PQ-1524-son Qaror · 02.05.2011

Noruda foydali qazilmalarni oʻz ichiga olgan yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziyalar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-1524
  • Qabul qilingan sana:02.05.2011
  • Kuchga kirgan sana:02.05.2011
  • Rasmiy nashr:СЗ РУ 22-23

Oʻzbekiston Respublikasining “Yer osti boyliklari toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq hamda noruda foydali qazilmalar mavjud boʻlgan yer qaʼri uchastkalaridan omilkorlik bilan, oqilona va samarali foydalanishni taʼminlab beradigan taʼsirchan huquqiy mexanizmni yaratish maqsadida:

1. Noruda foydali qazilmalarni oʻz ichiga olgan yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziyalar berish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Komissiyasi 1-ilovaga* muvofiq tarkibda tuzilsin.

*1-ilova berilmaydi

2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi zimmasiga Noruda foydali qazilmalarni oʻz ichiga olgan yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziyalar berish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Komissiyasining ishchi organi vazifasi yuklatilsin.

3. Quyidagilar:

Noruda foydali qazilmalarni oʻz ichiga olgan yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziyalar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga* muvofiq;

*2-ilova rus tilidagi matnda berilgan.

Noruda foydali qazilmalarni oʻz ichiga olgan yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziyalar berish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Komissiyasi toʻgʻrisidagi nizom 3-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.

*3-ilova rus tilidagi matnda.

4. Noruda foydali qazilmalarni oʻz ichiga olgan yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziyalar berish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Komissiyasi (R.S. Azimov):

noruda foydali qazilmalarni oʻz ichiga olgan yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziyalar berishni mazkur qarorga qatʼiyan muvofiq ravishda amalga oshirsin;

uch oy muddatda avval berilgan litsenziyalar egalarining ushbu qaror bilan belgilangan litsenziya talablari va shartlariga muvofiqligini tanqidiy oʻrganib chiqsin hamda ularning litsenziyalarini qayta rasmiylashtirish yoki egalari mazkur talablar va shartlarga javob bermaydigan litsenziyalarning amal qilishini tugatish choralarini koʻrsin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi, “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari, Oʻzbekiston Respublikasining “Yer osti boyliklari toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq, noruda foydali qazilmalar mavjud yer qaʼri uchastkalaridan oqilona va samarali foydalanish yuzasidan amaliy nazoratni taʼminlasin, litsenziyaga ega boʻlmasdan turib ularning qazib olinishiga yoʻl qoʻymasin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan hamkorlikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

7. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

2011-yil 2-may,

PQ-1524-son

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.