Respublika isteʼmol bozorida muvozanat saqlanishini va uning barqaror toʻldirilishini taʼminlash, aholining ijtimoiy muhofazasini kuchaytirish, shuningdek, tovarlarning ayrim turlarini qonunga xilof ravishda olib ketilishining oldini olish maqsadida:
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2002-yil 29-maydagi PF-3078-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan— Oliy Majlis Axborotnomasi, 2002-y., 4-5-son, 96-modda)
2. “Oʻzdavstandart”, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat veterinariya qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi keltirilayotgan isteʼmol tovarlari sifati ustidan qattiq nazorat oʻrnatib, ularga tegishli sertifikatlar va ruxsatnomalar oʻz vaqtida berilishini taʼminlasin.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 1-avgustdagi PF-5497-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.08.2018-y., 06/18/5497/1604-son)
3. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi, Ichki ishlar vazirligi eksport qilish taqiqlab qoʻyilgan tovarlarni qonunga xilof ravishda olib chiqib ketish hollariga chek qoʻyish yuzasidan qatʼiy choralar koʻrsin.
Belgilab qoʻyilsinki, eksport qilish taqiqlangan tovarlarni yuridik va jismoniy shaxslar (rezidentlar va norezidentlar) qonunga xilof ravishda olib chiqib ketish hollari aniqlangan taqdirda aybdor shaxslar amaldagi qonunlarga muvofiq maʼmuriy yoki jinoiy javobgarlikka tortiladi.
4. Davlat bojxona qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi bojxona xizmatining koʻchma bojxona postlari sonini koʻpaytirib, qoʻshni davlatlar bilan chegaralardagi dala yoʻllari va aylanma yoʻllar orqali tovarlarni qonunga xilof ravishda olib chiqib ketish ustidan nazoratni kuchaytirsin.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-iyundagi PF-5456-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.06.2018-y., 06/18/5456/1316-son)
5. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bir hafta muddatda:
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda isteʼmol tovarlarini Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududidan qonunga xilof ravishda olib chiqib ketganlik, shuningdek, import qilinadigan tovarlarni sotishning belgilab qoʻyilgan tartibini buzganlik uchun yuridik va jismoniy shaxslarning javobgarligini kuchaytirish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga va Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida belgilangan tartibda takliflar kiritsin;
amaldagi qonunchilikni ushbu Farmonga muvofiqlashtirsin.
6. Eksport qilish taqiqlangan tovarlarni qonunga xilof ravishda olib ketish hollariga chek qoʻyishda huquqni muhofaza qilish organlariga koʻmaklashish maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va ommaviy axborot vositalarini jalb etib, aholi orasida keng tushuntirish ishlarini olib borsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tovarlar (ishlar, xizmatlar) eksportini ragʻbatlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 1997-yil 10-oktabrdagi PF-1871-son Farmoniga 5-ilova matnidagi “sionizm” soʻzi chiqarib tashlansin.
8. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Oʻ.Sultonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 25-dekabr,
PF-2160-son
(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2002-yil 29-maydagi PF-3078-son Farmoniga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2002-y., 4-5-son, 96-modda)