Qimmatli qogʻozlar bozorini yanada rivojlantirish va kengaytirish, fond bozorida investorlar, shu jumladan xorijiy investorlarning faolligini oshirish maqsadida:
1. Shu narsa belgilansinki, davlat oʻz ulushini saqlab qoladigan ochiq turdagi aksiyadorlik jamiyatlarining ustav sarmoyasini shakllantirish chogʻida xususiylashtirilgan korxonalar aksiyalarining quyidagi paketlari koʻzda tutiladi:
davlatga — aksiyalarning koʻpi bilan 25 foizi;
mehnat jamoasiga — aksiyalarning koʻpi bilan 26 foizi;
xorijiy investorga sotish uchun — aksiyalarning kamida 25 foizi;
qolgan qismi — erkin savdoga.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ayrim hollarda xorijiy investorlar ishtirokida tashkil etiladigan aksiyadorlik jamiyatlarining aksiyalari paketini tender (tanlov) shartlari asosida taqsimlash toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish huquqi berilsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki, mazkur tartib emissiya prospekti roʻyxatdan oʻtkazilgan kundan boshlab bir yil mobaynida amal qiladi, shundan keyin sotib olinmagan aksiyalarning hammasi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi tomonidan yuridik va jismoniy, shu jumladan xorijiy yuridik va jismoniy shaxslarga erkin sotish uchun qoʻyiladi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi, qimmatli qogʻozlar bozori ishlashini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Markazi bir hafta muddatda davlat korxonalari negizida tashkil qilingan aksiyadorlik jamiyati taʼsischilari oʻrtasida aksiyalarni taqsimlashni taʼminlash mexanizmining normativ-huquqiy asosini takomillashtirishga oid takliflarni ishlab chiqib, taqdim etsinlar.
4. Ushbu Farmonning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari, Davlat mulki qoʻmitasi raisi V.A. Chjen zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 31-mart,
PF-1740-son