PQ-2024-son Qaror · 16.08.2013

“450 MVt quvvatga ega ikkinchi bugʻ-gazli qurilmaning qurilishi bilan Navoiy IESni kengaytirish” loyihasini birinchi navbatda amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-2024
  • Qabul qilingan sana:16.08.2013
  • Kuchga kirgan sana:16.08.2013
  • Holati:Amalda

Zamonaviy energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish hisobiga generatsiya quvvatlarini yanada rivojlantirish, mamlakat energiya tizimlari ishlashining ishonchliligini oshirish va xavfsizligini kuchaytirish, respublika isteʼmolchilarini elektr energiyasi bilan barqaror taʼminlash maqsadida:

1. Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi tomonidan “450 MVt quvvatga ega ikkinchi bugʻ-gazli qurilmaning qurilishi bilan Navoiy IESni kengaytirish” loyihasini amalga oshirish uchun 40 yil muddatga, 10 yillik imtiyozli davrni oʻz ichiga olgan holda, 34 877 mln. yapon iyenasi miqdorida qarz berilgani maʼlumot uchun qabul qilinsin.

2. Belgilansinki:

“Oʻzbekenergo” DAK mazkur loyihaning oʻz vaqtida va toʻliq amalga oshirilishi, shuningdek, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligining qarz mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanilishi uchun masʼul boʻlgan ijro etuvchi organ hisoblanadi;

Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligining qarziga xizmat koʻrsatuvchi moliyaviy agent hisoblanadi;

Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligining qarzini uzish, shuningdek, u boʻyicha foizlar, komissiyalarni toʻlash bilan bogʻliq sarf-xarajatlar “Oʻzbekenergo” DAKning oʻz mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.

3. Oʻzbekiston Respublikasi moliya vaziriga Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi bilan qarz bitimini hamda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki va “Oʻzbekenergo” DAK bilan Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligining qarzidan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi agentlik bitimini Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan imzolash vakolati berilsin.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi oʻrtasidagi qarz bitimi boʻyicha belgilangan tartibda huquqiy xulosa bersin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi qarzidan foydalanish maqsadida Yaponiyaning “Tokio-Mitsibushi UFJ. Ltd.” banki bilan banklararo bitim tuzsin.

6. “Oʻzbekenergo” DAK uch oy muddatda loyihaning texnik-iqtisodiy asosini ishlab chiqilishi, vakolatli ekspertiza organlari bilan kelishilgan holda, belgilangan tartibda tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritilishini taʼminlasin.

7. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Gʻ.I. Ibragimov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

2013-yil 16-avgust,

PQ-2024-son

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.