PQ-70-son Qaror · 06.05.2005

Savdoni moliyalashtirish sohasidagi operatsiyalarni amalga oshirish uchun Koreya Respublikasi eksport-import bankining banklararo eksport kreditini jalb qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-70
  • Qabul qilingan sana:06.05.2005
  • Kuchga kirgan sana:06.05.2005
  • Holati:Amalda

[Koʻchirma]

Oʻzbekiston Respublikasi bilan Koreya Respublikasi oʻrtasidagi iqtisodiy munosabatlarni yanada rivojlantirish, banklararo hamkorlikni chuqurlashtirish hamda savdoni mablagʻ bilan taʼminlash sohasidagi qoʻshma operatsiyalar samaradorligini oshirish va ularni amalga oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:

1. Koreya Respublikasi Eksport-import banki bilan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki oʻrtasida savdoni mablagʻ bilan taʼminlash sohasidagi operatsiyalarni amalga oshirish uchun 10 mln AQSH dollari miqdorida banklararo eksport krediti berish boʻyicha Anglashuv memorandumini imzolash toʻgʻrisida ahdlashuvga erishilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vaziri yuqorida koʻrsatib oʻtilgan Memorandumga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining toʻlov majburiyatlari boʻyicha Koreya Respublikasi Eksport-import bankiga Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan belgilangan tartibda kafolat berishga vakil qilinsin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining Koreya Respublikasi Eksport-import bankiga kafolati boʻyicha yuridik xulosani belgilangan tartibda rasmiylashtirsin.

4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

2005-yil 6-may,

PQ-70-son

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.