PQ-3981-son Qaror · 23.10.2018

Elektr energetikasi tarmogʻini jadal rivojlantirish va moliyaviy barqarorligini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-3981
  • Qabul qilingan sana:23.10.2018
  • Kuchga kirgan sana:24.10.2018
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/18/3981/2092

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda, eng avvalo, iqtisodiyotning barcha tarmoqlarini jadal rivojlantirish, investitsiyaviy jozibadorlik va ishbilarmonlik faolligini oshirish, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohalarini kengaytirishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, elektr energetikasi tarmogʻida mavjud imkoniyat va salohiyatdan yetarlicha foydalanilmayotganligi koʻzlangan islohotlarni samarali amalga oshirish va mamlakatni jadal rivojlantirishga toʻsqinlik qilmoqda.

Sogʻlom raqobat muhitining yoʻqligi, sezilarli darajada kvazidavlat sektorning mavjudligi, tarif siyosatining bozor iqtisodiyoti tamoyillariga mos kelmasligi davlat tomonidan haddan tashqari tartibga solinishiga hamda davlat va tijorat manfaatlarining toʻqnashuviga olib kelmoqda.

Resurs va energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish darajasining pastligi, tegishli infratuzilmani yangilash surʼatlarining sustligi texnologik yoʻqotishlarning oshishiga va elektr energiyasini yetkazib berishda, ayniqsa joylarda muntazam uzilishlarga olib kelmoqda.

Tarmoq korxonalarini boshqarishning byurokratlashgan tizimi va mehnat resurslaridan samarasiz foydalanish ularning ish faoliyati samaradorligi va natijadorligini pasaytirmoqda hamda ishlab chiqarish bilan bogʻliq boʻlmagan xarajatlarning oʻsishiga olib kelmoqda.

Ilgʻor xorijiy tajriba, zamonaviy innovatsion gʻoyalar, ishlanmalar va texnologiyalar asosida elektr energetikasi tarmogʻida davlat boshqaruvining tashkiliy-huquqiy asoslarini tubdan takomillashtirish maqsadida, shuningdek, 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq:

1. 2018 — 2020-yillarda ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish, elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish, elektr energiyasi hisobi va isteʼmolini nazorat qilishni takomillashtirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” quyidagilarni nazarda tutgan holda 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:

mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish va yangilarini ishga tushirish boʻyicha loyiha qiymati 2,6 mlrd. AQSH dollari boʻlgan umumiy quvvati 1984 MVt 7 ta investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish;

jalb qilinadigan kreditlar va “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning oʻz mablagʻlari hisobidan yiliga umumiy uzunligi 7,1 ming km boʻlgan yangi elektr tarmoqlarini qurish va mavjudlarini rekonstruksiya qilish, 2500 ta transformator punktlarini oʻrnatish va modernizatsiya qilish;

(1-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-iyundagi PF-6010-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 18.06.2020-y., 06/20/6010/0776-son)

Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga (keyingi oʻrinlarda — EEHO va NQAT) 7 mln. isteʼmolchilarni ulash, 2021-yil yakuniga qadar EEHO va NQAT qamrovini abonentlar umumiy sonining 100 foizigacha yetkazish;

Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda boshqa xalqaro moliya institutlari bilan kelishilgan, umumiy qiymati 1,8 mlrd. AQSH dollari miqdoridagi uzoq muddatli kreditlarni oʻzlashtirish.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda “Yoʻl xaritasi”da belgilangan har bir loyihani amalga oshirish boʻyicha tarmoq grafiklarini tasdiqlasin.

Quyidagilarga:

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripovga ― “Yoʻl xaritasi”da belgilangan chora-tadbirlarning oʻz vaqtida va toʻliq amalga oshirilishini qatʼiy nazoratga olish;

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari boʻyicha oʻrinbosari S.U. Umurzakovga ― xalqaro moliya institutlari va tashkilotlardan jalb qilinayotgan mablagʻlarning oʻz vaqtida oʻzlashtirilishini taʼminlash, shuningdek, salohiyatli investorlarni izlash va investorlarga, shu jumladan ishonchli boshqaruvga beriladigan obyektlarni aniqlagan holda elektr energetikasi tarmogʻiga toʻgʻridan-toʻgʻri chet el investitsiyalarini jalb qilish;

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari ― Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri J.A. Qoʻchqorovga ― elektr energetikasi tarmogʻida loyihalarni davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirish mexanizmlarining sifatli ishlab chiqilishini taʼminlash;

“Issiqlik elektr stansiyalari”, “Oʻzbekiston Milliy elektr tarmoqlari” va “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatlar boshqaruvining raislari ― loyiha hujjatlarini oʻz vaqtida ishlab chiqish, kelishish va tasdiqlash, mazkur qarorda belgilangan obyektlarni qurish va foydalanishga topshirishni taʼminlash uchun shaxsiy javobgarlik yuklansin.

(1-bandning yettinchi — oʻn birinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-iyundagi PF-6010-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 18.06.2020-y., 06/20/6010/0776-son)

2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi bilan birgalikda “Obod qishloq” Davlat dasturini amalga oshirish uchun jalb qilingan xalqaro moliya institutlari qarz mablagʻlarining 100 mln. AQSH dollaridan kam boʻlmagan qismini 2019-2020-yillarda past kuchlanishli elektr tarmoqlarini qurish va modernizatsiya qilishga yoʻnaltirilishini taʼminlasin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 14-fevraldagi PQ-1705-son va 2012-yil 2-avgustdagi PQ-1795-son qarorlariga muvofiq “Elektr energiyasi isteʼmolini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish. Oʻzbekiston Respublikasining Buxoro, Jizzax va Samarqand viloyatlari 0,4 kVli isteʼmolchilarining elektr energiyasi isteʼmolini hisobga olish tizimi” loyihasi (keyingi oʻrinlarda — ASKUE 1-faza) Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida amalga oshirilayotganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi va “Oʻzbekenergo” AJning quyidagi takliflariga rozilik berilsin:

a) “Andijon, Namangan, Fargʻona, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida elektr energiyasi isteʼmolini nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimini (ASKUE 4-faza) joriy etish” loyihasini amalga oshirish uchun koʻzda tutilgan Osiyo taraqqiyot bankining 300 mln. AQSH dollari miqdoridagi qarz mablagʻlari hisobiga respublikaning boshqa hududlarida EEHO va NQATni joriy etish loyihasini amalga oshirish;

b) quyidagilar:

Osiyo taraqqiyot banki mablagʻlari hisobiga ASKUE 1-faza loyihasini amalga oshirish doirasida iqtisod qilingan mablagʻlar hisobidan EEHO va NQAT maʼlumotlarini qayta ishlash respublika yagona markazini tashkil etish boʻyicha oʻtkazilgan xalqaro tender natijalariga koʻra aniqlangan pudratchi ― kompaniya bilan;

Respublikaning barcha hududlarida EEHO va NQATni joriy etish uchun zarur boʻlgan zamonaviy hisoblash qurilmalari va qoʻshimcha asbob-uskunalarni sotib olish uchun xalqaro tanlov savdolarini oʻtkazish yuzasidan tender hujjatlarini ishlab chiqish boʻyicha “CESI S.P.A / AF Mercados Energy Markets International S.A / Sharifa.com” (Italiya/Ispaniya/Oʻzbekiston) konsalting kompaniyalarining konsorsiumi bilan qoʻshimcha bitimlar tuzish.

Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (Sh.A. Vafayev)ga quyidagilarni muvofiqlashtirish uchun javobgarlik yuklansin:

xarid qilish jarayonlarida mahalliy ishlab chiqaruvchilarning ishtirok etishini, mamlakat hududida EEHO va NQAT va hisoblash qurilmalariga xizmat koʻrsatish servis markazlarini yaratishni, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining boshqa manfaatlarini hisobga olgan holda EEHO va NQATni joriy qilish uchun zamonaviy hisoblash qurilmalari va qoʻshimcha asbob-uskunalarni sotib olish uchun tender hujjatlarini ishlab chiqish;

Osiyo taraqqiyot bankining qarz mablagʻlari hisobiga 2021-yil 1-dekabrga qadar respublikaning barcha hududlarida EEHO va NQATni joriy etishni yakunlash boʻyicha zamonaviy hisoblash qurilmalari va qoʻshimcha asbob-uskunalarni sotib olish yuzasidan xalqaro tender savdolarining oʻtkazilishini jadallashtirish.

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ mahalliy ishlab chiqaruvchilardan hisoblash qurilmalari va qoʻshimcha asbob-uskunalarni sotib olish jarayonida, ularning texnik parametrlarining xalqaro tender savdolarini oʻtkazish uchun tayyorlangan tender hujjatlari talablariga muvofiqligini taʼminlasin.

(3-bandning toʻrtinchi — oʻninchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-iyundagi PF-6010-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 18.06.2020-y., 06/20/6010/0776-son)

4. Majburiy ijro byurosi mahalliy ishlab chiqaruvchilarning eng yaxshi takliflarini tanlab olgan holda, elektr energiyasini hisoblash qurilmalari va qoʻshimcha asbob-uskunalarni sotib olishni parallel moliyalashtirish maqsadida 2019-yilda Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamgʻarmasidan 500 mlrd. soʻm miqdorida soliqqa tortilmaydigan mablagʻlarni “Hududiy elektr tarmoqlari” AJga begʻaraz ravishda ajratilishini taʼminlasin.

(4-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-iyundagi PF-6010-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 18.06.2020-y., 06/20/6010/0776-son)

Elektr energiyasini hisoblash qurilmalarini mahalliy ishlab chiqaruvchilar 2022-yil 1-yanvarga qadar ushbu qaror doirasida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ bilan tuzilgan shartnomalar boʻyicha yetkazib beriladigan elektr energiyasini hisoblash qurilmalari va qoʻshimcha asbob-uskunalarni ishlab chiqarish uchun foydalaniladigan butlovchi qismlar, xomashyo va materiallarni olib kirganlik uchun bojxona toʻlovlari (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yigʻimlar bundan mustasno), shuningdek, mazkur elektr energiyasini hisoblash qurilmalari va qoʻshimcha asbob-uskunalarni sotishda qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlashdan ozod etilsin.

(4-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-iyundagi PF-6010-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 18.06.2020-y., 06/20/6010/0776-son)

5. Elektr energetikasi tarmogʻini isloh qilish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar rejasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

6. Elektr energetikasi tarmogʻini isloh qilish boʻyicha Komissiya (keyingi oʻrinlarda — Komissiya) 3-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin, unga Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda Jahon banki guruhi bilan birgalikda:

a) ishlab chiqarish quvvatlarini 2030-yilgacha 20 ming MVtga yetkazgan holda ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish modernizatsiya va diversifikatsiya qilish boʻyicha uzoq muddatli investitsiyaviy dasturni 2019-yil 1-mayga qadar ishlab chiqish;

b) 2019-yil 1-martga qadar elektr energiyasini uzatishda davlatning toʻliq nazoratini saqlab qolgan holda elektr energiyasini ishlab chiqarish va taqsimlash (sotish) korxonalariga xususiy hamda xorijiy toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida keng jalb qilishni, shuningdek, ishlab chiqaruvchi korxonalardan toʻgʻridan-toʻgʻri tanlov asosida elektr energiyasini sotib olishning ulgurji bozorini bosqichma-bosqich tashkil etishni nazarda tutgan holda elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish, taqsimlash va sotishni tashkil etishning zamonaviy sxemasini ishlab chiqish;

v) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida idoralararo tarif komissiyasini tashkil etishni nazarda tutgan holda, 2019-yil 1-aprelga qadar elektr energetikasi tarmogʻiga xususiy sektorni jalb qilishni ragʻbatlantiruvchi, elektr energiyasining joriy va kapital xarajatlarini qoplashga asoslangan elektr energiyasi tariflarini hisoblash metodologiyasini tayyorlash va tasdiqlash;

g) 2019-yilda elektr energetikasi tarmogʻi korxonalarida korporativ boshqaruvning zamonaviy shakllari va usullarini, moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlarini joriy etishni taʼminlash, shuningdek, tarmoq korxonalarining korporativ obligatsiyalarini chiqarish va xalqaro bozorlarga joylashtirish;

d) 2018-yil 1-dekabrga qadar elektr energetikasi tarmogʻida davlat-xususiy sheriklikning normativ-huquqiy bazasi, tartib-taomillari va reglamentini ishlab chiqish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni tasdiqlash;

e) mavjud resurs bazasi, zamonaviy texnologik tendensiyalar va muqobil energiya manbalaridan foydalanishni inobatga olgan holda, elektr energetikasi tarmogʻida salohiyatli investorlar bilan birgalikda davlat-xususiy sheriklik asosida yangi investitsiyaviy loyihalarni ishlab chiqish vazifasi yuklansin.

7. Komissiya (A.N. Aripov) 2018-yil 15-dekabrga qadar, respublikaning yoqilgʻi-energetika kompleksi faoliyatini tashkil etish va tartibga solish bilan bogʻliq barcha kompleks masalalarni yuklagan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligini tashkil etish toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni loyihasini kiritsin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Energetika vazirligi va Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi bilan birgalikda 2019-yildan boshlab:

(8-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-iyundagi PF-6010-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 18.06.2020-y., 06/20/6010/0776-son)

Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan hamkorlikda Navoiy viloyatida quvvati 100 MVt boʻlgan quyosh fotoelektr stansiyasini qurish boʻyicha tajriba loyihasini tanlov asosida amalga oshirishni;

xalqaro moliya institutlari bilan birgalikda mamlakatning issiqlik elektr stansiyalaridan birida bugʻ-gaz qurilmasini qurish, shuningdek, Andijon, Namangan, Fargʻona shaharlaridagi elektr energiyasi tarqatish tarmoqlarini modernizatsiya qilish tajriba loyihasini davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirishni;

xalqaro moliya institutlari bilan birgalikda “Toshkent shahridagi tarqatish tarmoqlarini uzoq muddatli ijaraga berish” loyihasini texnik-iqtisodiy asoslarining asosiy parametrlarini ishlab chiqishni boshlashni taʼminlansin.

9. Belgilansinki, “Oʻzbekgidroenergo” AJ tarkibidagi gidroelektrostansiyalar tomonidan ishlab chiqariladigan elektr energiyasi uchun toʻlov faoliyat turiga koʻra kafolatlangan tarzda davlat tomonidan elektr energiyasini xarid qilish funksiyasi (vakolati) berilgan organ tomonidan qoʻshilgan qiymat soligʻini hisobga olgan holda II tarif guruhi isteʼmolchilari uchun belgilangan tarifga nisbatan:

suv oqimi boʻyicha ishlaydigan gidroelektrostansiyalarda — 70 foiz miqdorda;

elektr energetikasi tizimining rejimiga bogʻliq holda dispetcher tomonidan tartibga solinadigan, rostlovchi gidroelektrostansiyalarda — 100 foiz miqdorda;

gidrotoʻplash elektr stansiyalarida — 150 foiz miqdorda shakllanadigan tarif boʻyicha amalga oshiriladi.

(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 9-sentabrdagi PF-220-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.09.2022-y., 06/22/220/0812-son)

10. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi, Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB, “Oʻzbekenergo” AJ va “Oʻzbekgidroenergo” AJning:

Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining “Oʻzbekenergo” AJ loyihalarini birgalikda moliyalashtirish uchun ajratilgan kreditlarini, tegishlicha yakuniy toʻlovlar muddatini uzaytirish va qayta moliyalashtiruvchi banklarning majburiyatlarini restrukturizatsiya qilish bilan birga 4-ilovaga muvofiq 3 yilga uzaytirish;

“Chorvoq GES gidrogeneratorlarini ularning ishchi gʻildiraklarini almashtirish bilan birga modernizatsiya qilish” investitsiyaviy loyihasini moliyalashtirish uchun “Oʻzbekenergo” AJga berilgan kreditni “Oʻzbekgidroenergo” AJga qayta rasmiylashtirish haqidagi takliflari maʼqullansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi ushbu qarordan kelib chiqib, “Oʻzbekenergo” AJ majburiyatlari boʻyicha ilgari berilgan davlat kafolatlariga oʻzgartirish kiritsin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Tashqi ishlar vazirligi, “Oʻzbekenergo” AJ va “Oʻzbekgidroenergo” AJ bilan birgalikda ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasida “MEI” Milliy tadqiqot universiteti” (Rossiya Federatsiyasi) Federal davlat budjet oliy taʼlim muassasasi filialini tashkil qilish boʻyicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

energetika tarmogʻiga yuqori malakali menejerlarni yollash uchun kadrlarni tanlash bilan professional asosda shugʻullanadigan tashkilotlarni jalb qilish choralarini koʻrsin;

Bosh prokuratura bilan birgalikda bir oy muddatda muqobil elektr energiyasi ishlab chiqaruvchilarini yagona energetika tizimiga ulash tartibini takomillashtirish va loyihalarni davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritsin.

13. “Oʻzbekenergo” AJ Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda:

2019-yil 1-aprelga qadar elektr energiyasi, shu jumladan, muqobil elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik subyektlarini yagona energetika tizimiga ulash reglamentini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

ikki oy muddatda qonunchilikka ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

14. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Adminstratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.S. Sultanov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2018-yil 23-oktabr,

PQ-3981-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 23-oktabrdagi PQ-3981-son qaroriga 1-ILOVA

2018 — 2020-yillarda ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish, elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish, elektr energiyasi hisobi va isteʼmolini nazorat qilishni takomillashtirish boʻyicha

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-iyundagi PF-6010-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 18.06.2020-y., 06/20/6010/0776-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 23-oktabrdagi PQ-3981-son qaroriga 2-ILOVA

Elektr energetikasi tarmogʻini isloh qilish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 23-oktabrdagi PQ-3981-son qaroriga 3-ILOVA

Elektr energetikasi tarmogʻini isloh qilish boʻyicha Komissiya

Izoh. Komissiya aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklatilgan shaxslar kiritiladi.

(3-ilovaning matni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-iyundagi PF-6010-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 18.06.2020-y., 06/20/6010/0776-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 23-oktabrdagi PQ-3981-son qaroriga 4-ILOVA

“Oʻzbekenergo” AJ loyihalarini birgalikda moliyalashtirish uchun ajratilgan, qayta moliyalashtiruvchi banklarning majburiyatlarini restrukturizatsiya qilish bilan yakuniy toʻlovlar muddatlari 3 yilga uzaytiriladigan Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi kreditlarining

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.