PF-3897-son Farmon · 20.07.2007

Iqtisodiyotning strategik tarmoqlari korxonalarini xususiylashtirish jarayonlarini chuqurlashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-3897
  • Qabul qilingan sana:20.07.2007
  • Kuchga kirgan sana:20.07.2007
  • Rasmiy nashr:СЗ РУ 29-30

Ochiq savdolarda xususiy mulk etib sotiladigan korxonalar va obyektlar roʻyxatini kengaytirish, bunda xalqaro amaliyotda qabul qilingan normalarga rioya etish maqsadida:

1. 2007-yilning 1-avgustidan boshlab mamlakat iqtisodiyoti uchun ustuvor ahamiyatga ega boʻlgan strategik tarmoqlarning xususiylashtiriladigan ayrim aksiyadorlik jamiyatlarini boshqarishda davlat ishtirokining maxsus cheklangan huquqi (keyingi oʻrinlarda — “oltin aksiya”) joriy etilsin.

2. Belgilansinki:

xususiylashtiriladigan ayrim aksiyadorlik jamiyatlarini boshqarishda davlat ishtirokining maxsus huquqi (“oltin aksiya”) har bir alohida holatda strategik ahamiyatga ega boʻlgan hamda respublikaning iqtisodiy manfaatlarini himoya qilishni taʼminlaydigan davlat korxonalarini xususiylashtirish yoki aksiyadorlik jamiyatlarining davlat aksiya paketlarini xususiy mulk etib sotishda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qaroriga asosan joriy etiladi;

“oltin aksiya” ustav kapitalida davlat ulushi boʻlmagan yoki bu ulush 25 foizdan oshmaydigan aksiyadorlik jamiyatlarida joriy etilishi mumkin;

“oltin aksiya” qiymatga ega emas, birovning ixtiyoriga oʻtkazilmaydi va garovga topshirilmaydi, ustav fondi miqdorini belgilashda va dividendlarni qoʻshishda hisobga olinmaydi;

aksiyadorlik jamiyatlarida “oltin aksiya”ni joriy etishda belgilangan tartibda davlat vakillari tayinlanadi, ular aksiyadorlik jamiyatining kuzatuv kengashi tarkibiga kiradi va aksiyadorlarning umumiy yigʻilishlarida qatnashishlari shart.

3. Belgilab qoʻyilsinki, “oltin aksiya”ga egalik qilish Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan vakil qilingan organ (Oʻzbekiston Respublikasi Davlat raqobat qoʻmitasi)ga, zarur hollarda aksiyadorlik jamiyatlari boshqaruv organlarining quyidagi qarorlariga “veto” qoʻyish huquqini beradi:

(3-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 28-avgustdagi PF-4561-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 36-son, 477-modda)

aksiyadorlik jamiyatining ustaviga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida yoki aksiyadorlik jamiyatining ustavini yangi tahrirda tasdiqlash haqida;

aksiyadorlik jamiyatining ustav fondi miqdorini oʻzgartirish toʻgʻrisida;

aksiyadorlik jamiyatining asosiy faoliyat yoʻnalishlarini oʻzgartirish haqida;

aksiyadorlik jamiyati tomonidan yirik bitimlar va zamirida manfaatdorlik yotgan bitimlar tuzish toʻgʻrisida;

aksiyadorlik jamiyatining boshqa xoʻjalik jamiyatlarida qatnashuvi haqida;

aksiyadorlik jamiyatini qayta tashkil etish yoki tugatish, tugatish boʻyicha komissiya tayinlash toʻgʻrisida hamda oraliq va uzil-kesil tugatish balanslari toʻgʻrisida.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi oʻn kun muddatda davlat tomonidan aksiyadorlik jamiyatini boshqarishda ishtirok etish maxsus huquqi (“oltin aksiya”)dan foydalanish toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlasin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

6. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

2007-yil 20-iyul,

PF-3897-son

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.