PQ-3261-son Qaror · 09.09.2017

Maktabgacha taʼlim tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-3261
  • Qabul qilingan sana:09.09.2017
  • Kuchga kirgan sana:11.09.2017
  • Rasmiy nashr:СЗ РУ 37

Oʻtgan davr mobaynida sogʻlom va har tomonlama rivojlangan oʻsib kelayotgan avlodning shakllanishini taʼminlashga qaratilgan samarali maktabgacha taʼlim tizimini tashkil qilish boʻyicha kompleks tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Shu bilan birga, mavjud tizimli kamchiliklar maktabgacha taʼlim sohasida davlat siyosatini toʻliq amalga oshirishga toʻsqinlik qilmoqda, xususan:

birinchidan, maktabgacha taʼlimni boshqarishning amaldagi holati tizimli muammolarni oʻz vaqtida aniqlash va bartaraf etish, mazkur sohada, shu jumladan, nodavlat sektorda zamonaviy innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etish imkonini bermayapti;

ikkinchidan, maktabgacha taʼlim sohasiga investitsiyalarni jalb qilishga, shu jumladan, ijtimoiy-hammabop maktabgacha taʼlim muassasalarini tashkil etish, ularni moddiy-texnik jihatdan qayta jihozlash va ilgʻor pedagogik texnologiyalarni qoʻllashga qaratilgan davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari joriy qilinmagan;

uchinchidan, maktabgacha taʼlim muassasalari infratuzilmasi va moddiy-texnik bazasining amaldagi holati bolalarni maktabgacha taʼlim muassasalari bilan toʻliq qamrab olishni taʼminlashga imkon bermayapti, mamlakatda aholi sonining oʻsishi ayrim maktabgacha taʼlim muassasalarining haddan tashqari bandligiga olib kelmoqda;

toʻrtinchidan, milliy madaniy-tarixiy qadriyatlarni aks ettiruvchi va bolalikdan kitob oʻqishga qiziqishni uygʻotuvchi oʻquv-metodik, didaktik (shu jumladan, oʻyinlar va oʻyinchoqlar) materiallar va badiiy adabiyotlarni tayyorlash hamda maktabgacha taʼlim muassasalari faoliyatiga joriy etish ishlari zamonaviy talablarga javob bermaydi;

beshinchidan, kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlashning amaldagi tizimi maktabgacha taʼlim sohasini bolalarni tarbiyalash va har tomonlama rivojlantirish masalalarini professional darajada hal etishga qodir yuqori malakali mutaxassislar bilan taʼminlay olmaydi;

oltinchidan, maktabgacha taʼlim muassasalari xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish tizimining past darajada ekanligi malakali kadrlarni jalb qilish imkonini bermayapti;

yettinchidan, maktabgacha taʼlim muassasalarida bolalarga tibbiy xizmat koʻrsatish boʻyicha hududiy sogʻliqni saqlash organlari ishini tashkil etishdagi kamchiliklar bolalarning hayoti va sogʻligʻini himoya qilish, shu jumladan, sogʻlom ovqatlanishini taʼminlash boʻyicha profilaktik chora-tadbirlar samaradorligining pasayishiga olib kelmoqda.

Maktabgacha taʼlimni boshqarishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish, tarbiya va oʻquv jarayonini takomillashtirish, maktabgacha taʼlim muassasalarini yuqori malakali mutaxassislar bilan toʻldirish, ularning infratuzilmasi va moddiy-texnik jihozlanishini yaxshilash maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, mahalliy davlat hokimiyati organlarining maktabgacha taʼlim sohasidagi faoliyati qoniqarsiz deb topilsin.

2. Belgilab qoʻyilsinki, 2018-yil 1-yanvardan boshlab Toshkent, Nukus shaharlarida, viloyatlar markazlarida eksperiment tariqasida davlat-xususiy sheriklik shartlarida, shu jumladan quyidagilarni nazarda tutgan holda yangi maktabgacha taʼlim tashkilotlari tashkil etiladi:

zamonaviy ijtimoiy-hammabop maktabgacha taʼlim tashkilotlarini tashkil etish maqsadida investorlarga yer uchastkalari, boʻsh turgan binolar, shu jumladan faoliyat yuritmayotgan va tarbiyalanuvchilar soni kam boʻlgan davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini begʻaraz ajratish;

investorlarga maktabgacha taʼlim tashkilotlarini, ayniqsa, shunday tashkilotlarga yuqori ehtiyoj mavjud boʻlgan va infratuzilmasi rivojlanmagan hududlarda tashkil etish uchun zarur boʻlgan soliq imtiyozlari va boshqa preferensiyalarni, shuningdek, imtiyozli kreditlarni taqdim etish imkoniyati;

investorlar tomonidan vakolatli davlat organlari bilan 50 yil muddatga tuziladigan davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi kelishuv asosida loyihani amalga oshirish;

investorlar tomonidan davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi kelishuvda nazarda tutilgan shartlarga, maktabgacha taʼlim va tarbiyaning davlat standartiga, sanitariya-gigiyena normalariga qatʼiy rioya etish, kelishuv amal qilishining butun muddati davomida faoliyat yoʻnalishini saqlab qolish boʻyicha majburiyatlarni qabul qilish, shuningdek, maktabgacha taʼlim tashkilotlari xizmati narxining ijtimoiy hammabopligini taʼminlash;

(2-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-noyabrdagi PF-3-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.11.2021-y., 06/21/3/1037-son)

davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi kelishuv shartlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish hamda ularni bekor qilish mexanizmlari.

Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2018-yilda oʻtkazilgan eksperiment yakunlari yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga respublikaning boshqa hududlarida maktabgacha taʼlim sohasida davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy etish boʻyicha takliflar kiritsin.

3. Toshkent shahrida joylashgan davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga tadbirkorlik subyektlari bilan sifat talablariga va sanitariya-gigiyena normalariga javob beradigan oziq-ovqat mahsulotlari va tayyor ovqatlarni yetkazib berish boʻyicha toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzishga eksperiment tariqasida ruxsat berilsin.

(3-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 8-oktabrdagi PQ-4857-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.10.2020-y., 07/20/4857/1357-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan birgalikda 2017-yilda oʻtkazilgan eksperiment yakunlari yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga respublikaning boshqa hududlarida mazkur amaliyotni joriy etish boʻyicha takliflar kiritsin.

4. Oʻzbekiston Respublikasida maktabgacha taʼlim tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” (keyingi oʻrinlarda “Yoʻl xaritasi” deb yuritiladi) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Belgilansinki, vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar rahbarlari “Yoʻl xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlarning oʻz vaqtida, toʻliq va sifatli bajarilishiga shaxsan javobgardir.

5. Maktabgacha taʼlim tizimini tanqidiy oʻrganish va yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish boʻyicha komissiya (keyingi oʻrinlarda Komissiya deb yuritiladi) 2-ilovaga muvofiq tashkil etilsin.

6. Quyidagilar Komissiyaning asosiy vazifalari etib belgilansin:

maktabgacha taʼlim sohasidagi qonunchilikni undagi boʻshliqlarni, korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarni yuzaga keltiruvchi normalarni aniqlash nuqtai nazaridan inventarizatsiya qilish va tahlil etish;

maktabgacha taʼlim sohasida davlat siyosatini samarali amalga oshirishga, shu jumladan, zarur infratuzilmani yaratishga, xodimlarning mehnatini moddiy ragʻbatlantirishga, pedagogik kadrlarni sifatli tayyorlash va malakasini oshirishga, shuningdek, maktabgacha taʼlimning xususiy sektorini rivojlantirishga toʻsqinlik qiluvchi tizimli muammolarni aniqlash hamda kompleks oʻrganish;

maktabgacha yoshdagi bolalarni uygʻun rivojlantirish sohasidagi ilgʻor xorijiy tajribani hisobga olgan holda maktabgacha taʼlim va tarbiyaning davlat standartini qayta koʻrib chiqish;

(6-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-noyabrdagi PF-3-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.11.2021-y., 06/21/3/1037-son)

maktabgacha taʼlim tashkilotlariga bolalarni qabul qilishning amaldagi tartibini, vakolatli davlat organlari faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining joriy etilishi holatini tanqidiy oʻrganish;

mavjud amaliyot va ilgʻor xorijiy tajribani oʻrgangan holda, nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyatini litsenziyalashning soddalashtirilgan tartibini joriy etish, ularning tashkiliy-huquqiy shakllarini takomillashtirish boʻyicha takliflar tayyorlash;

maktabgacha taʼlim tashkilotlarini oʻquv-tarbiyaviy adabiyotlar bilan taʼminlash tizimini tahlil qilish;

maktabgacha taʼlim tashkilotlarini oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash tartibini oʻrganish hamda sifat talablariga va sanitariya-gigiyena normalariga javob beradigan oziq-ovqat mahsulotlari va tayyor ovqatlar yetkazib berishning shaffof hamda soddalashtirilgan tizimini yaratish boʻyicha takliflar tayyorlash;

(6-bandning beshinchi — sakkizinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 8-oktabrdagi PQ-4857-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.10.2020-y., 07/20/4857/1357-son)

maktabgacha taʼlim sohasida qonun hujjatlari va huquqni qoʻllash amaliyotini yanada takomillashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqish.

7. Komissiya (A.N. Aripov):

“Yoʻl xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish davomida ushbu qarorning 6-bandi bilan yuklatilgan vazifalarning soʻzsiz bajarilishini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratsin;

“Yoʻl xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlarning amalga oshirilishi ustidan tizimli monitoring oʻrnatsin va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devoniga har chorak yakuni boʻyicha amalga oshirilgan ishlar haqida umumlashtirilgan axborot kiritilishini taʼminlasin.

8. Komissiyaga yuklatilgan vazifalarni sifatli bajarish uchun vazirliklar va idoralar mutaxassislarini, respublikaning ilmiy va taʼlim muassasalari vakillarini, shuningdek, xalqaro va xorijiy tashkilotlarning ekspertlarini belgilangan tartibda jalb etish huquqi berilsin.

9. Vazirliklar va idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Komissiyaga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirishda har tomonlama koʻmaklashsin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Xalq taʼlimi vazirligi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:

Toshkent, Nukus shaharlari, viloyatlar markazlarida maktabgacha taʼlim sohasida davlat-xususiy sheriklikni amalga oshirishning mexanizmini belgilovchi Hukumat qarori loyihasini;

qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A.N. Yunusxodjayev va Oʻzbekiston Respublikasining Bosh prokurori I.B. Abdullayev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2017-yil 9-sentabr,

PQ-3261-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 9-sentabrdagi PQ-3261-son qaroriga 1-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasida maktabgacha taʼlim tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha

Izoh: normativ-huquqiy hujjatlarning turi oʻzgarishi, shuningdek, tegishli huquqiy munosabatlarni tartibga solish sohasi va predmetiga bogʻliq holda yagona hujjatga birlashishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 9-sentabrdagi PQ-3261-son qaroriga 2-ILOVA

Maktabgacha taʼlim tizimini tanqidiy oʻrganish va yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish boʻyicha komissiya

Izoh: Komissiyaning aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangidan tayinlangan shaxslar kiritiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Maktabgacha taʼlim tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.