PQ-2497-son Qaror · 24.02.2016

Hududiy davlat boshqaruvi organlari tuzilmasini takomillashtirish toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-2497
  • Qabul qilingan sana:24.02.2016
  • Kuchga kirgan sana:29.02.2016
  • Rasmiy nashr:СЗ РУ 8

Hududiy davlat boshqaruvi organlari faoliyatining samaradorligini oshirish, viloyatlar, shahar va tumanlar hokimliklari tuzilmasini yanada takomillashtirish va mustahkamlash, hududlarni kompleks rivojlantirishni taʼminlashda ularning masʼuliyatini kuchaytirish, ishlab chiqarish kuchlarini optimal joylashtirish, hududlarning tabiiy-xomashyo, er-suv, ishlab chiqarish va mehnat salohiyatidan oqilona foydalanish va shuning asosida aholining turmush darajasi va sifatini izchil oshirib borish maqsadida:

1. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Hududlarni kompleks rivojlantirishni taʼminlashda mahalliy davlat boshqaruvi organlari faoliyatini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2016-yil 22-fevraldagi PQ-2495-sonli qaroriga muvofiq viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining boshqaruv apparati tuzilmasida hududlarni kompleks rivojlantirish yigʻma boshqarmalari, tumanlar va shaharlar hokimliklarining boshqaruv apparati tuzilmasida esa hududlarni kompleks rivojlantirish boʻlimlari tashkil etildi.

2. Quyidagilar:

viloyatlar, Toshkent shahri, shahar va tumanlar hokimliklari boshqaruv apparatining yangilangan namunaviy tuzilmalari 1, 1a, 2, 2a — 2g-ilovalariga* muvofiq;

mahalliy ijroiya hokimiyat davlat organlari boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 3, 3a — 3g-ilovalariga* muvofiq tasdiqlansin.

* 1 — 3g-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.

3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi tuzilmasini ushbu qarorga muvofiq belgilangan tartibda tanqidiy koʻrib chiqib, yangi tuzilmasi va boshqaruv xodimlarining shtat birligini tasdiqlash tavsiya etilsin.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda viloyatlar, shahar va tumanlar hokimliklarining boshqaruv apparatlari toʻgʻrisidagi Namunaviy nizomlarni ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda oʻn kun muddatda viloyatlar, Toshkent shahri, shahar va tumanlar hokimliklari boshqaruv apparati xodimlarining shtatlar jadvallarini ushbu qarorga muvofiq qayta koʻrib chiqsin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Hududiy davlat boshqaruvi organlari tuzilmasini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2004-yil 5-yanvardagi 2-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor tuzilmalar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritsin, shuningdek normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirishni taʼminlasin.

7. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

2016-yil 24-fevral,

PQ-2497-son

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.