PQ-2912-son Qaror · 20.04.2017

2018-2022-yillarda issiqlik taʼminoti tizimini rivojlantirish dasturi toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-2912
  • Qabul qilingan sana:20.04.2017
  • Kuchga kirgan sana:25.04.2017
  • Rasmiy nashr:СЗ РУ 18

Isteʼmolchilarga issiqlik energiyasi yetkazib berish sifatini oshirish va uzluksizligini taʼminlash chora-tadbirlarini izchil amalga oshirish, zamonaviy tejamkor va energiyani iqtisod qiladigan texnologiyalarni joriy etish asosida issiqlik taʼminoti tizimining asosiy fondlarini yangilash va modernizatsiyalash, yoqilgʻi-energetika resurslaridan samarali va oqilona foydalanish maqsadida:

1. Quyidagilar respublikada issiqlik taʼminoti tizimini yanada rivojlantirishning ustuvor vazifalari etib belgilansin:

issiqlik taʼminoti tizimiga energiya va resurslarni tejaydigan yangi texnologiyalar va uskunalarni, shu jumladan, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalangan holda joriy etish;

energiya samaradorligi yuqori boʻlgan mahalliy qozonxonalar qurish, shuningdek, xonadonlarga yakka tartibda ichki issiqlik taʼminoti tizimini oʻrnatish yoʻli bilan koʻp xonadonli uy-joy fondi, ijtimoiy va boshqa obyektlarning nomarkazlashtirilgan issiqlik taʼminoti tizimini rivojlantirish;

jismoniy va maʼnaviy eskirgan tejamkor boʻlmagan qozonxona agregatlarini almashtirgan holda ishdan chiqqan magistral va taqsimlash issiqlik tarmoqlarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish ishlarini amalga oshirish;

energiya resurslari isteʼmol qilinishi va ishlab chiqarilishining meʼyor boʻyicha hisobga olinishini tashkil etish, isteʼmolchilarning issiqlik taʼminoti xizmati haqini hisoblash va toʻlashning avtomatlashtirilgan hisob-kitob tizimini joriy etish;

noishlab chiqarish xarajatlari oʻsishiga yoʻl qoʻymaslik va issiqlik energiyasini yetkazib berish, taqsimlash va isteʼmol qilishda meʼyoridan ortiqcha nobudgarchiliklarni kamaytirish hisobiga sarf-xarajatlarni qisqartirishga yoʻnaltirilgan issiqlik taʼminoti tizimida yagona texnik siyosatni amalga oshirish.

2. 2018 — 2022-yillarda issiqlik taʼminoti tizimini rivojlantirish dasturi (keyingi oʻrinlarda — Dastur) tasdiqlansin, u quyidagilarni oʻz ichiga oladi:

2018 — 2022-yillarda mahalliy qozonxonalarni modernizatsiyalash va rekonstruksiya qilish parametrlari 1-ilovaga muvofiq;

2018 — 2022-yillarda energiya samaradorligi yuqori boʻlgan mahalliy qozonxonalar qurish, jumladan, gelioqurilmalarni qoʻllash parametrlari 2-ilovaga muvofiq;

2018 — 2022-yillarda markaziy qozonxonalarni modernizatsiyalash va rekonstruksiya qilish parametrlari 3-ilovaga muvofiq;

2018 — 2022-yillarda issiqlik tarmoqlarini modernizatsiyalash va rekonstruksiya qilish parametrlari 4-ilovaga muvofiq;

2018 — 2022-yillarda xonadonlarga yakka tartibda ichki issiqlik taʼminoti tizimini oʻrnatish parametrlari 5-ilovaga muvofiq;

2018 — 2022-yillarda issiqlik taʼminoti tizimini rivojlantirish kompleks tadbirlari 6-ilovaga muvofiq.

3. Belgilab qoʻyilsinki:

Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari — Dasturning samarali va oʻz vaqtida amalga oshirilishi uchun masʼul boʻlgan ijro etuvchi organlar hisoblanadi;

Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligining Koʻp xonadonli uylar va issiqlik taʼminoti obyektlari qurish boʻyicha injiniring kompaniyasi — Dastur doirasida loyihalarni amalga oshirish boʻyicha buyurtmachi hisoblanadi;

“Issiqlikelektrloyiha” aksiyadorlik jamiyati, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika “OʻzInjiniring” loyiha instituti — Dastur doirasida amalga oshiriladigan loyihalarning loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish boʻyicha bosh loyiha tashkilotlari hisoblanadi.

4. Quyidagilar tasdiqlangan Dasturni amalga oshirishni moliyalashtirish manbalari sifatida:

a) mahalliy qozonxonalarni modernizatsiyalash, rekonstruksiya qilish va qurish qismida:

ijtimoiy soha obyektlari uchun — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobiga markazlashtirilgan investitsiya mablagʻlari;

koʻp xonadonli uylar uchun — xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlarining oʻz mablagʻlari, tijorat banklarining kreditlari, pudrat tashkilotlarining mablagʻlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligining Uy-joy kommunal xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari;

b) markaziy qozonxonalarni hamda issiqlik tarmoqlarini modernizatsiyalash va rekonstruksiya qilish uchun — issiqlik taʼminoti tashkilotlarining oʻz mablagʻlari, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobiga markazlashtirilgan investitsiya mablagʻlari, Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligining Uy-joy kommunal xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasi hamda xalqaro moliya institutlarining mablagʻlari;

v) xonadonlar ichki yakka tartibdagi issiqlik taʼminoti tizimini oʻrnatish uchun — turar joy va noturar joy xonalari mulkdorlarining mablagʻlari, shuningdek, tijorat banklarining imtiyozli kreditlari;

g) markaziy qozonxonalar va issiqlik tarmoqlarini modernizatsiyalash hamda rekonstruksiya qilish boʻyicha dasturlarni amalga oshirish doirasida loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslari (texnik-iqtisodiy hisob-kitoblari)ni TIA (TIHK) ishlab chiqish uchun — Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjeti hamda viloyatlar va Toshkent shahri mahalliy budjetlarining mablagʻlari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligining Uy-joy kommunal xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari;

d) mahalliy qozonxonalarni modernizatsiyalash, rekonstruksiya qilish va qurish boʻyicha loyihalarning loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish uchun — Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligining Uy-joy kommunal xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi, “Issiqlikelektrloyiha” AJ, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika “OʻzInjiniring” loyiha instituti, “ToshuyjoyLITI” AJ, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda:

2017-yilning 1-sentabriga qadar markaziy qozonxonalarni, issiqlik tarmoqlarini modernizatsiyalash va rekonstruksiya qilish boʻyicha loyihalarning TIA (TIHK) ishlab chiqilishi va vakolatli organlarda ekspertizadan oʻtkazilishini hamda mahalliy qozonxonalarni modernizatsiyalash, rekonstruksiya qilish va qurish boʻyicha loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilishi va vakolatli organlarda ekspertizadan oʻtkazilishini taʼminlasin;

loyihalarning TIA (TIHK) va loyiha-smeta hujjatlari belgilangan tartibda tasdiqlanishi natijalari boʻyicha Dastur doirasida loyihalarning amalga oshirilishi uchun masʼul boʻlgan pudrat tashkilotlarini tegishli tajribaga, texnik va moliyaviy salohiyatga ega boʻlgan tashkilotlar orasidan tender (tanlov) asosida aniqlash, bunda tender (tanlov) hujjatlarida mahalliy qozonxonalar qurish va keyinchalik ularga taʼmirlash-servis xizmati koʻrsatish nazarda tutilsin.

6. Dasturni amalga oshirish doirasida bir bosqichli tartibda loyihalarning TIA (TIHK)larini tasdiqlash bilan birga loyiha oldi hujjatlarini ishlab chiqishga ruxsat berilsin.

7. Loyihada energiya samaradorligi yuqori mahalliy qozonxonalar yoki xonadonlarga yakka tartibda ichki issiqlik taʼminoti tizimidan foydalanish nazarda tutilmagan yangi qurilayotgan koʻp xonadonli uylar, shuningdek, tashkilotlar va idoralarning binolari boʻyicha arxitektura-rejalashtirish topshiriqlariga rozilik berish qatʼiyan taqiqlansin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi, “Oʻzstandart” agentligi Oʻzbekiston Respublikasi Xalqaro quyosh energiyasi instituti bilan birgalikda ikki oy muddatda mahalliy qozonxonalar, xonadonlarga yakka tartibda ichki issiqlik taʼminoti tizimi, quyosh kollektorlari bilan birga loyihalashtirilgan obyektlarning energiya samaradorligi boʻyicha shaharsozlik normalari va qoidalarini, shuningdek, quyosh kollektorlarini tayyorlash, sinash va qoʻllash boʻyicha davlat standartlarini ishlab chiqsin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 5-maydagi “2015 — 2019-yillarda iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya sarfi hajmini qisqartirish, energiyani tejaydigan texnologiyalarni joriy etish chora-tadbirlari Dasturi toʻgʻrisida”gi PQ-2343-sonli qarori bilan tuzilgan Respublika energiya samaradorligi va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish komissiyasi zimmasiga (A.N. Aripov) quyidagi vazifalar yuklansin:

Dasturni amalga oshirishni muvofiqlashtirish va monitoring qilish;

issiqlik taʼminoti tizimida energiya va resurslarni tejaydigan yangi texnologiyalar hamda uskunalarni joriy etish boʻyicha, jumladan, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalangan holda tavsiyanomalar ishlab chiqish;

Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari rahbarlarining Dastur amalga oshirilishi toʻgʻrisidagi hisobotlarini har chorakda eshitib borish;

Dastur parametrlariga asosli oʻzgartish va aniqliklar kiritish.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi va Moliya vazirligi 2018-yildan boshlab har yili Oʻzbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlarini shakllantirishda Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklarining asoslangan hisob-kitoblari boʻyicha Dasturni amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti hisobidan markazlashtirilgan kapital mablagʻlar limitlari ajratilishini nazarda tutsin.

(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 6-martdagi PF-5370-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.06.2020-y., 06/20/5370/0975-son)

11. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda sanoat kooperatsiyasi asosida tayyor mahsulot, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish Dasturini ishlab chiqishda 2018-yilning 1-yanvaridan boshlab, Oʻzbekiston Respublikasi hududida energiya samaradorligi yuqori mahalliy qozonxonalar, xonadonlarga yakka tartibda ichki issiqlik taʼminoti tizimlari ishlab chiqarishni tashkil qilishni nazarda tutsin.

(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son)

12. Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, “Oʻztransgaz” AK, “Oʻzbekenergo” AJ, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari belgilangan tartibda, mansubligi boʻyicha qurilayotgan mahalliy qozonxonalarga zarur muhandislik va kommunikatsiya tarmoqlari tortilishini, shuningdek, tabiiy gaz, elektr energiyasi va sovuq suv uzluksiz berib turilishini taʼminlasinlar.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi, Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi bilan birgalikda mahalliy qozonxonalar, xonadonlarga yakka tartibda ichki issiqlik taʼminoti tizimlari oʻrnatilishi va foydalanishga qabul qilinishi ustidan doimiy nazoratni taʼminlasin.

(13-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi PF-79-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.05.2024-y., 06/24/79/0363-son)

14. Respublikamizda ishlab chiqarilmaydigan, Dasturni amalga oshirish doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan roʻyxatlar boʻyicha olib kelinadigan uskunalar, butlovchi buyumlar va materiallar 2023-yilning 1-yanvariga qadar bojxona toʻlovlari toʻlashda (bojxonada rasmiylashtirish uchun yigʻimlardan tashqari) ozod qilinsin.

15. Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

16. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi A.J. Ramatov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2017-yil 20-aprel,

PQ-2912-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 20-apreldagi PQ-2912-son qaroriga 1-ILOVA

2018 — 2022-yillarda mahalliy qozonxonalarni modernizatsiyalash va rekonstruksiya qilish paramentlari

* Loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va tasdiqlash yakunlariga koʻra aniqlashtirilishi lozim.

** Koʻp xonadonli uylarning issiqlik taʼminoti “Navoiy KMK” DKning idoraviy qozonxonalari tomonidan amalga oshiriladi.

*** Mahalliy qozonxonalarni modernizatsiyalash va rekonstruksiya qilish nazarda tutilmaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 20-apreldagi PQ-2912-son qaroriga 2-ILOVA

2018 — 2022-yillarda energiya samaradorligi yuqori boʻlgan mahalliy qozonxonalar qurish, jumladan gelioqurilmalarni qoʻllash parametrlari

* Loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va tasdiqlash yakunlariga koʻra aniqlashtirilishi lozim.

** Koʻp xonadonli uylarning issiqlik taʼminoti “Navoiy KM” DKning idoraviy qozonxonalari tomonidan amalga oshiriladi.

*** Mahalliy qozonxonalarini qurish nazarda tutilmaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 20-apreldagi PQ-2912-son qaroriga 3-ILOVA

2018 — 2022-yillarda markaziy qozonhonalarni modernizatsiyalash va rekonstruksiya qilish

* Loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va tasdiqlash yakunlariga koʻra aniqlashtirilishi lozim.

** Koʻp xonadonli uylarning issiqlik taʼminoti “Navoiy KMK” DKning idoraviy qozonxonalari tomonidan amalga oshiriladi.

*** Markaziy qozonxonalarini modernizatsiyalash va rekonstruksiya qilish nazarda tutilmaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 20-apreldagi PQ-2912-son qaroriga 4-ILOVA

2018 — 2022-yillarda issiqlik tarmoqlarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish

* Loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va tasdiqlash yakunlariga koʻra aniqlashtirilishi lozim.

** Koʻp xonadonli uylarning issiqlik taʼminoti “Navoiy KMK” DKning idoraviy qozonxonalari tomonidan amalga oshiriladi.

*** Issiqlik tarmoqlarini modernizatsiyalash va rekonstruksiya qilish nazarda tutilmaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 20-apreldagi PQ-2912-son qaroriga 5-ILOVA

2018 — 2022-yillarda xonadonlarga yakka tartibda ichki issiqlik taʼminoti tizimini oʻrnatish

* Loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va tasdiqlash yakunlariga koʻra aniqlashtirilishi lozim.

** Yakka tartibda xonadonlarga ichki issiqlik taʼminoti tizimini oʻrnatish nazarda tutilmaydi.

*** Koʻp xonadonli uylarning issiqlik taʼminoti “Navoiy KMK” DKning idoraviy qozonxonalari tomonidan amalga oshiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 20-apreldagi PQ-2912-son qaroriga 6-ILOVA

2018 — 2022-yillarda issiqlik taʼminoti tizimini rivojlantirish

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2018 — 2022-yillarda issiqlik taʼminoti tizimini rivojlantirish dasturi toʻgʻrisida” gi qaroriga

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.