PQ-2589-son Qaror · 13.09.2016

Yer qaʼrini geologik oʻrganish sohasidagi tadqiqotlarni tashkil etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-2589
  • Qabul qilingan sana:13.09.2016
  • Kuchga kirgan sana:26.09.2016
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:СЗ РУ 38

Yer qaʼrini geologik oʻrganish sohasida oʻtkazilayotgan tadqiqotlarning ilmiy saviyasi va samaradorligini tubdan oshirish, ularning respublika mineral-xomashyo bazasini kengaytirishga yoʻnaltirilgan amaliy ishlanmalar hamda geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshirish bilan oʻzaro mustahkam aloqasini taʼminlash maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi hamda Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasining H.M. Abdullayev nomidagi Geologiya va geofizika institutini Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tizimidan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasining tasarrufiga oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin,

2. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi huzuridagi H.M. Abdullayev nomidagi Geologiya va geofizika instituti faoliyatining asosiy vazifalari etib belgilansin:

yer qobigʻi geologik tuzilishi va tarkibining chuqur fundamental tadqiqotlarini olib borish, respublika hududining teran yer qaʼri tuzilishini kompleks oʻrganish va shu asosda uch oʻlchovli geologik-geofizik modellarni tuzish;

geologik tadqiqotlar olib borish dasturlarining nazariy va metodologik asoslarini ishlab chiqish, hududlarning resurs salohiyatini baholash hamda geokimyoviy, geofizik va mineralogik tadqiqotlarning zamonaviy texnologiyalarini joriy etish, geologik jarayonlarni kompyuterda modellashtirish, shuningdek foydali qazilmalarni qayta ishlashda ilgʻor texnologiyalarni tatbiq qilish;

foydali qazilma konlarini geologik tahlil etish, prognoz qilish va izlash usullarini takomillashtirishga, geologik va geofizik tadqiqotlar sohasida ilgʻor xorijiy texnologiyalarni aprobatsiya qilish va amaliyotda joriy etishga qaratilgan amaliy tadqiqotlar, ishlanmalar va eksperimentlarni tizimli ravishda amalga oshirish;

geologiya va geofizika sohasida chet el ilmiy muassasalari va markazlari bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish, ilmiy konferensiyalar, seminarlar, qoʻshma tadqiqotlar, loyihalar, xodimlarning malaka oshirishi (stajirovka) va oʻqishini tashkil qilish;

geologiya va turdosh tarmoqlar sohasida xalqaro standartlar darajasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash, oliy taʼlim muassasalari oʻqituvchilari hamda mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishda ishtirok etish.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi huzuridagi H.M. Abdullayev nomidagi Geologiya va geofizika institutining tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasining raisiga, zarur hollarda, Geologiya va geofizika instituti tuzilmasiga xodimlarning umumiy soni doirasida oʻzgartishlar kiritish huquqi berilsin.

4. Belgilab qoʻyilsinki:

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi huzuridagi Geologiya va geofizika instituti Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Geologiya va geofizika institutining amaldagi shartnomalari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi, mehnat shartnomalari bundan mustasno;

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot muassasalarining tegishli lavozimlari uchun nazarda tutilgan mehnatga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish shartlari Institut xodimlariga joriy etiladi;

Mineral-xom ashyo bazani rivojlantirish va takror ishlab chiqarish har yillik davlat dasturlari doirasida Davlat geologiya qoʻmitasiga yoʻnaltiriladigan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari, Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan oʻtkaziladigan tanlov natijalari boʻyicha ajratiladigan grantlar, xoʻjalik faoliyatidan tushumlar, xalqaro tashkilotlar grantlari, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar X.M. Abdullayev nomidagi Geologiya va geofizika institutini moliyalashtirish manbai hisoblanadi.

(4-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 1-martdagi PQ-3578-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.03.2018-y., 07/18/3578/0843-son)

5. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining qayta tashkil etilayotgan H.M. Abdullayev nomidagi Geologiya va geofizika instituti ilmiy va muhandis xodimlarini attestatsiyadan oʻtkazish boʻyicha 2-ilovaga muvofiq tarkibda Komissiya tuzilsin.

Komissiya (Gʻ.I. Ibragimov) bir oy muddatda ilmiy va muhandis xodimlarni attestatsiyadan oʻtkazsin va uning natijalariga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi huzuridagi Geologiya va geofizika institutini yuqori malakali mutaxassislar hamda istiqbolli yosh kadrlar bilan toʻldirish choralarini koʻrsin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi:

bir oy muddatda Geologiya va geofizika institutining ustavini belgilangan tartibda tasdiqlasin va uning davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin;

Geologiya va geofizika instituti Toshkent shahar, Olimlar koʻchasi, 49-uy manzilida joylashtirilsin, institut binosini rekonstruksiya qilish hamda uni va institutga biriktirilgan boshqa obyektlarni zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash yuzasidan zarur chora-tadbirlarni amalga oshirsin;

bir oy muddatda institutning ilmiy-texnikaviy loyihalari, konstruktor-texnologik ishlanmalari, uskunalari va boshqa mol-mulkining talab mavjudligini va keyinchalik amalga oshirish va foydalanish maqsadga muvofiqligini aniqlash uchun ularni tanqidiy tahlil qilib, toʻliq inventarizatsiyadan oʻtkazsin;

ikki oy muddatda geologiya va geofizika institutining 2017 — 2019-yillarga moʻljallangan istiqbolli tadqiqotlar dasturini tasdiqlasin va bunda Yer toʻgʻrisida jahon ilm-fanining hozirgi zamon darajasiga erishishga alohida eʼtibor qaratsin;

Fanlar akademiyasi bilan birgalikda bir oy muddatda Toshkent shahar, Olimlar koʻchasi, 49-uyda joylashgan binoni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Geologiya va geofizika institutining boshqa obyektlarini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasiga operativ boshqarish huquqi bilan topshirishni taʼminlasin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi huzuridagi Geologiya va geofizika instituti Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Gʻ.I. Ibragimov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2016-yil 13-sentabr,

PQ-2589-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 13-sentabrdagi PQ-2589-son qaroriga1-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi huzuridagi H.M. Abdullayev nomidagi Geologiya va geofizika institutining

Xodimlarning cheklangan umumiy soni (yordamchi xodimlarni hisoblamaganda) 74 nafar, shu jumladan boshqaruv xodimlari — 6 nafar, ilmiy xodimlar — 62 nafar.

Yordamchi xodimlar soni hujjatlarida belgilangan meʼyorlar boʻyicha aniqlanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 13-sentabrdagi PQ-2589-son qaroriga2-ILOVA

Geologiya va geofizika instituti xodimlarini attestatsiyadan oʻtkazish boʻyicha komissiya

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.