PQ-3787-son Qaror · 20.06.2018

Protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalarini ishlab chiqarishni rivojlantirish hamda tibbiy-ijtimoiy muassasalarining moddiy-texnika bazasini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-3787
  • Qabul qilingan sana:20.06.2018
  • Kuchga kirgan sana:21.06.2018
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/18/3787/1377

(qarorning nomi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 29-noyabrdagi PF-26-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 06/21/26/1111-son)

Oʻtgan davr mobaynida respublikada yolgʻiz keksalar, pensionerlar, nogironligi boʻlgan shaxslar va imkoniyati cheklangan bolalarga tibbiy-ijtimoiy yordam berishni tashkil etishning taʼsirchan tizimi shakllantirildi.

Faqatgina 2017-yilda 11 ta tibbiy-ijtimoiy muassasalarning moddiy-texnika bazasi mustahkamlandi, 15 ming nafar yolgʻiz keksalar, pensionerlar va nogironligi boʻlgan shaxslar tibbiy-ijtimoiy yordam bilan qamrab olindi, qariyb 21 ming nafar nogironligi boʻlgan shaxslar reabilitatsiya texnik vositalari va protez-ortopediya buyumlari bilan taʼminlandi, 35 ming nafar shaxslar sanatoriyalarda sogʻlomlashtirish kurslaridan oʻtdi, 20 ming nafardan ziyod shaxsga reabilitatsiya xizmatlari koʻrsatildi.

Shu bilan birga, tibbiy-ijtimoiy muassasalarning moddiy-texnika bazasi va infratuzilmasining yetarli darajada rivojlanmaganligi ularga nogironligi boʻlgan shaxslar va aholining boshqa ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini qabul qilishni kengaytirishga, ilgʻor tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya uslublarini joriy qilishga imkon bermayapti.

Protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalarini ishlab chiqarishda qoʻllanilayotgan texnologiyalar jismonan hamda maʼnan eskirgan, ushbu sohada yetarli darajada innovatsion texnologiyalar joriy etilmayapti va ilmiy-tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlash rivojlantirilmayapti.

Aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalariga tibbiy-ijtimoiy yordam koʻrsatish sifati va samaradorligini oshirish, protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalarini ishlab chiqarish texnologiyalarini takomillashtirish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 1-dekabrdagi “Nogironligi boʻlgan shaxslarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5270-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida:

1. Quyidagilar aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalariga tibbiy-ijtimoiy yordam koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirishning asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:

tibbiy-ijtimoiy yordam koʻrsatish va reabilitatsiya choralarining samaradorligi va natijadorligini oshirish, tibbiy-ijtimoiy muassasalarni qurish hamda rekonstruksiya qilishning zamonaviy uslublarini joriy etish orqali aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini qabul qilish boʻyicha ularning imkoniyatlarini kengaytirish;

tibbiy-ijtimoiy muassasalar va oʻquv-mehnat ustaxonalarini zamonaviy diagnostika qilish, davolash, sport uskunalari va texnik vositalar bilan jihozlash;

mahalliy ishlab chiqariladigan protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalarining sifatini yaxshilash hamda ularning turlarini kengaytirish;

protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalarini ishlab chiqarishning yanada rivojlanishini taʼminlaydigan kuchli ilmiy hamda metodologik bazani yaratish;

tibbiy-ijtimoiy yordam koʻrsatish sohasida ilmiy tadqiqotlarni chuqurlashtirish, kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash;

protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalarini ishlab chiqarishning xalqaro standartlarini keng joriy etish.

2. Quyidagilar:

2018 — 2022-yillarda aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalariga tibbiy-ijtimoiy yordam koʻrsatishni yanada chuqurlashtirish va kengaytirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar (keyingi oʻrinlarda Kompleks chora-tadbirlar deb yuritiladi) 1-ilovaga muvofiq;

(2-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 29-noyabrdagi PF-26-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 06/21/26/1111-son)

3. 2021-yil 1-yanvarga qadar muddatga:

korxonalar boʻshayotgan mablagʻlarni zamonaviy uskunalar bilan jihozlash va ularga servis xizmati koʻrsatish, ehtiyot qismlarni xarid qilish, ishlab chiqarish quvvatini oshirish, bino va inshootlarni qurish hamda rekonstruksiya qilishga, shuningdek, korxonaning protezchi mutaxassislarini oʻqitish (tayyorlash, qayta tayyorlash) va malakasini oshirishga maqsadli yoʻnaltirgan holda, protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalarining ishlab chiqarilgan hajmi boʻyicha yagona soliq toʻlovi va davlat maqsadli jamgʻarmalariga majburiy ajratmalardan (yagona ijtimoiy toʻlovdan tashqari);

protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalarini ishlab chiqaruvchi korxonalar hamda Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining tibbiy-ijtimoiy muassasalari belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxatlar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasiga olib kiriladigan butlovchi buyumlar va ehtiyot qismlar, instrumentlar va priborlar, kompyuter hamda diagnostika uskunalari bojxona toʻlovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimidan tashqari) ozod qilinsin.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi Iqtisodiyot vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Moliya vazirligi, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, “Oʻzstandart” agentligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:

mahalliy ishlab chiqariladigan protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalari turlarini kengaytirish va ularning sifatini yaxshilash masalalarini oʻrgansin, shuningdek, loyihalarning keyinchalik respublikada, jumladan erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari hududida amalga oshirilishini taʼminlasin;

Kompleks chora-tadbirlarda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish uchun protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalarini ishlab chiqaruvchi yetakchi xorijiy korxonalarni, chet el investitsiyalarini, xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat jamgʻarmalari va tashkilotlarining grantlari, kreditlari hamda maqsadli mablagʻlarini jalb qilish boʻyicha zarur chora-tadbirlarni koʻrsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Innovatsion rivojlanish vazirligiga mazkur band bilan yuklatilgan vazifalarni bajarishda toʻliq koʻmaklashsin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankiga tijorat banklari va Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan birgalikda protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalarini ishlab chiqaruvchi korxonalarga protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalarini ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalarni zamonaviy uskunalar bilan jihozlash va ularga servis xizmati koʻrsatish, ehtiyot qismlarni xarid qilish, ishlab chiqarish quvvatini oshirish, bino va inshootlarni qurish hamda rekonstruksiya qilish, shuningdek, protezchi mutaxassislarni oʻqitish (tayyorlash, qayta tayyorlash) va ularning malakasini oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasi boʻyicha kredit berish tavsiya etilsin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi Kompleks chora-tadbirlarning oʻz vaqtida ijro etilishi ustidan tanqidiy tahlil va taʼsirchan nazorat olib borilishini taʼminlasin, bunda quyidagi ustuvor vazifalarning bajarilishiga alohida eʼtibor qaratsin:

(6-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 29-noyabrdagi PF-26-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 06/21/26/1111-son)

nogironligi boʻlgan shaxslarni tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish samaradorligi va natijadorligini oshirish, “Muruvvat” va “Saxovat” internat uylari tizimini yanada rivojlantirish;

tibbiy-ijtimoiy muassasalarning aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini qabul qilish boʻyicha imkoniyatlarini kengaytirish;

ishlab chiqarilayotgan protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalarining sifatini yaxshilash va ularning turlarini kengaytirish.

(6-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 29-noyabrdagi PF-26-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 06/21/26/1111-son)

7. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda 2018 — 2022-yillarda aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalariga tibbiy-ijtimoiy yordam koʻrsatishni yanada chuqurlashtirish va kengaytirish boʻyicha hududiy kompleks chora-tadbirlarni ularning ijro muddatlari, masʼul ijrochilari, shuningdek, moliyalashtirish manbalarini aniq koʻrsatgan holda ishlab chiqsin hamda tasdiqlasin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi:

(8-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 29-noyabrdagi PF-26-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 06/21/26/1111-son)

(8-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 29-noyabrdagi PF-26-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 06/21/26/1111-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda protezchi mutaxassislarga boʻlgan ehtiyojni oʻrgansin hamda 2019/2020 oʻquv yilidan boshlab oʻrta maxsus, kasb-hunar va oliy maʼlumotli protezchi mutaxassislarni tayyorlash boʻyicha taklif kiritsin;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ushbu qaror ijrosining borishi toʻgʻrisidagi axborotning har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim etilishini taʼminlasin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Sogʻliqni saqlash vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bilan birgalikda ikki oy muddatda tibbiy-ijtimoiy muassasalarning binolarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash tadbirlarini moliyalashtirishning amaldagi tartibi tanqidiy qayta koʻrib chiqilishini taʼminlasin hamda mazkur sohada ortiqcha tartib-taomillarni chiqarib tashlash, ishlarning shaffofligini taʼminlash va sifatini yanada oshirish boʻyicha aniq takliflarni kiritsin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 28-dekabrdagi “Keksalar va nogironlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-2705-son qarorida:

2-bandining uchinchi xatboshisi chiqarib tashlansin;

6 va 7-bandlari, shuningdek, 2-ilovasi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi R.S. Qosimov, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh prokurori O.B. Murodov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M. Mavlonov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2018-yil 20-iyun,

PQ-3787-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 20-iyundagi PQ-3787-son qaroriga 1-ILOVA

2018 — 2022-yillarda aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalariga tibbiy-ijtimoiy yordam koʻrsatishni yanada chuqurlashtirish va kengaytirish boʻyicha

I. Nogironligi boʻlgan shaxslarning tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiyasi samaradorligi va natijadorligini oshirish hamda “Muruvvat” va “Saxovat” internat-uylari tizimini yanada rivojlantirish

II. Aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini qabul qilish boʻyicha tibbiy-ijtimoiy muassasalarning imkoniyatlarini kengaytirish

III. Ishlab chiqarilayotgan protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalarining sifatini tubdan yaxshilash hamda ularning turlarini kengaytirish

IV. Aholining ehtiyojmand toifalariga tibbiy-ijtimoiy xizmat koʻrsatish sifatini oshirishda qoʻshimcha shart-sharoitlarni yaratishga yoʻnaltirilgan tadbirlarni amalga oshirish

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 29-noyabrdagi PF-26-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 06/21/26/1111-son)

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 29-noyabrdagi PF-26-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 06/21/26/1111-son)

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.