PQ-4068-son Qaror · 19.12.2018

Moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-4068
  • Qabul qilingan sana:19.12.2018
  • Kuchga kirgan sana:20.12.2018
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/18/4068/2349

Oʻzbekiston xalqining umummilliy boyligi hisoblanadigan madaniy merosimizni muhofaza qilish, ilmiy oʻrganish va undan foydalanish borasida mamlakatimizda qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, Buxoro, Samarqand, Xiva va Shahrisabz shaharlarining tarixiy markazlari YUNESKOning Umumjahon madaniy merosi roʻyxatiga, “Boysun madaniy muhiti”, “Shashmaqom musiqasi”, “Navroʻz”, “Katta ashula”, “Askiya”, “Palov madaniyati va anʼanalari” nomzodlari Insoniyat nomoddiy madaniy merosi reprezentativ roʻyxatiga, Usmon Qurʼoni, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutining qoʻlyozmalar toʻplami, Xiva xonligi devonxonasi hujjatlari Jahon xotirasi roʻyxatiga kiritilgani yurtimiz madaniy merosining dunyo miqyosida eʼtirof etilganiga yorqin misol boʻla oladi.

Qadimiy yozma manbalarni saqlash, tadqiq va targʻib qilish tizimi yanada takomillashtirildi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Oʻzbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi va Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tashkil etildi.

Shu bilan birga, moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish uchun masʼul organning tashkiliy-shtat tuzilmasi sohada davlat nazoratini samarali tashkil etish imkonini bermayapti.

Sohada fundamental va amaliy tadqiqotlarni tashkil etishda fan va innovatsion texnologiyalar yutuqlaridan samarali foydalanmaslik natijasida loyihalash, restavratsiya-tiklash ishlari moddiy madaniy meros obyektlarining noyobligini saqlab qolishga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish, ilmiy oʻrganish, ulardan oqilona foydalanish va yurtimizning sayyohlik salohiyatini oshirishda ularning oʻrni va ahamiyatini oshirish hamda moddiy madaniy meros sohasidagi davlat nazoratini tubdan takomillashtirish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy-ishlab chiqarish bosh boshqarmasi hamda uning mintaqalararo (mintaqaviy) davlat inspeksiyalari negizida Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzurida Madaniy meros departamenti (keyingi oʻrinlarda Departament deb yuritiladi) hamda uning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari tashkil etilsin.

Departamentning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

moddiy madaniy meros, shu jumladan, arxeologiya merosi obyektlari, muzey ashyolari va kolleksiyalari hamda madaniy boyliklarni muhofaza qilish va ulardan foydalanishga oid qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;

moddiy madaniy meros obyektlarining davlat kadastrini yuritish, tarixiy, ilmiy, badiiy yoki oʻzgacha madaniy qimmatga ega boʻlgan obyektlarni aniqlash, ularni hujjatlashtirish va davlat hisobiga olish, moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari toifalari va qoʻriqlanadigan tegralarini belgilash, shuningdek ulardan oqilona foydalanilishini taʼminlash;

tarixiy-madaniy va loyiha-smeta hujjatlarining ekspertizasini, moddiy madaniy meros obyektlarining tarixiy-madaniy qimmati va noyobligiga asrashga doir ishlarni putur yetkazmagan holda amalga oshirilishi boʻyicha uzluksiz ilmiy-texnik nazoratni olib borish;

alohida muhofaza qilinadigan tarixiy-madaniy va jahon madaniy merosi obyektlari jumlasiga kiritilgan hududlarda shaharsozlik va boshqa xoʻjalik faoliyatlarini ularning tarixiy-madaniy muhiti, tabiiy landshafti va oʻziga xosligini saqlab qolgan holda olib borilishini muvofiqlashtirish;

arxeologiya ashyolari davlat katalogini yuritish, arxeologiya tadqiqotlarini amalga oshirish tartibi va shartlariga rioya qilinishi, arxeologiya ashyolarining oʻz vaqtida hisobga olinishi va davlatga topshirilishini nazorat qilish hamda ularni fan, madaniyat va taʼlim muassasalariga biriktirish, shuningdek arxeologiya tadqiqotlari boʻyicha ilmiy hisobotlarni qabul qilish, ekspertizadan oʻtkazish va arxivini yigʻish, arxeologiya yodgorligini konservatsiyalash hamda muzeylashtirish;

milliy muzey fondining davlat katalogini yuritish, muzey ashyolari va kolleksiyalarini muzey fondi tasarrufidan chiqarish yoki boshqa muzey fondiga oʻtkazish, madaniy boyliklarni realizatsiya qilish uchun ruxsatnomalar berish, shuningdek davlat tomonidan muhofaza roʻyxatlari va reyestrlariga kiritilgan madaniy boyliklar, jumladan, muzey ashyolari va kolleksiyalari, qadimiy yozma manbalarning but saqlanishini va hisobi yuritilishini tekshirish, milliy arxiv fondi bundan mustasno;

madaniy boyliklarning Oʻzbekiston Respublikasi hududidan olib chiqilishi va uning hududiga olib kirilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish, shu jumladan madaniy boyliklarni ekspertizadan oʻtkazish va sertifikatlar berish;

(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 26-maydagi PQ-4730-sonli qaroriga asosan toʻqqizinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.05.2020-y., 07/20/4730/0670-son)

olimlar, xalq ustalari, restavratorlar, ekspertlar bilan yaqin hamkorlik qilish, taʼmirshunoslikdagi oʻziga xos uslub, anʼana va maktablarini rivojlantirishni, jamoatchilik nazoratini amalga oshirishni qoʻllab-quvvatlash;

moddiy madaniy meros obyektlarini keng targʻib etish va ommalashtirish, sohaga davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini, innovatsion va ilgʻor axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini samarali tatbiq etish, elektron xizmatlarni rivojlantirish;

xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikni rivojlantirish, jumladan, moliyaviy institutlarning grantlari, kreditlari va homiylik xayriyalarini jalb etish.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi muzeylar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi idoralararo kengash hamda Madaniy va arxeologiya merosi obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish masalalarini muvofiqlashtirish boʻyicha Hukumat komissiyasi tugatilsin, ularning vazifa va funksiyalari Departamentga yuklansin.

3. Belgilab qoʻyilsinki:

a) Departament yuridik shaxs hisoblanadi va davlat muassasasi shaklida tashkil etiladi;

b) Departament boshligʻi lavozimiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vazirining oʻrinbosari hisoblanadi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi;

v) bosh meʼmor, bosh inspektor va Badiiy ekspertiza boshqarmasi boshligʻi Departament boshligʻining oʻrinbosarlari hisoblanadi hamda Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vazirining taqdimnomasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi;

(3-bandning “v” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 26-maydagi PQ-4730-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.05.2020-y., 07/20/4730/0670-son)

g) Departament:

moddiy madaniy meros, jumladan, arxeologiya merosi obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasida maxsus vakolatli muassasa hisoblanadi;

oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari, shuningdek fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi;

davlat organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlariga moddiy madaniy meros obyektlari sohasida aniqlangan qonun buzilish holatlarini, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish toʻgʻrisida koʻrib chiqilishi majburiy boʻlgan taqdimnoma kiritadi;

Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy-ishlab chiqarish bosh boshqarmasining huquqlari va majburiyatlari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi, mehnatga oid munosabatlar bundan mustasno;

d) moddiy madaniy meros obyektlariga oid normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va aholi punklarining bosh rejalari Departament bilan kelishilishi majburiy hisoblanadi.

4. 2019 — 2021-yillarda moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish, asrash, ilmiy tadqiq etish, targʻib qilish va ulardan oqilona foydalanishni tubdan takomillashtirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” (keyingi oʻrinlarda — “Yoʻl xaritasi”) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi (B.S. Sayfullayev):

Moliya vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda “Yoʻl xaritasi”da nazarda tutilgan tegishli tadbirlarni moliyalashtirish manbalari va miqdorlarini belgilash boʻyicha har yili Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritib borsin;

Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, manfaatdor vazirlik va idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda sohaga imtiyozli xorijiy kreditlar va grantlarni jalb qilish boʻyicha xalqaro moliyaviy institutlar va xorijiy donorlar bilan tizimli ishlar olib borsin.

6. Departament qoshida tarix, meʼmorchilik, moddiy madaniy meros sohasida ilmiy, amaliy tajribaga ega boʻlgan 11 nafar olim va yuqori malakali mutaxassislardan iborat Ilmiy-ekspert kengash tuzilsin.

Belgilab qoʻyilsinki:

Ilmiy-ekspert kengash tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi va unga Departament boshligʻi rahbarlik qiladi;

Ilmiy-ekspert kengash aʼzolariga davlat sud ekspertlari uchun qonun hujjatlarida belgilangan huquq va majburiyatlar tatbiq etiladi;

moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari va ularning qoʻriqlanadigan tegralarida yer qazish, yer tuzish, qurilish, melioratsiya va boshqa xoʻjalik ishlari, asrashga doir ishlarni amalga oshirish hamda ilmiy va ilmiy-texnik tadqiqotlar oʻtkazishga oid loyihalar Departament tomonidan Ilmiy-ekspert kengash bilan kelishiladi va uning xulosasi Departament uchun majburiy hisoblanadi.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi va Moliya vazirligining mablagʻlari quyidagilar hisobiga shakllantiriladigan, yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Departamentning budjetdan tashqari Madaniy meros jamgʻarmasini (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin:

Madaniyat vazirligi, uning hududiy boshqarmalari va davlat muzey qoʻriqxonalariga tegishli moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlarini ijaraga berishdan tushgan mablagʻlarning 90 foiz miqdori;

(7-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 26-maydagi PQ-4730-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.05.2020-y., 07/20/4730/0670-son)

davlat mulki boʻlgan boshqa tashkilotlarga tegishli moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlarini ijaraga berishdan tushgan mablagʻlarning 50 foiz miqdori;

mazkur qarorda nazarda tutilgan hollarda moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari va muzey-qoʻriqxonalarda chiptalar sotilishidan tushgan pul mablagʻlarining 50 foiz miqdori;

mazkur qarorda nazarda tutilgan hollarda muzeylarda chiptalar sotilishidan tushgan pul mablagʻlarining 10 foiz miqdori;

madaniy boyliklarni badiiy ekspertizadan oʻtkazganlik uchun maxsus yigʻimlar;

(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 26-maydagi PQ-4730-sonli qaroriga asosan toʻrtinchi — oltinchi xatboshilar bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.05.2020-y., 07/20/4730/0670-son)

Departament va uning hududiy boshqarmalari tomonidan moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlarini tarixiy-madaniy ekspertizasini oʻtkazishdan, shuningdek asrashga doir ishlarning loyiha-smeta hujjatlari ekspertizasi va ilmiy-texnik nazoratini amalga oshirishdan tushgan mablagʻlar;

moddiy madaniy meros obyektida asrashga doir ishlarni amalga oshirish va madaniy boyliklarni realizatsiya qilish uchun ruxsatnomalar berishga toʻlangan yigʻimlar;

moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish qoidalarini buzganligi hamda moddiy madaniy meros obyektlarini nobud qilish, buzish yoki ularga shikast yetkazganligi uchun toʻlanadigan jarimalar;

davlat mulki hisoblangan moddiy madaniy meros obyektlariga yetkazilgan zararni qoplash boʻyicha mablagʻlar;

qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar.

7-1. Belgilansinki:

Ommaviy tashrif buyuriladigan moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari va muzeylar roʻyxatiga (keyingi oʻrinlarda — Roʻyxat) kiritilgan moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari va muzeylarga kirish-chiqish joylarida 2021-yil 1-iyulga qadar elektron turniketlar yoki tashrif buyuruvchilarni avtomatik hisobga olishga moʻljallangan boshqa moslamalar oʻrnatilishi va ular Bilet operatsiyalari yagona elektron tizimiga integratsiya qilinishi shart;

Roʻyxatga kiritilgan moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari va muzey-qoʻriqxonalarda elektron turniketlar tizimi va elektron chiptalar savdosini joriy etish xarajatlari Madaniyat vazirligi va balansda saqlovchilarning budjetdan tashqari mablagʻlari, Jamgʻarma hamda tadbirkorlik subyektlarining davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida jalb qilinadigan mablagʻlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi;

Roʻyxatga kiritilgan muzeylarda elektron turniketlar tizimi va elektron chiptalar savdosini joriy etish muzeylarning oʻz mablagʻlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi;

Roʻyxatga kiritilgan va Bilet operatsiyalari yagona elektron tizimiga integratsiya qilingan moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari va muzey-qoʻriqxonalarda chiptalar sotilishidan tushgan pul mablagʻlarining 50 foizi Jamgʻarmaga, 50 foizi esa balansda saqlovchilarga saqlash xarajatlari uchun yoʻnaltiriladi, bunda davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi shartnomada xususiy sherik tomonidan qilingan xarajatlarni qoplash uchun muayyan davr mobaynida pul mablagʻlarini taqsimlashning boshqacha tartibi nazarda tutilishi mumkin;

Roʻyxatga kiritilgan va Bilet operatsiyalari yagona elektron tizimiga integratsiya qilingan muzeylarda chiptalar sotilishidan tushgan pul mablagʻlarining 10 foizi Jamgʻarmaga, 90 foizi esa muzeylarning oʻziga yoʻnaltiriladi;

2021-yil 1-iyuldan boshlab Roʻyxatga kiritilgan moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari va muzeylarda hamda Madaniyat vazirligi tizimidagi teatrlarda chiptalar savdosini Bilet operatsiyalari yagona elektron tizimiga integratsiya qilmagan holda amalga oshirish nazorat-kassa texnikasini va hisob-kitob terminallarini qoʻllash tartibini buzish deb baholanadi.

Departament:

Roʻyxat rasmiy eʼlon qilingan kundan boshlab oʻn kun ichida Roʻyxatga kiritilgan moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlarining balansda saqlovchilari va muzeylarning muassislari bilan ularni 2021-yil 1-iyulga qadar Bilet operatsiyalari yagona elektron tizimiga bosqichma-bosqich integratsiya qilish grafiklarini tasdiqlasin;

Bilet operatsiyalari yagona elektron tizimiga integratsiya qilingan moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari va muzeylarda elektron chiptalar sotilishidan tushgan pul mablagʻlarining tegishli qismini Jamgʻarmaga yoʻnaltirish haqida Moliya vazirligi Gʻaznachiligining oʻz vaqtida xabardor qilinishini taʼminlasin.

(7-1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 26-maydagi PQ-4730-sonli qaroriga asosan kiritilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.05.2020-y., 07/20/4730/0670-son)

8. Belgilansinki, Jamgʻarma mablagʻlari:

moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va asrashga doir ishlarni amalga oshirish;

moddiy madaniy meros obyektlarining davlat kadastrini, arxeologiya ashyolari va milliy muzey fondining davlat kataloglarini yuritish;

moddiy madaniy meros obyektlarini ilmiy va ilmiy-texnik tadqiq qilish, arxeologiya obyektlarida qazishma ishlarini olib borish, ularni keng targʻib etish va ommalashtirish;

Departament va hududiy boshqarmalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, elektron xizmatlarni rivojlantirish;

ekspertlarni, jumladan, xorijiy mutaxassislarni jalb etish, Ilmiy-ekspert kengash aʼzolari, Departament va hududiy boshqarmalarning xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish;

qonun hujjatlarida belgilangan Departament faoliyati bilan bogʻliq boshqa tadbirlarni amalga oshirish uchun sarflanadi.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Fanlar akademiyasi va Oʻzbekiston Badiiy akademiyasining:

Buxoro davlat badiiy-meʼmoriy muzey-qoʻriqxonasi, Samarqand davlat birlashgan tarixiy-meʼmoriy va badiiy muzey-qoʻriqxonasi, Xiva “Ichan qalʼa” davlat muzey-qoʻriqxonasini tegishlicha “Buxoro”, “Samarqand”, “Ichan qalʼa” davlat muzey-qoʻriqxonalari etib qayta nomlash;

Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo va Fargʻona viloyatlarida tegishlicha “Sarmishsoy”, “Shahrisabz”, “Termiz” va “Qoʻqon” davlat muzey-qoʻriqxonalarini tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.

10. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

YUNESKOning Umumjahon merosi roʻyxatiga tarixiy-madaniy qiymatiga koʻra kiritilgan respublikadagi hududlar alohida muhofaza qilinadigan tarixiy-madaniy hududlar hisoblanadi hamda ularda rejalashtirilgan qurilish va obodonlashtirish ishlarining loyihalari Departament hamda YUNESKOning Umumjahon merosi markazi bilan majburiy tartibda kelishilgan holda amalga oshiriladi;

moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi;

moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlaridan foydalanish tartibini belgilash, tashrif buyuruvchilar uchun sharoit yaratish bilan bogʻliq masalalar majburiy tartibda turizm sohasida vakolatli davlat organi bilan kelishiladi;

davlat koʻchmas mulki hisoblangan moddiy madaniy meros obyektlarini operativ boshqaruv huquqi asosida yoki tekin foydalanish huquqi asosida biriktirish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi qarori asosida amalga oshiriladi;

arxeologiya qazishmalari tabiiy yemirilish, boshqa harakat va holatlar xavfi ostidagi hamda ustuvor ilmiy qimmatga ega arxeologiya yodgorliklarida amalga oshiriladi va ularning roʻyxati Departament tomonidan eʼlon qilib boriladi;

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan asrashga doir ishlar amalga oshiriladigan moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari roʻyxati har yili Departament tomonidan uning hududiy boshqarmalari taklifiga asosan shakllantiriladi;

moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlarida asrashga doir ishlarni amalga oshirishga ixtisoslashgan tashkilotlarning roʻyxati shakllantiriladi hamda ushbu roʻyxatdan tanlov asosida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan asrashga doir ishlarni amalga oshiruvchi tashkilotlar aniqlanadi;

faol fuqarolar ixtiyoriylik va tanlov asosida mahalla fuqarolar yigʻinlari kengashining qarori bilan moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish boʻyicha jamoatchi inspektor etib tasdiqlanadi, ularning qonun hujjatlari buzilishiga oid murojaatlari Departament yoki uning hududiy boshqarmalari tomonidan majburiy tartibda davlat nazorati shaklida tekshiriladi, bunda maʼmuriy huquqbuzarlik yoki jinoyat aniqlansa, jamoatchi inspektorlar Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan pul mukofoti bilan taqdirlanadi.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi (B.S. Sayfullayev):

2019-yilning 1-fevraliga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi bilan birgalikda moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlarida asrashga doir ishlarni amalga oshirishga ixtisoslashgan tashkilotlarning roʻyxatini shakllantirsin hamda uning doimiy yangilanib borishini taʼminlasin;

2019-yilning 1-apreliga qadar Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika kengashi bilan birgalikda moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlariga jamoatchi inspektorlarni biriktirish choralarini koʻrsin;

2019-yilning 1-iyuniga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatini shakllantirsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

12. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “Madaniyat va Maʼrifat” telekanali Departamentning moddiy madaniy meros obyektlarini ilmiy asoslarda targʻib etish va audiovizual asarlarni tayyorlash boʻyicha bosh axborot hamkori sifatida belgilansin.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining oʻrinbosari F.Sh. Mahmudovga — puxta tanlov asosida Departamentni yuqori malakali, tashabbuskor, madaniy meros masalalari boʻyicha zarur bilim va amaliy tajribaga ega kadrlar bilan toʻldirilishini taʼminlash;

Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri B.S. Sayfullayevga — “Yoʻl xaritasi”ni amalga oshirish yuzasidan vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirish hamda ularning oʻz vaqtida, toʻliq va sifatli bajarilishi yuzasidan tizimli monitoring oʻrnatilishi, Departament faoliyatini samarali tashkil qilish, mavjud tashkiliy-texnik, moliyaviy, huquqiy va boshqa masalalarni hal etish;

vazirliklar va idoralar rahbarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga — “Yoʻl xaritasi”da nazarda tutilgan vazifalarning ijrosini toʻgʻri tashkillashtirilishi hamda chora-tadbirlarning oʻz vaqtida va toʻliq bajarilishi choralarini koʻrish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.

15. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tegishli vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:

Departament faoliyatini tashkil etish boʻyicha Hukumat qarori loyihasini;

qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi takliflarni belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

16. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining oʻrinbosarlari B.M. Mavlonov, F.Sh. Mahmudov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2018-yil 19-dekabr,

PQ-4068-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 19-dekabrdagi PQ-4068-son qaroriga 1-ILOVA

2019 — 2021-yillarda moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish, asrash, ilmiy tadqiq etish, targʻib qilish va ulardan oqilona foydalanishni tubdan takomillashtirish boʻyicha

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-yanvardagi PF-6146-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.01.2021-y., 06/21/6146/0065-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 19-dekabrdagi PQ-4068-son qaroriga 2-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2017 — 2021-yillarda Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish davlat dasturi toʻgʻrisida”gi 2017-yil 18-yanvardagi PQ-2731-son qarorining 5-bandidagi “aholining madaniyat va dam olish markazlaridagi” soʻzlari “madaniyat markazlari” soʻzlari bilan almashtirilsin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi 2017-yil 15-fevraldagi PQ-2778-son qarorining rus tilidagi matnida:

a) 1-ilovada:

“Glavnoye nauchno-proizvodstvennoye upravleniye po oxrane i ispolzovaniyu obyektov kulturnogo naslediya i ego mejregionalnie inspeksii” bloki “Departament kulturnogo naslediya i ego regionalnie upravleniya” bloki bilan almashtirilsin;

“Sentri kulturi i dosuga naseleniya” bloki “Sentri kulturi” bloki bilan almashtirilsin;

b) 2-ilova quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“

Predelnaya chislennost upravlencheskogo personala — 58 ed.”.

v) 5-ilovada:

“Zaveduyuщiy otdelom — direktor rayonnogo (gorodskogo) tsentra kulturi i dosuga naseleniya” bloki “Zaveduyuщiy otdelom — direktor rayonnogo (gorodskogo) tsentra kulturi” bloki bilan almashtirilsin;

“Sentri kulturi i dosuga naseleniya (ix filiali) 5 — 14 ed.” bloki “Sentri kulturi (ix filiali) 5 — 14 ed.” bloki bilan almashtirilsin;

g) 7-ilovaning “Otdel nauchno-metodicheskogo obespecheniya deyatelnosti muzeyev, parkov kulturi i otdixa, tsentrov kulturi i dosuga naseleniya” blokidan “i dosuga naseleniya” soʻzlari chiqarib tashlansin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Madaniyat va sanʼat sohasini yanada rivojlantirish va takomillashtirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 2017-yil 31-maydagi PQ-3022-son qarori 1-bandining toʻrtinchi xatboshisidagi “madaniyat va aholi dam olish maskanlari” soʻzlari “madaniyat markazlari” soʻzlari bilan almashtirilsin.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Madaniyat va sanʼat sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2018-yil 1-avgustdagi PQ-3892-son qarori 6-bandining ikkinchi xatboshisidagi “madaniyat va aholi dam olish markazlari” soʻzlari “madaniyat markazlari” soʻzlari bilan almashtirilsin.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.