PF-3114-son Farmon · 20.08.2002

Paxta narxini shakllantirish mexanizmi toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-3114
  • Qabul qilingan sana:20.08.2002
  • Kuchga kirgan sana:20.08.2002
  • Rasmiy nashr:Ведомости Олий Мажлиса 8

Paxta ekadigan xoʻjaliklarning ichki va tashqi bozorlarda barqaror xaridorgir yuqori sifatli raqobatbardosh paxta yetishtirishni koʻpaytirishdan iqtisodiy ragʻbatlantirilishini kuchaytirish, narx belgilashning bozor iqtisodiyoti talablariga javob beradigan jahon amaliyotida qabul qilingan meʼyor va tamoyillarini keng joriy etish maqsadida:

1. Paxta xomashyosiga ichki xarid narxlari hamda eksportga va respublika isteʼmolchilariga yetkazib berilayotgan paxta tolasining ulgurji narxlari jahon bozorida shakllanayotgan paxta narxi konyunkturasiga muvofiq belgilanish tartibi oʻrnatilsin. Paxta xomashyosi narxini shakllantirishda uni ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish, shuningdek uni qayta ishlash, saqlash va tashish xarajatlarining qoplanishini hisobga olish zarur.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzpaxtasanoateksport” XK, “Oʻzpaxtasanoat” AJ va boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda har yili yangi hosil paxtasiga narx belgilashda, shartnoma va kontrakt majburiyatlarini imzolashda mazkur Farmonning 1-bandida belgilangan paxta xomashyosiga xarid narxlar va paxta tolasiga ulgurji narxlarni shakllantirish mexanizmiga qatʼiy amal qilsinlar.

(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son)

3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Adliya vazirligi, “Oʻzpaxtasanoat” uyushmasi ikki hafta muddatda paxta xomashyosiga xarid narxlarni va paxta tolasiga ulgurji narxlarni shakllantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin.

4. Ushbu Farmonning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

2002-yil 20-avgust,

PF-3114-son

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.