Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalarni toʻlash mexanizmini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora- tadbirlar toʻgʻrisida” 2017-yil 2-fevraldagi PQ-2753-son qarori oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishini taʼminlash, pensiyalar va nafaqalar toʻlash tizimini tubdan takomillashtirish, naqd pul shaklida pensiyalar va nafaqalarni yetkazib berish va oʻz vaqtida toʻlash boʻyicha barcha kompleks chora-tadbirlarni toʻliq va muvaffaqiyatli amalga oshirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Markaziy bankining Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Pensiya jamgʻarmasi deb yuritiladi) pensiyalar, ijtimoiy nafaqalar, kompensatsiyalar va boshqa toʻlovlarni (keyingi oʻrinlarda — pensiyalar va nafaqalar deb yuritiladi) naqd shaklda toʻlashni “Oʻzbekiston pochtasi” AJdan Oʻzbekiston Respublikasi Aksiyadorlik-tijorat Xalq banki (keyingi oʻrinlarda — Xalq banki deb yuritiladi) boʻlinmalariga mart-iyul oylari mobaynida bosqichma-bosqich oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Belgilansinki, 2017-yil 1-iyuldan boshlab Oʻzbekiston Respublikasining barcha hududlarida pensiyalar va nafaqalarni toʻlash faqat Xalq banki tomonidan amalga oshiriladi.
Xalq banki tomonidan pensiyalar va nafaqalarni toʻlash tajriba tariqasida:
joriy yilning 1-aprelidan boshlab — 1-ilovaga muvofiq 13 ta viloyatga boʻysunuvchi shaharda, shuningdek Toshkent shahrining 6 ta tumanida;
2017-yilning 1-mayidan boshlab — 2-ilovaga muvofiq 39 ta qishloq tumanida amalga oshirilishi nazarda tutilsin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahri hokimliklari pensiyalar va nafaqalarni naqd pulda berish boʻyicha maxsus kassalar ishini tashkil etish uchun posyolkalar, qishloqlar, ovullar mahallalari fuqarolar yigʻinlari binolarida va pensionerlarning mablagʻlarni olishi uchun qulay boʻlgan boshqa maʼmuriy binolarda bepul foydalanish huquqi bilan Xalq bankini alohida xonalar bilan taʼminlasinlar.
Belgilansinki, mustaqil harakatlanish hamda pensiyalar va nafaqalarni maxsus kassalardan olish imkoniyatiga ega boʻlmagan shaxslarga pensiyalar va nafaqalar Xalq banki tomonidan bevosita ular yashaydigan joyga yetkazib beriladi.
4. Xalq banki:
kassirlar va nazoratchilar soni 4 ming nafar shtat birliklariga koʻpayishini, markaziy apparatda va filiallardagi pensiyalar va nafaqalarni aholiga naqd pul shaklida yetkazib berish uchun masʼul boʻlgan mutaxassislarning zarur soni butlanishini, ularga yuklangan funksiyalarni bajarish uchun ularni oʻqitishni taʼminlashni hisobga olgan holda, tashkiliy tuzilmani bir hafta muddatda tasdiqlasin;
inventar va kompyuter texnikasi istisno tariqasida tanlov (tender) savdolari oʻtkazilmasdan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar boʻyicha zarur miqdorda sotib olinishini taʼminlasin;
(4-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 4oktabrdagi PF-5428-sonli qaroriga asosan chiqarilgan)
bir oy muddatda naqd pul mablagʻlarni toʻplash va yetkazib berishni tashkil etish tartibi hamda pensiyalar va nafaqalarni toʻlash mexanizmi toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
pensiyalar va nafaqalar oʻz vaqtida berilishi taʼminlanganligi uchun Xalq banki xodimlarini ragʻbatlantirish choralarini nazarda tutsin.
5. “Oʻzavtosanoat” AK naqd mablagʻlarning maxsus kassalargacha yetkazib berilishini tashkil etish uchun Xalq bankining buyurtmanomalari boʻyicha 590 ta “Damas” markali avtotransport vositasi sotilishini taʼminlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki:
Xalq bankining buyurtmanomalariga muvofiq barcha toʻlovlar har oyning 27-kunigacha tugallanishini hisobga olgan holda pensiyalar va nafaqalar Xalq banki tomonidan uzluksiz berilishi uchun naqd pul mablagʻlari bilan zarur hajmda taʼminlasin;
(6-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 27-maydagi PQ-194-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.05.2025-y., 07/25/194/0479-son)
Xalq banki bilan birgalikda moliyalashtirilgan mablagʻlar qoldigʻi har kuni tahlil qilinib Pensiya jamgʻarmasiga taqdim etish tartibini joriy etgan holda pensiyalar va nafaqalar toʻlash uchun moʻljallangan Pensiya jamgʻarmasi mablagʻlarini hisobga olishni joriy etish boʻyicha tegishli hisob raqamlari ochsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya:
(7-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 27-maydagi PQ-194-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.05.2025-y., 07/25/194/0479-son)
koʻrsatilgan xizmatlar uchun toʻlov undirmasdan naqd mablagʻlar Xalq bankining maxsus kassalarigacha yetkazib berilishiga hamrohlik qilishni tashkil etsin;
590 ta “Damas” markali avtotransport vositasini naqd pul mablagʻlarini tashish uchun moslashtirishga tegishli ruxsatnomalar berilishini taʼminlasin;
Xalq bankining inkassatsiya xizmatini naqd pul mablagʻlarining saqlanishi va butligini taʼminlash uchun himoya va xavfsizlikning tegishli moslamalari bilan belgilangan tartibda taʼminlasin.
8. Pensiyalar va nafaqalarni toʻlash boʻyicha Xalq banki xizmatlariga haq toʻlash miqdori pensiyalar va nafaqalarni yetkazib berish umumiy summasi hajmining 1 foizi miqdorida belgilansin.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 7-apreldagi PQ-198-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.04.2022-y., 07/22/198/0282-son)
9. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Pensiya jamgʻarmasi Xalq banki bilan birgalikda:
pensiya va boshqa toʻlovlarni olayotganlarga SMS orqali xabardor qilishni joriy etgan holda aholiga pensiyalar va nafaqalar toʻlashni “on-layn” rejimida hisobga olish va nazorat qilishni avtomatlashtirish maqsadida tegishli maʼlumotlar bazalari integratsiya qilinishini bir oy muddatda taʼminlasin;
Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasini jalb etgan holda Pensiya jamgʻarmasi interaktiv xizmatlarining yangi turlari, shu jumladan “ishonch telefoni” ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini taʼminlasin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Davlat moliya nazorati bosh boshqarmasi va Pensiya jamgʻarmasi Pensiya jamgʻarmasi mablagʻlaridan maqsadli va manzilli foydalanilishi ustidan nazorat va tizimli monitoring olib borilishini taʼminlasinlar.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 9-yanvardagi PF-5298-sonli Farmoni tahririda)
11. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga 2017-yil 1-iyungacha boʻlgan muddatda takliflar kiritsin.
12. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. Aripov va Markaziy bank raisi F. Mullajonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 13-mart,
PQ-2826-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 13-martdagi PQ-2826-son qaroriga 1-ILOVA
2017-yilning 1-aprelidan boshlab Xalq banki tomonidan pensiyalar va nafaqalar toʻlanishi amalga oshiriladigan viloyatga boʻysunuvchi shaharlar va Toshkent shahridagi tumanlar
T/r Hududlar Shaharlar (tumanlar) 1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Nukus shahar 2. Andijon viloyati Xonobod shahar 3. Buxoro viloyati Kogon shahar 4. Jizzax viloyati Jizzax shahar 5. Qashqadaryo viloyati Qarshi shahar 6. Navoiy viloyati Zarafshon shahar 7. Namangan viloyati Namangan shahar 8. Samarqand viloyati Kattaqoʻrgʻon shahar 9. Sirdaryo viloyati Guliston shahar 10. Surxondaryo viloyati Termiz shahar 11. Toshkent viloyati Chirchiq shahar 12. Fargʻona viloyati Qoʻqon shahar 13. Xorazm viloyati Urganch shahar 14. Toshkent shahar Sergeli tumani 15. Bektemir tumani 16. Yakkasaroy tumani 17. Uchtepa tumani 18. Mirobod tumani 19. Olmazor tumani Jami 19 shahar (tuman)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 13-martdagi PQ-2826-son qaroriga2-ILOVA
2017-yil 1-maydan boshlab Xalq banki tomonidan pensiyalar va nafaqalar toʻlanishi amalga oshiriladigan tumanlar
T/r Hududlar Tumanlar 1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xoʻjayli, Qonlikoʻl, Qoraoʻzak 2. Andijon viloyati Jalaquduq, Boʻz, Ulugʻnor 3. Buxoro viloyati Qorovulbozor, Peshku, Romitan 4. Jizzax viloyati Arnasoy, Baxmal, Zarbdor 5. Qashqadaryo viloyati Muborak, Koson, Qarshi 6. Navoiy viloyati Nurota, Qiziltepa, Navbahor 7. Namangan viloyati Chust, Yangiqoʻrgʻon, Kosonsoy 8. Samarqand viloyati Qoʻshrabot, Toyloq, Urgut 9. Sirdaryo viloyati Mirzaobod, Guliston, Oqoltin 10. Surxondaryo viloyati Muzrabot, Oltinsoy, Shoʻrchi 11. Toshkent viloyati Oqqoʻrgʻon, Pskent, Bekabod 12. Fargʻona viloyati Furqat, Oʻzbekiston, Buvayda 13. Xorazm viloyati Bogʻot, Xonqa, Yangibozor Jami 39 tuman