Davlatimiz tarixida yangi sahifa ochuvchi Oʻzbekiston Respublikasining Mustaqillik kuni bayram qilinishi munosabati bilan va uning yoshlarni maʼnaviy kamol toptirishda juda katta tarbiyaviy ahamiyatga ega ekanligini nazarda tutib, oʻquv yurtlari jamoalarining istaklarini qondirib:
1. Har yili 1-sentabrda barcha maktablarda, hunar-texnika bilim yurtlarida, oʻrta maxsus va oliy oʻquv yurtlarida “Mustaqillik kuni” mavzuida maxsus mashgʻulotlar, darslar, maʼruzalar, tantanali yigʻilishlar va uchrashuvlar oʻtkazilsin.
2. Oʻz qaramogʻida oʻquv yurtlari boʻlgan vazirliklar va idoralar, hokimiyatlar:
— turli shakllardagi, ijodiy izlanish va bayram vaziyati ruhidagi mashgʻulotlar va tadbirlarni oʻtkazishga oid zarur tashkiliy tadbirlar qabul qilsinlar;
— Oʻzbekiston hayotining barcha sohalarida roʻy berayotgan tub oʻzgarishlardan oʻquvchilar va talabalar keng xabardor qilinishini taʼminlasinlar, uning erkin va demokratik rivojlanish istiqbollarini ochib berib, yoshlarni yuksak vatanparvarlik va oʻz Vataniga sadoqat ruhida tarbiyalasinlar;
— oʻquv yurtlarida Mustaqillik kunini bayram qilishda yoshlarning ijodiy qobiliyatlarini ochishga koʻmaklashuvchi hamda bir xillik va rasmiyatchilikni istisno qiluvchi turli tanlovlar, ijodiy bellashuvlar, ommaviy sport musobaqalari, koʻriklar, badiiy jamoalarning tomoshalari va boshqa tadbirlar oʻtkazsinlar.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimiyatlari oʻquv yurtlarida “Mustaqillik kuni”ga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish chogʻida unda respublika oqsoqollari, deputatlari, fan, madaniyat va sanʼat arboblarini, ijodiy va boshqa jamoat tashkilotlarining vakillarini, korxonalar va muassasalarning rahbarlarini qatnashishga keng jalb qilsinlar.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 22-avgust,
PF-456-son