Xitoy Xalq Respublikasi (XXR) Hukumati berayotgan mablagʻlardan foydalangan holda moliyalashtiriladigan investitsiya loyihalarini oʻz vaqtida amalga oshirishni taʼminlash maqsadida:
1. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki:
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi hamda “China National Machinery Import & Export Corporation” (XXR) oʻrtasida “Markaziy Fargʻonaning haydaladigan yerlari meliorativ tarmoqlarini yaxshilash” investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida 8,48 mln. AQSH dollari miqdorida uskunalar, ehtiyot qismlar yetkazib berish va ularni shef-montaj qilish boʻyicha shartnoma tuzildi;
mazkur shartnomani moliyalash Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki krediti hisobidan XXR Eksimbankining besh yillik imtiyozli davrni ham hisobga olganda 20 yil muddatda toʻlash sharti bilan 8,48 mln. AQSH dollari miqdorida berilgan qarz mablagʻlarini qayta moliyalashtirish yoʻli bilan amalga oshirib boriladi.
2. Belgilansinki:
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi kredit mablagʻlaridan maqsadli foydalanish va loyihani samarali amalga oshirish uchun masʼul ijro etuvchi agentlik, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki krediti boʻyicha qarz oluvchi hisoblanadi;
asosiy qarzni uzish, foizlar, komissiyalarni toʻlash va kreditga xizmat koʻrsatish hamda moliyalashtirishni tashkil etish bilan bogʻliq sarf-xarajatlar Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
3. Quyidagilar:
asosiy texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlar bilan loyihaning texnik-iqtisodiy asosi 1-ilovaga muvofiq;
loyiha boʻyicha XXR Eksimbanki qarz mablagʻlari, foizlar va komissiyalarni toʻlash jadvali 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki mazkur loyihani moliyalashtirish uchun:
XXR Eksimbanki bilan yakka tartibdagi qarz bitimini;
XXR Eksimbanki qarz mablagʻlarini qayta moliyalashtirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi bilan kredit shartnomasini tuzsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi moliya vaziri Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining XXR Eksimbanki oldidagi toʻlov majburiyatlari boʻyicha, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga — Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi majburiyatlari yuzasidan belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi nomidan kafolat berishga vakil qilinsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi kafolati boʻyicha qarz bitimida nazarda tutilgan shaklda yuridik xulosa taqdim etsin.
7. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, qarz bitimining shartlariga muvofiq quyidagilar:
XXR Eksimbanki Oʻzbekiston Respublikasi hududida toʻlov manbaidan undirib olinadigan foyda soligʻi toʻlashdan;
(7-bandining ikkinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 27-fevraldagi PQ-1062-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2009-y., 10-11-son, 107-modda)
loyihani amalga oshirish doirasida XXR Hukumatining kredit mablagʻlari hisobidan sotib olinadigan mahsulotlar, ishlar va xizmatlar bojxona toʻlovlari (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) toʻlashdan ozod etiladi.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining talabnomalariga koʻra, loyihani amalga oshirishda ishtirok etayotgan xorijiy mutaxassislarning kirish vizalarini konsullik yigʻimi va boshqa yigʻimlar undirib olinmasdan belgilangan tartibda rasmiylashtirishni taʼminlasin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining talabnomalariga koʻra, loyihani amalga oshirishda ishtirok etayotgan xorijiy mutaxassislarga koʻp martalik vizalar berish va ularning muddatini uzaytirish, shuningdek ularning vaqtincha roʻyxatda turish va uning muddatini uzaytirishni taʼminlasin hamda ular davlat boji toʻlashdan ozod qilinsin.
10. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2008-yil 14-fevral,
PQ-794-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 14-fevraldagi PQ-794-son qaroriga 1-ILOVA
“Markaziy Fargʻonaning haydaladigan yerlari meliorativ tarmoqlarini yaxshilash” loyihasining
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 14-fevraldagi PQ-794-son qaroriga 2-ILOVA
“Markaziy Fargʻonaning haydaladigan yerlari meliorativ tarmoqlarini yaxshilash” loyihasi boʻyicha XXR Eksimbanki qarz mablagʻlarini soʻndirish, foizlar va komissiyalarni toʻlash
Izoh:
* Asosiy qarzni birinchi uzish sanasi Qarz bitimi kuchga kirgan sanaga bogʻliq boʻladi.
** Komissiyalar va foizlar miqdori Qarz bitimining haqiqiy summasi va yetkazish sanasiga (tanlash) hamda kuchga kirish sanasiga bogʻliq.
*** Qarzni tanlash davri prognoz hisoblanib, qarz bitimining kuchga kirish sanasiga bogʻliq boʻladi.