muddati 8 yil boʻlgan, Xitoy Taraqqiyot Banki krediti hisobidan — shartnomaning 85 foizi 15 566, 49 ming AQSh dollari miqdorida;

“Aloqabank” ATBning shaxsiy mablagʻlari hisobidan — shartnomaning 15 foizi 2 747, 03 ming AQSh dollari miqdorida moliyalashtirish belgilansin.

4. Quyidagilar:

“Oʻzbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi telekommunikatsiya tarmogʻini rekonstruksiya qilish va rivojlantirish” investitsiya loyihasining texnik-iqtisodiy asosi, asosiy texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlari bilan 2-ilovaga* muvofiq;

“Aloqabank” aksiyadorlik-tijorat bankiga beriladigan Xitoy Taraqqiyot Banki kreditini toʻlash jadvali 3-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.

* 2 va 3-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.

5. Belgilab qoʻyilsinki:

Xitoy Taraqqiyot Banki tomonidan berilgan asosiy qarzni uzish, kreditga xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq foizlar, komissiyalar va boshqa xarajatlarni toʻlash, lizing shartnomasiga muvofiq “Oʻzbektelekom” AKdan tushadigan “Aloqabank” ATBning lizing toʻlovlari hisobidan amalga oshiriladi;

lizing va u bilan bogʻliq toʻlovlar, shuningdek, loyihani amalga oshirish boʻyicha mazkur qarorning 1-ilovasiga* kiritilgan boshqa xarajatlar, “Oʻzbektelekom” AKning shaxsiy mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.

6. Mazkur qarorning 1-ilovasiga* kiritilgan loyihalarni amalga oshirish doirasida:

Xitoy Taraqqiyot Bankini — Oʻzbekiston Respublikasi hududida toʻlov manbaidan undirilib olinadigan foyda soligʻi;

(6-bandining ikkinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 27-fevraldagi PQ-1062-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2009-y., 10-11-son, 107-modda)

“Aloqabank” aksiyadorlik-tijorat bankini — import qilinadigan uskunalar va materiallar boʻyicha bojxona toʻlovlari (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) toʻlashdan ozod qilinsin.

7. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

2007-yil 23-yanvar,

PQ-572-son

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.