PQ-3151-son Qaror · 27.07.2017

Oliy maʼlumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirishda iqtisodiyot sohalari va tarmoqlarining ishtirokini yanada kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-3151
  • Qabul qilingan sana:27.07.2017
  • Kuchga kirgan sana:31.07.2017
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:СЗ РУ 30

Mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha ustuvor vazifalarga muvofiq kadrlar tayyorlashning mazmunini tubdan qayta koʻrib chiqish, xalqaro standartlar darajasida oliy maʼlumotli mutaxassislar tayyorlashga zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 20-apreldagi “Oliy taʼlim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-2909-son qarori qabul qilindi.

Mazkur qaror bilan oliy taʼlim darajasini sifat jihatidan oshirish va tubdan takomillashtirish, oliy taʼlim muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va modernizatsiya qilish, zamonaviy oʻquv-ilmiy laboratoriyalari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlash boʻyicha Oliy taʼlim tizimini 2017 — 2021-yillarda kompleks rivojlantirish dasturi tasdiqlandi.

Shu bilan birga, respublikamiz hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun zamon talablariga javob beradigan yuqori malakali kadrlarni oʻz vaqtida zarur ixtisosliklar boʻyicha iqtisodiyot sohalari va tarmoqlari ehtiyojidan kelib chiqqan holda tayyorlash, oliy taʼlim mazmunini bevosita korxonalar, muassasalardagi texnika, texnologiya, ishlab chiqarish munosabatlariga hamda istiqbolli rivojlanish dasturlariga muvofiq shakllantirish, kadrlarni egallagan kasbi va mutaxassisligi boʻyicha ishga joylashtirishga doir qator dolzarb masalalar toʻliq yechimini topmagan.

Xususan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha qoʻmitasi (UNESCO) va konsalting tashkiloti (DGP Research & Consulting) hamkorligida jalb qilingan nufuzli xorijiy ekspertlar guruhi tomonidan 2017-yilning yanvar — iyun oylarida Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim tizimini kompleks oʻrganish boʻyicha oʻtkazilgan tahlillar natijalari asosida berilgan xulosalarda oliy taʼlim jarayonida nazariya va amaliyot yaxlitligi taʼminlanmaganligi, talabalarning malakaviy amaliyotlarini ishlab chiqarish korxonalarida oʻtkazish samarali tashkil etilmagani oqibatida bitiruvchilarning aksariyat qismi tayyor mutaxassis boʻlib chiqish oʻrniga, ishga joylashgandan keyin qaytadan oʻz kasbini, mutaxassisligini oʻrganayotganligi, shuningdek, taʼlim sifatini nazorat qilish mexanizmi zamonaviy talablarga javob bermasligi, taʼlim muassasalarida malakali pedagog va boshqaruv kadrlarining yetishmasligi, xorijiy taʼlim muassasalari bilan samarali hamkorlik yetarlicha yoʻlga qoʻyilmaganligi kabi kamchiliklar qayd etilgan.

Bundan tashqari, iqtisodiyot sohalarining istiqbolda kadrlar tayyorlashga buyurtmalarini shakllantirish, bitiruvchilarga qoʻyiladigan malakaviy talablarni ishlab chiqish, tarmoqqa zarur boʻlgan mutaxassislarni tayyorlash sifatini taʼminlash jarayonidagi ishtiroki talabga javob bermaydi. Oliy taʼlim dasturlarining oʻzgaruvchan mehnat bozori talablariga hamohangligini taʼminlash uchun ish beruvchilar tomonidan tizimli ishlar amalga oshirilmayapti.

Oliy taʼlim — ilm-fan — ishlab chiqarish oʻrtasida uzilishlar mavjud, integratsiya taʼminlanmagan. Ilmiy-tadqiqot institutlari oliy taʼlimda kadrlar tayyorlash jarayoniga zarur darajada jalb etilmagan, ularda ilmiy izlanishlar iqtisodiyot sohalarining real ehtiyojlaridan kelib chiqmasdan amalga oshirilmoqda. Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarning tizimli tayyorlanmasligi oliy taʼlim muassasalarining ilmiy salohiyatining pasayishiga olib kelmoqda.

Xorijiy ekspertlar guruhi tomonidan taklif etilgan tavsiyalarni inobatga olgan holda oliy maʼlumotli mutaxassislarni tayyorlash sifatini oshirishda iqtisodiyot sohalari va tarmoqlarining ishtirokini yanada kengaytirish orqali respublika oliy taʼlim tizimida yuqori malakali raqobatbardosh kadrlar tayyorlashning mazmunini mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti istiqbollari, jamiyat ehtiyojlari, ilm-fan, madaniyat, texnika va texnologiyalarning zamonaviy yutuqlaridan kelib chiqqan holda tubdan takomillashtirish maqsadida:

1. Qayd etilsinki, Oliy taʼlim tizimini 2017 — 2021-yillarda kompleks rivojlantirish dasturiga muvofiq “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining istiqbolli yosh pedagog va ilmiy kadrlarning malakasini oshirish “Isteʼdod” jamgʻarmasi faoliyatini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida” 2017-yil 27-iyulda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PF-5121-son Farmoni va “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 2017-yil 18-iyulda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 515-son qarori qabul qilindi.

2. Iqtisodiyot sohalari va tarmoqlarini oliy taʼlim tizimidagi kadrlar tayyorlash jarayoniga keng jalb etish, ularning taʼlim muassasalari bilan samarali hamkorligini taʼminlash uchun respublika oliy taʼlim muassasalari Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri, Bosh vazirning oʻrinbosarlari — kompleks rahbarlari, mutasaddi rahbarlarga tarmoq (soha)lar boʻyicha tegishligiga koʻra 1-ilovaga muvofiq biriktirilsin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining komplekslari rahbarlari, tegishli vazirliklar va idoralar rahbarlari quyidagi asosiy vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlarini koʻrsinlar:

bir oy muddatda kadrlar buyurtmachilari va oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda mutaxassislar tayyorlash mazmuni, bitiruvchilarning bilim va koʻnikmasiga qoʻyiladigan talablarni mujassamlashtiruvchi oliy taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklarining malakaviy talablari, oʻquv rejalari va dasturlarini soha ehtiyojidan kelib chiqib, yangidan ishlab chiqish hamda tasdiqlash;

ishlab chiqarish korxonalari va tashkilotlarining mutaxassislar tayyorlash sifatiga boʻlgan talablarini bevosita taʼlim mazmunini shakllantirish bilan shugʻullanadigan oliy taʼlim muassasalari profil kafedralarining professor-oʻqituvchilari tomonidan tizimli oʻrganib borilishini tashkil etish maqsadida stajirovkalar joriy qilish;

joriy yilning 1-sentabrigacha rivojlangan xorijiy davlatlarning eng ilgʻor tajribasini chuqur oʻrgangan holda oʻquv rejalari va fan dasturlari, oʻquv adabiyotlari, shu jumladan oʻquv-metodik komplekslarning xalqaro standartlar asosida zamonaviy, mutlaqo yangi talablar asosida ishlab chiqilishi va bosqichma-bosqich joriy etilishini tashkil qilish;

olti oy muddatda komplekslar tarkibidagi vazirliklar va idoralar bilan birgalikda tegishli tarmoq (soha) hamda hududlarning joriy va istiqbolli rivojlanish dasturlarini hisobga olib, oliy malakali kadrlarga boʻlgan ehtiyojni yillar kesimida aniq manzilli, kasb va taʼlim yoʻnalishlari hamda mutaxassisliklarini koʻrsatgan holda, aniq balans beradigan hisob-kitoblar asosida ishlab chiqish;

oliy taʼlim muassasalarining tegishli taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha har bir talabasining 2-kursdan boshlab tegishli tarmoq (soha)ning muayyan tashkilotlari va korxonalarida malakaviy amaliyotlari tizimli ravishda oʻtkazilishini, shuningdek ularning amaliy mashgʻulotlarini bevosita ishlab chiqarishda tashkillashtirish hamda bitiruvchilarni ishga joylashtirish boʻyicha aniq choralar koʻrish;

ishlab chiqarish, ilm-fan va taʼlim oʻrtasida integratsiyani chuqurlashtirish uchun komplekslar tarkibidagi vazirliklar va idoralarga qarashli tarmoqlar (sohalar)ni ilmiy-texnik rivojlantirish yoʻnalishlari muammolariga bagʻishlangan mavzular bazasini shakllantirish hamda bu muammolarni oliy taʼlim muassasalari bilan xoʻjalik shartnomalari tuzgan holda hal etishga ularning ilmiy salohiyatini, ayniqsa, yosh olimlar va tadqiqotchilarni tizimli tarzda jalb etish;

iqtidorli yosh pedagoglar va doktorantlarni yetakchi xorijiy taʼlim muassasalariga tajriba orttirishga yuborish, ular uchun maxsus stipendiyalar taʼsis etish, oliy taʼlim muassasalarining professor-oʻqituvchilari, doktorantlari va talabalarining xalqaro tajriba almashinuvlarini tashkil etish orqali ilmiy va pedagogik salohiyatini oshirish;

oʻqitishning zamonaviy shakllari va metodlarini, kompyuter va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini taʼlim jarayoniga joriy etish, oliy taʼlim muassasalarini zamonaviy oʻquv-laboratoriya anjomlari va oʻquv-metodik adabiyotlar bilan taʼminlash, ilmiy-tadqiqot va innovatsiya faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish, oliy taʼlim muassasalarining zamonaviy ilmiy laboratoriyalarini tashkil etish va rivojlantirish choralarini koʻrish;

har oyda Kompleks rahbari, tegishli vazirlik va idora rahbari biriktirilgan har bir oliy taʼlim muassasasining professor-oʻqituvchilari va talabalari bilan tarmoqqa (sohaga) oid yangiliklar, rivojlantirish istiqbollari, taʼlim mazmunini takomillashtirish, ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish va kelgusidagi vazifalarni belgilab olish yuzasidan uchrashuvlar oʻtkazib borish.

4. Quyidagilar:

Oliy taʼlim muassasalarida taʼlim sifatini taʼminlash borasida oʻquv yili davomida amalga oshiriladigan harakatlarning namunaviy rejasi (Yoʻl xaritasi) 2-ilovaga muvofiq;

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi komplekslari tarkibidagi vazirliklar va idoralarning oliy maʼlumotli kadrlar tayyorlash yuzasidan buyurtmalarni shakllantirish, tasarrufidagi oliy taʼlim muassasalarida mutaxassislarni tayyorlash darajasi va sifatini tubdan yaxshilash hamda tizimdagi korxonalar va tashkilotlarda talabalar amaliyotlarini oʻtkazish, ilmiy ishlarni hamkorlikda bajarish, oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilarining ishga joylashishini taʼminlash yuzasidan chora-tadbirlar dasturi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining komplekslari, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, tasarrufida oliy taʼlim muassasalari boʻlgan vazirliklar va idoralarga quyidagi vazifalar yuklansin:

2017/2018 oʻquv yilidan boshlab har bir oliy taʼlim muassasasida barcha kurslarda kamida 2 ta guruhda mutaxassislik fanlarini ingliz tilida oʻqitishni bosqichma-bosqich tashkil etish, ingliz tilida dars oʻtadigan professor-oʻqituvchilarni maqsadli tayyorlash, ularning xorijda tegishli tayyorgarlikdan oʻtishini tashkil etish, shuningdek, oʻquv mashgʻulotlarini olib borishga xorijiy mutaxassislarni jalb qilish, mashgʻulotlarni rivojlangan davlatlar oliy taʼlim muassasalarida bugungi kunda foydalanilayotgan zamonaviy oʻquv adabiyotlari asosida oʻqitilishini yoʻlga qoʻyish;

istiqbolli ilmiy-pedagogik kadrlarni, birinchi navbatda, muhandislik-texnika va arxitektura taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha kadrlar tayyorlaydigan oliy taʼlim muassasalari pedagoglarining rivojlangan davlatlar, xususan, Janubiy Koreya, Yaponiya va Germaniyada 2-3 oylik kurslarda oʻzaro hamkorlik boʻyicha tuzilgan shartnomalar, homiylik va xalqaro tashkilotlar grantlari mablagʻlari hisobidan, shuningdek, Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasi orqali mutaxassisligi boʻyicha yangi bilimlarni egallashga yoʻnaltirilgan malaka oshirishlarini tashkil etish, oliy taʼlim muassasalaridagi oʻquv jarayoniga yetakchi xorijiy mutaxassislarni muntazam ravishda jalb etish;

(5-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-noyabrdagi PF-3-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.11.2021-y., 06/21/3/1037-son)

2017/2018 oʻquv yilidan boshlab magistraturada kadrlar tayyorlash tizimini tanqidiy tahlil qilish, magistratura taʼlimi jarayonining barcha bosqichlarini takomillashtirish, ularni zamonaviy yondashuvlar asosida tashkil etish choralarini koʻrish;

doktorantlar, magistratura talabalarini korxona (muassasa)larning muammoli masalalariga bagʻishlangan dissertatsiya mavzulari ustida ishlashini, shuningdek, tajriba-sinovlarni korxona(muassasa)larda oʻtkazish, amaliyotga tatbiq etilgan ishlar mualliflari boʻlgan hamda ixtirochilik patentini qoʻlga kiritgan doktorant va magistrlarni oʻqituvchi lavozimi boʻyicha oylik ish haqi miqdorining 10 barobarigacha korxona va tashkilotlar hisobidan moddiy ragʻbatlantirish choralarini koʻrish;

ikki oy muddatda respublika oliy taʼlim muassasalarining har yilgi reytingini aniqlash boʻyicha milliy tizimni takomillashtirish, bunda asosiy ustuvor koʻrsatkich sifatida oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilarining mehnat bozorida talabgorligi va professor-oʻqituvchilarining ilmiy-tadqiqot ishlari natijalarini amaliyotga joriy etish boʻyicha tuzilgan shartnomalar asosida ishlab topilgan moliyaviy mablagʻlarning salmogʻiga alohida eʼtibor qaratish, shuningdek, milliy reyting tizimida yuqori koʻrsatkichlarni qayd etgan oliy taʼlim muassasalariga oʻquv jarayonining alohida meʼyoriy-huquqiy hujjatlarini mustaqil ishlab chiqish va tasdiqlash vakolatini berish orqali akademik erkinlikni bosqichma-bosqich joriy etilishini taʼminlash yuzasidan takliflarni tayyorlash va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish;

2017/2018 oʻquv yilidan boshlab oliy taʼlim muassasalari kafedralarining maqomini koʻtarish, bunda ularning taʼlim sifatini oshirish boʻyicha masʼuliyatini kuchaytirish, kafedra va professor-oʻqituvchilar tomonidan yuritiladigan turli statistik va boshqa hisobotlar sonini optimallashtirish orqali ularni tayyorlash jarayonlarini elektron formatga oʻtkazish choralarini koʻrish.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda doktorantlarning ilmiy-tadqiqot ishlari bilan shugʻullanishiga moddiy shart-sharoitlar yaratish maqsadida ularning stipendiyasining 50 foizigacha moddiy ragʻbatlantirilishi ishlab chiqarish korxonalari va tashkilotlari hisobidan amalga oshirilishini, doktorantura bitiruvchilari oliy taʼlim muassasalari va ilmiy-tadqiqot institutlariga yoʻllanma asosida yuborilishini, ularning mehnat faoliyatini ragʻbatlantirish uchun bazaviy doktoranturaning 2-kursidan ipoteka kreditini 20 yil muddatga ajratish mexanizmi joriy etilishini nazarda tutuvchi Hukumat qarorini qabul qilsin.

(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 11-martdagi PF-6186-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.03.2021-y., 06/21/6186/0200-son)

7. Oliy taʼlim muassasalariga biriktirilgan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi komplekslari rahbarlari, vazirliklar va idoralar rahbarlari ikki oy muddatda:

tegishli vazirliklar va idoralar huzurida oliy taʼlim muassasalarida oʻquv-metodik rahbarlikni amalga oshirish, shu jumladan, oʻquv rejalari va dasturlarini takomillashtirish, taʼlim sifatini oshirish, ilmiy ishlarning samarali olib borilishini tashkil qilish kabi vazifalarni amalga oshirish uchun oliy taʼlim muassasalari rahbarlari, sohaning yetuk mutaxassislari, professor-oʻqituvchilaridan iborat tarkibdagi Muvofiqlashtiruvchi kengashlarini tashkil etsin;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 20-apreldagi “Oliy taʼlim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-2909-son qarorida belgilangan vazifalardan kelib chiqib biriktirilgan har bir oliy taʼlim muassasasini 2030-yilgacha boʻlgan davrda rivojlantirish Konsepsiyasini ishlab chiqsin va tasdiqlasin, shuningdek, qarorda oliy taʼlim muassasasi boʻyicha belgilangan parametrlarni soʻzsiz bajarish, shu jumladan, ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash, professor-oʻqituvchilarni xorijiy taʼlim muassasalariga malaka oshirish va stajirovkaga, iqtidorli bitiruvchilarni magistratura va doktoranturaga yuborish, shuningdek, oʻquv laboratoriya bazasini yangilash boʻyicha belgilangan topshiriqlarning bajarilishini har chorak yakuni boʻyicha muntazam muhokama qilib borishni yoʻlga qoʻysin;

2021-yilgacha biriktirilgan oliy taʼlim muassasalaridan kamida bittasining nufuzli xalqaro reyting agentliklari tomonidan eʼtirof etilishini (reyting roʻyxatida eʼlon qilinishini) taʼminlash boʻyicha aniq maqsadli chora-tadbirlarni ishlab chiqsin.

8. Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi birgalikda toʻrt oy muddatda:

2018/2019 oʻquv yilidan boshlab pedagogika yoʻnalishidagi oliy taʼlim muassasalarida magistratura bosqichida taʼlim muassasalarining boshqaruvi mutaxassisligi boʻyicha kadrlar tayyorlashni yoʻlga qoʻyish;

pedagogika yoʻnalishidagi oliy taʼlim muassasalariga talabalikka qabul qilishda abituriyentlarni kirish test sinovlari bilan bir qatorda ularning kasbiy layoqatini aniqlash boʻyicha ijodiy suhbat oʻtkazish tartibini bosqichma-bosqich joriy etish;

hududlarning pedagog kadrlarga boʻlgan ehtiyojlarini taʼminlash tizimini takomillashtirish maqsadida pedagogika taʼlim yoʻnalishlariga davlat grantlari asosidagi qabul kvotalari ulushini oshirish orqali maqsadli qabulni tashkil etish yuzasidan takliflarni ishlab chiqish va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish vazifalari topshirilsin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi, Xalq taʼlimi vazirligi bir oy muddatda:

oʻquv-metodik va moddiy-texnika bazasi zamonaviy talablarga javob bermaydigan, oliy taʼlim muassasalaridan uzoqda joylashgan, taʼlim sifati va bitiruvchilarining oliy taʼlim muassasalariga kirish koʻrsatkichlari past boʻlgan akademik litseylarni tugatish, akademik litseylarni faqat yuqori ilmiy va pedagogik salohiyatga ega oliy taʼlim muassasalari tarkibida bittadan qoldirish;

oʻz faoliyatini davom ettiradigan akademik litseylarga umumtaʼlim maktablarini bitirgan eng bilimli, qobiliyatli yoshlarni qabul qilish mexanizmini ishlab chiqish va 2018/2019 oʻquv yilidan joriy qilish;

akademik litseylarda oʻqitish sifatini tubdan oʻzgartirish, bitiruvchilarning oliy taʼlim muassasalariga kirish koʻrsatkichlarini keskin oshirish, bunda oliy taʼlim muassasalari rektorlarining shaxsiy masʼuliyatini kuchaytirish boʻyicha taklif tayyorlasin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, tasarrufida oliy taʼlim muassasalari boʻlgan vazirliklar va idoralar tayanch oliy taʼlim muassasalari huzuridagi pedagog va rahbar kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kurslarida dars beradigan pedagoglar, jalb etilgan mutaxassislarning faoliyatini tahlil qilish asosida samarali dars berayotgan professor-oʻqituvchilar, mutaxassislarni ragʻbatlantirish mexanizmini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, tasarrufida oliy taʼlim muassasalari boʻlgan vazirliklar va idoralar Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi bilan birgalikda:

(11-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 28-sentabrdagi PF-5194-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 2017-y.)

professor-oʻqituvchilar tomonidan talabalar bilan olib boriladigan maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni har bir muayyan talaba bilan olib borish, ularda mafkuraviy immunitetni oshirishning taʼsirchan choralarini koʻrish yuzasidan uslubiy asoslarni yaratsin;

talaba-yoshlarning mafkuraviy immunitetini mustahkamlash, ularda yuksak axloqiy sifatlarni tarbiyalash, ularning kasbiy kompetentligi bilan insoniy fazilatlarini uygʻunlashtirish, professor-oʻqituvchilarning tarbiyaviy masʼuliyatini oshirish, taʼlim va tarbiya uygʻunligini amalda taʼminlash uchun fanlarning har bir mavzusidagi tarbiyaviy maqsaddan unumli foydalanilishini taʼminlash mexanizmlarini ikki oy muddatda ishlab chiqsin;

bugungi kunda yoshlar tarbiyasi oʻta dolzarb masala ekanini inobatga olib, oliy taʼlim muassasalaridagi maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha prorektorlarning funksional vazifalarini qayta koʻrib chiqib, ularning davriy malakasini oshirish choralarini ishlab chiqsin;

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda uch oy muddatda:

oliy taʼlim muassasasi uchun psixolog va har bir talabalar turar joyi uchun tarbiyachi-pedagog shtatini joriy etish;

mehnatga haq toʻlash razryadi boʻyicha oliy taʼlim muassasalari maʼnaviyat va maʼrifat boʻlimi boshligʻining lavozim razryadini 16-razryadga, boʻlim xodimlarining lavozim razryadini 14-razryadga koʻtarish;

(11-bandning sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-dekabrdagi PF-258-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.12.2022-y., 06/22/258/1064-son)

har oʻquv yilida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni moliyalashtirish maqsadida taʼlim muassasasi xarajatlari smetasining kamida 5 foizini yuqorida nazarda tutilgan xarajatlar uchun ajratish choralarini koʻrsin.Ushbu mablagʻlarning maqsadli ishlatilishi yuzasidan shaxsiy masʼuliyat oliy taʼlim muassasasining yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha birinchi prorektori zimmasiga yuklanishi belgilab qoʻyilsin.

(11-bandning sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-dekabrdagi PF-258-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.12.2022-y., 06/22/258/1064-son)

12. Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Moliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Markaziy bank, Oʻzbekiston kasaba Uyushmalari Federatsiyasiga birgalikda uch oy muddatda taʼlim muassasalarida faoliyat olib borayotgan pedagog kadrlarning ijtimoiy nufuzini oshirish, jamiyatda pedagogik faoliyatning obroʻsini yuksaltirish, pedagoglarni yoshlarga namuna va oʻrnak darajasiga koʻtarish, shuningdek, turli tanlovlar va konkurslarda sovrindor boʻlgan, oʻquvchi-talabalari respublika va xalqaro olimpiadalarda, tanlovlarda yuqori natijalarni qoʻlga kiritgan pedagoglarga uy-joy, Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan yangi avtomobil, maishiy-xoʻjalik jihozlari sotib olishlari uchun imtiyozli ipoteka va isteʼmol kreditlarini ajratish tartibini joriy etish yuzasidan takliflarni tayyorlash va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish vazifasi topshirilsin.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda ijarada, qarindoshi yoki tanishining uyida yashovchi talabalarni roʻyxatga olish tartibining qulay va soddalashtirilgan shaklini ishlab chiqsin va ikki oy muddatda amaliyotga joriy qilsin.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xotin-qizlar qoʻmitasi, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Milliy gʻoya va mafkura ilmiy-amaliy markazi, Respublika Maʼnaviyat targʻibot markazi mamlakatimizda ijtimoiy sogʻlom muhitni shakllantirish, yoshlar tarbiyasining taʼsirchan mexanizmlarini joriy etish, shaxsning maʼnaviy kamol topishini psixologik qoʻllab-quvvatlanishini taʼminlash, soha mutaxassislarining psixologik bilim va koʻnikmalarini shakllantirish, mazkur jarayonlarning ilmiy-amaliy asoslarini yaratish va metodik taʼminotini ishlab chiqish hamda jamiyatda psixologik bilimlarni keng targʻib etish maqsadida Toshkent davlat pedagogika universiteti tarkibida Psixologiya oʻquv-ilmiy markazini tashkil etish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga bir oy muddatda taklif kiritsin.

15. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A.N. Yunusxodjayev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2017-yil 27-iyul,

PQ-3151-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 27-iyuldagi PQ-3151-son qaroriga1-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri, Bosh vazirning oʻrinbosarlari — kompleks rahbarlari, mutasaddi rahbarlarga biriktirilgan oliy taʼlim muassasalari

Izoh: biriktirilgan mutasaddi rahbarlar boshqa ishga oʻtgan taqdirda ularning oʻrniga ushbu lavozimga yangidan tayinlangan yoxud vazifasi yuklatilgan shaxslar kiritiladi.

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 27-iyuldagi PQ-3151-son qaroriga 2-ILOVA

Oliy taʼlim muassasalarida taʼlim sifatini taʼminlash borasida oʻquv yili davomida amalga oshiriladigan harakatlarning

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 27-iyuldagi PQ-3151-son qaroriga 3-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi komplekslari tarkibidagi vazirliklar va idoralarning oliy maʼlumotli kadrlar tayyorlash yuzasidan buyurtmalarni shakllantirish, tasarrufidagi oliy taʼlim muassasalarida mutaxassislarni tayyorlash darajasi va sifatini tubdan yaxshilash hamda tizimdagi korxonalar va tashkilotlarda talabalar amaliyotlarini oʻtkazish, ilmiy ishlarni hamkorlikda bajarish, oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilarining ishga joylashishini taʼminlash yuzasidan chora-tadbirlar

(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-dekabrdagi PF-214-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 06/23/214/0984-son)

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.