PQ-3025-son Qaror · 01.06.2017

Yongʻoq ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilar uyushmasini tuzish va uning faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-3025
  • Qabul qilingan sana:01.06.2017
  • Kuchga kirgan sana:03.06.2017
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:СЗ РУ 23

Lalmi yerlardan foydalanishni ragʻbatlantirish va samaradorligini yanada oshirish, ichki va tashqi bozorlarda raqobatdosh boʻlgan yongʻoq ishlab chiqarish hajmini koʻpaytirish, xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish hisobiga zamonaviy yongʻoq plantatsiyalarini barpo qilish hamda yongʻoq yetishtirish boʻyicha ilmiy asoslangan usullar va intensiv texnologiyalarni keng joriy etish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi, “Sag agro” va “Sam antep gilam” masʼuliyati cheklangan jamiyatlarining:

Yongʻoq ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilar uyushmasini (keyingi oʻrinlarda Uyushma deb ataladi);

Uyushma tarkibida masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklida Yongʻoqchilik ilmiy-tadqiqot markazi, Yongʻoq logistika markazi, “Sag agro MTP” MCHJ, Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo, Namangan va Toshkent viloyatlarida hududiy “Yongʻoqagro” MCHJ tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

2. Quyidagilar Uyushmaning asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari etib belgilansin:

mahalliy tabiiy-iqlim sharoitlariga moslashtirilgan yongʻoqning serhosil zamonaviy plantatsiyalarini yaratish, shuningdek, yongʻoq yetishtirishning ilmiy asoslangan usullarini va resurslarni tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish boʻyicha qabul qilingan dasturlarning amalga oshirilishini muvofiqlashtirish;

respublika hududlarida yongʻoq ishlab chiqarish hajmini koʻpaytirish choralarini koʻrish, mahsulotni sotish bozorlarini kengaytirish maqsadida marketing tadqiqotlarini olib borish, eksport hajmini koʻpaytirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;

respublika hududlarining tabiiy-iqlim sharoitlariga mos kelishligini inobatga olgan holda, yongʻoqning serhosil nihollarini laboratoriya sharoitlarida yetishtirishni tashkil etish;

ishlab chiqilgan innovatsiyaviy texnologiyalarni yongʻoq yetishtirish jarayoniga joriy qilish uchun ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish;

yongʻoq koʻchatlarini parvarish qilishga jalb etiladigan agronomlarni yongʻoq plantatsiyalarida agrotexnik tadbirlarni toʻgʻri oʻtkazish boʻyicha oʻqitish uchun maxsus tayyorlov kurslarini tashkil etish;

Uyushma tarkibiga kiruvchi tashkilotlarga normativ-huquqiy bazani takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish, imtiyoz va preferensiyalar berish, xorijiy investitsiyalarni, jumladan, xalqaro moliya institutlarining mablagʻlarini jalb qilish yoʻli bilan davlat koʻmagini olishda har tomonlama koʻmaklashish.

3. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki:

“Sag agro” MCHJ va “Sam antep gilam” MCHJ, “Yongʻoqchilik ilmiy-tadqiqot markazi” MCHJ, “Yongʻoq logistika markazi” MCHJ, “Sag agro MTP” MCHJ, shuningdek, hududiy “Yongʻoqagro” masʼuliyati cheklangan jamiyatlari Yongʻoq ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilar uyushmasining muassislari hisoblanadi;

“Yongʻoqchilik ilmiy-tadqiqot markazi” MCHJ yongʻoqni mahalliy iqlimga moslashtirish va rayonlashtirish, serhosil, tez pishar, qurgʻoqchilikka chidamli va virussiz navlari boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshiradi;

“Yongʻoq logistika markazi” MCHJ yongʻoq mahsulotlarini qayta ishlash va saqlash boʻyicha xizmatlar koʻrsatishga, shuningdek, eksport qilinadigan mahsulotlarni tayyorlash va bojxona hujjatlari rasmiylashtiruvini taʼminlashga ixtisoslashadi;

(3-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-fevraldagi PF-35-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.03.2025-y., 06/25/35/0204-son)

tashkilotlar Uyushmaga erkin aʼzo boʻlish hamda uning tarkibidan chiqish huquqiga egadir;

Uyushma faoliyatini moliyalashtirish uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlarning ixtiyoriy ajratmalari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar hisobiga amalga oshiriladi.

4. Quyidagilar:

Yongʻoq ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilar uyushmasining tashkiliy tuzilmasi va uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlar oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar sxemasi 1 va 1a-ilovalarga;

boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni 20 nafar boʻlgan ijro etuvchi apparati tuzilmasi 2-ilovaga;

hududiy “Yongʻoqagro” masʼuliyati cheklangan jamiyatlarining namunaviy tuzilmalari 3-ilovaga muvofiq maʼqullansin.

5. Belgilab qoʻyilsinki, Uyushma raisi va uning oʻrinbosarlari muassislarning umumiy yigʻilishi qarori bilan saylanadi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tasdiqlanadi;

6. Yongʻoq ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilar uyushmasini hamda hududiy “Yongʻoqagro” masʼuliyati cheklangan jamiyatlarini tashkil etish bilan bogʻliq tashkiliy tadbirlarni muvofiqlashtirish va ularni amalga oshirishga koʻmaklashish boʻyicha 4-ilovaga muvofiq tarkibda Ishchi guruh (keyingi oʻrinlarda Ishchi guruh deb ataladi) tuzilsin.

Ishchi guruhi (Z.T. Mirzayev) bir oy muddatda:

Yongʻoq ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilar uyushmasi hamda hududiy “Yongʻoqagro” masʼuliyati cheklangan jamiyatlari belgilangan tartibda tashkil etilishini;

Yongʻoq ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilar uyushmasi Ustavining tasdiqlanishini va davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini;

Yongʻoq ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilar uyushmasi ijro apparati tasdiqlangan tuzilmaga va shtatlar jadvaliga muvofiq puxta tanlash asosida yuqori malakali mutaxassislar bilan toʻldirilishini taʼminlasin.

7. Ishchi guruh (Z.T. Mirzayev) Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi bilan birgalikda uch oy muddatda 2017 — 2021-yillarda yongʻoq yetishtirish hajmini yanada koʻpaytirish boʻyicha chora-tadbirlar Dasturi loyihasini ishlab chiqsin hamda Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin, Dasturda quyidagilar:

birinchi bosqichda (2017 — 2019-yillar) — yongʻoq koʻchatlarini respublikaga olib kelish;

ikkinchi bosqichda (2018-2019-yillar) — yongʻoqni payvandlash uchun payvandtaglarni keltirish;

uchinchi bosqichda (2020-yil) — laboratoriya sharoitida yongʻoqning tegishli mintaqa tabiiy-iqlim sharoitlariga mos yuqori hosildor navlarini ishlab chiqarish;

toʻrtinchi bosqichda (2018 — 2020-yillar) — yongʻoq yetishtirish va uni ichki hamda tashqi bozorda sotishni yoʻlga qoʻyish nazarda tutilsin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Andijon, Qashqadaryo, Jizzax, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent va Fargʻona viloyatlari hokimliklari, Yongʻoq ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilar uyushmasi ikki oy muddatda:

Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi, Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi, Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot instituti, xorijiy mutaxassislar bilan birgalikda tabiiy-iqlim sharoitlari va tuproq tarkibi boʻyicha yongʻoq koʻchatlarini ekish uchun qulay, umumiy maydoni 10 ming gektargacha boʻlgan yer uchastkalari tanlanishini;

yongʻoq plantatsiyalarini barpo etish boʻyicha loyiha tashabbuskorlari — tadbirkorlik subyektlari tanlab olinishini taʼminlasinlar.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi Qishloq xoʻjaligi korxonalarini tarkibiy qayta tuzish agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki bilan birgalikda ikki oy muddatda yongʻoq plantatsiyalarini barpo etish boʻyicha loyihalarni, shu jumladan, xalqaro moliya institutlarining imtiyozli kreditlarini jalb qilish hisobiga, bosqichma-bosqich moliyalashtirish manbalarini aniqlasin va 50,0 mln AQSH dollarigacha boʻlgan miqdorda kredit mablagʻlari ajratilishini taʼminlasin.

10. Yongʻoq plantatsiyalarini barpo etish boʻyicha loyihalarni amalga oshirish doirasida Uyushma tarkibiga kiruvchi tashkilotlar tomonidan chetdan olib kelinadigan Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan tomchilatib sugʻorish uskunalari, maxsus qishloq xoʻjaligi texnikalari, yongʻoq koʻchatlari, payvandtaglari, payvandustlari, onalik materiallari, belgilangan tartibda tasdiqlanadigan roʻyxat asosida, bojxona toʻlovlaridan (bojxona yigʻimlari bundan mustasno) 2020-yilning 1-yanvarigacha boʻlgan muddatga ozod etilsin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Uyushmaning talabnomalariga asosan yongʻoq plantatsiyalarini barpo etish loyihalarini amalga oshirish doirasida jalb etiladigan xorijiy mutaxassislarga konsullik yigʻimlari va boshqa yigʻimlar undirilmasdan kirish vizalari rasmiylashtirilishini taʼminlasin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Uyushmaning talabnomalariga asosan yongʻoq plantatsiyalarini barpo etish loyihalarini amalga oshirish doirasida jalb qilinayotgan xorijiy mutaxassislarga davlat boji undirilmasdan koʻp martalik vizalar berilishini va ularning muddati uzaytirilishini, shuningdek, ularning turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazilishini va uning muddati uzaytirilishini taʼminlasin.

(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 9-iyundagi PF-109-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.06.2026-y., 06/26/109/0580-son)

13. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Uyushmaning talabnomalari boʻyicha yongʻoq plantatsiyalarini barpo etish loyihalarini amalga oshirish uchun yuqori malakali xorijiy (Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari orasida mavjud boʻlmagan) mutaxassislarni respublikaga jalb qilishga ruxsatnomalar berilishini (muddati uzaytirilishini) hamda qayd etilgan xorijiy fuqarolarga Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyati huquqiga rozilik berilishini (muddati uzaytirilishini) taʼminlasin.

14. Yongʻoq ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilar uyushmasi Samarqand viloyati, Samarqand shahri, Katta Oʻzbek trakti koʻchasi, 14-uyga joylashtirilsin.

15. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2017-yil 1-iyun,

PQ-3025-son

Oʻzbekiston Respulikasi Prezidentining 2017-yil 1-iyundagi PQ-3025-son qaroriga1-ILOVA

Yongʻoq ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilar uyushmasining

* Qaytadan tashkil etiladigan tashkilotlar.

Izoh: tashkilotlar Uyushmaga erkin aʼzo boʻlish hamda uning tarkibidan chiqish huquqiga egadirlar.

Oʻzbekiston Respulikasi Prezidentining 2017-yil 1-iyundagi PQ-3025-son qaroriga1a-ILOVA

Yongʻoq ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilar uyushmasi tarkibiga kiruvchi tashkilotlar oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar

Izoh: ushbu sxema tavsiyaviy tusga ega boʻlib ishtirokchilar tomonidan oʻzgartirilishi mumkin.

Oʻzbekiston Respulikasi Prezidentining 2017-yil 1-iyundagi PQ-3025-son qaroriga2-ILOVA

Yongʻoq ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilar uyushmasining ijro etuvchi apparati

Boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni — 20 nafar.

Izoh: Uyushma tomonidan ijro apparatining tuzilmasiga ustavga muvofiq boshqaruv xodimlarining umumiy belgilangan shtatlar soni doirasida oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.

Oʻzbekiston Respulikasi Prezidentining 2017-yil 1-iyundagi PQ-3025-son qaroriga3-ILOVA

Hududiy “Yongʻoqagro” masʼuliyati cheklangan jamiyatlarining

Boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni — 12 nafar.

Izoh.

1. Ish hajmidan kelib chiqqan holda tuzilma va boshqaruv xodimlarning umumiy cheklangan soniga oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.

2. Hududiy “Yongʻoqagro” jamiyatlari Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida tashkil etiladi.

Oʻzbekiston Respulikasi Prezidentining 2017-yil 1-iyundagi PQ-3025-son qaroriga4-ILOVA

Yongʻoq ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilar uyushmasini hamda hududiy “Yongʻoqagro” masʼuliyati cheklangan jamiyatlarini tashkil etish bilan bogʻliq tashkiliy tadbirlarni muvofiqlashtirish va ularni amalga oshirishga koʻmaklashish boʻyicha Ishchi guruh

Izoh: Ishchi guruh aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.