PQ-2866-son Qaror · 04.04.2017

2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida onkologiya xizmatini yanada rivojlantirish va aholiga onkologik yordam koʻrsatishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-2866
  • Qabul qilingan sana:04.04.2017
  • Kuchga kirgan sana:05.04.2017
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:«Халк сузи» 67 (6761)

Respublikada sogʻliqni saqlashni isloh qilish davlat dasturlarini amalga oshirish doirasida aholiga onkologik tibbiy yordam koʻrsatishning yaxlit tizimi tashkil etildi. Onkologiya xizmatining yagona vertikal integratsiyalashtirilgan tizimi yaratildi, onkologiya muassasalarini zamonaviy yuqori texnologiyali asbob-uskunalar bilan jihozlash ishlari amalga oshirilmoqda, professional kadrlar tayyorlashning zamonaviy ilmiy maktabi shakllantirilgan. Onkologiya muassasalari amaliyotiga saratonga tashxis qoʻyish va davolashning bir qancha zamonaviy usullari joriy etilgan, onkologik patologiya profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda, bu esa kasallikning ilk bosqichlarida bemorlarni ikki baravar koʻp aniqlash imkonini berdi.

Shu bilan birga, butun jahonda boʻlgani singari, respublikada onkologik kasalliklar oʻsishi qayd etilmoqda. Tibbiyot fanini rivojlantirishning zamonaviy bosqichi saraton kasalliklarining oldini olish choralarini yanada takomillashtirishga va respublika aholisiga onkologik yordam berish sifatini jahon andozalari darajasigacha oshirishga yoʻnaltirilgan ustuvor vazifalar hal etilishini taqozo qiladi.

Aholi orasida onkologik kasalliklarning oldini olish va barvaqt aniqlashning samarali tizimini yaratish, onkologik kasalliklarga tashxis qoʻyish va davolashning ilgʻor usullarini joriy etish, respublika onkologiya muassasalarining moddiy-texnik bazasini va kadrlar salohiyatini mustahkamlash hamda ularning tuzilmasini takomillashtirish maqsadida:

1. Quyidagilar onkologiya xizmatini yanada rivojlantirish va aholiga onkologik yordam koʻrsatishni takomillashtirishning asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:

onkologik kasalliklarning oldini olish va barvaqt tashxis qoʻyish chora-tadbirlarini takomillashtirish, saraton kasalliklarini barvaqt aniqlashning skrining dasturlarini bosqichma-bosqich hamma joyda tatbiq etish;

aholining tashxis qoʻyish va davolashning zamonaviy yuqori texnologiyali usullaridan foydalanishini yaxshilash, onkologik kasalliklarni davolashning yuqori samaradorligiga erishish, onkologiya muassasalarining dori vositalari, reagentlar va sarflash materiallari bilan taʼminlanish darajasini oshirish;

yangi onkologiya muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlash, tibbiyot uskunalari, asboblar va inventar bilan jihozlash (toʻliq jihozlash) asosida ularning moddiy-texnik bazasini modernizatsiya qilish;

onkologiya muassasalarining kadrlar salohiyatini mustahkamlash hamda onkologik kasalliklarning oldini olish, tashxis qoʻyish va davolash sohasida respublikadagi ilmiy tadqiqotlar doirasini kengaytirish, shuningdek, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va ilmiy ishlanmalarning zamonaviy jahon tajribasini milliy sogʻliqni saqlash amaliyotiga joriy etish.

2. Quyidagilar:

onkologiya sohasida tibbiyot tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirishning yagona metodik vertikali shakllantirilishini nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi onkologiya xizmatining tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga* muvofiq;

2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida onkologiya xizmatini yanada rivojlantirish va aholiga onkologik yordam koʻrsatishni takomillashtirish dasturi 2-ilovaga* muvofiq;

2017 — 2021-yillarda respublika onkologiya muassasalarini tibbiyot uskunalari, asboblar va inventar bilan jihozlash (toʻliq jihozlash)ning asosiy parametrlari 3-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarini shakllantirishda har yili ushbu qaror bilan tasdiqlangan 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida onkologiya xizmatini yanada rivojlantirish va aholiga onkologik yordam koʻrsatishni takomillashtirish dasturida koʻzda tutilgan tadbirlarni bajarishga zarur mablagʻlar ajratilishini nazarda tutsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi va Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi bilan birgalikda ushbu qaror bilan tasdiqlangan 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida onkologiya xizmatini yanada rivojlantirish va aholiga onkologik yordam koʻrsatishni takomillashtirish dasturini amalga oshirish uchun xorijiy davlatlar, xalqaro moliyaviy tashkilotlarning imtiyozli kreditlarini (qarzlarini) va grantlarini hamda boshqa budjetdan tashqari mablagʻlarni jalb etish yuzasidan zarur chora-tadbirlar koʻrsin.

(2-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son)

3. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligining:

Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining Respublika onkologiya ilmiy markazini Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi etib qayta tashkil qilish;

Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida yuridik shaxs tashkil etmasdan, markaz xodimlarining umumiy soni doirasida Saraton profilaktikasi markazi va Eksperimental onkologiya markazini tashkil etish;

hududiy onkologik dispanserlarni va Toshkent shahar onkologiya dispanserini Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining filiallariga aylantirish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.

4. Quyidagilar Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda uning filiallari faoliyatining asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:

aholining onkologik kasalliklarning oldini olish, tashxis qoʻyish va davolash boʻyicha xalqaro andozalar darajasida ixtisoslashtirilgan yuqori texnologiyali tibbiy yordamga boʻlgan talab-ehtiyojini qondirish;

onkologiya sohasida aholiga yuqori malakali davolash-profilaktika yordami koʻrsatgan holda, onkologik kasalliklarning oldini olish, tashxis qoʻyish va davolashning zamonaviy usullarini joriy etish;

onkologiya sohasida zamonaviy talablarga javob beradigan va zamonaviy onkologiyaning ilgʻor texnologiyalarini egallagan yuqori malakali tibbiyot kadrlari va ilmiy mutaxassislar tayyorlash;

onkologiya sohasida, shu jumladan, zamonaviy tibbiyot fanining ilgʻor yutuqlaridan foydalangan holda ilmiy-amaliy tadqiqotlar va ishlanmalarni amalga oshirish.

5. Belgilansinki:

Saraton profilaktikasi markazi — onkologik kasalliklar profilaktikasi va skrining tekshirishlar oʻtkazish, onkologik kasalliklarga chalingan bemorlarning yagona maʼlumotlar bazasini (kanser-registr) shakllantirish, saratonning oldini olish samarali dasturlarini ishlab chiqqan holda, epidemiologik vaziyat monitoringini olib borish boʻyicha muvofiqlashtiruvchi-metodik faoliyatni taʼminlaydi;

Eksperimental onkologiya markazi — kanserogenez va saraton epidemiologiyasi hamda xavfli oʻsmalar rivojlanishining molekulyar-biologik mexanizmi, oʻsmaga qarshi mahalliy preparatlarni ishlab chiqish sohasida ilmiy tadqiqotlarni amalga oshiradi.

6. Quyidagilar:

Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining tuzilmasi 4-ilovaga* muvofiq;

Saraton profilaktikasi markazi va Eksperimental onkologiya markazining tuzilmalari 5- va 6-ilovalarga* muvofiq;

Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi filialining namunaviy tuzilmasi 7-ilovaga* muvofiq maʼqullansin.

Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziriga, zarurat boʻlganda, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va uning filiallari tuzilmasiga xodimlarning umumiy soni doirasida oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi ushbu qaror talablarini hisobga olgan holda, bir oy muddatda Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi toʻgʻrisidagi Nizomni hamda uning filiallari namunaviy ustavini tasdiqlasin.

8. 2017 — 2020-yillarda Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va uning filiallari binolarini rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va yangilarini qurishning asosiy parametrlari 8-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.

* 1 — 8-ilovalar berilmaydi.

Belgilansinki, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va uning filiallari binolarini rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va yangilarini qurish ishlarini moliyalashtirish belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Taʼlim va tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.

9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A.N. Yunusxodjayev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2017-yil 4-aprel,

PQ-2866-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida onkologiya xizmatini yanada rivojlantirish va aholiga onkologik yordam koʻrsatishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.