PF-5308-son Farmon · 22.01.2018

2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat Dasturi toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-5308
  • Qabul qilingan sana:22.01.2018
  • Kuchga kirgan sana:23.01.2018
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 06/18/5308/0610

2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi (keyingi oʻrinlarda Harakatlar strategiyasi deb yuritiladi) oʻrta muddatli istiqbolda davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlarini belgilab bergan eng muhim dasturiy hujjat hisoblanadi.

2017-yilda Harakatlar strategiyasini amalga oshirishda alohida eʼtibor “Inson manfaatlari — hamma narsadan ustun” degan tamoyil va “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan ezgu gʻoyaning, eng avvalo, xalq bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot oʻrnatish hamda fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining real himoya qilinishini taʼminlash orqali hayotga amaliy tatbiq etilishiga qaratildi.

Harakatlar strategiyasini “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi doirasida 30 dan ortiq qonunlar hamda 900 dan ortiq qonunosti hujjatlarining qabul qilinishi keng koʻlamli islohotlar, iqtisodiyot va ijtimoiy sohani jadal rivojlantirish, xalq farovonligini yuksaltirishning mustahkam huquqiy poydevori boʻlib xizmat qildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalari, shuningdek, har bir davlat organida tashkil etilgan fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash boʻyicha maxsus boʻlinmalar aholi bilan ishlashning sifat jihatidan yangi samarali tizimini shakllantirishga xizmat qildi.

Oʻzbekiston Respublikasida Maʼmuriy islohotlar konsepsiyasi davlat boshqaruv tizimini tubdan isloh qilish, “Elektron hukumat” va davlat xizmatlari koʻrsatish tizimini rivojlantirish, iqtisodiyotga maʼmuriy taʼsirni qisqartirish hamda boshqaruvning bozor mexanizmlarini kengaytirish, sogʻlom raqobat muhiti va qulay investitsiya iqlimini yaratish boʻyicha aniq chora-tadbirlarni belgilab berdi.

Sud-huquq tizimida sudlarning haqqoniy mustaqilligini taʼminlash, sud kadrlarini tanlab olishning demokratik va shaffof mexanizmini shakllantirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi. Joylarda maʼmuriy va iqtisodiy sudlarning tashkil etilganligi odil sudlovga erishish darajasini oshirish imkonini berdi.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tizimini isloh qilish, huquqbuzarliklarni barvaqt profilaktika qilish va jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida mamlakatda jinoyatchilikning umumiy koʻrsatkichi 15,7 foizga kamayishiga erishildi, 1,2 ming mahallalarda birorta jinoyat sodir etilishiga yoʻl qoʻyilmadi.

Ilgari, asosan xavfsizlikka xavf-xatar va tahdidlar oqibatlariga qarshi kurashish bilan cheklangan terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirishga yondashuvlar konseptual qayta koʻrib chiqildi. Mazkur muammolarni hal qilishda, birinchi navbatda, yoshlarning huquqiy madaniyati va maʼnaviyatini yuksaltirish orqali odamlarning ongi uchun kurashish ustuvor vazifa etib belgilandi.

Oʻz taqdirini Oʻzbekiston bilan bogʻlagan, mamlakatimiz farovonligi yoʻlida halol va vijdonan mehnat qilayotgan, oʻzlariga bogʻliq boʻlmagan holatlarga koʻra fuqaroligi boʻlmagan shaxsga aylanib qolgan fuqarolarning hayotiy muhim masalalarini hal etishga alohida eʼtibor qaratildi. Oʻtgan davrda 1 243 nafar shaxs Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilindi.

Iqtisodiy sohada keng koʻlamli oʻzgarishlar amalga oshirildi, eng avvalo, Oʻzbekistonning oʻz majburiyatlarini bajarish va chet el hamkorlarining daromadlarini repatriatsiya qilish, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish uchun shart-sharoitlarni taʼminlovchi milliy valyuta erkin konvertatsiyasining joriy etilganligi bu borada muhim qadam boʻldi.

Davlat budjetini shakllantirishning tamomila yangi prinsiplari va mexanizmlari joriy etildi, uning daromad va xarajatlari shaffofligini taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlar amalga oshirildi. Davlat aktivlarini boshqarishning samaradorligini oshirish va budjetning daromad qismini koʻpaytirishga qaratilgan ishga solinmagan zaxiralardan foydalanish choralari koʻrildi.

Birinchi bosqichda — uzoq muddatli (10-15 yilga moʻljallangan) tarmoq, hududiy va maqsadli rivojlanish konsepsiyalarini ishlab chiqish hamda tasdiqlash, ikkinchi bosqichda — tarmoq, hududiy va maqsadli loyihalar portfellarini tuzish, uchinchi bosqichda — rivojlanish davlat dasturlarini shakllantirishni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlarini shakllantirishning mutlaqo yangi tartibi tasdiqlandi.

Ijtimoiy sohani rivojlantirish boʻyicha kompleks tadbirlar, birinchi navbatda, fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish va sogʻligʻini saqlashni kuchaytirish, aholini arzon va sifatli dori vositalari bilan taʼminlash, fuqarolarning bandligi va real daromadlarini oshirish, arzon ijtimoiy uy-joylar qurilishini kengaytirish, nogironligi boʻlgan shaxslarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga qaratildi.

Shaharlar va qishloqlarda umumiy turar-joy maydoni 3,5 million kvadrat metrdan ortiq boʻlgan namunaviy va koʻp qavatli uylar qurildi. Turar joy qurilishi hajmlari 2010-yilga nisbatan 3,5 baravarga oshdi.

Xalq bilan muloqot natijalari boʻyicha 11 yillik umumiy oʻrta taʼlimni qayta tiklash haqida qaror qabul qilindi, oliy taʼlim muassasalariga qabul qilishning shaffof mexanizmlari joriy etildi va kvotalar jiddiy ravishda oshirildi. Oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim tizimi xalqaro standartlarga muvofiqlashtirildi.

Millatlararo tinchlik va totuvlikni, puxta oʻylangan va oʻzaro manfaatli tashqi siyosat amalga oshirilishini taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlar koʻrilganligi natijasida qoʻshni davlatlar bilan ishonchli munosabatlar yoʻlga qoʻyildi, Markaziy Osiyo hududida savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratildi.

Faqat oʻtgan yilda 21 ta oliy darajadagi tashrif amalga oshirildi, 60 ta davlat va xalqaro tashkilotlar rahbarlari bilan uchrashuvlar oʻtkazildi, 400 dan ortiq kelishuvlarga erishildi, 60 milliard AQSH dollaridan ortiq qiymatdagi bitimlar imzolandi.

Shu bilan birga, xalq bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot yakunlari hamda davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida oʻtkazilgan ishlarning tanqidiy tahlili aholi farovonligining real oʻsishiga va joylarda ishlar holatining tubdan yaxshilanishiga toʻsqinlik qiluvchi qator muammolarni koʻrsatib berdi.

Harakatlar strategiyasi ijrosini taʼminlash yuzasidan, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 22-dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida:

1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi (keyingi oʻrinlarda Davlat dasturi deb yuritiladi) ilovaga muvofiq tasdiqlansin:

davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish sohasida — davlat xizmatining nufuzi va samaradorligini oshirish, ijro etuvchi hokimiyat organlari vazifa va tuzilmasini qayta koʻrib chiqish, vazirliklar, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining mustaqilligini oshirish, markaziy organlarning ayrim vakolatlarini mahalliy hokimiyat organlariga oʻtkazish, davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini, ularning sifati va tezkorligini tubdan oshirish, fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash;

qonun ustuvorligini taʼminlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish sohasida — fuqarolar shaxsiy hayoti daxlsizligining konstitutsiyaviy kafolatlarini, shu jumladan tintuv va telefon orqali soʻzlashuvlarni eshitib turishga sanksiya berish huquqini sudlarga oʻtkazish, Oliy Majlis huzurida Sud hokimiyati mustaqilligini taʼminlashga koʻmaklashish boʻyicha komissiyani tashkil etish orqali yanada mustahkamlash, milliy xavfsizlik organlari tizimini tubdan isloh qilish, vaqtincha saqlash, tergov hibsxonalari, jazoni ijro etish muassasalarini videokuzatuv tizimlari bilan jihozlash, yoʻl-patrul va patrul-post xizmati xodimlarini mobil videokameralar bilan taʼminlash, patrul xizmatining statsionar postlari sonini optimallashtirish;

iqtisodiyotni rivojlantirish va faol tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash sohasida — faol tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay huquqiy, tashkiliy sharoitlar yaratish, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni joriy qilish, tadbirkorlik subyektlarini himoya qilishning huquqiy kafolatlarini va ular faoliyatiga noqonuniy aralashishlarning oldini olish mexanizmlarini, soliq va bojxona siyosatini, bank-moliya sohasini yanada takomillashtirish, agrar sektorni isloh qilish strategiyasini ishlab chiqish, iqtisodiyot tarmoqlari va sohalariga imtiyozlar taqdim qilgan holda individual imtiyozlar berishdan voz kechish, hududlarni faol rivojlantirish;

ijtimoiy sohani rivojlantirish sohasida — ijtimoiy himoya qilish va fuqarolar sogʻligʻini saqlashni yanada kuchaytirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, ijtimoiy dorixonalarning rivojlangan tarmogʻini yaratish, aholi bandligi va fuqarolarning real daromadlarini oshirish, “isteʼmol savatchasi”ni aniqlash, ijtimoiy uy-joylar qurilishini kengaytirish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini va nogironligi boʻlgan shaxslarni har tomonlama manzilli qoʻllab-quvvatlash;

xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikni taʼminlash, shuningdek, tashqi siyosat sohasida — Oʻzbekiston Respublikasining yangi Milliy xavfsizlik konsepsiyasini qabul qilish, xorijiy sheriklar bilan harbiy va harbiy-texnik hamkorlikni mustahkamlash va rivojlantirish, davlat chegaralarini himoya qilish va qoʻriqlash tizimini takomillashtirish, terrorizm, ekstremizm va axborot tahdidlariga qarshi kurashish, millatlararo va konfessiyalararo totuvlik, diniy bagʻrikenglikni mustahkamlash, Tashqi ishlar vazirligi va diplomatik vakolatxonalar faoliyatini tubdan isloh qilish, xorijda fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish tizimining samaradorligini oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, shuningdek, oʻzaro manfaatli tashqi siyosatni davom ettirish, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish.

2. Tadbirkorlik subyektlarining moliya-xoʻjalik faoliyatini tekshirishga ikki yil muddatga moratoriy eʼlon qilinsin, jinoyat ishi doirasida va yuridik shaxs tugatilishi munosabati bilan oʻtkaziladigan tekshirishlar bundan mustasno.

Belgilab qoʻyilsinki, 2018-yil 1-apreldan boshlab:

Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika kengashi davlat soliq xizmati organlarining boʻshayotgan 228 ta shtat birliklarini prokuratura organlariga oʻtkazgan holda tugatiladi;

adliya organlarining kichik biznes, xususiy tadbirkorlik subyektlari, chet el investorlari va chel el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha bir-birini takrorlovchi funksiya va vakolatlari chiqarib tashlanadi;

jinoyat ishlari doirasida oʻtkaziladigan moliya-xoʻjalik faoliyatini tekshirish (taftish) bir oydan oshmasligi lozim, alohida hollarda tekshirish bir oydan ortiq boʻlmagan muddatga Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori yoki uning oʻrinbosarlari tomonidan uzaytirilishi mumkin;

tadbirkorlik faoliyatini yuritishdagi huquqbuzarliklar bilan bogʻliq holatlar boʻyicha jinoyat ishlarini qoʻzgʻatish faqat Qoraqalpogʻiston Respublikasi prokurori, viloyatlar, Toshkent shahar prokurorlari va ularga tenglashtirilgan prokurorlarning roziligi bilan amalga oshiriladi;

tadbirkorlik subyektlari faoliyatida huquqbuzarliklar haqidagi maʼlumotlar, oʻtkazilgan tekshirishlar va monitoring (asos, tekshirish yoki monitoring oʻtkazish vaqti, ularni oʻtkazgan xodimlar va boshqalar) va aniqlangan huquqbuzarliklarni bartaraf etish boʻyicha koʻrilgan choralar toʻgʻrisidagi axborotlar majburiy tartibda prokuratura organlarining maxsus elektron axborot tizimiga kiritiladi.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda:

innovatsion va ilmiy faoliyatni davlat va jamoatchilik tomonidan qoʻllab-quvvatlash choralari, shu jumladan innovatsion loyihalarni foizsiz kreditlash hamda innovatsion loyihalarni kreditlash uchun tijorat banklariga davlat kafolatlarini berishni ham nazarda tutuvchi “Innovatsion faoliyat toʻgʻrisida”gi va “Fan toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari loyihalarini ishlab chiqsin va keng jamoatchilik muhokamasidan keyin Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritsin;

mahalliy loyiha va pudrat tashkilotlarining tashqi bozorlarga chiqishini ragʻbatlantirish boʻyicha chora-tadbirlar, zamonaviy xalqaro standartlarni hisobga olgan holda shaharsozlik norma va qoidalarini toʻliq qayta koʻrib chiqish, energiya tejamkor texnologiyalarni faol joriy etishni nazarda tutib, qurilish sohasini innovatsion rivojlantirish dasturini ishlab chiqsin va kiritsin.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Bosh prokuratura bilan birgalikda bir oy muddatda nazorat qiluvchi organlar tomonidan oʻtkazilgan tekshirishlar, monitoring va tadbirkorlik subyektlari faoliyatida aniqlangan huquqbuzarliklarni bartaraf etish boʻyicha koʻrilgan choralar haqidagi zarur axborotlarni doimiy kiritib borishni nazarda tutuvchi maxsus elektron axborot tizimini ishlab chiqsin va joriy qilsin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bir oy muddatda:

Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik subyektlari faoliyatidagi qonunbuzilishlar haqidagi maʼlumotlarni tekshirish tartibini ishlab chiqsin va kiritsin;

Savdo-sanoat palatasi, Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda tadbirkorlik faoliyati sohasida huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida jamoatchilik nazoratining taʼsirchan mexanizmlarini nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqsin hamda belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritsin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi Savdo-sanoat palatasi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda tadbirkorlik faoliyati sohasida huquqbuzarliklarni profilaktika qilish, qonunchilik normalarini yetkazish va tushuntirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi har bir huquqbuzarlik holati boʻyicha aybdor shaxslar javobgarligining muqarrarligi prinsipi soʻzsiz amalga oshirilishini taʼminlagan holda, tadbirkorlik faoliyati sohasida, eng avvalo, tadbirkorlik subyektlari, chet el investorlari va chet el investitsiyasi ishtirokidagi korxonalarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha qonunchilik ijrosi ustidan nazoratni kuchaytirsin.

8. Belgilab qoʻyilsinki:

a) quyidagilar 2023-yil 1-yanvarga qadar muddatga yagona ijtimoiy toʻlovdan tashqari, barcha turdagi soliq va majburiy toʻlovlar toʻlashdan ozod qilinadi:

yuqori texnologiyali tadbirkorlik loyihalar-startaplarni birgalikda moliyalashtirish uchun tashkil qilinadigan venchur fondlar;

venchur fondlardan birgalikda moliyalashtiriladigan yuqori texnologiyali loyihalar-startaplar;

ilmiy-tadqiqot muassasalari, innovatsion markazlar, loyiha-konstruktorlik byurolari oʻzlarining yangi texnologiyalarini tadbirkorlarga sotishdan (foydalanishga berishdan) olingan daromadlar boʻyicha;

yangi texnologiyalarni mahalliy tadbirkorlikka transfer qiluvchi tashkilotlar bu faoliyatdan olingan daromadlari boʻyicha;

b) Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi elektron tijorat sohasida maxsus vakolatli davlat organi hisoblanadi.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Davlat dasturida belgilangan muddatlarda:

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda tuman (shahar) davlat xizmatlari markazlari — “Xalq qabulxonalari” zamonaviy binolarining tasdiqlangan namunaviy loyihalarga muvofiq qurilishi va jihozlanishini taʼminlasin;

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda elektron navbat va davlat xizmatini koʻrsatishning borishini masofadan videokuzatish tizimlarini joriy etish, olis aholi punktlarida mobil davlat xizmatlari markazlarini tashkil qilish, shuningdek, mobil aloqa vositalari orqali davlat xizmatlari koʻrsatishni taʼminlasin.

10. Vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yoxud turgan joyi boʻyicha hisobda turmagan fuqarolarni ishga qabul qilishga boʻlgan taqiq, shuningdek, vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yoxud turgan joyi boʻyicha hisobda turmasdan yashab turgan fuqarolarni ishga qabul qilganlik uchun ish beruvchining javobgarligi bekor qilinsin.

11. Harakatlar strategiyasida nazarda tutilgan Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini amalga oshirish boʻyicha komissiyalar Davlat dasturiga kiritilgan tadbirlarning toʻliq, oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi ustidan taʼsirchan nazoratni, shuningdek, Harakatlar strategiyasining amalga oshirilishi toʻgʻrisidagi umumlashtirilgan axborotning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devoniga har chorakda taqdim etilishini taʼminlasin.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda boshqa tashkilotlarning Davlat dasturida nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha faoliyatini muvofiqlashtirib borishni taʼminlasin.

12. Davlat dasturida nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish uchun masʼul davlat organlari va tashkilotlar:

eng avvalo zamonaviy ishlab chiqarishni joriy etishga moʻljallangan innovatsion gʻoyalar hamda texnologiyalarni, faol tadbirkorlikni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirishga;

hududlar ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatining barqaror oʻsishi va aholining hayot darajasi hamda farovonligini oshirishga koʻmaklashuvchi fan va innovatsion faoliyatni jadal rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga;

ilgʻor fikrlaydigan, tashabbuskor va masʼuliyatli xodimlar hamda fuqarolarni har tomonlama amaliy qoʻllab-quvvatlashga;

“Har bir davlat xizmatchisi har kuni oʻzining mehnati bilan egallab turgan lavozimiga loyiqligini isbotlashi shart” degan qoidani roʻyobga chiqarishga alohida eʼtibor qaratsin.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Innovatsion rivojlanish vazirligi “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bilan birgalikda:

Davlat dasturi amalga oshirilishining borishi tizimli monitoring qilinishini hamda u oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi uchun qoʻshimcha chora-tadbirlarni koʻrish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqilishini;

Davlat dasturi amalga oshirilishi haqidagi maʼlumotlarning har oy umumlashtirilishini hamda uning yakunlari aniq koʻrsatkichlar va erishilgan ijobiy oʻzgarishlar koʻrsatilgan holda oʻzlarining veb-saytlarida joylashtirilishini;

monitoring natijalari haqida har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devoniga axborot kiritilishini;

Davlat dasturi amalga oshirilishining yakunlariga bagʻishlangan axborot-tahliliy obzorlarning chet tillarda tayyorlanishi, nashr etilishi va keng tarqatilishini taʼminlasin.

14. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligi Oʻzbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi bilan oʻzaro yaqin hamkorlikda:

mazkur Farmonning maqsad va vazifalarini ommaviy axborot vositalari va Internet tarmogʻida keng tushuntirilishini;

Davlat dasturi amalga oshirilishining borishi haqidagi xolis, toʻliq maʼlumotning keng jamoatchilikka tezkorlik bilan yetkazilishini taʼminlasin.

15. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi:

ushbu Farmonning mazmun va mohiyatini, shuningdek, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga qaratilgan zarur maʼlumotlarning xalqaro jamoatchilikka tizimli yetkazilishini;

Davlat dasturini amalga oshirish uchun masʼul davlat organlari va tashkilotlariga ilgʻor xorijiy tajribani oʻrganishda har tomonlama koʻmaklashishni taʼminlasin.

16. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Bosh prokuratura va boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

17. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining davlat maslahatchilari va Oʻzbekiston Respublikasining Bosh prokurori I.B. Abdullayev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2018-yil 22-yanvar,

PF-5308-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 22-yanvardagi PF-5308-sonli Farmoniga ILOVA

2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid

Izohlar:

Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarning amalga oshirilishi jarayonida ularning moliyalashtirish manbalariga aniqlik kiritilishi mumkin.

Davlat budjeti mablagʻlari deganda markazlashgan investitsiyalar, vazirlik, idora va tashkilotlarning xarajatlar smetasida nazarda tutilgan budjet mablagʻlari tushuniladi.

Tegishli komissiya bilan kelishilgan holda, Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish uchun qabul qilinadigan hujjatlar shakli zaruratga qarab oʻzgartirilishi, boshqa bandlardagi hujjatlar bilan birlashtirilishi yoki bir necha turdagi hujjatlarga boʻlinishi mumkin.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish jarayonida mutasaddi vazirlik va idoralarning takliflari asosida Dasturda belgilangan tadbirlarning mazmuniga mos keladigan boshqa masalalar ham nazarda tutiladi.

(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 23-iyuldagi PF-106-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.08.2024-y., 06/24/106/0571-son)

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.