Qishloq aholi punktlarining arxitektura-rejalashtirish qiyofasini yanada yaxshilash, namunaviy loyihalar boʻyicha yakka tartibdagi uy-joy qurilishi koʻlamini kengaytirish, qishloq joylarda transport va muhandislik kommunikatsiyalarini, ijtimoiy va bozor infratuzilmasi obyektlarini jadal rivojlantirish hisobiga qishloq aholisining turmush darajasi va sifatini oshirish maqsadida:
1.Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi, “Qishloq qurilish bank” OATB, Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, “Ipoteka bank” ATIB va “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda ishlab chiqilgan Qishloq joylarda namunaviy loyihalar boʻyicha yakka tartibdagi uy-joylar qurilishi boʻyicha 2014-yil dasturi maʼqullansin, unda:
1-ilovaga muvofiq 2014-yilda qishloq joylarda namunaviy loyihalar boʻyicha “kaliti bilan topshirish” sharti asosida 11,0 mingta yakka tartibdagi uy-joylar qurishning;
2-ilovaga muvofiq 2014-yilda yakka tartibdagi qishloq uy-joy massivlarida tashqi muhandislik tarmoqlari va transport kommunikatsiyalarini barpo etishning;
3-ilovaga muvofiq 2014-yilda yakka tartibdagi qishloq uy-joy massivlarida ijtimoiy va bozor infratuzilmasi obyektlari qurishning asosiy parametrlari nazarda tutilsin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar hokimlari, “Qishloq qurilish invest” IK, “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi, “Oʻzbekenergo” DAK, “Oʻztransgaz” AK, loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etuvchi tijorat banklari rahbarlari zimmasiga mazkur qaror bilan maʼqullangan Dastur parametrlari oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklatilsin.
2. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, 2014-yilda qishloq joylarda uy-joylar qurilishiga Osiyo taraqqiyot bankining “Qishloq joylarda uy-joy qurilishini rivojlantirish” loyihasining koʻp transhli moliyalashtirish dasturi doirasida jami 500,0 mln. AQSH dollari miqdorida boʻlgan ikkinchi transhning 100,0 mln.AQSH dollari miqdoridagi qismi yoʻnaltiriladi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
“Qishloq qurilish bank” ATB, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, “Ipoteka bank” ATIBning buyurtmalariga binoan qishloq joylarda namunaviy loyihalar boʻyicha yakka tartibdagi uy-joylarni “kaliti bilan topshirish” sharti asosida qurilishini moliyalashtirish uchun maqsadli yoʻnaltiriladigan milliy valyutada foiz stavkasi yiliga 3 foiz, imtiyozli davri 5 yil boʻlgan 15 yil muddatga kredit liniyalarini ochsin;
(3-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 7-yanvardagi PQ-2282-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2015-y., 1-son, 1-modda)
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yoʻl jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining asoslangan hisob- kitoblariga binoan 2014-yilda massiv ichidagi va massivga olib boruvchi yoʻllar qurilishi uchun zarur kapital qoʻyilmalar limitlari ajratilishini nazarda tutsin.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari:
2013-yilning 1-dekabrigacha Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi, “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi bilan birgalikda 2014-yilda namunaviy loyihalar boʻyicha qishloq joylarda yakka tartibdagi uy-joylarni “kaliti bilan topshirish” sharti asosida qurilishini amalga oshirish uchun pudrat tashkilotlarini aniqlash boʻyicha tanlov savdolari oʻtkazilishini;
“Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi va tijorat banklari bilan birgalikda bir hafta muddatda, oʻtkazilgan savdo tanlovlari natijalariga koʻra, 2014-yilda namunaviy loyihalar boʻyicha yakka tartibdagi uy-joylarni “kaliti bilan topshirish” sharti asosida qurish uchun buyurtmachi bilan pudrat tashkilotlari oʻrtasida shartnomalar tuzilishini;
2 va 3-ilovalarda maʼqullangan parametrlarga muvofiq yakka tartibdagi qishloq uy-joy massivlarida ijtimoiy va bozor infratuzilmasi obyektlari, transport kommunikatsiyalari hamda tashqi muhandislik tarmoqlari qurilishini tashkil etishni taʼminlasinlar.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligining “Oʻzsanoatmashimpeks” DATK tomonidan “Qishloq qurilish invest” MCHJ injiniring kompaniyasi bilan tuziladigan shartnomalarga muvofiq namunaviy loyihalar boʻyicha qishloq joylarda yakka tartibdagi uy-joylar qurish uchun respublikada ishlab chiqarilmaydigan yogʻoch-taxta, tomga yopiladigan metall tunukalar va yogʻoch-payraha qirindilaridan tayyorlangan plitalarni 4-ilovaga muvofiq hajmlarda import boʻyicha olib kelinishi toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
6. 2015-yilning 1-yanvarigacha:
“Oʻzsanoatmashimpeks” DATK — 4-ilovaga muvofiq hajmlarda chetdan olib kiriladigan tomga yopiladigan metall tunukalar uchun bojxona toʻlovlaridan (bojxona yigʻimlaridan tashqari), shuningdek import boʻyicha olib kelingan yogʻoch-taxta, tomga yopiladigan metall tunukalarni va yogʻoch- payraha qirindilaridan tayyorlangan plitalarni “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasiga sotilganida qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlashdan;
subpudrat tashkilotlari — yakka tartibdagi uy-joylarni “kaliti bilan topshirish” sharti asosida qurish doirasida, “Qishloq qurilish invest” MCHJ injiniring kompaniyasi bilan shartnomalar tuzgan pudrat tashkilotlari bilan shartnoma boʻyicha ular tomonidan bajariladigan ishlar hajmi qismida yagona soliq toʻlovi toʻlashdan;
5-ilovaga muvofiq roʻyxat boʻyicha qurilish materiallarini ishlab chiqaruvchi korxonalar — barcha turdagi soliqlardan, davlatning maqsadli jamgʻarmalariga (yagona ijtimoiy soliq bundan mustasno) toʻlanadigan majburiy ajratmalardan ozod etilsin.
(6-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 8-iyuldagi PF-4631-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 29-son, 356-modda)
7. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi ushbu qarorni amalga oshirish doirasida olib kelinadigan yogʻoch-taxta, tomga yopiladigan metall tunukalar va yogʻoch-payraha qirindilaridan tayyorlangan plitalar, shuningdek qishloq joylarda namunaviy loyihalar boʻyicha yakka tartibdagi uy-joylar qurilishi uchun 5-ilovaga kiritilgan korxonalarda ishlab chiqarilayotgan qurilish materiallarining maqsadli ishlatilishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatsin.
Belgilab qoʻyilsinki, koʻrsatilgan qurilish materiallari maqsadga muvofiq ishlatilmagan taqdirda, soliq va boj imtiyozlari berilishi munosabati bilan ozod etilgan mablagʻlar qonun hujjatlarida nazarda tutilgan moliyaviy sanksiyalar qoʻllanilgan holda Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetiga undirib olinadi.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari, “Qishloq qurilish invest” MCHJ injiniring kompaniyasi va manfaatdor tijorat banklari, Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va boshqa tashkilotlar ishtirokida qishloq qiyofasini tubdan yaxshilash, qishloq aholisining turmush darajasi va sifatini oshirishga yoʻnaltirilgan namunaviy loyihalar boʻyicha qishloq joylarda uy-joy qurilishini rivojlantirish borasida koʻrilayotgan chora-tadbirlarni keng yoritish boʻyicha telekoʻrsatuv va radioeshittirishlar turkumini hamda maqolalar chop etilishini tashkil qilishni taʼminlasin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 6-ilovaga muvofiq oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilsin.
10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2013-yil 15-noyabr,
PQ-2068-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 15-noyabrdagi PQ-2068-son qaroriga 1-ILOVA
2014-yilda qishloq joylarda namunaviy loyihalar boʻyicha “kaliti bilan topshirish” sharti asosida yakka tartibdagi uy-joylar qurishning
* Massivlarning soni va umumiy maydoni boʻyicha maʼlumotlar dastlabki maʼlumot hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 15-noyabrdagi PQ-2068-son qaroriga 2-ILOVA
2014-yilda yakka tartibdagi qishloq uy-joy massivlarida tashqi muhandislik tarmoqlari va transport kommunikatsiyalarini barpo etishning
1. Kiritilayotgan quvvatlar dastlabki hisoblanadi va loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish hamda biriktirish natijalariga koʻra belgilangan tartibda tuzatish kiritilishi lozim.
2. Suv taʼminoti obyektlari, gaz va elektr taʼminoti tarmoqlari hamda massivga olib boruvchi yoʻllarni qurish tegishincha Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjeti, “Oʻztransgaz” AK, “Oʻzbekenergo” DAK va Respublika yoʻl jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 15-noyabrdagi PQ-2068-son qaroriga 3-ILOVA
2014-yilda yakka tartibdagi qishloq uy-joy massivlarida ijtimoiy va bozor infratuzilmasi obyektlari qurishning
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 15-noyabrdagi PQ-2068-son qaroriga 4-ILOVA
“Oʻzsanoatmashimpeks” DATK tomonidan “Qishloq qurilish invest” MCHJ injiniring kompaniyasi bilan tuziladigan shartnomalarga muvofiq 2014-yilda namunaviy loyihalar boʻyicha qishloq joylarda yakka tartibdagi uy-joylar qurish uchun respublikada ishlab chiqarilmaydigan yogʻoch-taxta, tomga yopiladigan metall tunukalar va yogʻoch-payraha qirindilaridan tayyorlangan plitalarni import boʻyicha olib kelish
* Qurilayotgan 3, 4 va 5 xonali uy-joylar soni belgilangandan soʻng yakuniy ehtiyojga aniqlik kiritilishi lozim. Koʻrsatib oʻtilgan import qilinadigan qurilish materiallarini olib kelish, istisno tariqasida, “Oʻzsanoatmashimpeks” DATK tomonidan tuziladigan shartnomalarga muvofiq tender savdolarini oʻtkazmasdan, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 22-martdagi 143-f-son farmoyishi bilan tashkil etilgan Tender komissiyasi tomonidan oʻtkaziladigan konkurs tanlov natijalari boʻyicha amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 15-noyabrdagi PQ-2068-son qaroriga 5-ILOVA
Qurilish materiallarini ishlab chiqaruvchi korxonalar
1. “Qoraqalpoq qishloq qurilish servis” MCHJ
2. “Andijon qishloq qurilish servis” MCHJ
3. “Buxoro qishloq qurilish servis” MCHJ
4. “Jizzax qishloq qurilish servis” MCHJ
5. “Qashqadaryo qishloq qurilish servis” MCHJ
6. “Navoiy qishloq qurilish servis” MCHJ
7. “Namangan qishloq qurilish servis” MCHJ
8. “Samarqand qishloq qurilish servis” MCHJ
9. “Surxondaryo qishloq qurilish servis” MCHJ
10. “Toshkent viloyati qishloq qurilish servis” MCHJ
11. “Fargʻona qishloq qurilish servis” MCHJ
12. “Xorazm qishloq qurilish servis” MCHJ
13. “Toshkent qishloq qurilish servis” MCHJ
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 15-noyabrdagi PQ-2068-sonli qaroriga 6-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga kiritiladigan oʻzgartish va qoʻshimchalar
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-noyabrdagi PF-231-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.11.2025-y., 06/25/231/1091-son)
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq qurilish bank” aksiyadorlik tijorat bankini tashkil etish toʻgʻrisida” 2009-yil 30-martdagi PQ-1083-sonli qarorining 4-bandida:
a) uchinchi xatboshida “uy-joy qurilishi uchun” soʻzidan keyin “2014-yilgacha” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
b) quyidagi mazmundagi toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“2014-yildan boshlab tasdiqlangan namunaviy loyihalar boʻyicha yakka tartibdagi uy-joylar qurish uchun jismoniy shaxslarga kredit mablagʻlari 15 yilgacha boʻlgan muddatga eng kam ish haqining 1000 barobarigacha boʻlgan miqdorda, 1 yillik imtiyozli muddat bilan, dastlabki 5 yil davomida yillik 7 foiz va qolgan 10 yil davomida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki foiz stavkasining 90 foizi (2015-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining foiz stavkasi)dan kelib chiqib oʻrtacha hisoblangan yillik foiz stavkasida ajratiladi”;
v) toʻrtinchi va beshinchi xatboshilar tegishli ravishda beshinchi va oltinchi xatboshilar deb hisoblansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq joylarda uy-joy qurilishi koʻlamini kengaytirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2009-yil 3-avgustdagi PQ-1167-sonli qarorining 8-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“8. “Qishloq qurilish invest” MCHJ injiniring kompaniyasi 2016-yilning 1-yanvarigacha barcha turdagi soliq toʻlovlaridan hamda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yoʻl jamgʻarmasi va budjetdan tashqari Taʼlim va sogʻliqni saqlash muassasalarini rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va jihozlash jamgʻarmasiga majburiy ajratmalar toʻlashdan ozod etilsin”.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq joylarda namunaviy loyihalar boʻyicha yakka tartibdagi uy-joylar qurilishining 2013-yil Dasturi toʻgʻrisida” 2013-yil 4-yanvardagi PQ-1902-sonli qarorining 8-bandi ikkinchi xatboshidagi “kredit liniyalari” soʻzlaridan keyin “15 yil muddatga, shundan 5 yillik imtiyozli muddat, foizli stavkasi yiliga 3 foiz” soʻzlari bilan toʻldirilsin.