PQ-4229-son Qaror · 06.03.2019

Transport va turizm obyektlarida jamoat xavfsizligini taʼminlashning samarali tizimini joriy etishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-4229
  • Qabul qilingan sana:06.03.2019
  • Kuchga kirgan sana:07.03.2019
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/19/4229/2710

[Koʻchirma]

Oʻtgan davr mobaynida respublikaning turizm salohiyatini yuksaltirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi, turistlar uchun qulay sharoitlar yaratish hamda Oʻzbekistonning tashrif uchun xavfsiz mamlakat sifatidagi obroʻsini shakllantirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar koʻrildi.

Xavfsiz turizmni taʼminlash boʻyicha yaratilgan tizim turizm joylarida hamda turistlar tomonidan respublika boʻylab harakatlanish uchun faol foydalanilayotgan temir yoʻl va havo-transport infratuzilmasi obyektlarida jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish chora-tadbirlarini oʻzida birlashtirdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 5-yanvardagi “Oʻzbekiston Respublikasida turizmni jadal rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-5611-son hamda 2019-yil 1-fevraldagi “Transport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5647-son farmonlariga muvofiq, shuningdek, transport va turizm obyektlarida jamoat xavfsizligini samarali taʼminlashning sifat jihatidan yangi bosqichiga oʻtish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasining:

Buxoro, Samarqand, Xiva va Shahrisabz shaharlarida joriy etilayotgan Xavfsiz turizmni taʼminlash konsepsiyasini (keyingi oʻrinlarda — Konsepsiya) Toshkent shahri, Toshkent va Surxondaryo viloyatlarida tatbiq etish va bosqichma-bosqich amalga oshirish;

ichki ishlar organlarining belgilangan shtatlar soni doirasida Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi, Toshkent va Surxondaryo viloyatlari ichki ishlar boshqarmalarining xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmalarini (keyingi oʻrinlarda — boshqarmalar) tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.

Boshqarmalar faoliyatining asosiy yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilansin:

bevosita turizm namoyishi obyektlari va infratuzilmasi hududlarida jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida ichki ishlar organlari xizmatini samarali tashkil qilish;

ichki ishlar organlarining xavfsiz turizmni taʼminlash borasidagi faoliyatiga axborot-texnik jihatdan koʻmaklashish, ular oʻrtasidagi oʻzaro muvofiqlashtirilgan hamkorlik ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatish;

turizm namoyishi obyektlari va infratuzilmasi hududlarida kriminogen vaziyatni tizimli tahlil qilish, turistlarga nisbatan sodir etiladigan huquqbuzarliklar sabablari va sharoitlarini aniqlash hamda ularni bartaraf etish yuzasidan manzilli chora-tadbirlarni amalga oshirish.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tuzilmasida Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash departamenti (keyingi oʻrinlarda — Departament) tashkil etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

Departamentning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

metropoliten, temir yoʻl, havo-transport va turizm namoyishi obyektlari va infratuzilmasi hududlarida (keyingi oʻrinlarda — transport va turizm obyektlari) jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasidagi faoliyatni muvofiqlashtirish;

transport va turizm obyektlari hududlarida kriminogen vaziyatni tizimli tahlil qilish, yoʻlovchi va turistlarga nisbatan sodir etiladigan huquqbuzarliklar sabablari va sharoitlarini aniqlash hamda ularni bartaraf etish yuzasidan manzilli chora-tadbirlarni amalga oshirish;

yoʻlovchilarning harakatlanish xavfsizligini, temir yoʻl va havo transportida tashiladigan tovar-moddiy boyliklarning butligi va qoʻriqlanishini samarali taʼminlash;

transport va turizm obyektlarida terroristik tahdidlarni, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalar va ularning prekursorlari, oʻqotar qurol, oʻq-dorilar, portlovchi, radiaktiv, zaharli, kuchli taʼsir qiluvchi va zaharlovchi moddalarning noqonuniy aylanmasi bilan bogʻliq holatlarni oʻz vaqtida aniqlash va bartaraf etishni tashkil qilish;

zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda transport va turizm obyektlari va ularga tutash hududlarda jamoat xavfsizligini taʼminlashning markazlashgan muvofiqlashtirilgan boshqaruvini amalga oshirish.

(2-band Oʻzbekiston Respublikasi 2022-yil 1-avgustdagi PQ-339-son qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.08.2022-y., 07/22/339/0703-son)

3. 2019-yil 1-apreldan boshlab shunday tartib joriy etilsinki, unga koʻra:

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash departamentining Xavfsiz turizm boshqarmasi va uning hududiy boʻlinmalariga (keyingi oʻrinlarda — xavfsiz turizmni taʼminlash boʻlinmalari) shartnoma asosida turistlar va turistik guruhlarni, shu jumladan avtotransportda harakatlanish vaqtida kuzatib borish hamda moddiy madaniy meros obyektlarida jamoat tartibini saqlash boʻyicha pulli xizmatlar koʻrsatish huquqiga ega;

(3-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi 2022-yil 1-avgustdagi PQ-339-son qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.08.2022-y., 07/22/339/0703-son)

transport obyektlarida, birinchi navbatda turizm yoʻnalishdagi poyezdlarda xavfsiz turizmni taʼminlash boʻyicha funksiyalar transportda xavfsizlikni taʼminlash boʻlinmalari tomonidan amalga oshiriladi;

transport obyektlarida sodir etilgan jinoyat va hodisalar haqidagi xabar va arizalarni hisobga olish va qayd etish markazlashgan tartibda transportda xavfsizlikni taʼminlash boʻlinmalarining navbatchilik qismlari tomonidan amalga oshiriladi;

transport obyektlari va ularga tutash hududlarda sodir etilgan jinoyatlar bilan bogʻliq bahsli materiallarni koʻrib chiqishga doir qaror qabul qilish Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining sohaviy va mintaqaviy nazoratni taʼminlash yuzasidan biriktirilgan oʻrinbosari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Transport prokuraturasi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi;

(3-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 29-noyabrdagi PF-27-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.12.2021-y., 06/21/27/1116-son)

turizm yoʻnalishidagi temir yoʻl transportida harakatlanish davomida sodir etilgan, tegishliligi boʻyicha ichki ishlar organlariga taalluqli boʻlgan maʼmuriy huquqbuzarliklarni koʻrib chiqish va qaror qabul qilish ularda jamoat tartibini samarali taʼminlash uchun kuzatuvchi profilaktika inspektorlari lavozimlarini bosqichma-bosqich joriy etish orqali bevosita poyezdlarning oʻzida amalga oshiriladi;

temir yoʻl vokzallari va aeroportlar atrofida yoʻl harakati xavfsizligi qoidalari buzilishining oldini olish va chek qoʻyish hududiy ichki ishlar organlari bilan birgalikda transportda xavfsizlikni taʼminlash boʻlinmalari tomonidan amalga oshiriladi.

4. Belgilansinki:

xavfsiz turizmni taʼminlash boʻlinmalari joylarda Konsepsiyaning amalga oshirilishi uchun masʼul boʻlgan ishchi organ sifatida faoliyat olib boradi;

xavfsiz turizmni taʼminlash boʻlinmalari oʻz xizmat faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan tasdiqlanadigan alohida farqlovchi belgilar, avtotransport vositalarida yagona svetografik sxemalar hamda emblemadan foydalanishlari mumkin;

boshqarma boshliqlari bir vaqtning oʻzida tegishlicha Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi, Toshkent va Surxondaryo viloyatlari ichki ishlar boshqarmalari boshliqlarining oʻrinbosarlari hisoblanadi;

boshqarmalarga Buxoro, Qashqadaryo, Samarqand va Xorazm viloyatlari ichki ishlar organlarining turdosh boʻlinmalari uchun qonunchilikda belgilangan kadrlarni tanlash va mehnatga haq toʻlash shartlari tatbiq etiladi;

Toshkent shahar, Toshkent va Surxondaryo viloyatlari hokimlari tegishli vazirlik va idoralar hududiy boʻlinmalarining Konsepsiyani amalga oshirish boʻyicha faoliyati ustidan tizimli nazoratni taʼminlaydilar hamda ularning yaqin va samarali hamkorligini tashkil etish boʻyicha shaxsan javobgar hisoblanadilar;

ichki ishlar organlari respublikada xavfsiz turizmni taʼminlash ahvolini tizimli monitoring qiladi hamda turistlar oqimi va yuzaga kelayotgan tezkor vaziyat tahlili asosida mazkur yoʻnalishdagi ish samaradorligini oshirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga vaqti-vaqti bilan takliflar kiritib boradi;

transportda xavfsizlikni taʼminlash boʻlinmalari faoliyatini kundalik tartibga solish masalalari boʻyicha tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi ichki ishlar vaziri va viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari boshliqlariga, xizmat va tezkor faoliyatni tashkil etish masalalari boʻyicha bevosita Bosh boshqarmaga boʻysunadi.

5. 2019-yil 1-apreldan boshlab yuridik shaxs tashkil etmagan holda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzurida Xavfsiz turizmni taʼminlash jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) tashkil etilsin hamda uni shakllantirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:

Turizmni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga turistik (mehmonxona) yigʻimidan kelib tushadigan tushumlarning 10 foizi;

(5-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 17-yanvardagi PF-14-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.01.2024-y., 06/24/14/0052-son)

xavfsiz turizmni taʼminlash boʻlinmalari xodimlari tomonidan tegishliligiga koʻra ularga taalluqli maʼmuriy huquqbuzarliklarga doir ishlar boʻyicha undirilgan jarima mablagʻlari;

mazkur qarorga muvofiq xavfsiz turizmni taʼminlash boʻlinmalari tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar uchun kelib tushadigan mablagʻlar;

Jamgʻarmaning vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlarini tijorat banklarining depozitlariga joylashtirishdan tushadigan daromadlar;

(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 15-maydagi PF-87-sonli Farmoniga asosan beshinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.05.2025-y., 06/25/87/0451-son)

xalqaro moliya institutlari va boshqa xorijiy donorlarning grantlari hamda qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziriga Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan:

xavfsiz turizmni taʼminlash boʻlinmalari xodimlarining qoʻshimcha shtat birliklarini joriy qilish hamda turizm namoyishi va infratuzilmasi obyektlarining soni hamda oʻziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda ushbu sohaga fuqarolarni shartnoma asosida jalb qilish;

Departament boshligʻi hamda xavfsiz turizmni taʼminlash boʻlinmalari xodimlari uchun, qonunchilikda belgilangan boshqa qoʻshimcha haqlardan qatʼi nazar, lavozim maoshining 100 foizigacha boʻlgan miqdorda ragʻbatlantiruvchi ustamalar joriy etish huquqi berilsin.

(5-bandning toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 15-maydagi PF-87-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.05.2025-y., 06/25/87/0451-son)

Belgilansinki, Jamgʻarma mablagʻlari faqat quyidagilar uchun sarflanadi:

xavfsiz turizmni taʼminlash boʻlinmalarining xodimlarini ragʻbatlantirish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash;

xavfsiz turizmni taʼminlash boʻlinmalari xodimlarining kasbiy tayyorgarligini oshirish, ular tomonidan ilgʻor xorijiy tajribani, shu jumladan xorijiy mamlakatlarga chiqish orqali oʻrganish bilan bogʻliq tadbirlarni tashkil etish;

xavfsiz turizmni taʼminlash boʻlinmalari xodimlarining qoʻshimcha joriy etilgan va budjet mablagʻlari hisobidan moliyalashtirilmaydigan shtat birliklarini hamda shartnoma asosida jalb qilingan fuqarolarni moliyalashtirish;

xavfsiz turizmni taʼminlash sohasida koʻrgazma va yarmarkalarni oʻtkazish, loyiha, dastur va boshqa tadbirlarni amalga oshirish.

8. 2019-yilda Oʻzbekiston Respublikasida xavfsiz turizmni taʼminlash samaradorligini oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Vazirlik va idoralar rahbarlari zimmasiga “Yoʻl xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlarning oʻz vaqtida, sifatli va samarali amalga oshirilishi yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziriga:

shartnoma asosida “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ mablagʻlari hisobidan turistik yoʻnalishlar boʻyicha temir yoʻl poyezdlarida profilaktika inspektorlarining qoʻshimcha shtat birliklarini joriy etish;

transport obyektlarida huquqbuzarliklarni aniqlash va oʻz vaqtida chek qoʻyish hamda favqulodda holatlarda harakatlanish maqsadida idoraviy vertolyot texnikasi imkoniyatlaridan foydalanish tartibini belgilash huquqi berilsin.

10. Viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari turizm obyektlari va infratuzilmasi hududida jamoat xavfsizligini taʼminlash faoliyatini moddiy-texnik mustahkamlash maqsadida uch oy muddatda mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan xavfsiz turizmni taʼminlash boʻlinmalariga mamlakatimizda ishlab chiqarilgan 3 tadan yengil avtomobil, 5 tadan skuter va 5 tadan mototsikllarni bir martalik xarid qilish va ajratish choralarini koʻrsin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Ichki ishlar vazirligi Transport vazirligi va Davlat xavfsizlik xizmati bilan birgalikda:

ikki oy muddatda mazkur qaror talablaridan kelib chiqqan holda, Bosh boshqarma tuzilmasida transport obyektlari va ularga tutash hududlarda jamoat xavfsizligini taʼminlashning markazlashgan muvofiqlashtirilgan boshqaruvini amalga oshirish imkonini beruvchi situatsion-tahliliy markazni tuzish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin;

transport obyektlarida, shu jumladan “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ va “Uzbekistan airports” AJ mablagʻlari hisobidan intellektual videokuzatuv tizimini joriy etishni hamda uni “Xavfsiz shahar” apparat-dasturiy kompleksiga bosqichma-bosqich integratsiya qilishni taʼminlasin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi Transport vazirligi va Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan birgalikda bir oy muddatda transport va turizm obyektlarida jamoat xavfsizligini taʼminlash sohasida politsiya tuzilmalari va xalqaro tashkilotlar vakillari bilan, shu jumladan ishchi safarlarni tashkil etgan holda uchrashuv va muzokaralarni nazarda tutuvchi ilgʻor xorijiy tajribani oʻrganish dasturini tasdiqlasin.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi:

bir oy muddatda mazkur qaror talablaridan kelib chiqqan holda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Transportda xavfsizlikni taʼminlash bosh boshqarmasi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlasin;

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Xavfsiz turizmni taʼminlash jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlasin;

yangidan tashkil etilayotgan boʻlinmalarning toʻlaqonli faoliyatini taʼminlash maqsadida ikki oy muddatda, faoliyatining oʻziga xos jihatlarini hisobga olgan holda ularni joylashtirish, jihozlash, malakali mutaxassislar bilan toʻldirish hamda boshqa tashkiliy masalalarni hal etish chora-tadbirlarini koʻrsin;

manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

14. Belgilansinki, mazkur qarorda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish bilan bogʻliq sarf-xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining asoslangan hisob-kitoblari boʻyicha har yili ajratiladigan budjet mablagʻlari, Ichki ishlar vazirligining budjetdan tashqari mablagʻlari, Jamgʻarma, mahalliy budjetlar mablagʻlari hamda qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi.

15. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 6-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

17. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M. Mavlonov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2019-yil 6-mart,

PQ-4229-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 6-martdagi PQ-4229-son qaroriga 5-ILOVA

2019-yilda Oʻzbekiston Respublikasida xavfsiz turizmni taʼminlash samaradorligini oshirish boʻyicha

Izoh:

1. Huquqiy munosabatlar predmeti va tartibga solish sohasidan kelib chiqqan holda, chora-tadbirlarni amalga oshirish shakli oʻzgarishi, ishlab chiqiladigan normativ-huquqiy va boshqa hujjatlar esa birlashtirilishi mumkin.

2. Ikki va undan ortiq bandlar birlashtirilganda, mazkur bandlar uchun koʻrsatib oʻtilgan eng oxirgi muddat belgilanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 6-martdagi PQ-4229-son qaroriga 6-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 12-apreldagi “Ichki ishlar organlari faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-2883-son qarorida:

a) 5-bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilari quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Toshkent viloyati temiryoʻl transportida xavfsizlikni taʼminlash boshqarmasi, Toshkent shahar aeroportlarida xavfsizlikni taʼminlash boshqarmasi, shuningdek, metropolitenda xavfsizlikni taʼminlash boshqarmasi Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Transportda xavfsizlikni taʼminlash bosh boshqarmasiga boʻysunadi;

transportda xavfsizlikni taʼminlash boshqarmalari (boʻlimlari) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va viloyat ichki ishlar boshqarmalarining tarkibiy boʻlinmalari hisoblanadi hamda tegishlicha ularning boshliqlariga — faoliyatni tartibga solish boʻyicha kundalik masalalar yuzasidan, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Transportda xavfsizlikni taʼminlash bosh boshqarmasiga — xizmat va tezkor faoliyatini amalga oshirish masalalari yuzasidan boʻysunadi”;

b) 1-ilovada:

6-bandning oltinchi xatboshidagi va 7-band “d” kichik bandining birinchi xatboshidagi “qurol-yarogʻ, boshqa” soʻzlari chiqarib tashlansin;

7-bandning “a” kichik bandidan oltinchi va yettinchi xatboshilar chiqarib tashlansin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-noyabrdagi “Ichki ishlar organlari kadrlari bilan ishlash va ularning xizmatini tashkil etish tartibini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3413-son qaroriga 1-ilovada:

9-bandning uchinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi markaziy apparati va oliy taʼlim muassasalariga, shuningdek Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasiga xizmatga, istisno tariqasida, Toshkent shahrida doimiy propiskaga ega boʻlmagan fuqarolar orasidan ham nomzodlarni tanlash va qabul qilishga ruxsat beriladi”;

11-bandning birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“11. Dastlabki tanlovlardan muvaffaqiyatli oʻtgan nomzodlarning shaxsiy hujjatlar yigʻmajildlarini rasmiylashtirish ichki ishlar organlarining kadrlar boʻlinmalari tomonidan amalga oshiriladi. Nomzodning tegishli hujjatlarini yigʻish jarayonida unga bir paytning oʻzida xizmatga yaroqlilik darajasini aniqlash maqsadida harbiy-tibbiy komissiyasiga yoʻllanma beriladi”;

19-bandning ikkinchi xatboshisida “Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining kasbiy tayyorgarlik fakultetida” soʻzlaridan keyin “yoki Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filialida” soʻzlari bilan toʻldirilsin;

75-bandning birinchi xatboshidagi “kiritiladi” soʻzi “kiritilishi mumkin” soʻzlari bilan almashtirilsin;

159-bandning ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Ushbu Nizomning 144-bandi “a” kichik bandiga muvofiq xizmatdan boʻshatilgan xodimlar ularning ichki ishlar organlaridagi kalendar hisobdagi amaliy ish staji oʻn yildan ortiq boʻlganda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining hududiy ichki ishlar organlari va sohaviy xizmatlari, taʼlim muassasalari boshliqlarining asoslantirilgan taqdimnomalariga asosan, shuningdek xizmatdan boʻshashiga oʻqishga kirishi sabab boʻlgan hollarda xizmatga qayta qabul qilinishi mumkin”.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 12-dekabrdagi “Jismoniy va yuridik shaxslar mulkining qoʻriqlanishini taʼminlash samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4060-son qarorida:

1-bandning toʻrtinchi xatboshidagi “ichki ishlar organlarining” soʻzlari chiqarib tashlansin;

2-bandning birinchi xatboshidagi “Ichki ishlar vazirligi” soʻzlari “Milliy gvardiya” soʻzlari bilan almashtirilsin;

3-bandning ikkinchi xatboshi, 4-band, 6-bandning ikkinchi va beshinchi hamda 8-bandning oltinchi xatboshilaridagi “ichki ishlar organlari” soʻzlari “Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi” soʻzlari bilan almashtirilsin.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 24-dekabrdagi “Jamoat xavfsizligini taʼminlash samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4075-son qarori 3-bandining uchinchi xatboshidagi “tuman (shahar) ichki ishlar organlarining boshliqlari tomonidan” soʻzlari “Qoraqalpogʻiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi va viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari boshliqlari tomonidan” soʻzlari bilan almashtirilsin.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.