PQ-3775-son Qaror · 05.06.2018

Oliy taʼlim muassasalarida taʼlim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-3775
  • Qabul qilingan sana:05.06.2018
  • Kuchga kirgan sana:06.06.2018
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/18/3775/1313

Keyingi yillarda mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning ustuvor yoʻnalishlariga hamda xalqaro standartlar talablariga mos keladigan oliy taʼlim tizimini yaratish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Hududlarda yangi oliy taʼlim muassasalarining tashkil etilishi, kadrlar tayyorlashning zamonaviy taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklari hamda sirtqi va kechki boʻlimlarning ochilishi, oliy taʼlim muassasalariga qabul kvotalarining oshirilishi mazkur yoʻnalishdagi muhim islohotlar hisoblanadi.

Shu bilan birga oliy taʼlim muassasalarida taʼlim sifatini oshirishga, respublikada amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, ijtimoiy va iqtisodiy sohalardagi yangilanishlarda ushbu muassasalarning faol ishtirokini taʼminlashga toʻsiq boʻlayotgan bir qator muammolar saqlanib qolmoqda, xususan:

birinchidan, oliy taʼlim tizimida oʻqitishni tashkil etish jarayoni, taʼlim olayotgan talabalar bilimini baholash tizimi bugungi kun talablariga javob bermayapti;

ikkinchidan, professor-oʻqituvchilarning faoliyatini, bilimini va pedagogik koʻnikmasini baholashning zamonaviy tizimi mavjud emasligi taʼlim sifatiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda;

uchinchidan, oliy taʼlim muassasalariga kirish test savollari abituriyentning mantiqiy fikrlash qobiliyatini aniqlash imkonini bermayotganligi iqtidorli yoshlarni oliy taʼlim muassasalariga qabul qilishda muammolar keltirib chiqarmoqda;

toʻrtinchidan, oliy taʼlim muassasalaridagi taʼlim jarayoni ustidan samarali jamoatchilik nazoratining oʻrnatilmaganligi ushbu sohada koʻplab muammolarning, eng avvalo, korrupsiya holatlarining saqlanib qolishiga sabab boʻlmoqda;

beshinchidan, oliy taʼlim muassasalarining mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli va tizimli oʻzgarishlardagi ishtiroki hamda tashabbuskorligi sezilmayapti, ularning ushbu yoʻnalishdagi faoliyati hanuzgacha qoniqarsiz boʻlib qolmoqda;

oltinchidan, respublikamizda olib borilayotgan tub islohotlarning mazmuni va mohiyatini ommaviy axborot vositalari orqali xalqimizga, keng jamoatchilikka tushuntirishda oliy taʼlim muassasalarining faol ishtiroki yoʻlga qoʻyilmagan;

yettinchidan, oliy taʼlim muassasalari innovatsion va texnologik gʻoyalar bilan fikr almashadigan muloqot markazlariga aylanmagan, tegishli sohalarda mavjud muammo va kamchiliklarni tizimli oʻrganish, tahlil qilish va ularning yechimi boʻyicha taklif kiritish borasida professor-oʻqituvchilar, yosh olimlar va talabalarning tashabbus koʻrsatishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmagan.

Oliy taʼlim muassasalarida taʼlim sifatini tubdan takomillashtirish, ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini taʼminlash, shuningdek, 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, tasarrufida oliy taʼlim muassasalari mavjud vazirlik va idoralarning 2018/2019 oʻquv yilidan boshlab:

alohida taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha oʻqish muddati kamida uch yil boʻlgan bakalavriat hamda kamida bir yil boʻlgan magistraturani joriy etish, bunda magistraturada mutaxassislar tayyorlashni ishlab chiqarish (amaliy) (kamida bir yil) va ilmiy-pedagogik (kamida ikki yil) yoʻnalishlarga ixtisoslashgan dasturlar asosida tashkil etish;

oliy taʼlim muassasalari bakalavriatiga qabul qilish kvotalaridan tashqari xorijiy fuqarolarni suhbat asosida test sinovlarisiz oʻqishga qabul qilish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, tasarrufida oliy taʼlim muassasalari mavjud vazirlik va idoralarning viza talabnomalariga asosan oʻqishga kirish istagini bildirgan xorijiy fuqarolarning kirish vizalarini oʻrnatilgan tartibda konsullik va boshqa toʻlovlarni undirmagan holda rasmiylashtirsin.

3. 2018/2019 oʻquv yilidan boshlab tayanch (yetakchi) oliy taʼlim muassasalari tomonidan tegishli taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklari boʻyicha oʻquv rejalari va dasturlarini kadrlar buyurtmachilarining ehtiyojlaridan kelib chiqib, mustaqil ravishda ishlab chiqish hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlash tartibi joriy etilsin.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tasarrufida oliy taʼlim muassasalari mavjud vazirlik va idoralar bilan birgalikda:

a) ikki oy muddatda Oliy taʼlim muassasalarida talabalar bilimini nazorat qilish va baholash tizimi toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin, bunda asosiy eʼtiborni:

baholash tizimi va mezonlarini uzluksiz taʼlim tizimining bosqichlariga muvofiqlashtirishga;

taʼlim yoʻnalishlarining oʻziga xos jihatlarini inobatga olgan holda talabalar bilimini baholashning zamonaviy, shaffof va adolatli (avtomatlashtirilgan, portfolio, test sinovlari, ijodiy ish, antiplagiat va h.k.) usullarini, shu jumladan muayyan fandan dars bergan pedagogning yakuniy nazorat jarayonlaridagi ishtirokini istisno etadigan tizimni joriy etishga;

semestr yakuni boʻyicha akademik qarzdor talabaning qayta topshirishi mumkin boʻlgan fanlar sonini belgilashga va ularni topshirish muddatini oʻzgartirishga qaratsin;

b) 2018-yil 1-dekabrgacha boʻlgan muddatda oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilarini yakuniy davlat attestatsiyasidan oʻtkazish tartibini yanada takomillashtirish yuzasidan tegishli normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin;

v) 2019-yil 1-martgacha boʻlgan muddatda 2019/2020 oʻquv yilidan boshlab oliy taʼlim muassasalarida “talabaning oʻzlashtirish darajasi — professor-oʻqituvchilar faoliyatini baholashning asosiy mezoni” tamoyilini joriy qilishning aniq mexanizmlarini belgilash boʻyicha tegishli chora-tadbirlar koʻrsin. Bunda ushbu tamoyil talablariga javob bermaydigan professor-oʻqituvchilar bilan mehnat shartnomasini bekor qilishgacha boʻlgan choralar koʻrish belgilansin;

g) 2018/2019 oʻquv yilidan boshlab oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilarining vaqtini oʻquv jarayoniga xos boʻlmagan ishlarga sarflashning oldini olish hamda ularni talabalar bilan koʻproq ishlashga yoʻnaltirish, shu jumladan “ustoz — shogird” tizimini joriy etish maqsadida oʻquv yuklamalarini hisobga olgan holda professor-oʻqituvchilar “vaqt meʼyorlari”ning yangi mexanizmlarini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin.

5. Oliy taʼlim muassasalarining professor-oʻqituvchilarini ularning vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari bilan bogʻliq boʻlmagan yigʻilishlarga va boshqa tadbirlarga jalb etish taqiqlansin.

Davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari, barcha darajadagi hokimlar mazkur talabni buzganligi uchun egallab turgan lavozimidan ozod etishgacha boʻlgan shaxsiy javobgarligi toʻgʻrisida qatʼiy ogohlantirilsin.

6. Barcha oliy taʼlim muassasalarida samarali jamoatchilik nazoratini joriy etish maqsadida talabalar, ota-onalar, Yoshlar ittifoqining oliy taʼlim muassasalaridagi faollari, kadrlar buyurtmachilari, professor-oʻqituvchilar hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillaridan iborat tarkibda jamoatchilik kengashlari tashkil etilsin.

Quyidagilar jamoatchilik kengashlarining asosiy vazifalari etib belgilansin:

taʼlim sifati, professor-oʻqituvchilarning bilimi va pedagogik mahorati, talabalarga yaratilgan shart-sharoitlar ustidan tizimli ravishda monitoring oʻrnatish;

oliy taʼlim muassasalariga professor-oʻqituvchilar tarkibiga ishga qabul qilinayotgan nomzodlar boʻyicha tavsiyalar berish;

talabalarning murojaatlarini koʻrib chiqish, ularning pedagog kadrlar haqidagi fikrini toʻliq oʻrganish maqsadida ijtimoiy soʻrovlar oʻtkazish;

oliy taʼlim muassasasidagi taʼlim jarayonini takomillashtirish boʻyicha takliflar tayyorlash va muassasaning tegishli kengashi muhokamasiga kiritish.

Jamoatchilik kengashi faoliyatini tashkiliy jihatdan taʼminlash Yoshlar ittifoqining oliy taʼlim muassasasidagi yetakchisi tomonidan amalga oshirilishi belgilab qoʻyilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tasarrufida oliy taʼlim muassasalari mavjud vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda Oliy taʼlim muassasalari huzuridagi jamoatchilik kengashlari faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi namunaviy nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

7. Belgilansinki, 2018-yil 1-sentabrdan boshlab:

oliy taʼlim muassasalariga professor-oʻqituvchilar tarkibiga ishga qabul qilish tegishli kafedraning kengaytirilgan ochiq majlisida pedagog kadrlar va jamoatchilik kengashining aʼzolari ishtirokida sinov darsi oʻtkazish natijalari boʻyicha ushbu majlisning tavsiyasiga koʻra amalga oshiriladi;

Oʻzbekiston va xorijiy oliy taʼlim muassasalarining oʻzaro kelishuvi hamda qoʻshma taʼlim dasturlari asosida talabalarni oʻqitishni tashkil etish va ikki tomonlama tan olinadigan diplom berish amaliyoti joriy etiladi.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi bilan birgalikda 2019-yil 1-yanvargacha boʻlgan muddatda:

oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlaridagi test savollarini tayyorlash uslublarini ilgʻor xorijiy tajriba asosida qayta koʻrib chiqsin hamda ularni takomillashtirish boʻyicha takliflarni belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

ilgʻor xalqaro imtihon tizimlari (TOEFL, IELTS, CEFR, SAT General, SAT Subject va hokazo) sertifikatlariga ega boʻlgan abituriyentlarga tegishli fanlardan belgilangan eng yuqori ball berish va ushbu fanlar test sinovidan ozod qilish tartibini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, tasarrufida oliy taʼlim muassasalari mavjud vazirlik va idoralar zimmasiga quyidagi qoʻshimcha vazifalar yuklatilsin:

mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda oliy taʼlim muassasalarining ishtiroki hamda tashabbuskorligini oshirish boʻyicha tizimli ishlarni tashkil etish;

davlat va jamiyat hayotida yuz berayotgan oʻzgarishlar hamda amalga oshirilayotgan tub islohotlarning mazmuni va mohiyati oliy taʼlim muassasalari tomonidan televideniye va boshqa ommaviy axborot vositalari orqali keng aholi eʼtiboriga yetkazilishini taʼminlash;

hududlarni, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohalarni jadal rivojlantirishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar va dasturlar loyihalarining keng muhokamasida oliy taʼlim muassasalarining faol ishtirokini taʼminlash;

innovatsion va texnologik gʻoyalarni har tomonlama rivojlantirish hamda qoʻllab-quvvatlash uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, professor-oʻqituvchilar, yosh olimlar va talabalarning innovatsion texnologiyalarni yaratish borasidagi tashabbuskorligini oshirish yuzasidan aniq choralar koʻrish;

iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohalar tashkilotlari rahbarlari, yetakchi mutaxassislari, faol tadbirkorlar bilan dolzarb masalalarda seminar va davra suhbatlarini doimiy ravishda oʻtkazib borish, ularning faoliyatida yuzaga kelayotgan muammolarning yechimiga qaratilgan ilmiy-amaliy izlanishlarni olib borish;

oliy taʼlim muassasalari rahbariyatining mamlakatni isloh qilish jarayonida faol ishtirok etish borasidagi masʼuliyatini oshirish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar belgilash, har bir rektor va prorektor uchun ushbu yoʻnalishda alohida “yoʻl xaritalari” ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini taʼminlash, ularning ijrosini nazorat qilish.

10. Belgilab qoʻyilsinki:

oliy taʼlim muassasalarining yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha prorektori faoliyatini muvofiqlashtirish vazifasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Ijtimoiy rivojlanish departamentiga yuklanadi;

(10-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-oktabrdagi PF-168-sonli Farmoni tahririda)

Oʻzbekiston Respublikasi oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri, tasarrufida oliy taʼlim muassasalari mavjud vazirlik va idoralar rahbarlari — tegishli oliy taʼlim muassasalari rektorlari va prorektorlarining, innovatsion rivojlanish vaziri — barcha oliy taʼlim muassasalari ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektorlarining faoliyati natijalarini ularning “yoʻl xaritalari”da belgilangan vazifalarning bajarilishi yuzasidan har oyda kamida bir marta tanqidiy muhokama qilib boradi;

Oʻzbekiston Respublikasi oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining, tasarrufida oliy taʼlim muassasalari mavjud vazirlik va idoralar rahbarlarining mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda tegishli oliy taʼlim muassasalarining faol ishtirokini taʼminlash yuzasidan hisobotlari har yili Vazirlar Mahkamasining majlislarida muhokama etiladi;

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi muhokama natijalariga koʻra oliy taʼlim muassasalari rektorlarining egallab turgan lavozimiga loyiqligi yoki noloyiqligi masalasini koʻrib chiqadi;

oliy taʼlim muassasalari rektorlarining faoliyati samaradorligiga baho berishda oʻquv jarayoniga yuqori malakali xorijiy olimlar, oʻqituvchi va mutaxassislarning keng jalb qilinganligi, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasida yetakchi xorijiy oliy taʼlim muassasalarining filiallarini ochishda ularning tashabbuskorligi inobatga olinadi.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda oliy taʼlim muassasalari talabalarini ilmiy faoliyatga yoʻnaltirishga va ularda innovatsion fikrlashni shakllantirishga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin, unda quyidagilar nazarda tutilsin:

yangi gʻoya va tashabbuslarni shakllantirish maqsadida har bir oliy taʼlim muassasasida “Yosh ekspertlar guruhi”ni tashkil etish;

oʻquv mashgʻulotlarini talabalarni innovatsion fikrlashga yoʻnaltiradigan oʻqitish texnologiyalari va interfaol uslublarni joriy etish asosida tashkil etish, asosiy eʼtiborni talabalarning mustaqil taʼlim olishi bilan bogʻliq mexanizmlarni amalga oshirishga qaratish;

har bir oliy taʼlim muassasasida 1-kurs davomida saralab olingan eng iqtidorli talabalar uchun alohida guruhlar tashkil etish (mazkur guruhlardagi talabalar soni oliy taʼlim muassasasi tomonidan belgilanadi), 2-kursdan ularni oʻqitishni alohida oʻquv reja va dasturlar asosida amalga oshirish, ushbu toifadagi talabalarni magistraturaga maqsadli qabul qilish va bu orqali oliy taʼlim muassasalari kafedralari uchun malakali kadrlar tayyorlash tizimini joriy etish.

12. Yosh olim va talabalarga hamda tashabbuskor fuqarolarga mamlakatda innovatsion gʻoya va texnologiyalarni rivojlantirishga qoʻshgan munosib hissasi uchun topshiriladigan “Innovatsion gʻoyalar yetakchisi” koʻkrak nishoni taʼsis etilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda “Innovatsion gʻoyalar yetakchisi” koʻkrak nishoni toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida Hukumat qarori loyihasini belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

13. Oliy taʼlim muassasalarida taʼlim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini taʼminlash boʻyicha “yoʻl xaritasi” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, tasarrufida oliy taʼlim muassasalari mavjud vazirlik va idoralar Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi bilan birgalikda bir oy muddatda mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarning mazmuni va mohiyatini televideniye va boshqa ommaviy axborot vositalarida tushuntirish boʻyicha chiqishlarni tashkil etish yuzasidan har bir oliy taʼlim muassasasining yillik reja-grafigini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

15. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Moliya vazirligining:

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tuzilmasida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan qoʻshimcha 2 ta shtat birligini ajratgan holda Axborot xizmatini tashkil etish;

oliy taʼlim muassasalari tuzilmalarida ularning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan qoʻshimcha 1 tadan shtat birligini ajratgan holda matbuot kotibi lavozimini joriy etish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.

16. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda:

a) oliy taʼlim muassasalarini zamonaviy oʻquv, oʻquv-metodik va ilmiy adabiyotlar, davriy jurnallar bilan taʼminlash, axborot-resurs markazlari fondlarini muntazam ravishda yangilab borishni;

ilgʻor xorijiy oʻquv hamda ilmiy adabiyotlar va jurnallarni xarid qilish ishlariga keng imkoniyatlar yaratish, eng yangi xorijiy adabiyotlarni tarjima qilish va oʻquv jarayoniga joriy etishni nazarda tutadigan Hukumat qarorini qabul qilsin;

b) Oliy taʼlim muassasalari talabalarining malaka amaliyotini oʻtash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlasin.

17. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda:

a) bir oy muddatda quyidagi chora-tadbirlarni ishlab chiqsin va tasdiqlasin:

oliy taʼlim muassasalariga xalqaro ilmiy-texnik maʼlumotlar bazalaridan foydalanishga sharoitlar yaratish, professor-oʻqituvchilarning ilmiy natijalarini xalqaro miqyosda keng nashr etish, respublika yetakchi ilmiy jurnallarining bosqichma-bosqich yuqori impakt-faktorga ega boʻlishini taʼminlash;

oliy taʼlim tizimida boshqaruv jarayonlarini axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida optimallashtirish, mavjud axborot tizimlarini integratsiyalash, tahliliy maʼlumotlar tayyorlashning samarali tizimlarini joriy etish;

b) abituriyentlar hujjatlarini elektron shaklda qabul qilish tizimini bosqichma-bosqich yaratish boʻyicha 2019-yil 1-yanvargacha boʻlgan muddatda chora-tadbirlar ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

18. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

19. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi R.S. Qosimov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori O.B. Murodov hamda Oʻzbekiston Respublikasi oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri I.U. Madjidov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2018-yil 5-iyun,

PQ-3775-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-iyundagi PQ-3775-son qaroriga ILOVA

Oliy taʼlim muassasalarida taʼlim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini taʼminlash boʻyicha

(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 1-fevraldagi PF-5650-sonli Farmoni tahririda)

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.