PQ-1039-son Qaror · 19.01.2009

Siyosiy tavakkalchiliklardan sugʻurta qilish boʻyicha “Oʻzbekinvest Interneshl” kompaniyasi faoliyatini maqbullashtirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-1039
  • Qabul qilingan sana:19.01.2009
  • Kuchga kirgan sana:19.01.2009
  • Holati:Amalda

Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyotidagi toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarining hajmlari koʻpayishi sharoitida xorijiy investorlarning ishonchli sugʻurta himoyasini yanada taʼminlash maqsadida:

1. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, “Amerikan Interneshl Grup” (AIG) sugʻurta kompaniyasi tomonidan “Oʻzbekinvest Interneshl” siyosiy tavakkalchiliklardan sugʻurta qilish kompaniyasining taʼsischilari tarkibidan chiqish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi hamda “Oʻzbekinvest” Milliy eksport-import sugʻurta kompaniyasining:

Oʻzbekiston taʼsischisi — Oʻzbekinvest” Milliy eksport-import sugʻurta kompaniyasining 40 mln AQSh dollari miqdoridagi ulushi bilan “Oʻzbekinvest Interneshl” kompaniyasining ustav kapitali miqdorini 50 mln AQSh dollarigacha kamaytirish;

“Oʻzbekinvest Interneshl” kompaniyasining ustav kapitaliga hissasi 10 mln AQSh dollari boʻlgan strategik investorni jalb qilish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.

3. Oʻzbekinvest” Milliy eksport-import sugʻurta kompaniyasi:

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda “Oʻzbekinvest Interneshl” kompaniyasiga strategik xorijiy investorni jalb qilish choralarini koʻrsin;

“Oʻzbekinvest Interneshl” kompaniyasining ustaviga roʻyxatga olingan mamlakat (Buyuk Britaniya) qonunchiligi talablariga muvofiq zarur oʻzgartirishlar kiritilishini taʼminlasin.

4. Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 23-noyabrdagi “Oʻzbekinvest Interneshnl”, “Aig Uzbekinvest” qoʻshma sugʻurta kompaniyalarini va “AIG Uzbekinvest” agentligini tashkil qilish toʻgʻrisida”gi 565-sonli qarori 1-bandining “a” kichik bandi va 3-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

2009-yil 19-yanvar,

PQ-1039-son

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.