PQ-748-son Qaror · 17.12.2007

Dehqonobod kaliy oʻgʻitlari zavodi qurilishini jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-748
  • Qabul qilingan sana:17.12.2007
  • Kuchga kirgan sana:17.12.2007
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:Ведомости палат Олий Мажлиса 12

Tyubegatan kaliy tuzlari konini oʻzlashtirish negizida kaliy oʻgʻitlari ishlab chiqarishni tashkil etish, qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilarini raqobatbardosh mahsulot bilan taʼminlash, respublikaning eksport salohiyatini oshirish, mintaqada ishlab chiqarish infratuzilmasi va yangi ish oʻrinlarini yaratish, shuningdek yangi ishga tushirilgan Toshguzar — Boysun — Qumqoʻrgʻon temir yoʻlidan oqilona foydalanish maqsadida:

1. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, “Oʻzkimyosanoat” DAKning qurilayotgan Dehqonobod kaliy oʻgʻitlari zavodi Direksiyasi tomonidan oʻtkazilgan tender va keyingi toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar natijalari boʻyicha tayyor holda topshirish sharti bilan quyidagilar:

qayta ishlash kompleksi qurilishiga 43,9 mln. dollar miqdorida — “SITIK” (XXR) kompaniyasi bilan;

togʻ-kon kompleksi qurilishiga 56,0 mln. dollar miqdorida — “ZUMK-Injiniring” (Rossiya) kompaniyasi bilan loyihalashtirish, qurish, asbob-uskunalar yetkazib berish va ishga tushirish-sozlash ishlari yuzasidan belgilangan tartibda shartnomalar tuzilgan hamda roʻyxatga olingan.

2. Belgilansinki, shartnomani moliyalashtirish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

a) 41,7 mln. dollarlik qayta ishlash kompleksi qurilishi shartnomasi qiymatining 95 foizi miqdorida — yillik 2,0 foizli stavka bilan Xitoy Xalq Respublikasi Hukumatining imtiyozli kredit liniyasi doirasida ajratiladigan, 5 yil imtiyozli davrni hisobga olgan holda, muddati 20 yil boʻlgan, “Oʻzsanoatqurilishbank” AK tomonidan qayta moliyalashtiriladigan XXR Eksimbanki mablagʻlari hisobidan;

b) 3 yil imtiyozli davrni hisobga olgan holda, muddati 10 yil boʻlgan, yillik 2,0 foizli stavka bilan “Oʻzsanoatqurilishbank” AK tomonidan qayta moliyalashtiriladigan jami 61,994 mln. dollar miqdoridagi Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan:

qayta ishlash kompleksi qurilishiga 2,195 mln. dollarlik shartnoma qiymatining 5 foizi miqdorida avans toʻlovini amalga oshirish uchun;

togʻ-kon kompleksi qurilishiga 56,0 mln. dollarlik shartnoma qiymatining 100 foizi miqdorida;

2008-2009-yillarda belgilangan tartibda texnologik transport-karyer agʻdarma mashinalari xarid qilish uchun 3,8 mln. dollar miqdorida;

v) Oʻzkimyosanoat” DAK huzuridagi Kimyo sanoatini rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan — uskunalar xarid qilish, qurilish-montaj ishlari va foizlarni, komissiyalarni hamda XXR Eksimbanki kreditlari va Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi qarz mablagʻlarini toʻlash bilan bogʻliq boʻlgan boshqa xarajatlarga zavod ishga tushirilgunga qadar 19,97 mln. dollar miqdorida.

3. Belgilansinki, asosiy qarzni uzish, foizlarni toʻlash, kreditga xizmat koʻrsatish boʻyicha boshqa xarajatlar, Dehqonobod kaliy oʻgʻitlari zavodi ishga tushirilgach oʻzining shaxsiy mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.

4. Quyidagilar:

fizik ogʻirlikda quvvati yiliga 200 ming tonna boʻlgan “Tyubegatan kaliy tuzlari koni negizida Dehqonobod kaliy oʻgʻitlari zavodini qurish” loyihasining asosiy texnik-iqtisodiy parametrlari 1-ilovaga muvofiq;

“Tyubegatan kaliy tuzlari koni negizida Dehqonobod kaliy oʻgʻitlari zavodini qurish” loyihasini amalga oshirishning tarmoqli jadvali 2-ilovaga muvofiq;

kredit mablagʻlarini toʻlashning prognoz jadvallari 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

5. “Oʻzsanoatqurilishbank” AKga XXR Eksimbanki kreditini hamda Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi qarz mablagʻlarini yiliga 0,25 foizdan oshmaydigan marja bilan qayta moliyalashtirish toʻgʻrisida qurilayotgan Dehqonobod kaliy oʻgʻitlari zavodi Direksiyasi bilan ikki hafta muddatda kredit shartnomasini ishlab chiqish va tuzish tavsiya etilsin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi moliya vaziriga belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan:

XXR Eksimbankiga — “Oʻzsanoatqurilishbank” AKning toʻlov majburiyatlari boʻyicha;

“Oʻzsanoatqurilishbank” AKga — Oʻzbekiston Respublikasi beradigan kafolat uchun toʻlov undirilmagan holda, XXR Eksimbanki krediti boʻyicha qurilayotgan Dehqonobod kaliy oʻgʻitlari zavodi Direksiyasi majburiyatlari boʻyicha kafolatlar berish vakolati berilsin.

“Oʻzsanoatqurilishbank” AK tomonidan XXR Eksimbanki bilan qayta ishlash kompleksi qurilishini moliyalashtirish boʻyicha yakka tartibdagi qarz bitimi tuzilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi yakka tartibdagi qarz bitimida belgilangan shaklda Oʻzbekiston Respublikasi kafolati boʻyicha yuridik xulosani belgilangan tartibda rasmiylashtirsin.

7. “Oʻzkimyosanoat” DAK, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi, “Oʻzsanoatqurilishbank” AK “ZUMK-Injiniring” va “SITIK” kompaniyalari bilan loyihaning tasdiqlangan TIA asosida, tayyor holda topshirish sharti bilan tuzilgan import shartnomalari boʻyicha xulosalar bersin va moliyalashtirishni ochsin, keyinchalik shartnomalarning spetsifikatsiyasi taqdim etilishiga qarab, yuklarni ortishdan oldingi inspeksiyasini amalga oshirish nazarda tutilsin.

8. Quyidagilar:

2013-yilning 1-yanvarigacha — qurilayotgan Dehqonobod kaliy oʻgʻitlari zavodi Direksiyasi, ishga tushirilgandan soʻng esa Dehqonobod kaliy oʻgʻitlari zavodi — hisoblangan soliqlar summasini jalb etilgan kreditlarni toʻlashga yoʻnaltirgan holda, yer osti boyliklaridan foydalanish soligʻi va yer soligʻi toʻlashdan;

qurilayotgan Dehqonobod kaliy oʻgʻitlari zavodi Direksiyasi, tayyor holda topshirish sharti bilan tuzilgan shartnomalarga muvofiq “SITIK” va “ZUMK-Injiniring” kompaniyalari tomonidan zavod qurilishi uchun olib kelinadigan tovarlar va xizmatlar — bojxona toʻlovlari (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) toʻlashdan;

XXR Eksimbanki, “SITIK” va “ZUMK-Injiniring” kompaniyalari — koʻrsatib oʻtilgan loyihani amalga oshirish doirasida olingan daromadlar boʻyicha yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻini toʻlashdan 2008-yil 1-yanvardan boshlab ozod etilsin.

(8-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 25-dekabrdagi PQ-2099-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 52-son, 690-modda)

9. Oʻzbekiston Respublikasi Geologiya va mineral resurslar davlat qoʻmitasi qurilayotgan Dehqonobod kaliy oʻgʻitlari zavodi Direksiyasiga Tyubegatan konidan kaliy tuzlarini qazib chiqarish uchun yer bagʻri uchastkasidan foydalanish huquqiga litsenziya bersin.

“Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasi Tyubegatan konidan kaliy tuzlarini qazib chiqarish uchun yer bagʻri uchastkasidan foydalanish huquqini beradigan litsenziyaga muvofiq belgilangan tartibda togʻ-kon shoxobchasini bersin.

10. 2008-yil 1-dekabrigacha, istisno tariqasida, bir vaqtning oʻzida loyihalashtirish bilan Dehqonobod kaliy oʻgʻitlari zavodi obyektlari qurilishiga ruxsat etilsin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi qurilayotgan Dehqonobod kaliy oʻgʻitlari zavodi Direksiyasiga Dehqonobod kaliy oʻgʻitlari zavodi mulkini ajratilgan kredit mablagʻlar taʼminoti sifatida “Oʻzsanoatqurilishbank” AKga belgilangan tartibda oʻtkazishga ruxsatnoma bersin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi “Oʻzkimyosanoat” DAKning talabnomalariga koʻra, mazkur loyihani amalga oshirishda ishtirok etayotgan xorijiy mutaxassislarning koʻp martalik kirish vizalari konsullik va boshqa yigʻimlar undirib olinmasdan belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini taʼminlasin.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi “Oʻzkimyosanoat” DAKning talabnomalariga koʻra, ushbu loyihani amalga oshirishda ishtirok etayotgan xorijiy kompaniyalar xodimlariga koʻp martalik kirish vizalari berish va ularning muddatini uzaytirish, shuningdek vaqtincha roʻyxatda turish va uning muddatini uzaytirishni taʼminlasin hamda ular davlat boji toʻlashdan ozod qilinsin.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tyubegatan kaliy tuzlari konini oʻzlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2005-yil 1-iyuldagi F-2268-son farmoyishiga 4-ilovaga* muvofiq oʻzgartishlar kiritilsin.

* 4-ilova rus tilidagi matnda berilgan.

15. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari R.S. Azimov va E.R. Shoismatov zimmalariga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

2007-yil 17-dekabr,

PQ-748-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 17-dekabrdagi PQ-748-sonli qaroriga 1-ILOVA

“Tyubegatan kaliy tuzlari koni negizida Dehqonobod kaliy oʻgʻitlari zavodini qurish” loyihasining

Izoh:

* Qarzni uzish paytida haqiqiy summadan kelib chiqib oʻzgarishi mumkin.

** 2017-2018-yillar va 2024-yilgacha boʻlgan davrga moʻljallangan kapital qoʻyilmalarni hisobga olgan holda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 17-dekabrdagi PQ-748-sonli qaroriga2-ILOVA

“Tyubegatan kaliy tuzlari koni negizida Dehqonobod kaliy oʻgʻitlari zavodini qurish” loyihasini amalga oshirishning

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 17-dekabrdagi PQ-748-sonli qaroriga3-ILOVA

Xitoy Eksimbanki, Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi, Kimyo sanoatini rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi kredit mablagʻlarini toʻlashning

Izoh. Vositachilik va foizlar haqi kreditni tanlab olish amaldagi summasiga bogʻliq holda aniqlanadi.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.