PQ-2863-son Qaror · 01.04.2017

Sogʻliqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-2863
  • Qabul qilingan sana:01.04.2017
  • Kuchga kirgan sana:04.04.2017
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:ЎР ҚT 14

Sogʻliqni saqlash sohasida xususiy sektorni rivojlantirishga har tomonlama koʻmaklashishni kuchaytirish, xususiy tibbiyot muassasalarining aholiga yuqori texnologiyali sifatli tibbiy xizmatlar koʻrsatishi uchun zarur sharoitlar yaratish, xususiy tibbiyot sohasiga xorijdan investitsiyalar va yuqori malakali mutaxassislar jalb etishni kengaytirish, shuningdek, tibbiy turizm va tibbiy xizmatlar eksportini rivojlantirish maqsadida:

1. Quyidagilar sogʻliqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirishning asosiy yoʻnalish va vazifalari etib belgilansin:

mamlakatimizning barcha hududlarida xususiy tibbiyot muassasalari tarmogʻi faoliyatini faollashtirish va kengaytirish uchun qulay sharoitlar yaratish, ularning faoliyatini tartibga solish va litsenziyalash tizimini takomillashtirish, sogʻliqni saqlash sohasida xususiy sektorning barqaror rivojlanishiga toʻsqinlik qilayotgan masalalarni tizimli hal etish;

xususiy tibbiyot muassasalarining tashxis qoʻyish va davolash boʻyicha zamonaviy yuqori texnologiyali usullarni keng qoʻllagan holda, keng aholi qatlamlari, jumladan, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga yuqori malakali tibbiy yordam koʻrsatishga qaratilgan xizmatlar koʻlami va turlarini kengaytirishni har tomonlama ragʻbatlantirish;

xususiy tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ularni zamonaviy tibbiyot uskunalari, maxsus inventar va asboblar bilan jihozlash, tibbiyot ixtisosliklari turiga mos keladigan va sanitariya norma hamda qoidalari talablariga javob beradigan bino va xonalar bilan taʼminlash;

qulay kredit va lizing mexanizmlarini faol jalb etish orqali xususiy tibbiyot muassasalarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash koʻlami va hajmini tubdan oshirish, yetakchi xorijiy klinika hamda tibbiyot markazlari bilan hamkorlikda davolash-tashxis muassasalarini tashkil etgan holda xususiy tibbiyot sohasiga xorijiy investitsiyalar jalb qilishni kengaytirish;

aholiga davlat tomonidan koʻrsatiladigan kafolatli bepul tibbiy yordam bilan birga tibbiy sugʻurta tizimini keng joriy etgan holda sifatli va arzon maslahat-tashxis, davolash, sogʻlomlashtirish va boshqa turdagi tibbiy xizmatlardan foydalanish uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratadigan pulli tibbiy xizmatlar bozorini jadal rivojlantirish;

ilgʻor xalqaro tajribani inobatga olgan holda, xususiy tibbiyot sohasi uchun tibbiy taʼlimning zamonaviy usul va texnologiyalaridan foydalanish asosida kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning sifatli va samarali tizimini shakllantirish, xususiy tibbiyot muassasalarini yuqori malakali mutaxassislar bilan taʼminlash.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Oʻzbekiston xususiy amaliyot vrachlari uyushmasining xususiy tibbiyot muassasalari uchun ruxsat etilgan tibbiy faoliyat turlarini, jumladan tibbiyot sohasida talab yuqori boʻlgan kardiojarrohlik, neyrojarrohlik, mikrojarrohlik, onkologiya, endokrinologiya, kardiologiya, qon-tomir, torakal va abdominal jarrohlik, urologiya va tibbiy faoliyatining boshqa, aholining hayoti, salomatligi va sanitariya-epidemiologik holatiga katta xavf tugʻdirishi mumkin boʻlgan turlaridan tashqari, turlarini tubdan kengaytirish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin, bunda tibbiyot faoliyatning barcha tibbiyot turlari qamrab olinsin.

3. Tibbiy faoliyatning aholi hayoti, salomatligi va sanitariya-epidemiologik holatiga katta xavf tugʻdirishi mumkin boʻlgan va xususiy tibbiyot muassasalari uchun taqiqlangan ayrim turlari roʻyxati 1-ilovaga muvofiq;

sogʻliqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirishning asosiy vazifa va yoʻnalishlariga muvofiq ishlab chiqilgan Xususiy tibbiyot muassasalarini rivojlantirishni yanada ragʻbatlantirish chora-tadbirlari dasturi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

4. Belgilansinki, xususiy tibbiyot muassasalarida tashxis qoʻyish va davolash, ayniqsa, jarrohlik amaliyotini oʻtkazish bilan bogʻliq hollarda yangi yuqori texnologiyali usullarni joriy etish faqat tegishli tibbiyot uskunalari, yuqori malakali tibbiyot xodimlari mavjud boʻlganda va sanitariya norma hamda qoidalariga qatʼiy rioya etilgandagina ruxsat etiladi.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Mehnat vazirligining 2017-yil 1-maydan sogʻliqni saqlash sohasida kichik korxonalar xodimlari yillik oʻrtacha cheklangan sonining 100 kishigacha boʻlishi toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-apreldagi PF-70-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.04.2025-y., 06/25/70/0375-son)

7. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga “Oʻzmed-lizing” ixtisoslashtirilgan lizing kompaniyasi ustav kapitalini koʻpaytirish orqali, jumladan, xorijiy investorlar mablagʻlarini jalb etish hisobidan tibbiyot muassasalariga zamonaviy yuqori texnologiyali asbob-uskunalar xarid qilish hajmini kengaytirish va lizingga berish chora-tadbirlari toʻgʻrisida aniq takliflar kiritsin.

8. Quyidagilar:

(8-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-sentabrdagi PF-6318-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.09.2021-y., 06/21/6318/0927-son)

a) 2022-yil 1-yanvargacha aholiga pullik tibbiy xizmatlar koʻrsatadigan (stomatologiya va kosmetologiya xizmatlaridan tashqari) xususiy tibbiyot muassasalari, jumladan, xorijiy investorlar ishtirokidagi xususiy tibbiyot muassasalari tibbiy xizmatlar qismida, boʻshaydigan mablagʻlarni xususiy tibbiyot muassasalarini zamonaviy tibbiy, muhandislik-texnik uskunalar bilan jihozlash va ularga servis-texnik xizmat koʻrsatish, tibbiyot maqsadlari uchun ehtiyot qismlar, sarflash materiallari, inventar va boshqa buyumlar xarid qilish, tibbiy xizmatlar koʻrsatish uchun yangi binolar qurish, mavjud bino va inshootlarni rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash, shuningdek, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga bepul tibbiy xizmatlar koʻrsatishga maqsadli yoʻnaltirgan holda, barcha turdagi soliqlar toʻlashdan;

(8-bandning “a” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-sentabrdagi PF-6318-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.09.2021-y., 06/21/6318/0927-son)

b) 2025-yil 1-yanvargacha belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxat boʻyicha yuridik shaxslar tomonidan, shu jumladan lizing shartnomasi asosida olib kelinadigan yangi tibbiyot asbob-uskunalari, butlovchi buyumlar va ularning ehtiyot qismlari hamda sarflash materiallari bojxona bojidan ozod etilsin.

(8-bandning “b” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-apreldagi PF-102-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.04.2022-y., 06/22/102/0291-son)

9. Qishloq joylarda tibbiy xizmatlar koʻrsatish sohasida yangidan tashkil etiladigan (stomatologiya va kosmetologiya xizmatlari bundan mustasno) mikrofirmalar va kichik korxonalar davlat roʻyxatiga olingan kundan boshlab 10 yil muddatga tibbiy xizmatlar qismida yagona soliq toʻlovidan ozod etilsin.

(9-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 20-oktabrdagi PF-5212-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 21.10.2017-y., 06/17/5212/0153-son)

10. Belgilab qoʻyilsinki:

xususiy tibbiyot muassasalarida ishlash uchun jalb etiladigan xorijiy shifokorlar va zamonaviy tibbiyot asbob-uskunalariga xizmat koʻrsatadigan texnik mutaxassislar tuzilgan mehnat shartnomalari doirasida olinadigan daromadlar boʻyicha jismoniy shaxslar daromad soligʻini toʻlashdan ozod etiladi;

xorijiy shifokorlar va zamonaviy tibbiyot asbob-uskunalariga xizmat koʻrsatadigan texnik mutaxassislarga tuzilgan mehnat shartnomalari doirasida toʻlanadigan daromadlar yagona ijtimoiy toʻlovdan ozod etiladi;

xususiy tibbiyot muassasalarining xorijlik xodimlari boshqaruv personali sifatidagi faoliyatidan oladigan daromadlari jismoniy shaxslar daromad soligʻidan ozod etiladi.

11. Tijorat banklariga:

xususiy tibbiyot muassasalariga zamonaviy tibbiyot asbob-uskunalarini, jumladan, xorijdan sotib olish, boshlangʻich kapitalni shakllantirish, tibbiy xizmatlar koʻrsatish maqsadida bino va inshootlar xarid qilish uchun uzoq muddatli imtiyozli kreditlar;

aholiga zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan holda, shu jumladan, bank kredit kartalari bilan hisob-kitob qilish asosida xususiy tibbiyot muassasalarining tibbiy xizmatlaridan foydalanish uchun isteʼmol kreditlari taqdim etish tavsiya etilsin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Ichki ishlar vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda xususiy tibbiyot muassasalarida ishlash uchun jalb etiladigan xorijiy shifokorlar va tibbiyot asbob-uskunalariga xizmat koʻrsatadigan texnik mutaxassislarga Oʻzbekiston Respublikasiga kelish va yashash uchun ruxsatnoma hujjatlarini rasmiylashtirishda yordam koʻrsatsin.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Adliya vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga qonunchilikka ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida takliflar kiritsin;

idoraviy meʼyoriy hujjatlarni mazkur qarorga muvofiqlashtirishni taʼminlasin.

14. Ushbu qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A.N. Yunusxoʻjayev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2017-yil 1-aprel,

PQ-2863-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 1-apreldagi PQ-2863-son qaroriga1-ILOVA

Xususiy tibbiyot tashkilotlari uchun taqiqlangan, aholining hayoti, sogʻligi va sanitariya-epidemiologik xotirjamligi uchun yuqori darajadagi xavf-xatar bilan bogʻliq tibbiy faoliyatning ayrim turlari

1. Shoshilinch profilaktika va epidemiyaga qarshi choralar koʻrilishini talab qiluvchi yuqumli, alohida xavfli va karantin kasalliklari diagnostikasi va ularni davolash.

2. Toksikologik, ayrim ruhiy kasalliklarni, quturish, tuberkulyoz, lepra (moxov) kasalliklarini davolash.

(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 5-maydagi PF-6221-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.05.2021-y., 06/21/6221/0428-son)

3. Infeksiya oʻchoqlarida barcha turdagi dezinfeksiya chora-tadbirlarini oʻtkazish.

4. Tugʻuruqni qabul qilish va homiladorlikni toʻxtatish (abort).

6. Organlarni koʻchirib oʻtkazish hamda ularni tayyorlash.

7. Qon donorligini tashkil etish, qon, uning komponentlari va preparatlarini tayyorlash hamda qayta ishlash.

8. I-II guruh infeksiyalarining bakteriologik va virusologik tadqiqotlarini oʻtkazish.

9. Tibbiy ekspertizani oʻtkazish, faqat davlat muassasalari tomonidan, shu jumladan tibbiy-mehnat, harbiy-tibbiy, sud-tibbiy, sud-psixiatriya, sanitariya-gigiyena ekspertizalarini amalga oshirish nazarda tutilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 1-apreldagi PQ-2863-son qaroriga2-ILOVA

Xususiy tibbiyot tashkilotlarini rivojlantirishni yanada ragʻbatlantirish chora-tadbirlari

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 7-oktabrdagi PF-6320-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.10.2021-y., 06/21/6320/0940-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Sogʻliqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.