PQ-3165-son Qaror · 31.07.2017

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-3165
  • Qabul qilingan sana:31.07.2017
  • Kuchga kirgan sana:07.08.2017

Qayd etib oʻtilsinki, respublikada davlat statistikasi tizimini yaratish boʻyicha chora-tadbirlarni izchil amalga oshirish natijasida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalangan holda statistika axborotini yigʻish, toʻplash, saqlash, ishlov berish va eʼlon qilishning yaxlit tizimi shakllantirildi.

Shu bilan birga, statistika ishlari amaliyotida foydalanilayotgan statistik maʼlumotlarni yigʻish, umumlashtirish va tahlil qilish shakllari va usullari hali zamon talablariga hamda xalqaro standartlarga toʻliq darajada mos kelmaydi, shu jumladan:

birinchidan, ilgʻor xalqaro tajribani chuqur oʻrganish hamda makroiqtisodiy hisob-kitoblarda zamonaviy matematik va dasturiy-texnik apparatdan keng foydalanish asosida statistika koʻrsatkichlarini shakllantirishga nisbatan qoʻllanilayotgan usullar va yondoshuvlarni takomillashtirish talab etiladi;

ikkinchidan, respublika va mintaqalar iqtisodiyoti tarmoqlari hamda sohalarining rivojlanish darajasini xolisona baholash imkonini beruvchi hisobot maʼlumotlarining toʻliqligi va ishonchliligini taʼminlash borasidagi ishlar lozim darajada tashkillashtirilmagan;

uchinchidan, iqtisodiy islohotlar, mamlakat va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha qabul qilingan maqsadli davlat dasturlari amalga oshirilishining borishi yuzasidan ishonchli statistik kuzatuvlar oʻtkazish imkoniyatlari yetarlicha ishga solinmagan;

toʻrtinchidan, milliy iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarini hamda hududlarni rivojlantirishda vujudga kelayotgan tendensiyalarning sabablari va omillarini ochib beradigan statistik materiallarning kompleks tahlili mavjud emas;

beshinchidan, statistika maʼlumotlarini xalqaro statistika nashrlarida chop etish yoʻli bilan respublikada amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarning natijalari toʻgʻrisida xorijiy biznes jamoalari va xalqaro jamoatchilikning keng doiralarini xabardor qilish mexanizmlaridan sust foydalanilmoqda;

oltinchidan, davlat statistikasi organlari faoliyatiga statistik maʼlumotlarni yigʻish va taqdim etish boʻyicha zamonaviy interfaol servislarni tatbiq qilish holati davlat statistikasi sohasidagi qoidabuzarliklarning oldini barvaqt olgan holda hisobotlarning hamda ularni toʻldirish masalalari boʻyicha maslahatlarning toʻgʻriligini interfaol tarzda tekshirish imkoniyatini taʼminlamaydi;

yettinchidan, davlat statistikasi organlarining tashkiliy-shtat tuzilmasi statistika maʼlumotlaridan foydalanish, ularning shaffofligi va ochiqligini oshirish borasida statistika faoliyatini samarali tashkil qilishga mavjud resurslarni safarbar etish imkonini bermaydi.

Davlat statistikasi tizimini tubdan takomillashtirish, chet el statistikasida keng qoʻllanilayotgan, xalqaro talablar va standartlarga mos keladigan statistika tahlili, koʻrsatkichlari, baholash mezonlari va hisobot shakllarining sinovdan oʻtgan zamonaviy usullarini amaliyotga joriy etish, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar va tarkibiy qayta qurishlarning amalga oshirilishi toʻgʻrisida mamlakatimiz hamda chet ellardagi foydalanuvchilarning keng doirasi uchun statistika maʼlumotlarining ishonchliligini, shaffofligi va ochiqligini taʼminlash, shuningdek, xalqaro statistika tashkilotlari bilan hamkorlikni kengaytirish maqsadida:

1. Quyidagilar 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi va uning hududiy boʻlinmalari faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari etib belgilansin:

makroiqtisodiy, tarmoq va mintaqaviy darajalarda oʻrganilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar qamrab olinishini kengaytirishga qaratilgan statistika maʼlumotlarini yigʻish hamda ishlov berishning zamonaviy metodologiya va usullarini keng joriy etish yoʻli bilan statistik kuzatuvlar tizimini umumeʼtirof etgan xalqaro amaliyotga moslashtirishni davom ettirish;

mamlakatimiz va xorijiy foydalanuvchilarning keng doirasi uchun statistika maʼlumotlarining maksimal darajada shaffofligi va ochiqligini taʼminlash, xalqaro statistika tashkilotlari bilan hamkorlikni, shu jumladan respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga oid materiallar va koʻrsatkichlarni xalqaro statistika toʻplamlarida chop etishni kengaytirish;

milliy iqtisodiyot tarmoqlari va sohalari hamda hududlari rivojlanishini, iqtisodiyotda islohotlarni chuqurlashtirish va uni liberallashtirish, ishlab chiqarishni modernizatsiyalash va texnologik qayta jihozlash, xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash, respublika mintaqalarini kompleks rivojlantirish boʻyicha qabul qilingan dasturlarni amalga oshirish, aholi turmush darajasidagi sifat oʻzgarishlarini gʻoyat toʻliq ifodalovchi statistika axborotini tezkor va sifatli tayyorlash;

xoʻjalik yurituvchi subyektlarga ishonchli davlat statistika hisobotini taqdim etishda har tomonlama koʻmaklashish, statistika maʼlumotlarini taqdim etish sohasida huquqiy madaniyatni oshirish va huquqbuzarliklar profilaktikasining taʼsirchan mexanizmlarini ishlab chiqish, statistik nazoratni amalga oshirishning zamonaviy usullarini joriy etish;

statistik maʼlumotlarni yigʻish, ishlov berish, topshirish va tarqatishning zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng tatbiq etish, statistika maʼlumotlar bilan ishlash jarayonlarini avtomatlashtirish darajasini chuqurlashtirish, statistika maʼlumotlari yagona bankini shakllantirish;

statistika organlarining tahliliy salohiyatini mustahkamlash, statistika ishlariga koʻrsatkichlarni vizuallashtirishning ilgʻor usullari joriy etilishini hamda tarqatilayotgan statistika axborotlari tahliliy va maʼlumotnoma materiallari bilan albatta toʻldirilishini, ommaviy axborot vositalarida joylashtirish uchun maʼruzalar, matbuot uchun axborot va maqolalar chop etilishini taʼminlash;

davlat va idoraviy statistik kuzatuvlar tizimini optimallashtirish, tanlab olinadigan statistik tekshiruvlar miqdorini bosqichma-bosqich koʻpaytirish va ularning natijalari ishonchliligini oshirish yoʻli bilan obyektiv, sifatli va talabgor hisobot maʼlumotlarini tayyorlashda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasining muvofiqlashtiruvchi rolini kuchaytirish;

mamlakatimiz ilmiy va taʼlim muassasalari hamda chet ellardagi statistika tashkilotlari bilan hamkorlikda statistika sohasidagi mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish borasidagi ishlarni tizimli asosda tashkillashtirish.

2. 2017 — 2021-yillarda statistika faoliyatini tashkil etish samaradorligini tubdan oshirish, statistika axboroti sifati hamda uni tarqatish tizimini yaxshilash boʻyicha chora-tadbirlar dasturi 1-ilovaga muvofiq maʼqullansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi raisi (B. Begalov) va uning oʻrinbosarlari zimmasiga:

2017 — 2021-yillarda statistika faoliyatini tashkil etish samaradorligini tubdan oshirish, statistika axboroti sifati hamda uni tarqatish tizimini yaxshilash boʻyicha chora-tadbirlar dasturiga kiritilgan tadbirlar oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishini taʼminlash;

iqtisodiyot tarmoqlari, sohalari hamda mintaqalarni rivojlantirish koʻrsatkichlarining xalqaro miqyosda qiyoslanishi imkoniyatini taʼminlagan holda milliy statistika tizimining xalqaro statistika tizimiga yanada integratsiyalashuvi, xalqaro tashkilotlarning tavsiyanomalariga muvofiq koʻrsatkichlar hisob-kitoblarining takomillashtirilgan usullarini joriy etish;

tayyorlanayotgan statistika axborotini chuqur tahlil etish asosida iqtisodiyot tarmoqlari va sohalari hamda hududlarni rivojlantirish boʻyicha takliflar tayyorlashda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasining rolini kuchaytirish, iqtisodiyotni rivojlantirishning jamoatchilik tomonidan eng koʻp talab etiladigan masalalari boʻyicha tahliliy materiallar, matbuot uchun axborotlar va statistika maʼlumotlarini chop etishni kengaytirish;

tasdiqlangan davlat dasturlarining tadbirlari va iqtisodiyotni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari bilan oʻzaro bogʻliq holda har yili tasdiqlanadigan davlat statistika ishlari Dasturining mazmunini takomillashtirish;

statistik hisob-kitobni tashkil etishni tizimli asosda tubdan yaxshilash hamda axborotni yigʻish va ishlov berishning xalqaro metodologiyasini tatbiq etish asosida iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarini rivojlantirish koʻrsatkichlarini, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi bilan birgalikda, zamonaviy yondoshuvlar va usullarni qoʻllagan holda makroiqtisodiy hisob-kitoblarni aks ettirish;

takomillashtirilgan zamonaviy texnologiyalar va usullarni joriy etish asosida statistika maʼlumotlarini yigʻish, ishlov berish va taqdim etish jarayonlarini avtomatlashtirish darajasini oshirish, statistik hisobotning shakllarini soddalashtirish, tarmoqda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining funksional imkoniyatlaridan foydalanishni tubdan kengaytirish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda 2018 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlarida mazkur qarorning 1-ilovasida belgilangan tadbirlarni amalga oshirishga zarur boʻlgan kapital mablagʻlar limiti ajratilishini nazarda tutsin.

(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 6-martdagi PF-5370-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 06.03.2018-y., 06/20/5370/0975-son)

4. Oʻzbekiston boʻyicha iqtisodiy va moliyaviy maʼlumotlardan keng foydalanishni taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi (G. Saidova) Moliya vazirligi (B. Xodjayev), Markaziy bank (M. Normurodov), Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (A. Abduxakimov), Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi (A. Axmedxodjayev), Davlat statistika qoʻmitasi (B. Begalov) hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda tegishli vazirliklar va idoralar tomonidan ishlab chiqilayotgan hamda keyinchalik xalqaro statistika va moliya institutlariga taqdim etish uchun Davlat statistika qoʻmitasida jamlanadigan iqtisodiy hamda moliyaviy koʻrsatkichlar roʻyxatini belgilasin.

5. Quyidagilar:

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi tizimining tashkiliy tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq:

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi markaziy apparatining boshqaruv xodimlari cheklangan soni 275 kishidan iborat tuzilmasi 3-ilovaga muvofiq:

(5-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 3-avgustdagi PQ-4796-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.08.2020-y., 07/20/4796/1136-son)

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri statistika boshqarmalarining namunaviy tuzilmasi 4-ilovaga muvofiq;

tumanlar (shaharlar) statistika boʻlimlarining namunaviy tuzilmasi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi raisiga, zarur hollarda, qoʻmita markaziy apparati, hududiy organlari va idoraga qarashli tashkilotlar tuzilmasiga boshqaruv xodimlarining cheklangan soni doirasida oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.

6. Belgilansinki:

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining taqdimnomasi boʻyicha lavozimga tasdiqlanadigan va undan ozod qilinadigan rais rahbarlik qiladi;

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi raisining oʻrinbosarlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va undan ozod qilinadi;

(6-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 9-iyundagi PF-152-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.06.2022-y., 06/22/152/0507-son)

(6-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 9-iyundagi PF-152-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.06.2022-y., 06/22/152/0507-son)

7. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri statistika boshqarmalarining boshliqlari zimmasiga:

Xoʻjalik yurituvchi subyektlar hamda aholi oʻrtasida tanlab oʻtkaziladigan statistik tekshiruvlar va soʻroqlarni sifatli amalga oshirish, korxonalar va tashkilotlarning Yagona davlat registrida yuridik shaxslar hisobga olinishi toʻliqligini taʼminlash hamda ular faoliyatining holati oʻzgarishlarini monitoring qilish;

davlat statistikasi sohasida qoidabuzarliklar profilaktikasi hamda statistika maʼlumotlarining toʻliqligi va ishonchsizliligini taʼminlash maqsadida xoʻjalik yurituvchi subyektlar bilan samarali hamkorlikni tashkil etish, ular uchun maksimal darajada qulay shart-sharoitlar yaratish;

hududiy rivojlanish dasturlari amalga oshirilishi oʻz vaqtida va ishonchli statistik hisobga olinishini taʼminlash;

mintaqalar rivojlanishining tizimli tahlilini amalga oshirish yuzasidan boshqa hududiy boshqaruv organlari, mahalliy ijroiya hokimiyat organlari bilan oʻzaro yaqin hamkorlik qilish;

Internet tarmogʻida, ommaviy axborot vositalarida va mahalliy telekanallarda mintaqa rivojlanishini gʻoyat toʻliq tavsiflaydigan kompleks statistik va tahliliy axborotni keng yoyish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi (B. Begalov):

taqdim etilayotgan statistika maʼlumotlarining ishonchliligini yanada oshirish maqsadida, ikki oy muddatda statistik hisobotlarni olishda statistika maʼlumotlarini chuqur tahlil qilishning takomillashtirilgan tartibini joriy etsin, maʼlumotlardagi nomuvofiqliklarni aniqlab, ularni xoʻjalik yurituvchi subyektlar bilan birgalikda tezkorlik bilan bartaraf etsin;

ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasining jahon Internet axborot tarmogʻidagi rasmiy veb-saytining mazmunini statistika maʼlumotlarining oshkoraligi, shaffofligi va ochiqligi jihatidan tanqidiy qayta koʻrib chiqsin, foydalanuvchilar uchun talabgir boʻlgan statistika axborotini, tahliliy materiallar va maʼruzalarni joylashtirish, maʼlumotlarni turli kesimlarda vizuallashtirish, “onlayn konsultant” rejimida foydalanuvchilar bilan tezkor muloqot olib borish mumkinligini nazarda tutsin;

uy oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Markaziy banki hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda xalqaro nashrlarda mamlakatimiz toʻgʻrisidagi statistika maʼlumotlari hamda boshqa axborotni joylashtirish maqsadida yetakchi xalqaro va xorijiy moliya institutlari bilan hamkorlikni kengaytirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;

bir oy muddatda davlat statistikasini rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini hisobga olgan holda 2017-2018-yillarda davlat statistikasi organlari tizimi xodimlarining malakasini oshirish Dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi raisi (B. Begalov) Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi hayʼati faoliyatining samaradorligi va natijadorligini taʼminlash yuzasidan taʼsirchan choralar koʻrsin, hayʼat zimmasiga quyidagi asosiy vazifalar yuklansin:

davlat statistikasi tizimi faoliyatining qonunchilikda belgilangan asosiy yoʻnalishlarini tanqidiy koʻrib chiqish, statistika faoliyatining samaradorligini yanada oshirish, respublika va hududiy darajalarda davlat statistikasi organlarining vazifalari va funksiyalarini takomillashtirish boʻyicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish;

davlat statistikasi sohasidagi siyosatni amalga oshirishda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasining boshqa davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari hamda mahalliy ijroiya hokimiyat organlari bilan ishlarini muvofiqlashtirish va hamkorlik qilish takliflarini koʻrib chiqish;

davlat statistika ishlari bajarilishining natijadorligini har chorakda tanqidiy koʻrib chiqish;

xorijiy mamlakatlarning statistika organlari bilan statistik axborot ayirboshlashni tashkil etish, shuningdek, xalqaro statistika, moliyaviy va iqtisodiy tashkilotlarga statistik axborotni taqdim etish boʻyicha takliflarni koʻrib chiqish;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining topshiriqlari jismoniy hamda yuridik shaxslarning murojaatlarini, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi va xalq qabulxonalaridan kelib tushayotgan murojaatlarni oʻz vaqtida va sifatli koʻrib chiqish asosida bajarilishini samarali nazorat qilishni taʼminlaydigan ijro intizomi darajasini oshirish, davlat statistikasi sohasida dolzarb muammolarni hal etish yuzasidan aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqish;

hayʼatning sayyor majlislari oʻtkazilishini tashkillashtirish, joylarda davlat statistikasi organlari faoliyatining eng muhim masalalarini muhokama qilish, shuningdek, yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish boʻyicha tegishli qarorlar ishlab chiqish va qabul qilish;

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi hududiy organlari rahbarlarining zimmasiga yuklatilgan vazifalar oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi uchun shaxsiy javobgarligi oshirilishini taʼminlagan holda ularning hisobotlarini tizimli asosda tinglab turishni tashkillashtirish.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi va Iqtisodiyot vazirligining 2017-yil II yarim yilligidan boshlab davlat statistika hisobotining qisqartirilayotgan shakllari roʻyxatini 6-ilovaga muvofiq tasdiqlash toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda:

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi toʻgʻrisidagi Nizomni;

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi hayʼati aʼzolarining shaxsiy tarkibi va sonini belgilangan tartibda tasdiqlasin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi bir oy muddatda:

Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;

manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan hamkorlikda oʻzlari ilgari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.

13. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi V.A. Golishev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2017-yil 31-iyul,

PQ-3165-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 31-iyuldagi PQ-3165-son qaroriga 1-ILOVA

2017 — 2021-yillarda statistika faoliyatini tashkil etish samaradorligini tubdan oshirish, statistik axborot sifati hamda uni tarqatish tizimini yaxshilash boʻyicha

* Chora-tadbirlarni amalga oshirishning uzil-kesil qiymati Davlat statistika ishlari dasturlari doirasida va tegishli tender savdolarini oʻtkazish natijalariga koʻra aniqlanadi.

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 3-avgustdagi PQ-4796-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.08.2020-y., 07/20/4796/1136-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 31-iyuldagi PQ-3165-son qaroriga2-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi tizimining

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 3-avgustdagi PQ-4796-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.08.2020-y., 07/20/4796/1136-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 31-iyuldagi PQ-3165-son qaroriga 3-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi markaziy apparati

Boshqaruv xodimlari soni — 275 birlik

Ishlab chiqarish xodimlari soni — 29 birlik

Yordamchi va texnik xodimlar soni belgilangan meʼyorlarga muvofiq aniqlanadi.

(3-ilovaning matni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 3-avgustdagi PQ-4796-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.08.2020-y., 07/20/4796/1136-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 31-iyuldagi PQ-3165-son qaroriga 4-ILOVA

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar statistika boshqarmalarining

Boshqaruv xodimlari soni — 64 — 90 birlik (intervyuyerlarni hisobga olgan holda)*.

Ishlab chiqarish xodimlari soni — 7-8 birlik

Boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni — 1052 birlik

Yordamchi va texnik xodimlar soni belgilangan meʼyorlarga muvofiq aniqlanadi.

Eslatma:* boʻlinmalarning boshqaruv xodimlari soni statistik axborotlarni qayta ishlash hajmidan kelib chiqib aniqlanadi.

** intervyuyerlarni hisobga olmagan holda. Intervyuyerlar soni — jami 121 birlik (har bir hududda 6 — 12 birlikdan).

(4-ilovaning matni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 3-avgustdagi PQ-4796-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.08.2020-y., 07/20/4796/1136-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 31-iyuldagi PQ-3165-son qaroriga 5-ILOVA

Tumanlar (shaharlar) statistika boʻlimlarining

Izoh.

* Yetakchi mutaxassislar soni bajariladigan davlat statistika ishlari hajmiga qarab belgilanadi.

Tumanlar (shaharlar) statistika boʻlimlarining boshqaruv xodimlari soni — 3-4 nafar.

Tumanlar (shaharlar) statistika boʻlimlari boshqaruv xodimlarining cheklangan umumiy soni — 755 nafar.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 31-iyuldagi PQ-3165-son qaroriga 6-ILOVA

2017-yil ikkinchi yarim yilligidan boshlash davlat statistika hisobotining qisqartirilayotgan shakllari

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.