PQ-842-son Qaror · 21.04.2008

Shaxsiy yordamchi, dehqon va fermer xoʻjaliklarida chorva mollar koʻpaytirishni ragʻbatlantirishni kuchaytirish hamda chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-842
  • Qabul qilingan sana:21.04.2008
  • Kuchga kirgan sana:21.04.2008
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:СЗ РУ 17

Shaxsiy yordamchi, dehqon va fermer xoʻjaliklarida chorva mollarni yanada koʻpaytirish, shu asosda qishloq aholisining bandligi va daromadlarini, goʻsht-sut mahsulotlari ishlab chiqarishning oʻsishini oshirish hamda ichki isteʼmol bozorining toʻldirilishini taʼminlash maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Fermer xoʻjaliklari uyushmasi hamda boshqa manfaatdor tuzilmalar bilan birgalikda ishlab chiqilgan:

shaxsiy yordamchi, dehqon va fermer xoʻjaliklarida chorva mollarni koʻpaytirish va chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar 1-ilovaga muvofiq;

2008—2010-yillardagi davrda shaxsiy yordamchi va dehqon xoʻjaliklarida qoramollar soni koʻpayishining maqsadli parametrlari 2-ilovaga muvofiq;

2008—2010-yillarda sugʻoriladigan yerlarda yem-xashak ekinlari maydonlarining hisoblab chiqilgan prognozi 3-ilovaga muvofiq maʼqullansin.

Qishloq va suv xoʻjaligi vaziri, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va tumanlar hokimlari zimmalariga mazkur qaror bilan tasdiqlangan tadbirlarni oʻz vaqtida va sifatli ijro etish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.

2. Quyidagilar:

Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, tijorat banklarining 4-ilovaga muvofiq shaxsiy yordamchi va dehqon xoʻjaliklariga qoramol sotib olish uchun mikrokreditlar ajratishni kengaytirish toʻgʻrisidagi taklifiga;

Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining Respublika “Oʻznaslchilik” korxonasining ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish, servis punktlari tarmoqlarini tashkil etish yoʻli bilan chorva mollarni sunʼiy urchitish boʻyicha oʻz bazasini yaratish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

3. Belgilansinki, chorvachilikka ixtisoslashtirilgan fermer va boshqa xoʻjaliklarga, shuningdek, parrandachilik korxonalariga ajratilgan sugʻorma yerlar faqatgina yem-xashak ekinlari ekish uchun moʻljallangan va davlat ehtiyojlari uchun paxta hamda donli ekinlar ekishda foydalanilmaydi.

“Oʻzagrolizing” aksiyadorlik jamiyati “Oʻzagrotexsanoatxolding” AJ korxonalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan yem-xashakni yigʻishtirib oladigan texnikani qishloq xoʻjalik tovar ishlab chiqaruvchilariga lizing asosida berilishini tashkil etsin.

(3-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 22-fevraldagi PF-5668-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.02.2019-y., 06/19/5668/2652-son)

“Oʻzdonmahsulot” AK 5-ilovadagi prognoz hajmlariga muvofiq fermer xoʻjaliklari ixtiyorida qolayotgan, chorvachilik uchun toʻlaqonli omuxta yem ishlab chiqarishning oshirilishini taʼminlaydigan omuxta yem sanoatini modernizatsiya qilish va qoʻshimcha don resurslari xarid qilishni tashkil etishning aniq chora-tadbirlari amalga oshirilishini taʼminlasin.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Chigit yetkazib berish mexanizmini hamda oʻsimlik yogʻi va yogʻ-moy mahsulotlari sotishni tartibga solish toʻgʻrisida”gi 2006-yil 31-maydagi PQ-360-sonli qarori 3 va 4-bandlari, shuningdek, mazkur qarorning 2-ilovasi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

Shunday tartib oʻrnatilsinki, bunda chigitni qayta ishlashdan olinadigan shrot va sheluxa “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ va (yoki) “Toshkent tovar xomashyo birjasi” AJ orqali toʻla-toʻkis ichki bozor hamda eksportga sotilishi kerak.

(4-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 9-iyundagi PF-108-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.06.2026-y., 06/26/108/0579-son)

Yem, shu bilan birga shrot va sheluxaning eksportga sotilishi erkin ayirboshlanadigan valyutada amalga oshiriladi.

5. Vazirlar Mahkamasining Qishloq va suv xoʻjaligi, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash hamda isteʼmol tovarlari kompleksi (Sh.M. Mirziyoyev):

bir oy muddatda yem-xashak, jumladan, shrot va sheluxa sotishga ixtisoslashtirilgan punktlar tarmogʻini inventarizatsiyadan oʻtkazsin, bunda ularning viloyatlar, tumanlar va aholi punktlari boʻyicha oqilona joylashtirilishini, yem-xashak isteʼmolchilari — fermerlar, shaxsiy yordamchi va dehqon xoʻjaliklari egalarining ulardan keng foydalanishi taʼminlanishini nazarda tutsin;

inventarizatsiya natijalariga koʻra, viloyat va tumanlar doirasida yem-xashak, shu jumladan omuxta yem, shrot va sheluxa sotish boʻyicha ixtisoslashtirilgan yagona punktlar tarmogʻini kengaytirish va oqilona joylashtirish chora-tadbirlarini ishlab chiqsin.

Mazkur ixtisoslashtirilgan yagona punktlar negizida tuman va viloyat birlashmalari tashkil etilsin. Ushbu birlashmalar zimmasiga “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ va “Toshkent tovar xomashyo birjasi” AJ ochiq birja savdolari orqali yem-xashak, jumladan, omuxta yem, shrot, sheluxa va boshqalar xarid qilinishi, ularning yetkazib berilishi hamda fermerlar va aholiga sotilishi yuzasidan javobgarlik yuklansin.

(5-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 9-iyundagi PF-108-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.06.2026-y., 06/26/108/0579-son)

Yuqorida koʻrsatilgan chora-tadbirlarni bajarish yuzasidan masʼuliyat Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tuman hokimliklari, “Oʻzdonmahsulot” AK va Oziq-ovqat sanoati korxonalari uyushmasi rahbarlari zimmasiga yuklatilsin.

(5-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 14-dekabrdagi PF-4391-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2011-y., 50-son, 512-modda)

2008-yilning I yarim yilligi yakunlari boʻyicha ushbu ishlar natijalari Vazirlar Mahkamasining majlisida muhokama qilinsin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Davlat Bosh veterinariya boshqarmasi zooveterinariya punktlarini, kamida 10 yil mobaynida ularning faoliyat yoʻnalishini oʻzgartirmaslik sharti bilan, shaxsiy yordamchi, dehqon va fermer xoʻjaliklariga zooveterinariya xizmatlari koʻrsatish sohasida xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirish uchun davlat tasarrufidan chiqarish hamda xususiylashtirish boʻyicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

(7-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 24-maydagi PF-5447-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.05.2018-y., 06/18/5447/1269-son)

“Oʻzagrolizing” aksiyadorlik jamiyati zooveterinariya xizmati koʻrsatish korxonalari uchun zootexnik va laboratoriya jihozlari lizing asosida yetkazib berilishini taʼminlasin.

(7-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 28-iyundagi PF-5098-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 27-son, 605-modda)

8. Quyidagilar 2014-yilning 1-yanvarigacha boʻlgan davrda, istisno tariqasida:

(8-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 30-dekabrdagi PQ-1675-sonli qarori tahririda— OʻR QHT, 2011-y., 52-son, 561-modda)

(8-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 29-dekabrdagi PQ-2460-sonli qaroriga asosan chiqarilgan)

(8-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 29-dekabrdagi PQ-2460-sonli qaroriga asosan chiqarilgan)

zooveterinariya punktlari — korxonani roʻyxatga olishda va veterinariya faoliyatini amalga oshirish huquqiga litsenziya berishda davlat boji toʻlashdan;

fermer xoʻjaliklari va chorvachilik fermalari — chorvachilik mahsulotlarini, jumladan, uning qayta ishlangan mahsulotini sotish tushumidan davlatning maqsadli jamgʻarmalari hamda Taʼlim va tibbiyot muassasalarini rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va jihozlash jamgʻarmasiga majburiy ajratmalar toʻlashdan ozod qilinsin.

(8-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 25-yanvardagi PF-4416-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 3-4-son, 26-modda)

9. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Fermer xoʻjaliklari uyushmasi ommaviy axborot vositalarida chorvachilikni rivojlantirish hamda uni yuritish, mahsuldor mollarni yaratish va boqishning zamonaviy usullari, qishloqda chorvachilikning bozor infratuzilmasini kengaytirish ilgʻor tajribasini targʻib etish masalalarini yoritish boʻyicha maxsus dasturlar va ruknlar tashkil etsin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining ayrim qarorlari 6-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

2008-yil 21-aprel,

PQ-842-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 21-apreldagi PQ-842-son qaroriga 1-ILOVA

Shaxsiy yordamchi, dehqon va fermer xoʻjaliklarida chorva mollarini koʻpaytirish va chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish boʻyicha

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 21-apreldagi PQ-842-son qaroriga 2-ILOVA

2008 — 2010-yillardagi davrda shaxsiy yordamchi va dehqon xoʻjaliklarida qoramollar soni koʻpayishining maqsadli parametrlari (yil yakuniga)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 21-apreldagi PQ-842-son qaroriga 3-ILOVA

2008 — 2010-yillarda sugʻoriladigan yerlarda yem-xashak ekinlari maydonlarining hisoblab chiqilgan prognozi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 21-apreldagi PQ-842-son qaroriga 4-ILOVA

2008 — 2010-yillarda shaxsiy yordamchi va dehqon xoʻjaliklariga qoramol sotib olish uchun mikrokreditlar ajratishning prognoz

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 21-apreldagi PQ-842-son qaroriga 5-ILOVA

2008 — 2010-yillarda “Oʻzdonmahsulot” AK korxonalarida omuxta yem ishlab chiqarishning prognoz

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 21-apreldagi PQ-842-son qaroriga 6-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining oʻz kuchini yoʻqotgan deb eʼtirof etilayotgan qarorlari

2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 19-fevraldagi “Paxta xom ashyosi yetishtirishda bozor prinsiplarini amalga oshirish va uni yetishtirishni tashkil etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 93-sonli qarorining 7-bandi. (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2003-y., 2-son, 16-modda).

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.