Oʻtgan davrda aholiga koʻrsatilayotgan ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamning hammabopligi va tezkorligini oshirish boʻyicha kompleks ishlar amalga oshirildi, tashxis qoʻyish va davolashning zamonaviy usullari joriy etilmoqda, aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati sezilarli darajada oshdi.
Shu bilan birga, nevrologik kasalliklarga tashxis qoʻyish, ularni profilaktika qilish va davolash, shuningdek, ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamning hammabopligini taʼminlash sohasidagi ayrim muammo va kamchiliklar saqlanib qolmoqda.
Xususan, soʻnggi oʻn yilda oʻlim bilan yakunlanish darajasi yuqoriligi bilan ajralib turadigan ayrim nevrologik kasalliklar bilan xastalanish barqaror ortib bormoqda, reabilitatsiya tadbirlarining darajasi pastligi esa aholi oʻrtasida nogironlikning koʻpayishiga olib kelmoqda.
Profilaktika va davolash ishlarini tashkil etish, nevrologik kasalliklarni erta aniqlash xamda bu yoʻnalishda ilmiy-amaliy tadqiqotlar oʻtkazishni taʼminlaydigan yagona markazlashgan tizim mavjud emas.
Zamon talablariga javob beradigan neyroreabilitatsiya tadbirlari va nevrologik yordam koʻrsatishni takomillashtirish, shuningdek, ixtisoslashtirilgan yordam turlarini kengaytirish, uning sifatini yaxshilash va hammabopligini oshirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va Iqtisodiyot vazirligining Nevrologiya va neyroreabilitatsiya milliy tibbiyot markazini (keyingi oʻrinlarda Markaz deb yuritiladi) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-avgustdagi PQ-254-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.08.2025-y., 07/25/254/0763-son)
2. Quyidagilar Markaz faoliyatining asosiy vazifa va yoʻnalishlari etib belgilansin:
nevrologik kasalliklar profilaktikasi, diagnostikasi va ularni davolashning yagona vertikal tizimini tashkil etish va davlat tibbiyot muassasalarining ixtisoslashtirilgan nevrologiya boʻlimlariga tashkiliy-uslubiy jihatdan rahbarlik qilish;
eksperimental va klinik nevrologiya sohasida, shu jumladan kompyuter, stimulyatsiya va robotlashtirilgan texnologiyalardan foydalangan holda nevrologik kasalliklarni profilaktika, diagnostika qilish va davolash uchun yangi usullarini joriy etishga qaratilgan kompleks ilmiy-amaliy tadqiqotlarni amalga oshirish;
umuman respublika boʻyicha va har bir hududda nevrologik kasallanish tendensiyalarini oʻz vaqtida aniqlash boʻyicha ilmiy-tadqiqot va tahliliy ishlarni amalga oshirish, sogʻliqni saqlash muassasalari uchun mazkur kasalliklarni profilaktika qilish, erta aniqlash va davolash sxemalarini ishlab chiqish;
skrining-soʻrov usulidan foydalangan va nevrologik kasalliklar rivojlanishi xatarining yakka tartibdagi darajasini hisobga olgan holda ushbu kasalliklar rivojlanish xavfi boʻlgan bemorlarni, shuningdek, kasallikning erta bosqichlaridagi bemorlarni faol aniqlash;
nevrologik kasalliklarning hujayra va gen terapiyasiga doir innovatsion yondashuvlarni ishlab chiqish, davlat tibbiyot tashkilotlarining ushbu yoʻnalishdagi ixtisoslashtirilgan boʻlimlarida insult, tutqanoq va boshqa keng tarqalgan nevrologik kasalliklar bilan xastalangan bemorlarni skrining tekshiruvlari hamda populyatsiya registrini joriy etish;
nevrologiya va neyroreabilitologiya sohasida kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish, davlat tibbiyot muassasalari nevrologiya boʻlimlarining kadrlar salohiyatini mustahkamlash;
yetakchi xorijiy mutaxassislarni jalb etgan holda sogʻliqni saqlash tizimi birlamchi boʻgʻini mutaxassislari ishtirokida nevrologiya va neyroreabilitologiya boʻyicha seminar-treninglar, mahorat saboqlari, vebinarlar va telekoʻpriklar tashkil etish;
nevrologiya va neyroreabilitologiya sohasidagi xorijiy ilmiy-tadqiqot markazlari, klinikalari va oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, ular bilan qoʻshma ilmiy loyihalarni amalga oshirish hamda xorijiy grantlarni jalb etish;
mavjud tibbiyot texnikasi va apparatlari parkini muntazam yangilash va modernizatsiya qilishni taʼminlash, Markazni jahonning ilgʻor yutuqlari darajasida nevrologiya sohasida ixtisoslashtirilgan yuqori texnologiyali tibbiy yordam koʻrsatish imkonini beradigan zamonaviy tibbiyot uskunalari bilan jihozlash.
3. Belgilansinki, davlat tibbiyot tashkilotlarining ixtisoslashtirilgan nevrologiya boʻlimlari Markazning tashkiliy-uslubiy boʻlinmalari hisoblanadi.
4. Aholiga ixtisoslashtirilgan nevrologik yordam koʻrsatish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari dasturi (keyingi oʻrinlarda — Chora-tadbirlar dasturi) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Vazirlik va idoralar rahbarlari Chora-tadbirlar dasturida belgilangan tadbirlarning oʻz vaqtida, toʻliq va sifatli amalga oshirilishi uchun shaxsan javobgar ekanliklari belgilansin.
5. Aholiga ixtisoslashtirilgan nevrologik yordam koʻrsatish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari dasturini monitoring qilish boʻyicha ishchi komissiya (keyingi oʻrinlarda — Komissiya) 2-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin.
Quyidagilar Komissiyaning asosiy vazifalari etib belgilansin:
masʼul ijrochilarning mazkur qarorda koʻzda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha faoliyatini muvofiqlashtirish, shuningdek, ularning oʻz vaqtida, sifatli va samarali ijrosini tashkil etish;
Markaz faoliyatiga nevrologik yordam koʻrsatish sohasidagi ilm-fan va texnika yutuqlarini, zamonaviy texnologiyalar va ilgʻor tajribani tatbiq etishga koʻmaklashish;
Markaz oldiga qoʻyilgan vazifalarni bajarishda yuzaga kelayotgan muammolarni va ularni keltirib chiqarayotgan shart-sharoitlarni aniqlash, nevrologik yordam koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
nevrologiya xizmati faoliyatini, tibbiyot xodimlari zimmasiga insult va nevrologik kasalliklar bilan xastalangan bemorlarga yuqori malakali yordam koʻrsatish boʻyicha yuklangan majburiyatlarning samarali bajarilishini nazorat qilish;
nevrologik yordam koʻrsatishni amalga oshirayotgan tibbiyot muassasalari tomonidan bemorlarning ishlab chiqilgan standartlar asosida davolanishi jarayonini, shu jumladan joylarga chiqqan holda oʻrganish.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining 2019/2020 oʻquv yilidan boshlab oliy tibbiyot taʼlim muassasalarida “neyroreabilitologiya” mutaxassisligi boʻyicha yangi magistratura va klinik ordinatura yoʻnalishlarini ochish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
7. Toshkent shahar, Yashnobod tumani, S. Mashhadiy koʻchasi, 217-uyda joylashgan Toshkent davlat stomatologiya instituti qoshidagi akademik litsey (keyingi oʻrinlarda — Akademik litsey) binolari Markazga operativ boshqarish huquqi bilan berilsin.
Toshkent shahar hokimligi Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda Akademik litseyning joylashtirilishini taʼminlasin.
Belgilansinki, Akademik litsey oʻquvchilari litsey joylashtirilgunga qadar Markazga berilgan binolarda oʻqishni davom ettiradi.
8. Quyidagilar Markaz faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari;
faoliyat turi boʻyicha ishlarni bajarish va xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan mablagʻlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik va xayriya mablagʻlari;
xalqaro moliya institutlari va xorijiy tashkilotlarning grantlari;
qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
9. Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 8-iyundagi “Sogʻliqni saqlash tizimida eksperimentni tugallash va islohotlarni chuqurlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 264-son qarori bilan tasdiqlangan:
Tashxis qoʻyish va davolash sifati standartlariga rioya qilgan holda aholiga pulli asosda yuqori malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatish qoidalari;
Imtiyozli toifaga kiruvchi bemorlarga order berish, ularni shifoxonaga joylashtirish va davlat budjeti mablagʻlari hisobiga davolash qiymatini toʻlash tartibi;
Shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj bemorlarni shifoxonaga joylashtirish toʻgʻrisidagi nizom;
Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari daromadlarini shakllantirishning asosiy manbalari va ular faoliyatini moliyalashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning amal qilishi Markazga tatbiq etilsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda 2019-2020-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirish davlat dasturlarini shakllantirishda tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq Markaz bino va inshootlarini rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va jihozlash, shuningdek, uni tibbiy asbob-uskunalar bilan taʼminlash loyihalarini belgilangan tartibda ularga kiritsin.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son)
11. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi:
bir oy muddatda Markaz Nizomi va toʻzilmasini tasdiqlasin hamda uning davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin;
ikki oy muddatda Markazni oldiga qoʻyilgan vazifalarni yuqori va professional darajada bajarishga qodir boʻlgan malakali mutaxassislar bilan taʼminlasin;
2019-yil 1-dekabrga qadar muddatda davolash-diagnostika xizmatlarini koʻrsatishning isbotlovchi tibbiyotga asoslangan zamonaviy texnologiya va usullarini joriy etishni hisobga olgan holda nevrologik kasalliklar diagnostikasi va ularni davolash standartlari hamda klinik protokollarni qayta koʻrib chiqsin va yangilasin;
bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Sogʻliqni saqlash vazirligiga 2018-yilda Davlat budjetining “Sogʻliqni saqlash” sohasi boʻyicha xarajatlar parametrlari doirasida ushbu qaror ijrosini taʼminlash uchun zarur budjet mablagʻlarini ajratsin, 2019-yildan boshlab esa har yili Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida zarur mablagʻlarni nazarda tutsin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda Markazni yuqori texnologiyali tibbiy uskunalar bilan jihozlash uchun xorijiy davlatlar, xalqaro moliya institutlarining imtiyozli kreditlari (zayomlari) va grantlarini hamda boshqa budjetdan tashqari mablagʻlarni jalb etish boʻyicha zarur choralar koʻrsin.
(13-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son)
14. Quyidagilarga:
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga — nazarda tutilgan barcha tadbirlarning oʻz vaqtida va toʻliq moliyalashtirilishi, shuningdek, Markaz binosi va xonalari rekonstruksiya qilinishi, mukammal taʼmirlanishi, zamonaviy ilmiy va laboratoriya uskunalari, zarur butlovchi qismlar va sarf materiallari bilan taʼminlanishi;
Bosh vazir oʻrinbosari — Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Oʻ. Umurzakov zimmasiga — Markazni zamonaviy yuqori texnologik tibbiyot uskunalari bilan jihozlash uchun xalqaro moliya institutlari va donor tashkilotlarning texnik koʻmaklashish mablagʻlari va grantlari jalb etilishi;
(14-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son)
Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri A.K. Shadmanov zimmasiga — Markaz va tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarining ixtisoslashtirilgan nevrologiya boʻlimlari faoliyatining samarali tashkil etilishi uchun shaxsiy javobgarlik yuklansin.
15. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvoxitov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A. Abduhakimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 30-avgust,
PQ-3925-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 30-avgustdagi PQ-3925-son qaroriga 1-ILOVA
Aholiga ixtisoslashtirilgan nevrologik yordam koʻrsatish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari
Izoh: xarajatlarning yakuniy miqdori loyiha-smeta hujjatlari belgilangan tartibda ekspertizadan oʻtkazilishi va tasdiqlanishi natijasida aniqlanadi.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-avgustdagi PQ-254-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.08.2025-y., 07/25/254/0763-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 30-avgustdagi PQ-3925-son qaroriga 2-ILOVA
Aholiga ixtisoslashtirilgan nevrologik yordam koʻrsatish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari dasturini monitoring qilish boʻyicha ishchi komissiyasi
1. A.A. Abduhakimov — Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, Ishchi komissiyasi raisi 2. B.K. Yusupaliyev — Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining birinchi oʻrinbosari, Ishchi komissiyasi raisi oʻrinbosari 3. Lavozim boʻyicha — Oʻzbekiston Respublikasi innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasi raisi 4. G.V. Urmanova — Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining oʻrinbosari 5. R.R. Azimov — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi shuʼba mudiri 6. F.R. Sharipov — Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirligi boshqarma boshligʻi 7. U.S. Ismailov — Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirligi boshqarma boshligʻi 8. A.A. Karimov — Respublika ixtisoslashtirilgan nevrologiya va insult ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori 9. B.G. Gafurov — Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti kafedra mudiri 10. G.S. Raximbayeva — Toshkent tibbiyot akademiyasi kafedra mudiri
Izoh. Davlat komissiyasi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.