Sogʻliqni saqlash sohasida Germaniya Federativ Respublikasi Hukumati bilan moliyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish, viloyatlarning koʻp tarmoqli tibbiyot markazlarini zamonaviy tibbiyot uskunalari bilan jihozlash va ulardan samarali foydalanishni taʼminlash maqsadida:
1. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, moliyaviy hamkorlik toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Germaniya Federativ Respublikasi Hukumati oʻrtasidagi Bitimlar doirasida:
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan “KfW” (FRG) bankining viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazlarini modernizatsiyalash boʻyicha ikkita dastur — “Sogʻliqni saqlash. “Surxondaryoda hududiy tibbiyot markazini rekonstruksiya qilish” komponenti” uchun 3,5 mln yevro miqdorida, undan 3,0 mln yevro uzoq muddatli kredit va 0,5 mln yevro grant mablagʻlari, shuningdek “Sogʻliqni saqlash. “Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Andijon, Buxoro va Navoiy viloyatlarida koʻp tarmoqli hududiy tibbiyot markazlarini rekonstruksiya qilish” komponenti” uchun 10.0 mln yevro miqdorida, undan 2,0 mln yevro uzoq muddatli kredit va 8.0 mln yevro grant mablagʻlarini jalb qilgan holda amalga oshirilishi;
“KfW” bankining jami 5,0 mln yevro miqdoridagi kredit mablagʻlari 10 yillik imtiyozli davrni oʻz ichiga olgan holda 40 yil muddatga, yillik 0,75 foiz stavkasida berilishi;
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan “KfW” (FRG) banki oʻrtasida uchinchi Dastur — “Sogʻliqni saqlash. “Viloyatlardagi koʻp tarmoqli tibbiyot markazlarini modernizatsiyalash, II bosqich” komponenti”ni amalga oshirish uchun 9,0 mln yevro miqdorida moliyalashtirish (grant berish) toʻgʻrisida 2015-yil 20-fevralda Shartnoma imzolangan, unda Samarqand, Namangan va Qashqadaryo viloyatlarining koʻp tarmoqli tibbiyot markazlarini modernizatsiyalash, shuningdek Toshkent shahridagi tibbiyot akademiyasining 3-sonli klinikasi negizida magnit-rezonans tomografiyasi referens-markazini tashkil etish koʻzda tutilgan.
2. Nemis tomonining:
viloyatlarning koʻp tarmoqli tibbiyot markazlarini modernizatsiyalash boʻyicha Germaniya Federativ Respublikasi Hukumati bilan moliyaviy hamkorlikda amalga oshirilayotgan barcha uchta dasturni birlashtirib, bir vaqtda amalga oshirish haqidagi;
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan uchinchi dastur tadbirlarini amalga oshirishda avvalgi ikki dastur boʻyicha tender savdolarida yutib chiqqan “GITEC Consult GmbN” (FRG) konsalting kompaniyasi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri (tender savdolari oʻtkazmasdan) shartnoma tuzish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
3. Belgilansinki:
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi “KfW” bankining kredit va grant mablagʻlaridan maqsadli foydalanish va barcha uchta dasturni samarali amalga oshirishga masʼul ijrochi organ hisoblanadi;
“KfW” bankining kredit va grant mablagʻlari hisobidan tovarlar, ish va xizmatlar xarid qilishni moliyalashtirish haqida imzolangan shartnomalarning shartlari va Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari talablariga binoan umumiy xarid hajmi hisobidan amalga oshiriladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining “Oʼzmedeksport” davlat korxonasi viloyatlarning koʻp tarmoqli tibbiyot markazlarini modernizatsiyalash dasturlarini amalga oshirish doirasida tender komissiyasining ishchi organi va tuzilgan shartnomalar boʻyicha kontragent hisoblanadi.
4. “KfW” bankining kredit va grant mablagʻlaridan foydalangan holda amalga oshirilayotgan uch dastur — “Sogʻliqni saqlash. “Surxondaryoda hududiy tibbiyot markazini rekonstruksiya qilish” komponenti”, “Sogʻliqni saqlash. “Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Andijon, Buxoro va Navoiy viloyatlarida hududiy tibbiyot markazlarini rekonstruksiya qilish” komponenti” va “Sogʻliqni saqlash. “Viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazlarini modernizatsiyalash, II bosqich” komponenti” Dasturlari boʻyicha tadbirlarni moliyalashtirish rejasi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Viloyatlarning koʻp tarmoqli tibbiyot markazlarini modernizatsiyalash dasturlarini amalga oshirish doirasida “KfW” bankining kredit va grant mablagʻlari hisobidan xarid qilinayotgan tovarlar, ish va xizmatlar bojxona toʻlovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari), qoʻshilgan qiymat soligʻidan, davlatning maqsadli jamgʻarmalariga toʻlanadigan majburiy ajratmalar va yigʻimlardan ozod etilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan uchinchi dastur — “Sogʻliqni saqlash. Viloyatlarning koʻp tarmoqli tibbiyot markazlarini modernizatsiyalash, II bosqich” komponenti” dasturi doirasida “KfW” banki tomonidan ajratiladigan grantni topshirish toʻgʻrisida shartnoma tuzsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va Surxondaryo, Andijon, Buxoro, Navoiy, Samarqand, Namangan va Qashqadaryo viloyat hokimliklari bilan birgalikda viloyatlarning koʻp tarmoqli tibbiyot markazlarini modernizatsiyalash dasturlari doirasida xarid qilinadigan tovarlar yetkazib berilishidan oldin, sotib olinadigan tibbiyot uskunalarini oʻrnatish va montaj qilish uchun tegishli binolarni tayyorlab qoʻyishni taʼminlasin;
viloyatlarning koʻp tarmoqli tibbiyot markazlarini modernizatsiyalash dasturlari doirasida tovarlarni xarid qilish boʻyicha xizmat koʻrsatish xarajatlarini, sogʻliqni saqlash muassasalarini joriy taʼminoti uchun nazarda tutilgan tasdiqlangan budjet mablagʻlari doirasida amalga oshirsin;
viloyatlarning koʻp tarmoqli tibbiyot markazlarini modernizatsiyalash dasturlarini amalga oshirish davrida Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligida, sogʻliqni saqlash muassasalarini joriy taʼminoti uchun nazarda tutilgan budjet mablagʻlari hisobidan taʼminlanadigan 3 kishidan iborat Dasturlarni amalga oshirish boʻlimini tashkil etsin.
8. “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi va “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati viloyatlarning koʻp tarmoqli tibbiyot markazlarini modernizatsiyalash dasturlari doirasida kelayotgan tovarlarni aeroport va temir yoʻl stansiyalarida saqlab turishning butun davri mobaynida yuklash-tushirish, saqlash ishlarining toʻlov undirilmagan holda oʻtkazilishini taʼminlasin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Sogʻliqni saqlash vazirligining talabnomalariga koʻra, ushbu dasturlarni amalga oshirishda ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislarga konsullik va boshqa yigʻimlarni undirmagan holda kirish vizalarining rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Sogʻliqni saqlash vazirligining talabnomalariga koʻra, mazkur dasturlarni amalga oshirishda ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislarga davlat boji undirilmagan holda koʻp martalik kirish vizalari berish va muddatini uzaytirish, shuningdek yashash joyi boʻyicha vaqtinchalik roʻyxatga qoʻyish va uning muddatini uzaytirishni taʼminlasin.
11. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R. Azimov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A. Ikramov zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2015-yil 30-oktabr,
PQ-2425-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 30-oktabrdagi PQ-2425-son qaroriga ILOVA
“KfW” bankining kredit va grant mablagʻlaridan foydalangan holda amalga oshirilayotgan — “Sogʻliqni saqlash. Surxondaryoda hududiy tibbiyot markazini rekonstruksiya qilish” komponenti”, “Sogʻliqni saqlash. “Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Andijon, Buxoro va Navoiy viloyatlarida hududiy tibbiyot markazlarini rekonstruksiya qilish” komponenti” va “Sogʻliqni saqlash. “Viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazlarini modernizatsiyalash, II bosqich” komponenti” dasturlari boʻyicha tadbirlarni moliyalashtirish
mln yevroda
* Kredit va fandan samarali foydalanishni taʼminlash maqsadida ularning barcha loyiha muassasalarini moliyalashtirishga yoʻnaltirish imkoniyatini nazarda tutish.