PF-945-son Farmon · 26.09.1994

Oziq-ovqat sanoatining “Oʻzoziqovqatsanoat” davlat-aksionerlik konsernini qayta tashkil etish toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-945
  • Qabul qilingan sana:26.09.1994
  • Kuchga kirgan sana:26.09.1994
  • Rasmiy nashr:Ведомости Верховного Совета 10

Oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish va aholiga sotishni koʻpaytirish, oʻzimizda ishlab chiqarilgan oziq-ovqat mollari bilan isteʼmol bozorini toʻldirish, oziq-ovqat sanoati korxonalari va tashkilotlarining ishlab chiqarish-xoʻjalik sohasidagi mustaqilligini taʼminlash asosida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish maqsadida:

1. Oʻzbekiston “Oʻzoziqovqatsanoat” davlat-aksionerlik konsernini qayta tashkil etish va uning negizida yuridik shaxs huquqlariga ega boʻlgan quyidagi mustaqil xoʻjalik tuzilmalarini tashkil qilish toʻgʻrisida oziq-ovqat sanoati korxonalari va tashkilotlari jamoalarining takliflari qabul qilinsin:

yogʻ-moy va tamaki sanoati korxonalarining “Yogʻmoytamakisanoat” uyushmasi;

konditer, choy va pivo-spirtsiz ichimliklar sanoati korxonalarining “Oziqovqatsanoat” uyushmasi.

2. Oʻzbekiston “Oʻzoziqovqatsanoat” davlat-aksionerlik konserni tizimiga kirgan davlat korxonalari va tashkilotlari ochiq tipdagi aksionerlik jamiyatlariga aylantirilsin.

3. Belgilab qoʻyilsinki, “Yogʻmoytamakisanoat” uyushmasi moy va tamaki xomashyosini xarid-qilish, oʻsimlik yogʻi, margarin mahsuloti, sovun va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish va sotish bilan shugʻullanuvchi korxonalar hamda tashkilotlarni ixtiyoriylik asosida birlashtiradi;

“Oziqovqatsanoat” uyushmasi esa konditer mahsulotlari choy, pivo, spirtsiz ichimliklar va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hamda sotish bilan shugʻullanuvchi korxonalar va tashkilotlarni ixtiyoriylik asosida birlashtiradi.

4. Uyushmalar zimmasiga quyidagi asosiy vazifalar yuklansin:

“Yogʻmoytamakisanoat” uyushmasi zimmasiga

integratsiyaning bozor shakllarini rivojlantirish, raqobatga bardoshli mahsulotni oʻzlashtirishga koʻmaklashish, tashqi iqtisodiy faoliyatni kengaytirish, yogʻ-moy mahsulotining ekologik jihatdan sof va sifatli turlarini ishlab chiqarishni tashkil etish maqsadida qoʻshma korxonalar barpo etish;

zamonaviy texnika, texnologiya va ilgʻor tajribani joriy etish, mutaxassislar tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini rivojlantirish, mahsulot ishlab chiqarish texnologik jarayonining barcha bosqichlarida chiqindisiz ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish va nobudgarchilikning oldini olish;

uyushma taʼsischilariga marketing xizmatini taʼminlash, turdosh korxonalar bilan tijorat qoidalariga asoslangan bevosita kooperatsiya aloqalari oʻrnatish va shu asosda mahsulot ishlab chiqarish va uni sotishni koʻpaytirish;

“Oziqovqatsanoat” uyushmasi zimmasiga

chetdan keltiriladigan xomashyo va moddiy-texnika resurslarini ulgurji xarid qilish va uyushma qatnashchilariga sotish, eksportga moʻljallangan mahsulot va import mahsulotlar oʻrniga oʻzimizda shunday mahsulotlar ishlab chiqarishni rivojlantirish;

faoliyat koʻrsatishning bozor sharoitlarida uyushma korxonalari va tashkilotlariga ishni tashkil etishda, ularni mulkchilikning xususiy va boshqa tashkiliy-huquqiy shakllariga aylantirishda koʻmaklashish;

oziq-ovqat xomashyosi va mahsuloti tashqi bozoridagi oʻzgarishlarni oʻrganish, firma savdosini rivojlantirish, xorijiy sheriklar bilan savdo-iqtisodiy aloqalar oʻrnatish va bunday aloqalarni kengaytirishga, qoʻshma korxonalar va ishlab chiqarishlarni tashkil etishga doir tadbirlarni amalga oshirish.

5. Oʻzbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddat ichida ushbu Farmonni roʻyobga chiqarishga oid tashkiliy tadbirlarni koʻzda tutuvchi qaror qabul qilsin.

6. “Oziq-ovqat sanoatining “Oʻzoziqovqatsanoat” konsernini Oʻzbekiston oziq-ovqat sanoatining “Oʻzoziqovqatsanoat” davlat-aksionerlik konserniga aylantirish toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1993-yil 5-maydagi 602-son Farmoni oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

1994-yil 26-sentabr,

PF-945-son

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.