Ishlovchi ayollarning yuqori malakali mehnatini ragʻbatlantirish, ularning daromadlarini oshirish hamda oilada, davlat va jamiyat qurilishida xotin-qizlarning rolini kuchaytirish, ularning huquqiy, ijtimoiy, iqtisodiy va maʼnaviy manfaatlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish boʻyicha 1999-yilgi tadbirlar Davlat dasturini roʻyobga chiqarish maqsadida:
1. Belgilab qoʻyilsinki, 1999-yilning 1-iyulidan boshlab, ayollar yoshga doir pensiyaga chiqqandan keyin oʻrta va kichik tibbiyot xodimlari, provizorlar, nogiron bolalarning internat uylarida, “Mehribonlik” uylarida tarbiyachilar, shuningdek kutubxonachilar sifatida ishlashni davom ettirayotgan va pensiyaga chiqish oldidan mazkur mutaxassisliklar boʻyicha kamida oʻn yil stajga ega boʻlgan hollarda ularning pensiyani toʻliq miqdorda olish huquqi saqlab qolinadi.
2. Mazkur Farmonning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 17-mart,
PF-2246-son