PF-4850-son Farmon · 21.10.2016

Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-4850
  • Qabul qilingan sana:21.10.2016
  • Kuchga kirgan sana:22.10.2016
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:СЗ РУ 43

Sud-huquq tizimini yanada demokratlashtirish va erkinlashtirish, sud, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyati samaradorligini oshirish, aholining odil sudlovga boʻlgan ishonchini oshirish, jamiyatda qonun ustuvorligini taʼminlash va qonuniylikni mustahkamlash maqsadida:

1. Sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini, fuqarolar huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini taʼminlash, shuningdek odil sudlovga erishish darajasini oshirish sud-huquq tizimini yanada isloh qilish sohasida davlat siyosatining asosiy ustuvor yoʻnalishlari etib belgilansin.

Davlat siyosatining asosiy ustuvor yoʻnalishlarini amalga oshirish boʻyicha sud, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlarining muhim vazifalari sifatida quyidagilar belgilansin:

sud hokimiyatining mustaqilligi toʻgʻrisidagi konstitutsiyaviy normalarga va odil sudlovni amalga oshirish faoliyatiga aralashganlik uchun javobgarlikning muqarrarligi prinsipiga ogʻishmay amal qilinishini taʼminlash;

fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga tajovuz qilish holatlari yuzasidan zudlik bilan zarur choralar koʻrish;

jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini oʻz vaqtida hal etish, murojaatlarni koʻrib chiqishda sansalorlik va befarq munosabatda boʻlish holatlariga yoʻl qoʻyganlik uchun jinoiy javobgarlikkacha boʻlgan javobgarlikning muqarrarligini taʼminlash, shuningdek buzilgan huquqlarni tiklash boʻyicha barcha zarur choralarni koʻrish;

faoliyatning ochiqligi va shaffofligini taʼminlash, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari va aholi bilan hamkorlik qilishning samarali mexanizmlarini keng qoʻllash;

faoliyatni ish yakunlarining kompleks tahlili asosida rejalashtirish va tashkil etish, bunda eʼtiborni avvalo huquqni qoʻllash amaliyoti va amaldagi qonun hujjatlarini takomillashtirish orqali tizimli qonunbuzarliklarning sabab va shart-sharoitlarini aniqlash hamda bartaraf etishga qaratish;

xodimlar oʻrtasida suiisteʼmolchilik va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olish, profilaktika qilish va ularga chek qoʻyish boʻyicha idoraviy nazoratni kuchaytirish, odob-axloq qoidalariga ogʻishmay rioya etilishini taʼminlash;

yuksak axloqiy-irodaviy va kasbiy fazilatlarga ega, yuklatilgan vazifalar va amalga oshirilayotgan islohotlarning samarali bajarilishini taʼminlashga qodir boʻlgan kadrlarni shaffof tanlov asosida ishga qabul qilish tizimini takomillashtirish;

fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlariga soʻzsiz rioya etilishini taʼminlash, faoliyat samaradorligini oshirishga qaratilgan ilgʻor ilmiy-texnika vositalari va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, shuningdek ishni tashkil etishning zamonaviy shakl va usullarini joriy etish.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tavsiya etish boʻyicha oliy malaka komissiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oliy xoʻjalik sudi, Bosh prokuraturasi va Adliya vazirligining sudyalik lavozimiga birinchi marotaba besh yil muddatga va keyin oʻn yil muddatga, shundan soʻng muddatsiz davrga tayinlash (saylash)ni nazarda tutuvchi taklifi maʼqullansin.

3. Belgilansinki, 2017-yilning 1-aprelidan:

ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan muqobil jazo turlarini qoʻllashni kengaytirish orqali qamoq tariqasidagi jinoiy jazo tugatiladi;

jinoyatni sodir etishda gumon qilingan shaxslarni ushlab turish muddati 72 soatdan 48 soatga qisqartiriladi;

qamoqqa olish va uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot choralarini qoʻllashning, shuningdek dastlabki tergovning eng koʻp muddati 1 yildan 7 oyga qisqartiriladi;

pochta-telegraf joʻnatmalarini xatlab qoʻyish va eksgumatsiya qilish uchun sanksiya berish huquqi sudlarga oʻtkaziladi;

sudlarga qamoqqa olish yoki uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash rad etilganda muqobil ehtiyot choralarini qoʻllash huquqi beriladi;

tergovning toʻliq emasligini sud muhokamasi jarayonida toʻldirish mexanizmlarini joriy etish orqali sud tomonidan jinoyat ishini qoʻshimcha tergov yuritishga qaytarish instituti bekor qilinadi;

fuqarolik ishi boʻyicha sud qarorini nazorat tartibida qayta koʻrib chiqish muddati 3 yildan 1 yilga qisqartiriladi;

viloyat darajasidagi sudlar tomonidan jinoyat va fuqarolik ishlarini nazorat tartibida koʻrib chiqish instituti tugatilib, tegishli sud raislari va prokurorlarning nazorat tartibida protest keltirish boʻyicha vakolatlari bekor qilinadi;

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining ishlarni nazorat tartibida koʻrib chiqish boʻyicha bir-birini takrorlovchi vakolatlari bekor qilinadi;

adliya organlarining umumiy yurisdiksiya sudlari faoliyatini moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy taʼminlash sohasidagi vazifa va vakolatlari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudiga oʻtkaziladi;

xoʻjalik sudlari tizimida mintaqaviy apellatsiya sudlari tashkil etiladi.

4. Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi (keyingi oʻrinlarda — Dastur) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi yuzasidan vazirlik va idoralar rahbarlari zimmasiga shaxsiy javobgarlik yuklansin.

5. Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturini amalga oshirish boʻyicha Komissiya (keyingi oʻrinlarda — Komissiya) 2-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin.

Komissiya (I.B. Abdullayev):

vazirlik va idoralar, ilmiy-tadqiqot va taʼlim muassasalari mutaxassislari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillarini jalb etgan holda qonun hujjatlari loyihalarini tayyorlash boʻyicha ekspert guruhlarini tashkil etsin;

qonunchilik va huquqni qoʻllash amaliyotini chuqur tanqidiy tahlil qilish, ilgʻor xorijiy tajribani oʻrganish asosida Dasturda nazarda tutilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ishlab chiqilishini taʼminlasin;

qonun hujjatlari loyihalarini jamoatchilik oʻrtasida, shu jumladan davra suhbatlari, seminarlar va konferensiyalar oʻtkazish orqali keng muhokama qilishni tashkil etish choralarini koʻrsin;

Dasturda nazarda tutilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining sifatli tayyorlanishi va oʻz vaqtida belgilangan tartibda kiritilishi, shuningdek boshqa tadbirlarning bajarilishi ustidan nazoratni taʼminlasin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oliy xoʻjalik sudi, Bosh prokuraturasi va Adliya vazirligi ilgʻor xorijiy tajribani chuqur oʻrganish asosida 2017-yil 1-iyulga qadar:

sud-prokuror xodimlari malakasini oshirish va rahbar kadrlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish;

voyaga yetmaganlar uchun nazarda tutilgan jinoiy jazolarni liberallashtirish, protsessual harakatlarni amalga oshirishda ularning huquqiy himoyasini kuchaytirish, shuningdek sudlanganlik holatini tugatish va sudlanganlikni olib tashlash muddatlari va asoslarini qayta koʻrib chiqish;

tomonlarning yarashganligi munosabati bilan jinoiy javobgarlikdan ozod qilish institutini kengaytirish;

ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan ayrim jinoyat tarkiblarini jinoyat toifasidan chiqarish;

jinoyat ishini qoʻzgʻatish faqat jabrlanuvchining arizasiga koʻra amalga oshiriladigan jinoyat tarkiblari roʻyxatini kengaytirish;

fuqarolik, jinoyat ishlari boʻyicha sudlar va xoʻjalik sudlarining vakolatlarini qayta koʻrib chiqish yoʻli bilan maʼmuriy sudlarni tashkil etish;

elektron tartibda sud va ijro ishini yuritishning zamonaviy shakl va usullarini, shuningdek odil sudlovga erishishning ilgʻor mexanizmlarini kengroq joriy etish orqali odil sudlovni amalga oshirish sifatini yaxshilashni nazarda tutuvchi takliflarni ishlab chiqsin va kiritsin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Moliya vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ilgʻor xorijiy tajribani chuqur oʻrganish asosida uch oylik muddatda:

davlat organlarida yuridik xizmatning faoliyatini yanada takomillashtirish va samaradorligini oshirish;

adliya organlari tizimida yuridik xizmatlar faoliyatini muvofiqlashtirish va ularga uslubiy yordam koʻrsatish boʻyicha tuzilmalar tashkil qilishni nazarda tutuvchi takliflarni kiritsin.

8. Mazkur Farmon ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi vazifasini bajaruvchi O.B. Murodov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.A. Kokanbayev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2016-yil 21-oktabr,

PF-4850-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 21-oktabrdagi PF-4850-son Farmoniga1-ILOVA

Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar

Izoh: normativ-huquqiy hujjatlar tegishli huquqiy munosabatlarni tartibga solish sohasi va predmetiga qarab qayta koʻrib chiqilishi yoki bir hujjatga birlashtirilishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 21-oktabrdagi PF-4850-son Farmoniga2-ILOVA

Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturini amalga oshirish boʻyicha Komissiya

Izoh: komissiya aʼzolari boshqa lavozimga oʻtganda, uning tarkibiga mazkur lavozimga yangi tayinlangan shaxslar kiritiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.