PQ-2738-son Qaror · 24.01.2017

Oʻzbekiston Respublikasining Qurolli Kuchlarini yanada isloh qilish va rivojlantirish vazifalarini amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-2738
  • Qabul qilingan sana:24.01.2017
  • Kuchga kirgan sana:24.01.2017

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganligining 25 yilligiga bagʻishlangan bayram tabrigidan oʻrin olgan milliy armiyani yanada isloh qilish va rivojlantirish boʻyicha vazifalarni amalda bajarish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasining Qurolli Kuchlarini yanada isloh qilish va rivojlantirish vazifalarini amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi (keyingi oʻrinlarda — Dastur) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Belgilansinki, mamlakatimizning mudofaa qobiliyatini yanada mustahkamlash, Qurolli Kuchlarning jangovar shayligi hamda jangovar qobiliyatini oshirish, qoʻshinlarni zamonaviy qurol-aslaha turlari va harbiy texnika bilan qayta jihozlash, harbiy kadrlar tayyorlash, harbiy xizmatchilarni ijtimoiy himoya qilish, shuningdek, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash tizimini takomillashtirish Dasturning asosiy maqsadi hisoblanadi.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi apparati, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, aloqador vazirlik va idoralar rahbarlari, harbiy okruglar qoʻshinlari qoʻmondonlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari zimmasiga Dasturda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni soʻzsiz, toʻla-toʻkis, oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish yuzasidan shaxsiy masʼuliyat yuklansin.

Masʼul ijrochilar:

Dastur chora-tadbirlarini har tomonlama muhokama qilib va puxta koʻrib chiqib, aniq choralar va ularni amalga oshirish muddatlarini koʻrsatgan holda batafsil rejalar ishlab chiqilishini;

Dastur chora-tadbirlarini bajarishda rasmiyatchilik va yuzaki munosabatga yoʻl qoʻymaslik, uni amalga oshirish natijalarini muntazam muhokama qilib borish, chora-tadbirlarning belgilangan muddatlarda bajarilishini taʼminlash boʻyicha oʻz vaqtida zarur choralar koʻrilishini;

har oyda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi apparati va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Dastur chora-tadbirlari bajarilishining borishi haqida axborot berishni taʼminlasin.

Masʼul ijrochilarga zarur hollarda oldinda turgan vazifalarni amalga oshirish maqsadida tegishli vazirliklar, idoralar va mahalliy hokimiyat organlarining mutaxassislarini jalb qilishga ruxsat berilsin.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi apparati (V. Maxmudov):

Bayram tabrigida bayon etilgan talablarni hisobga olgan holda, shuningdek, dunyoda va mintaqadagi holatning rivojlanish jarayonlarini, Oʻzbekiston Respublikasi xavfsizligiga tahdidlar va xatarlarni, mamlakatimizning ustuvor maqsadlari va imkoniyatlarini chuqur tahlil qilish asosida Dasturda belgilangan muddatlarda Oʻzbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik konsepsiyasi va Mudofaa doktrinasining yangilangan loyihalari ishlab chiqilishini taʼminlasin;

Dastur chora-tadbirlarini bajarish boʻyicha masʼul ijrochilarning faoliyatini muvofiqlashtirsin, ularning natijalarini tanqidiy koʻrib chiqib, har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot bersin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (A. Aripov) Bosh vazir birinchi oʻrinbosari A. Ramatov, Bosh vazir oʻrinbosarlari R. Azimov va U. Rozukulovning tegishli komplekslari, Bosh vazirning yoshlar siyosati va maʼnaviy rivojlanish masalalari boʻyicha maslahatchisi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklarini quyidagi vazifalarni hal etish uchun safarbar qilsin:

respublikaning harbiy-sanoat kompleksini, ilmiy-ishlab chiqarish bazasini, servis markazlari va qoʻshma korxonalarni tashkil qilish, shuningdek, mamlakatimizning yetakchi korxonalarida harbiy maqsadlar uchun moʻljallangan mahsulotlarning ayrim turlarini mahalliylashtirish;

mudofaa ishlari boʻyicha boʻlimlar va boshqarmalarning mahalliy hokimiyat organlari bilan hamkorlik qilish va armiya maktabini oʻtagan yoshlar bilan uzluksiz aloqani taʼminlash borasidagi vakolatlarini kengaytirish;

muddatli xizmat va safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatni oʻtagan fuqarolarni ishga joylashtirish boʻyicha respublika komissiyasini hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimliklari huzurida bevosita rais va hokimlar rahbarligi ostida tegishli komissiyalar tashkil etish;

Dasturda nazarda tutilgan chora-tadbirlar hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumatining keyinchalik ishlab chiqiladigan qarorlarini amalga oshirish uchun zarur moddiy va moliyaviy resurslarni izlab topish.

6. Mudofaa vazirligi (K. Berdiyev):

2017-yil 10-fevralga qadar Vazirlar Mahkamasi, respublikaning aloqador vazirlik va idoralari bilan birgalikda mamlakat hududlarida harbiy xizmatchilarning oilalari uchun ularga imtiyozli ipoteka kreditlarini taqdim etgan holda 56 ta uch qavatli uy-joylar qurish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini ishlab chiqsin;

2017-yil 15-fevralga qadar Qurolli Kuchlarning yangi Akademiyasini tashkil qilish, vazirlik tashkiliy tuzilmasini takomillashtirish, shuningdek, HHM va HHK Qoʻshinlarining tashkiliy tuzilmasi va boshqaruv tizimini takomillashtirish, zamonaviy texnika va qurol-aslaha bilan jihozlash boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish orqali ularning salohiyatini mustahkamlash yuzasidan asoslantirilgan takliflarni va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarorlari loyihalarini kiritsin;

2017-yil 1-aprelga qadar Qoʻshinlarni zamonaviy qurol-aslaha va harbiy texnika bilan jihozlash va modernizatsiya qilish boʻyicha 2017 — 2021-yillarga moʻljallangan, 2017-yilda amalga oshirish boʻyicha batafsil rejasi bilan asoslantirilgan kompleks dasturni hamda uni tasdiqlash yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni loyihasini ishlab chiqsin;

xorijiy sheriklar bilan birga 2017-yil iyundan boshlab Qurolli Kuchlar Akademiyasi va oliy harbiy taʼlim muassasalarining professor-oʻqituvchilar tarkibini yetakchi milliy va xalqaro, shu jumladan Buyuk Britaniya, Germaniya, Rossiya, AQSH, Fransiya, Janubiy Koreya va ushbu sohada taraqqiy topgan mamlakatlarning oʻquv muassasalarida tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha aniq choralarni ishlab chiqsin va amalga oshirsin;

2017-yil davomida harbiy okruglarning maqsadi, qoʻshinlarni qoʻllashning xususiyatlari, operatsion yoʻnalishlarining oʻziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda harbiy okruglarning tuzilmasi va vazifalarini aniqlashtirish boʻyicha vazirlik markaziy apparati mansabdor shaxslari va harbiy okruglar qoʻshinlari qoʻmondonlarining izchil samarali ishini, shuningdek, Dasturda belgilangan muddatlarda asoslantirilgan takliflar va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining har bir okrug boʻyicha alohida tegishli qarorlari loyihalari ishlab chiqilishini tashkil qilsin.

7. Harbiy okruglar qoʻshinlari qoʻmondonlari (B. Toshmatov, L. Buzrukov, R. Halilov, T. Irgashev) operatsion yoʻnalishlarda mamlakatimizning xavfsizligiga tahdidlar va xatarlarni, ishonch bildirilgan qoʻshilmalar, qismlar va muassasalardagi haqiqiy ahvolni chuqur tahlil qilish, ularning jangovar shayligini hamda jangovar qobiliyatini real baholash asosida harbiy okruglarning tuzilmalari va vazifalarini aniqlashtirish boʻyicha asoslantirilgan takliflar tayyorlash uchun puxta operativ-taktik va boshqa hisob-kitoblarni amalga oshirsin.

9. Mudofaa vazirligi (K. Berdiyev) MV qoshidagi Jamoatchilik kengashi (I. Mirzaaliyev), harbiy okruglar qoʻshinlari qoʻmondonlari (B. Toshmatov, L. Buzrukov, R. Halilov, T. Irgashev), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birga:

2017-yil 1-aprelga qadar Jamoatchilik kengashi hududiy boʻlinmalarining aniq vazifalarini belgilab, uning tarkibiga qoʻshish uchun nomzodlarni har tomonlama oʻrganish va tanlash ishlarini amalga oshirsin;

2017-yil 1-mayga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining viloyatlar hokimliklari tarkibida Kengashning hududiy boʻlinmalarini shakllantirish, shuningdek, Jamoatchilik kengashi toʻgʻrisidagi yangi nizomni tasdiqlashni nazarda tutuvchi tegishli qarori loyihasini ishlab chiqsin.

10. Mudofaa vazirligi (K. Berdiyev), Milliy xavfsizlik xizmati (R. Inoyatov), Ichki ishlar vazirligi (A. Azizov), Favqulodda vaziyatlar vazirligi (K. Aripov), harbiy okruglar qoʻshinlari qoʻmondonlari (B. Toshmatov, L. Buzrukov, R. Halilov, T. Irgashev) vazirliklar va idoralarning Hayʼat majlisini, Harbiy kengashlarini oʻtkazib, unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganligining 25 yilligiga bagʻishlangan bayram tabrigidan oʻrin olgan milliy armiyani yanada isloh qilish va rivojlantirish boʻyicha vazifalarni shaxsiy tarkibga yetkazish va tushuntirishni taʼminlasin.

11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V. Mahmudov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2017-yil 24-yanvar,

PQ-2738-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 24-yanvardagi PQ-2738-son qaroriga ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasining Qurolli Kuchlarini yanada isloh qilish va rivojlantirish vazifalarini amalga oshirish boʻyicha

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.