PQ-2731-son Qaror · 18.01.2017

2017-2021-yillarda Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish Davlat dasturi toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-2731
  • Qabul qilingan sana:18.01.2017
  • Kuchga kirgan sana:30.01.2017
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:СЗ РУ 4

Orolboʻyi mintaqasida ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni, aholining yashash sharoitlarini yaxshilashga, Orol dengizining ekologik falokati oqibatlarini yumshatish boʻyicha investitsiya loyihalarini oʻz vaqtida va samarali roʻyobga chiqarishga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlar kompleksini amalga oshirish maqsadida:

1. Orolboʻyi mintaqasi aholisining turmush sharoitlari va sifatini yaxshilashga yoʻnaltirilgan 2017 — 2021-yillarda Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish Davlat dasturi (keyingi oʻrinlarda Davlat dasturi) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin, unda quyidagilar nazarda tutiladi:

yangi ish joylarini yaratish, aholi bandligini taʼminlash, shuningdek mintaqaning investitsiyaviy jozibadorligini yaxshilash borasidagi kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;

suv taʼminoti tizimini rivojlantirish va aholining toza ichimlik suvi bilan taʼminlanish darajasini oshirish, kanalizatsiya, sanitariya va maishiy chiqindilardan foydalanish tizimlarini yaxshilash;

mintaqada sogʻliqni saqlash tizimini yanada rivojlantirish va aholi genofondini asrash tadbirlarini amalga oshirish;

mintaqada yashovchi aholining uy-joy sharoitlarini yaxshilashga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishni davom ettirish, koʻp kvartirali uylarda uy ichi muhandislik kommunikatsiyalari va umumfoydalanadigan joylarni taʼmirlash, shuningdek bolalar va sport maydonchalarini barpo etgan holda uylarga tutash hududlarni obodonlashtirish;

mintaqa aholi punktlarining transport, muhandislik va kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish, sugʻorish va tashqi yoritish tarmoqlarini takomillashtirish, Nukus va Urganch shaharlarining zamonaviy energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etgan holda issiqlik taʼminoti tizimlarini yaxshilash.

(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-oktabrdagi PF-168-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)

(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 26-dekabrdagi PQ-4086-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2018-y., 07/18/4086/2354-son)

4. Quyidagilar:

Qoraqalpogʻiston Respublikasining Moʻynoq, Shumanay, Qonlikoʻl, Taxtakoʻpir, Chimboy tumanlarida, Xorazm viloyatining Yangiariq va Qoʻshkoʻpir tumanlarida joylashgan sanoat sohasida (avtomobillarga gaz toʻldiruvchi kompressor stansiyalaridan tashqari) yangi tashkil etilayotgan mikrofirmalar va kichik korxonalar — 2027-yilning 1-yanvariga qadar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatining qolgan tumanlarida — 2022-yilning 1-yanvariga qadar muddatga yagona soliq toʻlovidan;

Qoraqalpogʻiston Respublikasining Moʻynoq, Shumanay, Qonlikoʻl, Taxtakoʻpir, Chimboy va Kegeyli tumanlarida joylashgan tadbirkorlik subyektlari Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan, belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxatlar boʻyicha olib kiriladigan va faqatgina ushbu tumanlarda foydalaniladigan maxsus texnika, asbob-uskuna, butlovchi buyumlar, ehtiyot qismlar, qurilish materiallari, metall konstruksiyalar uchun 2020-yilning 1-yanvariga qadar bojxona toʻlovlari (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) toʻlashdan ozod etilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi Davlat bojxona qoʻmitasi bilan birgalikda ushbu qaror doirasida bojxona toʻlovlari boʻyicha imtiyoz qoʻllanilgan holda olib kiriladigan tovarlardan maqsadli foydalanilishi ustidan qattiq nazorat oʻrnatsin.

Belgilansinki, yuqorida koʻrsatib oʻtilgan tovarlardan maqsadli foydalanilmagan taqdirda (sotish, bepul berib yuborish yoki oʻzgaga berishning boshqa shakli), bojxona imtiyozlari berilishi munosabati bilan toʻlanmagan bojxona toʻlovlari summasi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan moliyaviy sanksiyalar qoʻllanilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga undiriladi.

(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 15-oktabrdagi PQ-3970-son qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.10.2018-y., 07/18/3970/2049-son)

5. 2017-yilning 1-fevralidan boshlab Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida joylashgan bolalarning maktabgacha taʼlim muassasalaridagi, ayrim fanlar chuqur oʻrgatiladigan ixtisoslashtirilgan maktab-internatlardagi taʼminoti uchun, “Barkamol avlod” markazlaridagi, musiqa va sanʼat maktablaridagi mashgʻulotlar uchun ota-onalarning har oylik toʻlovi miqdorlari, shuningdek madaniyat markazlari toʻlov miqdorlari respublika boʻyicha belgilanganidan 2 baravar kam darajada oʻrnatilsin.

(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 19-dekabrdagi PQ-4068-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.12.2018-y., 07/18/4068/2349-son)

(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-maydagi PF-84-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.05.2025-y., 06/25/84/0432-son)

7. 2017-yilning 1-fevralidan boshlab shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyati aholisi uchun temir yoʻl va aviayoʻlovchilar chiptalarini sotish maxsus imtiyozli tariflar boʻyicha amalga oshiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ va “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK bilan birgalikda bir oy muddatda yoʻlovchilarning tegishli toifalari uchun maxsus imtiyozli tariflarni tasdiqlasin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi, Markaziy banki, Tashqi ishlar vazirligi Orolboʻyi mintaqasi aholisini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash, yangi ish joylari yaratish, ekologik holatni yaxshilash boʻyicha loyihalarni moliyalashtirish uchun xorijiy donorlarning texnikaviy koʻmak mablagʻlari (grantlari)ni jalb etish yuzasidan kechiktirib boʻlmaydigan choralar koʻrsinlar.

(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son)

9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2017-yil 18-yanvar,

PQ-2731-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 18-yanvardagi PQ-2731-son qaroriga1-ILOVA

2017 — 2021-yillarda Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-maydagi PF-84-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.05.2025-y., 06/25/84/0432-son)

Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish Davlat dasturiga1-ILOVA

Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish Davlat dasturi doirasida 2017-yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻyicha doimiy ish oʻrinlarini yaratish

Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish Davlat dasturiga2-ILOVA

Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish Davlat dasturi doirasida 2017-yilda Xorazm viloyati boʻyicha doimiy ish oʻrinlarini yaratish

Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish Davlat dasturiga3-ILOVA

Qoraqalpogʻiston Respublikasida 2017 — 2021-yillarda aholining toza ichimlik suvidan foydalanish imkoniyatini yaxshilash boʻyicha

Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish Davlat dasturiga4-ILOVA

Xorazm viloyatida 2017 — 2021-yillarda aholining toza ichimlik suvidan foydalanish imkoniyatini yaxshilash boʻyicha

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-oktabrdagi PF-168-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.