Oxirgi bir yarim yil davomida farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish, dori vositalari va tibbiy buyumlarning arzonligi va erkin muomalasini taʼminlashga qaratilgan oʻndan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.
Farmatsevtika tarmogʻining davlat boshqaruvi tizimi qayta koʻrib chiqildi, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzurida Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi tashkil etildi.
“Nukus-farm”, “Zomin-farm”, “Kosonsoy-farm”, “Sirdaryo-farm”, “Boysun-farm”, “Boʻstonliq-farm” va “Parkent-farm” erkin iqtisodiy zonalari tashkil etilib, ularning hududida 41,7 million AQSH dollari miqdoridagi beshta loyiha amalga oshirilmoqda.
Mamlakatda ijtimoiy dorixonalarni tashkil etish choralari koʻrilmoqda. Jumladan, Surxondaryo viloyatida davlat-xususiy sheriklik shartlarida 75 ta ijtimoiy dorixonalarni qurish va joylashtirish boʻyicha ishlar boshlangan.
Shu bilan birga, oʻrganishlar qabul qilingan qonun hujjatlarini oʻz vaqtida, sifatli va toʻliq ijro etish boʻyicha yetarli choralar koʻrilmayotganligini, masʼul organlar rahbarlarida yuklatilgan vazifalarni bajarishda tashabbuskorlik yoʻqligini koʻrsatdi. Xususan:
birinchidan, erkin iqtisodiy zonalar direksiyalarini shakllantirish taʼminlanmagan, ular faoliyatini moliyalashtirishning aniq manbalari va mexanizmlari belgilanmagan, ishlab chiqarish obyektlarini joylashtirish uchun yer uchastkalarini ajratish masalalari hal etilmagan;
ikkinchidan, erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari maʼmuriy kengashlarining faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Respublika kengashi tomonidan erkin iqtisodiy zonalarning ishini samarali tashkil qilish va investitsiyalarni jalb etish boʻyicha yetarli choralar koʻrilmayapti;
uchinchidan, erkin iqtisodiy zonalarning rivojlangan transport, yoʻl va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi mavjud emasligi ularning hududida yuqori sifatli farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish quvvatlarini yoʻlga qoʻyish imkonini bermayapti, zonalarning bosh rejalarini ishlab chiqish joylardagi haqiqiy holatni va investorlarda yuzaga kelayotgan muammolarni eʼtiborga olmagan holda amalga oshirilmoqda;
toʻrtinchidan, davlat-xususiy sheriklik shartlarida ijtimoiy dorixonalarni tashkil etish va faoliyat yuritishining huquqiy tartibi belgilanmagan, ularning joylashuvi tasdiqlanmagan, bu esa Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligiga shunday dorixonalar faoliyatini tashkil etish boʻyicha yuklatilgan vazifalarning oʻz vaqtida bajarilmasligiga olib kelgan;
beshinchidan, dorixonalarda ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiy buyumlarning harakatini hisobga olish, shuningdek, dorixonalarning joylashuvi, dori vositalarining assortimenti va narxi haqida aholini xabardor qilish boʻyicha zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilish jarayoni past surʼatlarda bormoqda;
oltinchidan, farmatsevtika tarmogʻi muassasalarining ilmiy-tadqiqot faoliyati zamonaviy talablarga javob bermaydi, malakali mutaxassislarni tayyorlash masalalariga yetarli eʼtibor qaratilmayapti;
yettinchidan, mavjud ilmiy ishlanmalarni amaliyotda sinovdan oʻtkazishning samarali tizimi mavjud emas, ularni ishlab chiqarishga joriy etish, dori vositalari va tibbiy buyumlarni ishlab chiqish sohasida yangi innovatsion loyihalarni amalga oshirish boʻyicha yetarli choralar koʻrilmayapti.
Mazkur holatlar farmatsevtika tarmogʻini tubdan isloh qilish boʻyicha koʻrilayotgan choralarning sustlashishiga olib kelmoqda, aholi va tibbiyot muassasalarini arzon dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan taʼminlashga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Farmatsevtika tarmogʻini jadal rivojlantirish, mavjud muammolarni oʻz vaqtida hal qilish va investitsiyalarni jalb etish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish boʻyicha vazifalarning samarali amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida:
1. Erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari maʼmuriy kengashlarining faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Respublika kengashi, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Tashqi savdo vazirligi, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish sohasidagi ishlarni tashkil etish borasidagi faoliyati qoniqarsiz deb topilsin.
Ishda jiddiy kamchiliklarga yoʻl qoʻyganligi va lozim darajadagi tashabbuskorlik yoʻqligi sababli Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmavsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi direktori Z.A. Dusanov va mazkur agentlik direktorining birinchi oʻrinbosari M.M. Dusmuratov egallab turgan lavozimidan ozod etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Farmatsevtika tarmogʻini jadal rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlarni taʼminlash boʻyicha “Yoʻl xaritasi” 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Belgilab qoʻyilsinki, vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar rahbarlari “Yoʻl xaritasi”ning oʻz vaqtida, sifatli va toʻliq amalga oshirilishi uchun shaxsan javobgar hisoblanadi.
3. “Nukus-farm”, “Zomin-farm”, “Kosonsoy-farm”, “Sirdaryo-farm”, “Boysun-farm”, “Boʻstonliq-farm” va “Parkent-farm” erkin iqtisodiy zonalaridagi haqiqiy vaziyatni oʻrganish va mavjud muammolarni hal etish boʻyicha ishchi guruhlar 2-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin.
Ishchi guruhlar tomonidan ikki oy muddatda:
erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini tashkil etish uchun ajratilgan yer uchastkalarining belgilangan talablarga muvofiqligi, transport, muhandislik-kommunikatsiya va ishlab chiqarish infratuzilmasini yaratish imkoniyatlari mavjudligi nuqtai nazaridan oʻrganilishini;
erkin iqtisodiy zonalar bosh rejalarining joylardagi haqiqiy vaziyatni va ularni amalda ijro etish imkoniyatini hisobga olgan holda qayta koʻrib chiqilishini;
erkin iqtisodiy zonalar hududida investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun potensial investorlarni jalb etish choralarini koʻrishni taʼminlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (Q.V. Akmalov) ikki oy muddatda ishchi guruhlar faoliyatining yakunlari boʻyicha quyidagilarni ishlab chiqsin va tasdiqlasin:
Dorivor oʻsimliklarning plantatsiyalarini tashkil etish boʻyicha tadbirlar dasturi;
Tayyor dori vositalari va tibbiy buyumlar, yordamchi va oʻrash-joylash materiallarini ishlab chiqarish boʻyicha erkin iqtisodiy zonalar hududida amalga oshirilishi rejalashtirilgan investitsiya loyihalari roʻyxati.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi avtomobil yoʻllari davlat qoʻmitasi, “Oʻzbekenergo” AJ, “Oʻztransgaz” AJ, “Oʻzbektelekom” AK boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda erkin iqtisodiy zonalarning bosh rejalari tasdiqlangandan keyin bir oy muddatda erkin iqtisodiy zonalarning transport, muhandislik-kommunikatsiya va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha loyihalarning loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilishini taʼminlasin.
6. Har bir erkin iqtisodiy zonaga Qoraqalpogʻiston Respublikasi va tegishli viloyatlar prokurorlari biriktirilib, ularning mazkur sohadagi asosiy vazifalari sifatida quyidagilar belgilansin:
erkin iqtisodiy zonalar bosh rejalarining oʻz vaqtida ishlab chiqilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
loyihalar tashabbuskorlariga loyiha-smeta hujjatlarini oʻz vaqtida ishlab chiqishda yordam koʻrsatish;
yangi tashkil etilayotgan quvvatlarni transport, muhandislik-kommunikatsiya va ishlab chiqarish infratuzilmasi bilan taʼminlash hamda ularning suv, gaz va elektr taʼminotiga ulanishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
loyihalar tashabbuskorlariga ruxsat beruvchi va boshqa hujjatlarni olishda, shuningdek, investitsiya loyihalarini amalga oshirish jarayonida yuzaga keladigan masalalarni hal etishda har tomonlama koʻmaklashish;
loyihalar tashabbuskorlariga loyihalarni oʻz vaqtida amalga oshirishda toʻsqinlik qilayotgan, ortiqcha byurokratik toʻsiqlarni yaratayotgan davlat organlari va boshqa tashkilotlarning mansabdor shaxslariga nisbatan qatʼiy choralar koʻrish.
Belgilansinki, viloyat miqyosidagi masʼul davlat organlari va tashkilotlar har oyda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va tegishli viloyatlar prokurorlariga erkin iqtisodiy zonalarda amalga oshirilayotgan ishlarning borishi haqida hisobot taqdim etadi.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi:
ikki kun muddatda tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari, koʻp tarmoqli, shahar va qishloq oilaviy poliklinikalari, shuningdek, qishloq vrachlik punktlarida ijtimoiy dorixonalarni joylashtirish imkoniyatlarini joylarga chiqqan holda oʻrganish uchun ishchi guruhlarni tashkil etsin;
oʻtkazilgan oʻrganishni inobatga olgan holda, 2018-yil 1-aprelga qadar muddatda ijtimoiy dorixonalarning joylashuvini tasdiqlasin;
bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Ijtimoiy dorixonalar toʻgʻrisidagi nizom loyihasini kiritsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi va Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi bilan birgalikda 2018-yil 1-iyunga qadar muddatda 2018 — 2022-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlashni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda:
a) 2018-yil 1-dekabrga qadar muddatda quyidagi imkoniyatlarni taqdim etadigan Internet tarmogʻida axborot portalini, shuningdek, mobil ilovalarni yaratsin:
asosiy axborot indikatori sifatida litsenziya mavjudligini aks ettirgan holda dorixonalarning joylashuvini aniqlash;
dori vositalari va tibbiy buyumlarni, zarur hollarda sotib olingan dori vositalari va tibbiy buyumlarni tegishli dorixonalar tomonidan aholiga yetkazib berishni taʼminlagan holda real vaqt rejimida sotib olish;
b) 2018-yil 1-mayga qadar muddatda Oʻzbekiston Respublikasida dori vositalari va tibbiy buyumlarni hisobga olish va hisobot jarayonini avtomatlashtirish, shuningdek, ular haqidagi zarur axborotni taqdim qilgan holda dori vositalari va tibbiy buyumlarni identifikatsiya qilish imkonini beruvchi maxsus markirovka tizimini joriy etish mumkinligi masalasini oʻrgansin;
v) 2018-yil 1-aprelga qadar muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga davlat tibbiyot muassasalari va ijtimoiy dorixonalarda dori vositalari va tibbiy buyumlarning hisobini olib borishning, shu jumladan budjet mablagʻlari maqsadsiz sarflanishini tezkor aniqlash va suiisteʼmolchilik holatlarining oldini olish imkonini beruvchi avtomatlashtirilgan tizimni yaratish boʻyicha takliflar kiritsin.
9. Aholini dori vositalari bilan taʼminlashdagi muammolarni oʻrganish va bartaraf etish boʻyicha jamoatchilik komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — Komissiya) tarkibi va hududlarda har haftalik uchrashuvlarni tashkil etish grafigi 3 va 4-ilovalarga muvofiq maʼqullansin.
Komissiya (K.M. Rafikov):
har 10 kunda hududlarga borish va joylarda uchrashuvlar oʻtkazish orqali dori vositalari bilan taʼminlashda aholining eng muhim muammolari hal etilishi ustidan taʼsirchan jamoatchilik nazoratini tashkil qilsin;
farmatsevtika tarmogʻida koʻrilayotgan chora-tadbirlarning samaradorligi va manzilli boʻlishi, ularning mazkur sohadagi ishlar holatini yaxshilashga real taʼsir koʻrsatishi masalalari boʻyicha fuqarolarning fikr, mulohaza va tavsiyalarini oʻrganish orqali aholi bilan aks aloqani taʼminlasin;
fuqarolarni, ayniqsa, ijtimoiy ehtiyojmand va borish qiyin boʻlgan hududlarda yashaydigan fuqarolarni ijtimoiy ahamiyatga ega va arzon dori vositalari bilan taʼminlash boʻyicha ishlarning haqiqiy holatini puxta oʻrgansin;
aholini dori vositalari bilan taʼminlash va uning aholi yashash joylarida yetarliligi, shuningdek, ijtimoiy dorixonalarning faoliyatini tashkil etish boʻyicha mavjud infratuzilmani tanqidiy oʻrgansin;
dori vositalari narxining oshishiga va boshqa huquqbuzarliklarning sodir etilishiga imkon beruvchi sabab va shart-sharoitlarni aniqlasin, aniqlangan muammolarni bartaraf etish, aholini dori vositalari bilan oʻz vaqtida taʼminlash boʻyicha prokuratura organlari bilan birgalikda tezkor choralar koʻrsin;
mazkur qaror ijro etilishi jarayonini muntazam oʻrgansin, ushbu masala boʻyicha masʼul davlat organlari rahbarlarining hisobotini eshitsin, yuklatilgan vazifalar ijrosining buzilishi holatlari va sabablarini aniqlasin hamda huquqbuzarlik holatlari haqida prokuratura organlarini oʻz vaqtida xabardor etsin;
kreditlar berish, yer uchastkalari ajratish, tegishli litsenziya va ruxsatnomalar olish, infratuzilmaga ulanishda mavjud muammolarni tezkor hal etish maqsadida tadbirkorlik subyektlari va potensial chet el investorlari bilan uchrashuvlar oʻtkazsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va “Oʻzavtosanoat” AJ bilan birgalikda olis joylarda yashovchi aholiga, eng avvalo, ijtimoiy ahamiyatga ega va eng zarur dori vositalarini sotishni taʼminlaydigan “Damas” avtomashinalarida koʻchma dorixonalarni tashkil etish choralarini koʻrsin;
ommaviy axborot vositalari, shu jumladan televideniyada amalga oshirilayotgan ishlarning borishi va natijalari muntazam yoritilishini tashkil etsin;
oʻtkazilgan har bir joyiga chiqib oʻrganish va uchrashuvlar yakuni boʻyicha amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritsin.
(9-bandning oʻn ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 1-fevraldagi PF-5650-sonli Farmoni tahririda)
10. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ Komissiya faoliyati doirasida uning raisi talabnomasi boʻyicha har yili mahalliy qatnovdagi poyezdlarning barcha turlariga temir yoʻl chiptalari zaxira qilib qoʻyilishini va bepul rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
11. Respublikada yaratiladigan va ishlab chiqariladigan ustuvor dori vositalari va tibbiy buyumlar roʻyxatini aniqlash boʻyicha ishchi komissiya 5-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin.
Ishchi komissiya uch oy muddatda:
farmatsevtika bozorini oʻrganishni hamda tashxis qoʻyish va davolash standartlarini hisobga olgan holda sogʻliqni saqlash uchun ustuvor boʻlgan dori vositalari va tibbiy buyumlar roʻyxatini aniqlashni;
oʻrta muddatli istiqbolda joriy etish uchun istiqbolli dori vositalari va tibbiy buyumlarning mahalliy ishlanmalarini aniqlashni;
ehtiyoj uchun zarurligi, ijtimoiy ahamiyati, ishlab chiqarishga joriy etishning maqsadga muvofiqligi va mumkinligidan kelib chiqib, dori vositalari va tibbiy buyumlarning toifalarini aniqlashni taʼminlasin.
12. Innovatsion rivojlanish vazirligi Bosh prokuratura va Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda Oʻzbek kimyo-farmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti, Toshkent vaksina va zardoblar ilmiy-tadqiqot instituti, “Sharq tabobati” ilmiy-tadqiqot institutining faoliyatini tanqidiy oʻrgansin hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga mazkur sohadagi faoliyatni takomillashtirish boʻyicha, shu jumladan dori vositalari va tibbiy buyumlarning oʻquv-ilmiy laboratoriyasi va tajriba-ishlab chiqarish majmuasini tashkil etishni nazarda tutgan holda takliflar kiritsin.
13. Moliya vazirligi Sogʻliqni saqlash vazirligi va Davlat bojxona qoʻmitasi bilan birgalikda 2018-yil 1-aprelga qadar muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga dori vositalari va tibbiy buyumlarni ishlab chiqarish uchun xom ashyoni import qilishda qoʻshimcha qiymat soligʻi boʻyicha imtiyozni qoʻllash mexanizmini soddalashtirish yuzasidan takliflar kiritsin, bunda tasdiqlangan roʻyxat asosida imtiyoz qoʻllash tartibi istisno qilinib, dori vositalari va tibbiy buyumlarni tayyorlash uchun olib kiriladigan, respublikada ishlab chiqariladigan xom ashyo va substansiyalarga qoʻshimcha qiymat soligʻi boʻyicha imtiyozlar qoʻllanilmasligi nazarda tutilsin.
Sogʻliqni saqlash vazirligi ikki hafta muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga dori vositalari va tibbiy buyumlar tayyorlash uchun respublikada ishlab chiqariladigan xom ashyo va substansiyalar roʻyxatini taqdim etsin.
14. Bosh prokuratura (O.B. Murodov), Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar, fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash va sport masalalari boʻyicha maslahatchisi boʻlinmalari (A.A. Abduvoxitov), islohotlarni huquqiy taʼminlash va huquqni muhofaza qilish faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari boʻyicha maslahatchisi boʻlinmalari (B.M. Mavlonov), Hisob palatasi (M.M. Ikramov) va Vazirlar Mahkamasi (A.A. Abduhakimov).
(14-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 1-fevraldagi PF-5650-sonli Farmoni tahririda)
har chorakda grafiklarni tasdiqlasin va ular asosida ishchi guruhlar, masʼul vazirliklar va idoralar vakillari, farmatsevtika korxonalari va boshqa tashkilotlar, shuningdek, investorlar ishtirokida “Yoʻl xaritasi” va mazkur qarorda belgilangan boshqa vazifalarning bajarilishi jarayoni har hafta muhokama qilinishini tashkil etsin;
muhokama yakunlari boʻyicha yuklatilgan vazifalar ijrosining buzilishiga yoʻl qoʻygan mansabdor shaxslarga nisbatan qatʼiy javobgarlik choralarini qoʻllasin.
15. Sogʻliqni saqlash vazirligi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
16. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Q.V. Akmalov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisi R.S. Kasimov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori O.B. Murodov va Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi K.M. Rafikov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 14-fevral,
PQ-3532-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 14-fevraldagi PQ-3532-son qaroriga1-ILOVA
Farmatsevtika tarmogʻini jadal rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlarni taʼminlash boʻyicha
Izoh: normativ-huquqiy hujjatlar tegishli huquqiy munosabatlarni tartibga solish predmeti va sohasidan kelib chiqqan holda qayta koʻrib chiqilishi yoki yagona hujjatga birlashtirilishi mumkin.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 7-oktabrdagi PF-6320-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.10.2021-y., 06/21/6320/0940-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 14-fevraldagi PQ-3532-son qaroriga2-ILOVA
“Nukus-farm”, “Zomin-farm”, “Kosonsoy-farm”, “Sirdaryo-farm”, “Boysun-farm”, “Boʻstonliq-farm” va “Parkent-farm” erkin iqtisodiy zonalaridagi haqiqiy vaziyatni oʻrganish va mavjud muammolarni hal etish boʻyicha ishchi guruhlar
Izoh: ishchi guruhlar aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, ularning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 14-fevraldagi PQ-3532-son qaroriga3-ILOVA
Aholini dori vositalari bilan taʼminlashdagi muammolarni oʻrganish va bartaraf etish boʻyicha jamoatchilik komissiyasi
Izoh: Komissiya aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 17-martdagi PF-6188-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.03.2021-y., 06/21/6188/0216-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 14-fevraldagi PQ-3532-son qaroriga4-ILOVA
Aholini dori vositalari bilan taʼminlashdagi muammolarni oʻrganish va bartaraf etish boʻyicha jamoatchilik komissiyasining hududlarda har haftalik uchrashuvlarini tashkil etish
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 14-fevraldagi PQ-3532-son qaroriga5-ILOVA
Respublikada yaratiladigan va ishlab chiqariladigan ustuvor dori vositalari va tibbiy buyumlar roʻyxatini aniqlash boʻyicha ishchi komissiya
Izoh: Ishchi komissiya aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar uning tarkibiga kiritiladi.