Andijon viloyatining yerlarini sugʻorish suvi bilan barqaror taʼminlash va Xitoy Xalq Respublikasi (XXR) Hukumatining eksport kreditlaridan foydalangan holda moliyalashtiriladigan investitsiya loyihalarini oʻz vaqtida amalga oshirish maqsadida:
1. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi bilan “China National Electric Equipment Corporation” (XXR) korporatsiyasi oʻrtasida “Andijon viloyatidagi “Roish- Xokent-1” nasos stansiyasini rekonstruksiya qilish” investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida texnologik uskunalar, ehtiyot qismlar olib kelish, shef-montaj hamda sozlash ishlarini amalga oshirish boʻyicha jami 2,47 mln. AQSh dollariga teng miqdorda shartnoma tuzilgan.
2. Belgilansinki, loyihani moliyalashtirish:
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining besh yil imtiyozli davrni hisobga olgan holda, muddati 15 yil boʻlgan, qayta moliyalashtiruvchi bankning 0,2 foizli marjasini qoʻshganda yillik 3,2 foizli stavka bilan XXR Eksimbanki kredit mablagʻlarini qayta moliyalashtirish yoʻli bilan 2,1 mln. AQSh dollari miqdoridagi krediti hisobidan;
Oʻzbekiston Respublikasi davlat budjetining 370,2 ming. AQSh dollari miqdoridagi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
3. Belgilab qoʻyilsinki:
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi kredit mablagʻlaridan maqsadli foydalanish hamda loyihaning samarali amalga oshirilishi uchun javobgar boʻlgan buyurtmachi va ijro etuvchi agentlik, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining kreditlari boʻyicha qarz oluvchi hisoblanadi;
“Oʻzsuvloyiha” OAJ “Andijon viloyatidagi “Roish-Xokent-1” nasos stansiyasini rekonstruksiya qilish” loyihasi boʻyicha bosh loyihalovchi hisoblanadi;
asosiy qarzni uzish, foizlar, komissiyalar va kreditga xizmat koʻrsatish hamda moliyalashtirishni tashkil etish bilan bogʻliq xarajatlarni toʻlash davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
4. Quyidagilar:
“Andijon viloyatidagi “Roish-Xokent-1” nasos stansiyasini rekonstruksiya qilish” loyihasining TIAsi asosiy texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlari va 2010-yilning 10-oktabrida yakunlash muddati bilan 1-ilovaga muvofiq;
loyihani bajarishga investitsiyalar kiritish jadvali 2-ilovaga muvofiq
XXR Eksimbanki qarz mablagʻlarini toʻlash, loyiha boʻyicha foizlar va komissiyalarni toʻlash jadvali 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Mazkur loyihani moliyalashtirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki:
XXR Eksimbanki bilan yakka tartibdagi qarz bitimini;
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi bilan XXR Eksimbanki qarz mablagʻlarini qayta moliyalashtirish boʻyicha kredit shartnomasini tuzsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi moliya vaziri Oʻzbekiston Respublikasi nomidan belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining XXR Eksimbanki oldidagi toʻlov majburiyatlari boʻyicha tasdiqlovchi hujjat, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga — Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi majburiyatlari boʻyicha kafolat berishga vakil etib tayinlansin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qarz bitimida nazarda tutilgan shaklda Oʻzbekiston Respublikasining tasdiqlovchi hujjati va kafolati boʻyicha belgilangan tartibda yuridik xulosa bersin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining talabnomalariga koʻra, loyihani amalga oshirishda ishtirok etayotgan, tuzilgan kontraktga muvofiq shef-montaj ishlari va texnologik uskunalarni sozlashni, shuningdek nasos stansiyasiga xizmat koʻrsatuvchi xodimlarga taʼlim berilishini taʼminlovchi xorijiy mutaxassislarning kirish vizalari, shu jumladan koʻp martalik vizalari konsullik yigʻimi undirib olinmasdan belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining talabnomalariga koʻra, loyihani amalga oshirishda ishtirok etayotgan xorijiy mutaxassislarga koʻp martalik vizalar berish va ularning muddatini uzaytirish, shuningdek vaqtincha roʻyxatda turish va uning muddatini uzaytirishni taʼminlasin hamda ular davlat boji toʻlashdan ozod qilinsin.
10. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2008-yil 12-sentabr,
PQ-958-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 12-sentabrdagi PQ-958-son qaroriga 1-ILOVA
“Andijon viloyatidagi “Roish-Xokent-1” nasos stansiyasini rekonstruksiya qilish” loyihasining
* Yakuniy xarajatlar koʻrsatkichlari oʻtkazilgan tender (tanlov) savdolari va qurilish ishlarini batafsil loyihalash natijalari boʻyicha aniqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 12-sentabrdagi PQ-958-son qaroriga 2-ILOVA
“Andijon viloyatidagi “Roish-Xokent-1” nasos stansiyasini rekonstruksiya qilish” loyihasini amalga oshirish uchun investitsiyalar kiritish
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 12-sentabrdagi PQ-958-son qaroriga 3-ILOVA
XXR Eksimbanki qarz mablagʻlarini soʻndirish, “Andijon viloyatidagi “Roish-Xokent-1” nasos stansiyasini rekonstruksiya qilish” loyihasi boʻyicha foizlar va komissiyalarni toʻlash
* Asosiy qarzni birinchi uzish sanasi kredit shartnomasi kuchga kirgan sanaga bogʻliq.
** Komissiya va foizlar kredit shartnomasining haqiqiy summasi hamda yetkazish (tanlash) va kuchga kirish sanasiga bogʻliq.
*** Kreditni ajratish davri prognoz hisoblanib, kredit shartnomasining kuchga kirish sanasiga bogʻliq.