PF-4725-son Farmon · 15.05.2015

Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni taʼminlash, ularni jadal rivojlantirish yoʻlidagi toʻsiqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-4725
  • Qabul qilingan sana:15.05.2015
  • Kuchga kirgan sana:16.05.2015
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:ЎР ҚT 20

Respublika iqtisodiyotida xususiy mulkning oʻrni va rolini tubdan oshirish, xususiy mulk va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish yoʻlidagi toʻsiq va cheklovlarni bartaraf etish, iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish, yalpi ichki mahsulotda xususiy mulk, jumladan, chet el kapitali ishtirokidagi ulushini izchil oshirish maqsadida:

1. Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni taʼminlash, ularni jadal rivojlantirish yoʻlidagi toʻsiqlarni bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi ilovaga muvofiq tasdiqlansin, unda quyidagilar inobatga olinsin:

tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashish va toʻsqinlik qilish, xususiy mulkdorlar huquqlarini buzganlik uchun davlat, huquqni muhofaza qilish va nazorat qiluvchi organlarning mansabdor shaxslari javobgarligini jinoiy javobgarlikka tortish darajasigacha oshirish;

xususiy mulkni himoya qilish kafolatini kuchaytirish, tadbirkorlik faoliyatini tartibga soladigan maʼmuriy va jinoyat qonunchiligini liberallashtirish jarayonini davom ettirish;

barcha turdagi roʻyxatdan oʻtkazish, ruxsat berish va litsenziyalash, shuningdek, tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish bilan bogʻliq tartib-taomillarni yanada soddalashtirish;

xususiy mulk va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirish uchun zarur shart-sharoit va imkoniyatlar yaratish, ularning moddiy va kredit resurslaridan foydalanishini kengaytirish, biznes muhitni yaxshilash.

Dasturga kiritilgan chora-tadbirlarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish uchun shaxsiy javobgarlik masʼul ijrochilar — tegishli vazirliklar, idoralar, sud, huquqni muhofaza qilish va nazorat qiluvchi organlar rahbarlariga, mahalliy davlat hokimiyati organlariga yuklatilsin.

2. 2015-yilning 1-iyulidan shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

(2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 27-iyuldagi PF-5490-sonli Farmoniga asosan 2018-yilning 1-sentabridan chiqariladi — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.07.2018-y., 06/18/5490/1584-son)

(2-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 27-iyuldagi PF-5490-sonli Farmoniga asosan 2018-yilning 1-sentabridan chiqariladi — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.07.2018-y., 06/18/5490/1584-son)

(2-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 27-iyuldagi PF-5490-sonli Farmoniga asosan 2018-yilning 1-sentabridan chiqariladi — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.07.2018-y., 06/18/5490/1584-son)

qoʻzgʻatilgan jinoiy ishlar munosabati bilan xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyati huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan xoʻjalik yurituvchi subyekt jalb etgan advokatlar albatta ishtirok etgan holda (xoʻjalik yurituvchi subyekt tomonidan ushbu huquqning rad etilish holatlari bundan mustasno) amalga oshiriladi;

Oʻzbekiston Respublikasi JKning 184-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni (soliqlar yoki boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlashdan boʻyin tovlash) birinchi marta sodir etgan, jinoyat aniqlangandan keyin 30 kun ichida davlatga yetkazilgan zararni toʻliq qoplagan, penya va boshqa turdagi moliyaviy sanksiyalarni toʻlagan shaxsga nisbatan jinoiy ish qoʻzgʻatilmaydi va u javobgarlikdan ozod qilinadi.

(2-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 27-iyuldagi PF-5490-sonli Farmoniga asosan 2018-yilning 1-sentabridan chiqariladi — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.07.2018-y., 06/18/5490/1584-son)

3. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi:

tadbirkorlik faoliyati erkinliklari kafolatlari toʻgʻrisidagi qonunchilikning qatʼiy ijro etilishida qabul qilingan normalarni amaliyotga joriy etish ustidan nazoratni kuchaytirsin, tadbirkorlik subyektlarining huquq va qonuniy manfaatlarini buzganlik uchun vakolatli nazorat, huquqni muhofaza qilish va vakolatli davlat organlari mansabdor shaxslarining muqarrar javobgarligini jinoiy javobgarlikka tortishga qadar oshirishni taʼminlasin;

2015-yilning 1-iyuliga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan hamkorlikda “Oʻzbektelekom” AK Qoʻngʻiroqlarga xizmat koʻrsatish yagona markazi va Bosh prokuratura “ishonch telefoni” bazasida davlat, huquqni muhofaza qilish va nazorat qiluvchi organlarning kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga asossiz aralashishi, tadbirkorlik faoliyatiga toʻsqinlik qilish va mulkdorlar huquqlarining buzilishiga doir masalalar boʻyicha murojaatlarni tunu kun qabul qilish hamda tadbirkorlik faoliyati erkinliklari kafolatlari toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzishda aybdor boʻlgan shaxslarga nisbatan qonuniy choralar koʻrish tizimini tashkil etsin.

4. Belgilab qoʻyilsinki:

tegishli daʼvoni koʻrib chiqish davrida tadbirkorlik subyekti tomonidan shikoyat qilinganda iqtisodiy sudlariga nazorat qiluvchi organ qarori ijrosini toʻxtatib turish huquqi beriladi;

(4-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 11-sentabrdagi PF-5187-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 980-modda)

soliq va bojxona qonunchiligi tadbirkorlik subyektlari tomonidan buzilishi bilan bogʻliq holatda ularning mol-mulklari faqat sud qarori boʻyicha olib qoʻyiladi;

tadbirkorlik subyektlari tomonidan eʼtiroz qilinadigan qoʻshimcha hisoblangan bojxona toʻlovlari iqtisodiy sudi qarori boʻyicha undiriladi;

(4-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 11-sentabrdagi PF-5187-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 980-modda)

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Adliya vazirligi, Moliya vazirligi va boshqa manfaatdor vazirliklar hamda idoralar bilan hamkorlikda uch oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga tadbirkorlik subyektlarining qonuniy manfaat va huquqlarini ishonchli himoya qilish, tadbirkorlik subyektlari daʼvolarini koʻrib chiqish muddati, jumladan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish orqali tezlashtirishni taʼminlash boʻyicha sud organlari roli va faoliyati samaradorligini yanada oshirish borasida takliflar kiritsin.

5. 2015-yilning 1-iyulidan yakka tartibdagi tadbirkorlarga, faoliyatidan kelib chiqqan holda, yakka tartibdagi ish beruvchi tadbirkor uchun oʻrnatilgan stavkaning 30 foizi miqdorida qatʼiy belgilangan soliq toʻlash sharti bilan bir nafardan uch nafargacha ishchini yollash huquqi beriladi.

(5-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PF-6218-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.04.2021-y., 06/21/6218/0398-son)

Yakka tartibdagi tadbirkorlar kasb-hunar kolleji bitiruvchilarini ishga yollagan holatda kollejni bitirgandan boshlab oʻn ikki oy mobaynida yollanma ishchilar uchun qatʼiy belgilangan soliqdan ozod etiladi.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi, Savdo-sanoat palatasining tuman (shahar) hokimliklari huzuridagi tadbirkorlik subyektlarini roʻyxatdan oʻtkazish inspeksiyalari negizida tadbirkorlik subyektlariga “bir darcha” tamoyili boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatish yagona markazlarini (keyingi oʻrinlarda “bir darcha” markazlari) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.

(6-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 15-yanvardagi PF-5302-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan)

7. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Adliya vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan:

2015-yilning 1-iyuliga qadar turli idoralar huzuridagi “bir darcha” xizmatlari tomonidan koʻrsatilayotgan davlat xizmatlari toʻliq inventarizatsiyadan oʻtkazilsin, “bir darcha” markazlari tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatlar tizimga integratsiya qilinsin, taʼsis hujjatlari va davlat xizmatlaridan foydalanish uchun taqdim etiladigan boshqa hujjatlar, jumladan, litsenziya va ruxsat berish tartib-taomillarining namunaviy shakllari ishlab chiqilsin;

“bir darcha” markazlarining faoliyati 2016-yilning 1-yanvaridan kechiktirmasdan boshlanishi taʼminlansin, shu muddatdan boshlab “bir darcha” markazlari tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatlar uchun boshqa davlat va xoʻjalik boshqaruv organlariga tadbirkorlik subyektlaridan bevosita hujjatlar qabul qilish taqiqlansin.

8. Belgilansinki:

tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun davlat boji summasining 80 foizi miqdoridagi mablagʻlar hamda Davlat xizmatlari markazlari va ularning filiallari orqali koʻrsatiladigan davlat xizmatlari uchun toʻlanadigan davlat bojlari, yigʻimlar va barcha turdagi toʻlovlar summasining 18 foizi miqdoridagi mablagʻlar;

(8-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-yanvardagi PF-16-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.02.2023-y., 06/23/16/0067-son)

ariza beruvchilarning Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali mustaqil ravishda yoʻnaltirilgan murojaatlariga asosan koʻrsatiladigan davlat xizmatlari (avtotransport vositalari oynalarining tusini oʻzgartirishga (qoraytirishga) ruxsatnoma berish boʻyicha davlat xizmati bundan mustasno) uchun toʻlanadigan davlat bojlari, yigʻimlar va barcha turdagi toʻlovlar summasining 10 foizi miqdoridagi mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamgʻarmasi shaxsiy hisobvaragʻiga oʻtkaziladi.

(8-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 17-martdagi PF-89-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.03.2022-y., 06/22/89/0227-son)

9. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Adliya vazirligi, Moliya vazirligi, Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Davlat soliq qoʻmitasi, Markaziy bank, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilikka ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar taqdim etsin.

10. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

2015-yil 15-may,

PF-4725-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 15-maydagi PF-4725-son Farmoniga ILOVA

Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni taʼminlash, ularni jadal rivojlantirish yoʻlidagi toʻsiqlarni bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlar

Izoh. Normativ-huquqiy hujjatlarning turlari tegishli huquqiy munosabatlarini tartibga solish sohasi va predmetiga qarab qayta koʻrib chiqilishi yoki yagona hujjatga birlashtirilishi mumkin.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.