Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2017 — 2021-yillarda uglevodorod xom ashyosi qazib olishni koʻpaytirish Dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2017-yil 9-martdagi PQ-2822-sonli qarorining ijrosini taʼminlash maqsadida:
1. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, 2017 — 2021-yillarda uglevodorod xom ashyosi qazib olishni koʻpaytirish Dasturiga muvofiq (keyingi oʻrinlarda — Dastur):
a) “Natural Gaz-Stream” masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi qoʻshma korxona tomonidan ichki tartibga muvofiq tanlov komissiyasi tarkibida “Oʻzbekneftgaz” AJ vakillari ishtirokida, 2017-2018-yillarda Dasturda nazarda tutilgan tovarlar, ishlar va xizmatlarni xarid qilishga tanlov oʻtkazildi, uning natijalariga koʻra ishlarni bajarish uchun bosh pudratchilar etib:
“Oʻzneftgazqazibchiqarish” AJ konlarini “tayyor holda topshirish” shartlarida 248 ta gaz va 48 ta neft foydalanish quduqlarini qurish va jihozlash boʻyicha — “ERIELL Oilfield Services Middle East DMCC” (BAA) kompaniyasi;
“Oʻzneftgazqazibchiqarish” AJ konlarida “tayyor holda topshirish” shartlarida texnologik obyektlarni qurish boʻyicha — “Enter Engineering RTE. LTD” (Singapur) kompaniyasi;
2017-2018-yillarda “Oʻzneftgazqazibchiqarish” AJ konlarida 328 ta quduqni mukammal taʼmirlash, shuningdek, “Oʻzbekneftgaz” AJ boʻlinmalari — subpudratchilari uskunalarini modernizatsiya qilish va qoʻshimcha jihozlash boʻyicha — “ERIELL GmbN” (Avstriya) konsorsiumi bilan “ERIELL Oiltield Services Middle East DMCC” (BAA) kompaniyalari tanlandi;
b) “Natural Gaz-Stream” qoʻshma korxonasi va “GPB Intemational S.A.” banki (Lyuksemburg) bilan birinchi foiz davrida yiliga uch oylik 4,7+LIBOR va 1 oylik 4,7+LIBOR foiz stavkasida, soʻngi foiz davrlarida, bir marotabalik kreditlash summasidan 0,3 foiz miqdorida kredit liniyasini ochish va rezervlash uchun komissiya va hisoblangan foizlarni toʻlash muddatiga tanlanmagan kreditlash limiti summasida yillik foizi 0,5 foiz boʻlgan, 12 oy muddatga beriladigan 200 mln. AQSH dollari summasidagi qisqa muddatli kredit berish toʻgʻrisida shartnoma tuzildi.
2. “Oʻzbekneftgaz” va “Natural Gaz-Stream” qoʻshma korxonasining:
“Oʻzneftgazqazibchiqarish” AJ dasturni amalga oshirish doirasida “Oʻzneftgazqazibchiqarish” AJning konida ishlarni bajarish maqsadida tuziladigan uch taraflama shartnomalarda bir tomon sifatida qatnashishi;
Dasturni bosqichma-bosqich amalga oshirishni nazarda tutgan holda 2017-2018-yillarda birinchi bosqich ishlarini bajarish hamda 2019 — 2021-yillarda tegishli tanlov savdolarini oʻtkazish natijalari boʻyicha 2018-yilda ishlarni amalga oshirishning ikkinchi bosqich biznes-loyihasi asosiy koʻrsatkichlarini ishlab chiqish va tasdiqlash;
2017-2018-yillarda qisqa muddatli kredit boʻyicha majburiyatlarni bajarish uchun (tabiiy gazning eksport narxi ming kub.m uchun 185 dollar hisob-kitobidan kelib chiqqan holda) 1 125 mln.kub.m miqdorda qoʻshma korxonaga sotiladigan tabiiy gazning umumiy hajmlarini belgilash, gazni eksport qilish komissiyalari va mazkur shartnomalar tomonlaridan gazni sotib olish shartnomalariga muvofiq uni korrektirovka qilish, shuningdek, qisqa muddatli kredit boʻyicha barcha majburiyatlar bajarilganidan soʻng shartnomalarni muddatidan oldin bekor qilish;
ishlar Dasturidan benzin va metanol (MTG) ishlab chiqarish boʻyicha qurilmalarni qurishga oid ishlarni chiqarib tashlash toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
3. Quyidagilar:
2017 — 2021-yillarda uglevodorod xom ashyosi qazib olishni koʻpaytirish Dasturini amalga oshirish boʻyicha birinchi bosqich biznes-rejasining asosiy koʻrsatkichlari 1-ilovaga muvofiq;
2017 — 2021-yillarda uglevodorod xom ashyosi qazib olishni koʻpaytirish boʻyicha Dasturni amalga oshirish doirasida “Oʻzbekneftgaz” AJ, “Oʻzbekneftgaz” AJning tashkilotlari va “Natural Gaz-Stream” qoʻshma korxonasining birgalikda faoliyat yuritish va masʼuliyatlarni belgilash mexanizmi 2-ilovaga muvofiq;
2017 — 2021-yillarda uglevodorod xom ashyosi qazib olishni koʻpaytirish boʻyicha Dasturni amalga oshirish doirasida, “Natural Gaz-Stream” MCHJ qoʻshma korxonasiga har yili bajarilgan ishlarning hajmi va narxi, keyinchalik eksport qilishi uchun yetkazib beriladigan tabiiy gazning hajmlarini belgilash, kelishish va tasdiqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom 3-ilovaga muvofiq;
2017 — 2021-yillarda uglevodorod xom ashyosi qazib olishni koʻpaytirish boʻyicha Dasturni amalga oshirish doirasida, “Natural Gaz-Stream” MCHJ qoʻshma korxonasining maxsus depozit hisob raqamlariga tushumlar va pul mablagʻlarini hisobdan chiqarishning ayrim hisobini yuritishni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Dasturni samarali amalga oshirishni taʼminlash maqsadida:
uskunalar quvvatlari va maxsus texnikani qoʻshimcha jihozlash va modernizatsiya qilish uchun Dasturni amalga oshirish doirasida taqdim etiladigan, “Oʻzbekneftgaz” AJ tashkilotlari tomonidan begʻaraz qabul qilinib olinadigan mulk soliqqa tortish obyekti sifatida koʻrilmasligi;
“Natural Gaz-Stream” MCHJ qoʻshma korxonasi Dasturni amalga oshirish doirasida kelib tushadigan pul mablagʻlarini Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtgan belgilangan tartibda tijorat bankida ochilgan maxsus depozit hisobvaragʻiga oʻtkazishi, keyinchalik mazkur mablagʻlar faqat Dasturni amalga oshirish maqsadlarida ishlatilishi belgilansin.
5. “Oʻzbekneftgaz” AJ (A.S. Sultonov) zarur hollarda, xorijiy banklarning uzoq muddatli kreditlarini jalb etish shartlarini belgilash natijalari boʻyicha Dasturning birinchi bosqichini amalga oshirish biznes-rejasi asosiy koʻrsatkichlarini korrektirovka qilishga oid takliflarni belgilangan tartibda kiritilishini taʼminlasin.
6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — “Oʻzbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi A.S. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 3-noyabr,
PQ-3373-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 3-noyabrdagi PQ-3373-son qaroriga 1-ILOVA
2017 — 2021-yillarda uglevodorod xom ashyosi qazib olishni koʻpaytirish dasturini amalga oshirish boʻyicha birinchi bosqich biznes-rejasining
Izoh. Dastur birinchi bosqichini amalga oshirish biznes-rejasining parametrlari uzoq muddatli kreditlarni jalb etish shartlari hamda majburiyatlarni bajarish uchun zarur boʻlgan tabiiy gaz hajmlari belgilangandan soʻng aniqlantiriladi va tuzatishlar kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 2-dekabrdagi PQ-3373-son qaroriga2-ILOVA
2017 — 2021-yillarda uglevodorod xom ashyosi qazib olishni koʻpaytirish boʻyicha Dasturni amalga oshirish doirasida “Oʻzbekneftgaz” AJ, “Oʻzbekneftgaz” AJning tashkilotlari va “Natural Gaz-Stream” qoʻshma korxonasining birgalikda faoliyat yuritish va masʼuliyatlarni belgilash mexanizmi
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu birgalikda faoliyat yuritish va masʼuliyatlarni belgilash mexanizmi Dastur qatnashchilari, “Oʻzbekneftgaz” AJ, “Oʻzneftgazqazibchiqarish” AJ, “Oʻztransgaz” AJ, “Muborak GQZ” MCHJ, “Oʻzbekneftgaz” AJning boshqa tashkilotlari, shuningdek, “Natural Gaz-Stream” MCHJ qoʻshma korxonasi (keyingi oʻrinlarda — qoʻshma korxona)ning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 9-martdagi PQ-2822-son “2017 — 2021-yillarda uglevodorod xom ashyosi qazib olishni koʻpaytirish Dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi (keyingi oʻrinlarda — Dastur)ni amalga oshirish doirasidagi asosiy funksiyalarini belgilab beradi.
2-bob. Dastur qatnashchilarining asosiy funksiyalari
2. “Oʻzbekneftgaz” AJ Dasturni amalga oshirish doirasida quyidagi funksiyalarni bajaradi:
a) Dasturni bajarishga umumiy rahbarlik qiladi va uning monitoringini amalga oshiradi;
b) jalb etiladigan kredit mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanilishini nazorat qiladi, zarur boʻlganda Dastur parametrlarini aniqlashtirish va tuzatish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi;
v) Dasturni amalga oshirishning “Oʻzneftgazqazibchiqarish” AJ tomonidan ishlab chiqilgan birinchi bosqich (2017-2018-yillar) va ikkinchi bosqich (2019 — 2021-yillar) biznes-rejalarini kelishib oladi va keyinchalik tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritadi, shuningdek, zarur hollarda Dasturni amalga oshirishning tasdiqlangan birinchi va ikkinchi bosqich biznes-rejalariga oʻzgartirish va tuzatishlar kiritish tashabbusi bilan chiqadi;
g) “Oʻzneftgazqazibchiqarish” AJning buyurtmanomalariga binoan Oʻzbekiston Respublikasining milliy valyutasidagi pul mablagʻlarini oʻtkazish yoʻli bilan Dastur amalga oshirilishi moliyalashtirilishini taʼminlaydi;
d) “Oʻzneftgazqazibchiqarish” AJ tomonidan taqdim etiladigan uch tomonlama shartnomalarning loyihalarini, qoʻshma korxona tomonidan xorijiy valyutada belgilangan xarajatlar qismida Dasturni moliyalashtirish uchun zarur boʻlgan xorijiy kreditlarni jalb etish shartlarini koʻrib chiqadi va kelishib oladi;
e) Dasturni amalga oshirish doirasida moliyalashtirish uchun qoʻshma korxona tomonidan jalb etiladigan xorijiy kreditlar boʻyicha asosiy qarzni soʻndirish, foizlar, vositachilik haqi, boshqa xarajatlar va toʻlovlarni toʻlash yuzasidan qoʻshma korxonaning uch tomonlama shartnomalari boʻyicha xarajatlarni qoplash va uning majburiyatlarini toʻla hajmda ijro etish yuzasidan “Oʻzneftgazqazibchiqarish” AJning majburiyatlari bajarilishini taʼminlash uchun zarur miqdordagi tabiiy gaz hajmlarini qoʻshma korxona manziliga yetkazib berishni tashkillashtiradi;
yo) Dasturni amalga oshirishda ishtirok etayotgan oʻz tarkibiy boʻlinmalarining shartnomaviy majburiyatlari boʻyicha kafil boʻladi, shuningdek, qoʻshma korxonaning xorijiy valyutadagi kreditlari boʻyicha xorijiy bank oldidagi majburiyatlari ijro etilishiga kafolat beradi.
3. “Oʻzneftgazqazibchiqarish” AJ Dasturni amalga oshirish doirasida quyidagi funksiyalarni bajaradi:
a) Dasturni amalga oshirishning birinchi va ikkinchi bosqich biznes-rejalari ishlab chiqilishini taʼminlaydi;
b) neft-gaz obyektlari qurilishiga tanlov hujjatlarini, ishlar, xizmatlarni bajarish va tovarlar xarid qilishga texnik topshiriqlarni, ish loyihalari va boshqa loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqadi;
v) loyiha-smeta hujjatlari ekspertizadan oʻtkazilishini tashkillashtiradi va taʼminlaydi hamda Oʻzbekiston Respublikasining vakolatli organlarida zarur ruxsatnoma jarayonlaridan oʻtishni tashkil etadi;
g) boshlangʻich-ruxsatnoma hujjatlari rasmiylashtirilishini (yerlar ajratilishi, arxitektura-rejalashtirish topshiriqlari rasmiylashtirilishi, geodeziya belgilari topshirilishi va hokazolar hamda ularning bosh pudratchilarga taqdim etilishini taʼminlaydi;
d) “Oʻzneftgazqazibchiqarish” AJ, qoʻshma korxona va bosh pudratchi oʻrtasida tuziladigan uch tomonlama shartnomaning loyihalarini kelishish uchun “Oʻzbekneftgaz” AJga kiritadi;
e) tuzilgan shartnomalar boʻyicha pudratchilar tomonidan oʻz majburiyatlarini bajarishlari ustidan nazoratni amalga oshiradi;
yo) uch tomonlama shartnomalarning shartlariga muvofiq “Oʻzneftgazqazibchiqarish” AJ tashkilotlari tomonidan qurilish tugallangan obyektlar va ishlarni qoʻshma korxonadan qabul qilib olishni taʼminlaydi;
j) bajarilgan pudrat ishlari hajmlari haqini toʻlash, gaz sotib olish shartnomalari boʻyicha tabiiy gazni xarid qilish, tabiiy gazni transportirovka qilish boʻyicha xizmatlar haqini toʻlash va vositachining gaz eksporti shartnomalari boʻyicha vositachilik mukofot pulini toʻlash uchun dasturni amalga oshirish doirasida “Oʻzbekneftgaz” AJdan Oʻzbekiston Respublikasining milliy valyutasida kelib tushayotgan pul mablagʻlarini qoʻshma korxonaga oʻz vaqtida oʻtkazilishini amalga oshiradi;
z) tomonlar kelishib olgan, Dasturni amalga oshirish bilan bogʻliq boʻlgan qoʻshma korxonaning milliy valyutadagi xarajatlari oʻrnini qoplaydi va qoʻshma korxonaga mukofot pulini toʻlaydi;
i) uch tomonlama shartnomalardan birortasi bekor qilingan yoki uch tomonlama shartnomadan biron bir tomonining uch tomonlama shartnomalarda nazarda tutilgan majburiyatlarni bajarishdan bosh tortgan taqdirda, shuningdek, uch tomonlama shartnomalarda koʻrsatilgan boshqa hollarda javobgar, shu jumladan bunday uch tomonlama shartnomalarda nazarda tutilgan moliyaviy majburiyatlar boʻyicha javobgar boʻladi;
k) Dasturni amalga oshirish doirasida tovarlar yetkazib berish, ishlarni bajarish va xizmatlar koʻrsatish boʻyicha qoʻshma korxona va har bir tanlov savdosining gʻolibi bilan uch tomonlama shartnomalar tuzadi.
4. “Natural Gaz-Stream” MCHJ qoʻshma korxonasi dasturni amalga oshirish doirasida quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
a) “Oʻzneftgazqazibchiqarish” AJning topshirigʻi va uning hisobiga Dastur boʻyicha ishlar bajarilishini va uch tomonlama shartnomalar boʻyicha, shu jumladan jalb etiladigan kreditlar hisobiga xorijiy valyutadagi sarf-xarajatlar moliyalashtirilishini tashkillashtiradi;
b) “Oʻzneftgazqazibchiqarish” AJning topshirigʻiga binoan qoʻshma korxona ishtirokchilarining umumiy yigʻilishi tomonidan tasdiqlangan “Natural Gaz-Stream” MCHJ qoʻshma korxonasi tovarlar, ishlar va xizmatlarni xarid qilishda tanlovlarni oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq tanlov savdolari oʻtkazilishini taʼminlaydi;
v) “Oʻzneftgazqazibchiqarish” AJ bilan birgalikda, “Oʻzneftgazqazibchiqarish” AJning vositachisi hisobida ish koʻrib Dasturni amalga oshirish doirasida tovarlar xarid qilish, ishlarni bajarish va xizmatlar koʻrsatish bilan bogʻliq tanlov savdolarining gʻoliblari bilan uch tomonlama shartnomalar tuzadi;
g) kredit hujjatlarini taqdim etish shartlarini (bu shartlarning tomonlaridan biri qoʻshma korxona hisoblanadi) “Oʻzbekneftgaz” AJ va moliyalashtiruvchi bank bilan kelishib oladi;
d) Dastur boʻyicha daromadlar va xarajatlarni qoʻshma korxonaning asosiy faoliyatidan alohida hisobini yuritadi;
e) alohida bank hisobvaraqlaridan (Dasturni amalga oshirish uchun moliyalashtirishni taqdim etayotgan xorijiy kreditorlar bilan kelishilgan tartibda va ushbu qarorning 4-ilovasiga muvofiq) foydalangan holda Dasturni amalga oshirishni xorijiy valyutada moliyalashtirish uchun xorijiy kreditorlar bilan tuziladigan uch tomonlama shartnomalar, tabiiy gaz xarid qilish shartnomasi va gaz eksporti boʻyicha vositachilik shartnomalari, kredit hujjatlari (qoʻshma korxona shularning tomonlaridan biri hisoblanadi) boʻyicha hisob-kitoblar oʻtkazilishini taʼminlaydi;
yo) “Oʻzneftgazqazibchiqarish” AJ tomonidan mablagʻlar oʻz vaqtida olingan taqdirda gaz xarid qilish shartnomalari, uch tomonlama shartnomalar va gaz eksporti boʻyicha vositachilik shartnomalariga koʻra shunday shartnomalarda oʻrnatilgan tartibda Oʻzbekiston Respublikasining milliy valyutasida ifoda etilgan pul talablari oʻz vaqtida bajarilishini amalga oshiradi.
5. “Oʻztransgaz” AJ Dasturni amalga oshirish doirasida quyidagi funksiyalarni bajaradi:
a) “Oʻzbekneftgaz” AJ va qoʻshma korxona bilan tabiiy gaz eksporti boʻyicha vositachilik shartnomalari tuzadi;
b) tabiiy gazni eksportga sotish imkoni boʻlmagan taqdirda eksportga sotilmay qolgan tabiiy gazning jami hajmini gaz eksporti boʻyicha vositachilik shartnomalarining tomonlari belgilaydigan shartnomaviy narxda qoʻshma korxonadan xarid qilib oladi;
v) valyutadagi pul mablagʻlarini (eksport tushumini) qoʻshma korxonaning maxsus depozit hisob raqamlariga gaz eksporti boʻyicha vositachilik shartnomalarida belgilangan tartib va muddatlarda oʻtkazib beradi;
d) qoʻshma korxonaning xorijiy valyutadagi kreditlari boʻyicha xorijiy banklar oldidagi majburiyatlari bajarilishiga kafolat beradi.
6. “Muborak GQZ” MCHJ va gaz xarid qilish shartnomalari boʻyicha gaz yetkazib beruvchi hisoblanadigan “Oʻzbekneftgaz” AJning boshqa tashkiloti Dasturni amalga oshirish doirasida quyidagi funksiyalarni bajaradi:
a) har oy gaz xarid qilish shartnomalariga muvofiq deklaratsiya qilingan narxlar boʻyicha tabiiy gazni (shu jumladan hajmlariga oʻzgartirishlar kiritilgan tabiiy gazni) oʻz vaqtida, uzluksiz yetkazib berishni ustuvor tartibda amalga oshiradi. Gaz tegishli oʻlchov uzelidan yetkazib beriladi (“Muborak GQZ” MCHJga, “Muborak GQZ MCHJ xoʻjalik boshqarmasiga nisbatan);
b) Oʻzbekiston Respublikasida qoʻllaniladigan standartlarga muvofiq tabiiy gazning tegishli sifatda boʻlishini taʼminlaydi, shuningdek, uning sifatini muntazam tahlil qilib boradi.
3-bob. Javobgarlik
7. 2-bobda koʻrsatilgan funksiyalarning oʻz vaqtida bajarilishi yuzasidan javobgarlik, tegishli ravishda, “Oʻzbekneftgaz AJ boshqaruvi raisi, “Natural Gaz-Stream” MCHJ qoʻshma korxonasining bosh direktori, “Oʻzneftgazqazibchiqarish” AJ boshqaruvi raisi, “Muborak GQZ” MCHJ bosh direktori yoki “Oʻzbekneftgaz” AJ boshqa tashkilotining rahbari hamda “Oʻztransgaz” AJ boshqaruvi raisi zimmasiga yuklanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 2-dekabrdagi PQ-3373-son qaroriga 3-ILOVA
2017 — 2021-yillarda uglevodorod xom ashyosi qazib olishni koʻpaytirish boʻyicha Dasturni amalga oshirish doirasida, “Natural Gaz-Stream” MCHJ qoʻshma korxonasiga har yili bajarilgan ishlarning hajmi va narxi, keyinchalik eksport qilish uchun yetkazib beriladigan tabiiy gazning hajmlarini belgilash, kelishish va tasdiqlash tartibi toʻgʻrisidagi
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom bajariladigan ishlar, uskunalar hamda moddiy-texnik resurslarni yetkazib berish hajmlari va qiymatini, shuningdek, 2017 — 2021-yillarda uglevodorod xom ashyosi qazib olishni koʻpaytirish boʻyicha Dasturni (keyingi oʻrinlarda — Dastur) amalga oshirish doirasida “Natural Gaz-Stream” MCHJ qoʻshma korxonasiga (keyingi oʻrinlarda — qoʻshma korxona) sotiladigan tabiiy gaz hajmlarini belgilash, kelishish va tasdiqlash tartibini belgilab beradi.
2-bob. Ishlarning fizik hajmlarini belgilash
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 9-martdagi PQ-2822-son “2017 — 2021-yillarda uglevodorod xom ashyosi qazib olishni koʻpaytirish boʻyicha Dasturni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori bilan tasdiqlangan 2017 — 2021-yillarda Neft-gaz konlarini qurish va obod qilishga doir kompleks tadbirlar ishlarning fizik hajmlarini belgilash uchun asos hisoblanadi.
3. Kompleks tadbirlarda koʻrsatilgan ishlarning fizik hajmlaridan kelib chiqib, “Oʻzneftgazqazibchiqarish” AJ va qoʻshma korxona tanlov savdolarining ishtirokchilari uchun yoʻriqnomani, tovarlar, ish va xizmatlarni sotib olishga bosh pudratchini tanlash boʻyicha texnik topshiriqni, shartnomaning xomaki shakli va baholash mezonlarini oʻz ichiga olgan tanlov hujjatlarini ishlab chiqadi.
4. Dasturni amalga oshirishning ikkinchi bosqichi doirasida ishlarni bajarish, xizmatlar koʻrsatish va uskunalar yetkazib berish uchun pudratchilarni tanlash boʻyicha tanlov savdolari qoʻshma korxona tomonidan qoʻshma korxona ishtirokchilari umumiy yigʻilishining bayonnomasi bilan tasdiqlangan, tovarlar, ishlar va xizmatlarni qoʻshma korxona xarid qilganida tanlov savdolarini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi qoʻshma korxona Nizomiga muvofiq oʻtkaziladi.
5. Tanlov savdolarining gʻolibi aniqlangandan soʻng “Oʻzneftgazqazibchiqarish” AJ (buyurtmachi sifatida), qoʻshma korxona (“Oʻzneftgazqazibchiqarish” AJ manfaatlarini koʻzlab va uning vositachisi sifatida AJ hisobiga) hamda tanlov savdolarining gʻolibi (pudratchi sifatida) uch tomonlama shartnomalar tuzadi, bu shartnomalarga muvofiq qurilish ishlarining hajmlari, muddati va qiymati aniqlanadi.
6. Dasturni amalga oshirish boʻyicha bajarilayotgan ishlar hajmi va qiymati uch tomonlama shartnomalar asosida belgilanadi.
7. “Oʻzneftgazqazibchiqarish” AJ Dasturni amalga oshirish doirasida biznes-rejalar ishlab chiqilishini taʼminlaydi, zarur boʻlganda ularga aniqliklar va oʻzgartirishlar kiritib, kelishish uchun ularni “ Oʻzbekneftgaz” AJga taqdim etadi.
8. “Oʻzbekneftgaz” AJ biznes-rejalarni koʻrib chiqadi va keyinchalik tasdiqlash uchun ularni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi yoki asoslantirilgan tarzda rad etib, biznes-rejalarni “ Oʻzbekneftgaz” AJning koʻrib chiqishi uchun takroran taqdim etish muddatini koʻrsatadi.
3-bob. Qoʻshma korxonaga sotiladigan tabiiy gazning zarur hajmini va pul mablagʻlariga ehtiyojni aniqlash
9. Dasturni amalga oshirish doirasida qoʻshma korxonaning pul mablagʻlariga ehtiyojlarini aniqlash imzolangan uch tomonlama shartnomalar, gaz xarid qilish shartnomalari va gaz eksporti boʻyicha vositachilik shartnomalari asosida amalga oshiriladi.
10. Milliy valyutadagi ehtiyoj “Oʻzbekneftgaz” AJning oʻz mablagʻlari hisobiga, pul mablagʻlarini “Oʻzneftgazqazibchiqarish” AJning bank hisob raqamiga va shundan soʻng qoʻshma korxonaning koʻrsatilgan hisob raqamlariga oʻtkazish yoʻli bilan qoplanadi.
11. Xorijiy valyutaga boʻlgan ehtiyoj:
uch tomonlama shartnomalarni amalga oshirish maqsadida — xorijiy banklarning kreditlari hisobiga, shuningdek, “Oʻzbekneftgaz” AJ va kredit beruvchi bank bilan kelishgan holda tabiiy gazni eksportga sotishdan olingan tushum hisobiga;
qoʻshma korxonaning kreditorlar oldidagi majburiyatlarini bajarish maqsadida — gaz xarid qilish shartnomalari, gaz eksporti boʻyicha vositachilik shartnomalari va uch tomonlama shartnomalarning shartlariga muvofiq tabiiy gazni eksportga sotishdan qoʻshma korxona olgan tushum (daromadlar va boshqa tushumlar) hisobiga;
Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga qoplanadi.
12. Shartnomalar boʻyicha gaz yetkazib beruvchi tomonidan qoʻshma korxonaga yetkazib berilayotgan va xorijiy valyutada jalb etilgan kreditlar boʻyicha qoʻshma korxonaning majburiyatlarini toʻliq bajarish uchun zarur boʻlgan tabiiy gazning har oylik hajmlari gaz yetkazib berish shartnomalari va gaz eksporti boʻyicha vositachilik shartnomalari bilan belgilanadi.
13. Gaz xarid qilish shartnomalari boʻyicha yetkazib beriladigan tabiiy gazning har oylik hajmlarini gaz eksporti boʻyicha vositachilik shartnomalari asosida sotishdan qoʻshma korxona oladigan tushum asosiy qarzni soʻndirish, foizlar, vositachilik haqi, xorijiy kreditorlar bilan tuziladigan kredit hujjatlari hamda taʼminlash (kafillik, kafolatnomalar taqdim etish, zakalat taʼminoti va boshqalar) hujjatlarining (qoʻshma korxona bularning tomonlaridan biri hisoblanadi) shartlariga muvofiq jalb etiladigan valyuta kreditlari boʻyicha boshqa sarf-xarajatlar va toʻlovlar yuzasidan oʻz majburiyatlarini toʻliq hajmda bajarish uchun yetarli boʻlishi lozim.
14. Mazkur Nizomga rioya etilishi yuzasidan javobgarlik “Oʻzbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi, “Oʻzneftgazqazibchiqarish” AJ, “Oʻztransgaz” AJ va qoʻshma korxona rahbarlari zimmasiga yuklanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 2-dekabrdagi PQ-3373-son qaroriga 4-ILOVA
2017 — 2021-yillarda uglevodorod xom ashyosini qazib olishni koʻpaytirish boʻyicha Dasturni amalga oshirish doirasida, “Natural Gaz-Stream” MCHJ qoʻshma korxonasining maxsus depozit hisob raqamlariga tushumlar va pul mablagʻlarini hisobdan chiqarishning ayrim hisobini yuritishni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom 2017 — 2021-yillarda uglevodorod xom ashyosi qazib olishni koʻpaytirish boʻyicha Dasturni (keyingi oʻrinlarda — Dastur) amalga oshirish doirasida “Natural Gaz-Stream” MCHJ qoʻshma korxonasi (keyingi oʻrinlarda — qoʻshma korxona) bank hisob raqamlariga kelib tushadigan milliy va xorijiy valyutalardagi pul operatsiyalarini oʻtkazish tartibini belgilab beradi.
2-bob. Hisob-kitob pul operatsiyalari
2. Dasturni moliyalashtirish uchun zarur boʻlgan pul mablagʻlarini hisobini asosiy ishlab chiqarish-xoʻjalik faoliyatidan alohida yuritish maqsadida qoʻshma korxona xizmat koʻrsatuvchi bank filialida Dasturni amalga oshirish maqsadlari uchun zarur miqdorda va kredit hamda taʼminlash (kafillik, kafolatnomalar taqdim etish, zakalat taʼminoti va boshqalar) hujjatlarning (qoʻshma korxona shularning tomonlaridan biri hisoblanadi) shartlariga muvofiq milliy va xorijiy valyutada talab qilib olinadigan maxsus depozit hisob varaqlarini ochadi.
3. Dasturga taalluqli barcha pul operatsiyalari, istisno tariqasida, Dasturni moliyalashtirishga jalb etish uchun qoʻshma korxona tomonidan xorijiy banklar bilan tuzilgan kredit hujjatlarida nazarda tutilgan tartibga muvofiq Dasturni amalga oshirish maqsadlari uchun talab qilib olinadigan maxsus depozit hisob varaqlari ochiladigan bankda amalga oshiriladi (qoʻshma korxonaning asosiy depozit hisob varagʻi qayerda ochilganligidan qatʼi nazar). Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 42-moddasiga muvofiq qoʻshma korxona Dasturni amalga oshirish bilan bogʻliq daromadlar va xarajatlarning alohida ajratilgan hisobini Dastur boʻyicha soliq imtiyozlari berilishi munosabati bilan toʻgʻridan toʻgʻri hisobga olish uslubi boʻyicha yuritadi.
4. Daromadlar, xarajatlar va boshqa soliqqa tortish obyektlari yoki qoʻshma korxonaning toʻgʻridan-toʻgʻri uslubi boʻyicha asosiy faoliyat turiga yoki Dastur boʻyicha faoliyatga kiritishning iloji boʻlmaydigan asosiy xoʻjalik faoliyatiga oid soliqqa tortish bilan bogʻliq obyektlar proporsional hisobga olish uslubi bilan muayyan faoliyat turiga kiritiladi. Bunday daromad va xarajatlarni hisobga olishda ular Dasturni amalga oshirish va asosiy faoliyat bilan bogʻliq ishlar bilan band boʻlgan maʼmuriy xodimlar soniga proporsional ravishda pul bilan ifoda etiladi.
5. Dasturni amalga oshirish va alohida hisob yuritish bilan bogʻliq masalalarni tezkor hal etish uchun qoʻshma korxonada Dasturni amalga oshirish boshqarmasi tashkil etiladi.
6. Dasturni amalga oshirish doirasida tabiiy gazni eksportga sotishdan tushadigan pul mablagʻlaridan Dasturda, kredit va taʼminlash hujjatlarida nazarda tutilmagan boshqa maqsadlarda foydalanish taqiqlanadi.
7. Tabiiy gazni eksport qilishdan xorijiy valyutada tushadigan, shuningdek, gaz xarid qilish shartnomalari va gaz eksporti boʻyicha vositachilik shartnomalarining shartlari boʻyicha qoʻshma korxona tomonidan olinadigan barcha pul mablagʻlari birinchi galda va toʻliq hajmda Dasturni moliyalashtirish uchun olingan kreditlar boʻyicha majburiyatlarni soʻndirishga, Dasturni moliyalashtirish maqsadida kredit berish bilan bogʻliq xorijiy banklarning xarajatlarni oʻrnini qoplashga kredit hujjatlarining shartlari va tartibida foizlarni toʻlashning eng yaqin rejadagi sanasidan kechikmay yoʻnaltiriladi. Bunda xizmat koʻrsatuvchi bank tomonidan pul mablagʻlarini ushbu Nizomning 2-bandiga qoʻshma korxonaning xorijiy valyutada ochilgan maxsus depozit hisob varaqlaridan, kreditorning yoʻriqnomalariga muvofiq kredit hujjatlarida nazarda tutilgan, shartnomaga koʻra bank hisob varagʻiga muvofiq keladigan hollarda, akseptsiz (farmoyishsiz va roziligisiz) hisobdan chiqarishga hamda mazkur pul mablagʻlarini qoʻshma korxonaning shunday kreditor oldidagi majburiyatlarini bajarishga yoʻnaltirishga yoʻl qoʻyiladi.
8. Dasturni amalga oshirish doirasida qoʻshma korxonaning hisob-kitob hisob varaqlariga kelib tushayotgan pul mablagʻlariga hisob varaqlarida xorijiy valyutadagi mablagʻlarga ega boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan budjet oldidagi majburiyatlarini soʻndirish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 1999-yil 21-iyundagi 753-son bilan roʻyxatga olingan Tartibi, xoʻjalik yurituvchi subyektlarning bank hisob varaqlaridan pul mablagʻlarini hisobdan chiqarish tartibi toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2012-yil 15-martdagi 2342-son bilan roʻyxatga olingan Yoʻriqnomaning amal qilishi daxl qilmaydi.
9. Xorijiy valyutadagi hisob-kitoblarni istisno qilganda, Dasturni amalga oshirishda ishtirok etayotgan tomonlar oʻrtasida talablar huquqini yon berish shartnomalarini rasmiylashtirish yoʻli bilan hisob-kitoblarni amalga oshirishga, shuningdek, qoʻshma korxonani pul mablagʻlari oʻtadigan ichki tarmoq yoʻnalish-sxemalariga kiritishga yoʻl qoʻyiladi.
3-bob. Nazorat va javobgarlik
10. Mazkur Nizomga rioya etilishini nazorat qilish davlat soliq xizmati organlari tomonidan amalga oshiriladi.
11. Qoʻshma korxona tomonidan mazkur Nizom talablariga rioya etish yuzasidan javobgarlik bevosita qoʻshma korxonaning bosh direktori va bosh buxgalteri zimmasiga yuklanadi.