PQ-4268-son Qaror · 04.04.2019

Agrar sektorni qishloq xoʻjaligi texnikalari bilan oʻz vaqtida taʼminlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-4268
  • Qabul qilingan sana:04.04.2019
  • Kuchga kirgan sana:05.04.2019
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/19/4268/2884

Soʻnggi yillarda respublikamizning agrar sektorini xalqaro standartlarga muvofiq hamda mamlakat hududlarining tabiiy iqlim va tuproq sharoitlariga javob beradigan zamonaviy mahalliy va xorijiy qishloq xoʻjaligi texnikalari bilan taʼminlash boʻyicha faol chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, birgina 2018-yilda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilariga, birinchi navbatda, fermer xoʻjaliklari, paxta-toʻqimachilik ishlab chiqarishni tashkil etuvchilar va klasterlarga 33,7 mingdan ortiq qishloq xoʻjaligi texnikalari yetkazib berildi. Bu esa 2017-yilgi koʻrsatkichlar bilan taqqoslaganda 1,5 baravarga koʻp.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan, mavjud qishloq xoʻjaligi texnikalarining 25 foizidan ortigʻi 15 yildan ortiq muddat mobaynida ekspluatatsiya qilinmoqda, shu bois qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarini sifatli va arzon texnikalar bilan taʼminlash ustuvor vazifa boʻlib qolmoqda va davlat tomonidan yanada qoʻllab-quvvatlashni taqozo etadi.

Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarini sifatli qishloq xoʻjaligi texnikalari bilan taʼminlashni davlat tomonidan moliyaviy qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini joriy etish, shuningdek, ushbu jarayonga tijorat banklarining moliyaviy mablagʻlarini jalb etish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Iqtisodiyot va sanoat vazirligining qishloq xoʻjaligi sohasidagi korxonalarning qishloq xoʻjaligi texnikalarini xarid qilishini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning quyidagi tartibini joriy etish toʻgʻrisidagi takliflari qabul qilinsin:

mahalliy gʻalla oʻrish va paxta terish texnikalarini yetkazib berishni moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasining (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki qayta moliyalash stavkasining 50 foizidan oshmagan foiz stavkasi boʻyicha va qaytarilish muddati xarajatlar qoplanishi muddatiga qarab 7 yildan 10 yilgacha boʻlgan qarz mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi hamda moliyalashtirish hajmi Jamgʻarma daromadlari va xarajatlarini shakllantirishda belgilanadi;

qishloq xoʻjaligi sohasidagi korxonalarning respublikada ishlab chiqarilgan barcha turdagi oʻziyurar, osma va tirkama texnikalarni xarid qilish uchun kredit va lizing shartnomalari boʻyicha foiz xarajatlari qisman Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadi. Bunda, foiz xarajatlarini qoplashning miqdori Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining asosiy stavkasi oʻzgarishiga qarab Moliya vazirligi tomonidan qayta koʻrib chiqilishi mumkin.

(1-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-iyuldagi PQ-335-son qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.07.2022-y., 07/22/335/0685-son)

2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:

a) 2019-yilda, eksperiment tariqasida, Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlaridagi qishloq xoʻjaligi korxonalari tomonidan paxta terish ishlariga jalb qilinadigan paxta terish mashinalari xizmatidan foydalanganlik uchun xarajatlarning 30 foizini qoplab berishni taʼminlasin;

b) Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda paxta terish mashinalari xizmatiga haq toʻlash xarajatlarini qoplab berish boʻyicha eksperiment natijalari asosida 2019-yil 1-dekabrga qadar ushbu amaliyotni mamlakatning boshqa hududlariga tatbiq etish yuzasidan asoslantirilgan takliflarni kiritsin;

v) 2019-yil 20-aprelga qadar:

mazkur qarorda nazarda tutilgan davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlarini amalga oshirish tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

“Oʻzagrolizing” AJ, “Oʻzmashlizing” MChJ va qishloq xoʻjaligi texnikasi ishlab chiqaruvchilari oʻrtasidagi 2018-yilning IV choragida lizing asosida yetkazib berilgan texnikalar uchun oʻzaro hisob-kitoblarni amalga oshirishga 155,6 mlrd. soʻm miqdoridagi mablagʻlar Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan ajratilishini taʼminlasin.

3. AT “Xalq banki” va “Mikrokreditbank” ATBning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 4-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasi aksiyadorlik tijorat Xalq banki va “Mikrokreditbank” aksiyadorlik tijorat bankining moliyaviy holatini yaxshilash hamda faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3694-son qaroriga muvofiq ularning ustav kapitaliga yoʻnaltirilgan mablagʻlarning 30 foizini 2019-yilda mahalliy qishloq xoʻjaligi texnikalarini xarid qilish uchun maqsadli kreditlar ajratishga yoʻnaltirish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

4. Belgilansinki, 2019-yil 1-yanvardan 2020-yil 1-yanvarga qadar lizing kompaniyalari va tijorat banklari uchun qoʻshilgan qiymat soligʻi lizing xizmatlari qismida qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilingan, shu jumladan import qilingan lizing obyektini sotib olish narxi va sotish narxi oʻrtasidagi ijobiy farqdan hisoblanadi.

(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 26-sentabrdagi PF-5837-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 26.09.2019-y., 06/19/5837/3812-son — 2019-yil 1-oktabrdan kuchga kiradi)

5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bir oy muddatda qishloq xoʻjaligi texnikalari mahalliy ishlab chiqaruvchilariga yillik 5 foiz stavkada, shu jumladan tijorat bankining 1 foiz marjasini inobatga olgan holda maqsadli kreditlar ajratish uchun 50,0 mln AQSh dollarini tijorat banklariga ularning buyurtmanomalari asosida ikki yil muddatga depozit sifatida joylashtirsin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

bir oy muddatda 2019 — 2021-yillarda mahalliy ishlab chiqarilgan qishloq xoʻjaligi texnikalarini lizing asosida yetkazib berishni moliyalashtirish maqsadida har yili 100 mln AQSh dollaridan kam boʻlmagan miqdorda xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining uzoq muddatli imtiyozli kredit liniyalari jalb qilinishini taʼminlasin;

mamlakatda qishloq xoʻjaligi texnikalari uchun ehtiyot va butlovchi qismlarni ishlab chiqarishni tashkil etishga qaratilgan investitsiya loyihalarining jadal amalga oshirilishi ustidan tizimli monitoring oʻrnatsin va bunda “Oʻzagrotexsanoatxolding” AJga amaliy yordam koʻrsatsin.

7. “Oʻzagrotexsanoatxolding” va “Oʻzagroservis” aksiyadorlik jamiyatlari hamda ularning tarkibiga kiruvchi korxonalar boshqaruv organlari, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligining tanlov asosida eng yaxshi takliflarni ajratib olish yoʻli bilan:

“Oʻzagrotexsanoatxolding” AJning xoʻjalik jamiyatlari ustav kapitali (fondi)dagi ulushlarini korxonalarning asosiy faoliyati turini saqlab qolish sharti bilan 1-ilovaga muvofiq;

hududiy “Agroservis MTP” MChJning mashina-traktor parklari ustav kapitali (fondi)dagi ulushlarini tadbirkorlik subyektlariga baholash qiymatida mashina-traktor parklarining asosiy faoliyati turi (mexanizatsiya va servis xizmatlarini koʻrsatish)ni saqlab qolish va 5 yil muddatga boʻlib toʻlash sharti bilan 2-ilovaga muvofiq sotish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

8. Belgilab qoʻyilsinki:

“Oʻzagrotexsanoatxolding” AJning xoʻjalik jamiyatlari ustav kapitali (fondi)dagi ulushini 1-ilovaga muvofiq sotishdan tushgan mablagʻlar “Oʻzagrotexsanoatxolding” AJning investitsiya loyihalarini amalga oshirishga yoʻnaltiriladi;

mashina-traktor parklari sotilmagan taqdirda, boshlangʻich narxni ular sotuvga qoʻyilgan sanadan ikki oy oʻtgach har 15 kunda bosqichma-bosqich 10 foizga kamaytirish mexanizmini qoʻllagan holda, ammo nominal qiymatdan kam boʻlmagan narxda ommaviy sotuvga qoʻyiladi.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xoʻjalik jamiyatlarining ustav kapitalidagi ulushlarni baholash hamda ularni sotish boʻyicha tanlovlarni eʼlon qilish va oʻtkazishda shaffoflikni taʼminlashda “Oʻzagrotexsanoatxolding” AJ va “Oʻzagroservis” AJga har tomonlama koʻmaklashsin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va “Oʻzagrotexsanoatxolding” AJ bilan birgalikda bir oy muddatda toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilgan holda qishloq xoʻjaligi texnikalari uchun butlovchi va ehtiyot qismlarni ishlab chiqarishni kengaytirish hamda 2021-yilning oxiriga barcha turdagi qishloq xoʻjaligi texnikalarini ishlab chiqarishda mahalliylashtirish darajasini kamida 40 foizga yetkazishni nazarda tutuvchi “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

11. “Oʻzagrotexsanoatxolding” AJ, “Oʻzagrolizing” AJ tijorat banklari va qishloq xoʻjaligi korxonalari bilan birgalikda bir oy muddatda mahalliy ishlab chiqarilgan qishloq xoʻjaligi texnikalarini xarid qilish boʻyicha buyurtmalar portfelini shakllantirsin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi mazkur qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlarning oʻz vaqtida moliyalashtirilishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatsin.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, shuningdek, Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalari ushbu qaror qoidalarining keng yoritilishini taʼminlasin.

14. “Oʻzagrotexsanoatxolding” AJ Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

15. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2019-yil 4-aprel,

PQ-4268-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 4-apreldagi PQ-4268-son qaroriga 1-ILOVA

Ustav kapitallari (fondlari)dagi “Oʻzagrotexsanoatxolding” aksiyadorlik jamiyatining ulushlari korxonaning asosiy faoliyatini saqlab qolish sharti bilan sotiladigan xoʻjalik jamiyatlari

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 4-apreldagi PQ-4268-son qaroriga 2-ILOVA

Ustav kapitallari (fondlari)dagi hududiy “Agroservis MTP” MChJlarning ulushi tadbirkorlik subyektlariga sotiladigan mashina-traktor parklari

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.