PQ-2719-son Qaror · 06.01.2017

“Ekskavatorlar va gusenitsali texnikani taʼmirlash zavodini qurish” investitsiya loyihasini optimallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-2719
  • Qabul qilingan sana:06.01.2017
  • Kuchga kirgan sana:16.01.2017
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:СЗ РУ 2

Sirdaryo viloyatining ishlab chiqarish salohiyatini yanada oshirish hamda “Ekskavatorlar va gusenitsali texnikani taʼmirlash zavodini qurish” investitsiya loyihasini samarali amalga oshirish va optimal joylashtirishni taʼminlash maqsadida:

1. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyatining “Oʻztemiryoʻlmashtaʼmir” unitar korxonasining Sirdaryo viloyati Sirdaryo shahrida joylashgan vagon-gʻildirak ustaxonalari negizida ekskavatorlar va gusenitsali texnikani taʼmirlash zavodini qurish taklifi maʼqullansin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ekskavatorlar va gusenitsali texnikani taʼmirlash zavodini qurish toʻgʻrisida” 2016-yil 3-iyundagi PQ-2543-sonli qaroriga ilovaga muvofiq oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilsin.

3. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ boshqaruvi raisi A. Ramatov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2017-yil 6-yanvar,

PQ-2719-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 6-yanvardagi PQ-2719-sonli qarorigaILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ekskavatorlar va gusenitsali texnikani taʼmirlash zavodini qurish toʻgʻrisida” 2016-yil 3-iyundagi PQ-2543-sonli qaroriga kiritilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalar

1. 1-bandida “2016-2017-yillarda “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJning Sirdaryo viloyati Yangiyer shahrida joylashgan teplovoz deposi negizida ekskavatorlar va gusenitsali texnikani taʼmirlash zavodini qurish investitsiya loyihasini amalga oshirish” soʻzlari “2017-2018-yillarda “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyatining “Oʻztemiryoʻlmashtaʼmir” UKning Sirdaryo shahrida joylashgan vagon-gʻildirak ustaxonalari negizida ekskavatorlar va gusenitsali texnikani taʼmirlash zavodini qurish investitsiya loyihasini amalga oshirish” soʻzlari bilan almashtirilsin.

2. 4-bandida “2016-yil 1-dekabriga qadar muddatda” soʻzlari “2017-yil 1-apreliga qadar muddatda” soʻzlari bilan almashtirilsin.

3. 5-bandining ikkinchi xatboshi kuyidagi tahrirda bayon etilsin:

“2017-yil 1-iyulga qadar ekskavatorlar va gusenitsali texnikani taʼmirlash zavodi qurilishini loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish bilan bir vaqtda amalga oshirishga;”.

4. 8-bandida:

ikkinchi xatboshidagi “AJ boʻlinmalari” soʻzlaridan keyin “va Oʻzbekiston Respublikasining norezidentlari” soʻzlari yozilsin;

quyidagi xatboshi bilan toʻldirilsin:

“Belgilab qoʻyilsinki, investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ bilan uning boʻlinmalari oʻrtasida bepul asosda topshirilayotgan mol-mulk qoʻshilgan qiymat soligʻi, yuridik shaxslarning foyda soligʻi hamda obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish soligʻi boʻyicha soliqqa tortish obyekti hisoblanmaydi”.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.