PQ-1136-son Qaror · 23.06.2009

Respublika iqtisodiyoti tarmoqlarini 2009/2010-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlashni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-1136
  • Qabul qilingan sana:23.06.2009
  • Kuchga kirgan sana:23.06.2009
  • Rasmiy nashr:Ведомости палат Олий Мажлиса 6

Respublika iqtisodiyoti tarmoqlari, korxonalari va muassasalarini 2009/2010-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga oʻz vaqtida tayyorlashni taʼminlash maqsadida:

1. Quyidagilar:

respublika iqtisodiyoti tarmoqlarini 2009/2010-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlash boʻyicha tadbirlar 1-ilovaga* muvofiq;

asosiy muhandislik kommunikatsiyalari va texnologik uskunalarni, shuningdek ijtimoiy soha obyektlarini hududlar boʻyicha 2009/2010-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlash hamda kapital va joriy taʼmirlash topshiriqlari 2—4-ilovalarga* muvofiq;

asosiy yoqilgʻi-energetika resurslari va texnik tuzni hududlar boʻyicha 2009/2010-yillar kuz-qish davri uchun tayyorlash topshiriqlari 5-ilovaga* muvofiq;

2009-yilda hududlar boʻyicha budjet sohasi uchun koʻmir yetkazib berish, Oʻzbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasidagi birja savdolari orqali sotish, shuningdek aholi ehtiyojlari uchun koʻmir ortib joʻnatish jadvallari 6* va 6a-ilovalariga* muvofiq tasdiqlansin.

* 1-6a-ilova rus tilidagi matnda berilgan.

2. Respublika iqtisodiyoti tarmoqlarini 2009/2010-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlash chora-tadbirlarini amalga oshirish boʻyicha ishlarni muvofiqlashtirish uchun 7-ilovaga* muvofiq tarkibda Respublika komissiyasi tuzilsin.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining kommunal xizmat koʻrsatish masalalariga mutasaddi oʻrinbosarlari rahbarligida aynan shunday hududiy komissiyalar tuzsin.

* 7-ilova rus tilidagi matnda berilgan.

3. Respublika komissiyasi (Sh.M. Mirziyoyev) kommunal xizmat koʻrsatish korxonalari, qozonxonalar, koʻp kvartirali turar-joy binolari, maktabgacha tarbiya muassasalari, umumtaʼlim maktablari, oʻquv yurtlari, sogʻliqni saqlash muassasalari hamda boshqa ijtimoiy soha obyektlarini 2009/2010-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlash boʻyicha joylardagi ishlarning ahvolini tanqidiy oʻrganib chiqsin va shu yilning 15-iyulidan kechikmay ushbu masala boʻyicha komissiyaning maxsus majlisini oʻtkazsin.

4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, shuningdek masʼul vazirliklar va idoralarning rahbarlari zimmasiga iqtisodiyot tarmoqlarining 2009/2010-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashini taʼminlaydigan tadbirlar hamda ishlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.

5. Respublika komissiyasi (Sh.M. Mirziyoyev) respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va ijtimoiy soha muassasalarini 2009/2010-yillar kuz-qish davriga tayyorlash va ularning barqaror ishlashini taʼminlash boʻyicha ushbu Qaror bilan tasdiqlangan chora-tadbirlar va topshiriqlarni bajarish yuzasidan tashkiliy tadbirlar kompleksi belgilangan muddatlarda amalga oshirilishini taʼminlasin.

6. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.

Ushbu Qarorning bajarilishi har chorakda Vazirlar Mahkamasi majlislarida koʻrib chiqilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

2009-yil 23-iyun,

PQ-1136-son

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.