Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalarni toʻlash tizimini tubdan takomillashtirish, pensionerlar, talabalar va aholining boshqa ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlari huquq va qonuniy manfaatlari himoyasini soʻzsiz taʼminlash, ularning Oʻzbekiston Respublikasining barcha hududida xarid qiladigan tovar va xizmatlar uchun toʻlovlarni toʻsiqlarsiz amalga oshirishi uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki, Moliya vazirligi, Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi rahbarlarining eʼtibori Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasiga ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar oʻz vaqtida toʻlanmayotgani, toʻlov terminallari va bank apparatlari tizimi yetarli darajada rivojlanmagan holda toʻlovlar plastik kartochkalarga asossiz ravishda oʻtkazilayotgani toʻgʻrisida koʻplab murojaatlar kelib tushayotganiga qaratilsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki, 2022-yil 1-maydan boshlab:
(2-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 7-apreldagi PQ-198-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.04.2022-y., 07/22/198/0282-son)
barcha turdagi pensiya va nafaqa toʻlovlari naqd shaklda beriladi yoki fuqarolarning roziligi asosida bank kartasiga oʻtkaziladi;
(2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 7-apreldagi PQ-198-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.04.2022-y., 07/22/198/0282-son)
ilovada keltirilgan togʻli va olis tumanlardagi budjet tashkilotlari xodimlariga ish haqi toʻlash, ijtimoiy toʻlovlar hech qanday cheklovlarsiz toʻliq hajmda naqd shaklda amalga oshiriladi;
oliy oʻquv yurtlari talabalariga stipendiyalarning kamida 50 foizi naqd shaklda beriladi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi, AT “Xalq banki” pensiyalar mazkur qarorning 2-bandiga muvofiq, qonunchilikda belgilangan muddatda, tegishli oyning 27 sanasidan kechiktirmay toʻlanishini taʼminlasin.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-noyabrdagi PF-185-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.11.2024-y., 06/24/185/0944-son)
4. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki:
tijorat banklari bilan birgalikda ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar hamda ularga tenglashtirilgan toʻlovlarni toʻlashda yoʻl qoʻyilayotgan doimiy suiisteʼmolliklarni soʻzsiz bartaraf etishga doir choralarni koʻrsin, toʻlovlarning birinchi talabga binoan xoʻjalik yurituvchi subyektlar hisob raqamlaridan hech qanday moneliksiz berilishini taʼminlasin;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi, tijorat banklari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda mavjud toʻlov terminallari infratuzilmasini hisobga olgan holda ish haqini naqd shaklda va plastik kartalarga oʻtkazish yoʻli bilan toʻlashni tanqidiy qayta koʻrib chiqsin va bu borada maqbul nisbatlarni belgilasin. Qabul qilingan chora-tadbirlar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Devoniga axborot berilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 5-avgustdagi PQ-147-sonli “Banklardagi depozit hisobvaraqlardan naqd pul toʻlovlarini uzluksiz taʼminlash kafolatlari toʻgʻrisida”gi qarorining 3- va 4-bandlarida koʻzda tutilgan naqd pul mablagʻlari oʻz vaqtida berilishini taʼminlamayotgan tijorat banklari rahbarlari va mansabdor shaxslarini javobgarlikka tortish boʻyicha normalar amalda qanday qoʻllanilayotganini oʻrgansin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tijorat banklari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat, shahar va tumanlar hokimliklari bilan birgalikda naqd pul mablagʻlarining bankdan tashqari aylanmaga chiqib ketishiga yoʻl qoʻymaslik hamda uning savdo va xizmat koʻrsatish sohasidan tijorat banklari kassalariga oʻz vaqtida qaytarilishini taʼminlashga qaratilgan aniq tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilishini taʼminlasin.
7. Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalarning oʻz vaqtida va uzluksiz toʻlanishini taʼminlash boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori I.B. Abdullayev, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari R.S. Azimov va Markaziy bank raisi F.M. Mullajonov zimmasiga shaxsiy javobgarlik yuklansin.
8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 2-fevral,
PQ-2753-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 2-fevraldagi PQ-2753-son qarorigaILOVA
Oʻzbekiston Respublikasining budjet tashkilotlarda ish haqi toʻlash, ijtimoiy toʻlovlar naqd pul shaklida amalga oshiriladigan togʻli va olis tumanlari
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalarni toʻlash mexanizmini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga