PQ-4411-son Qaror · 31.07.2019

Pillachilik tarmogʻida chuqur qayta ishlashni rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-4411
  • Qabul qilingan sana:31.07.2019
  • Kuchga kirgan sana:01.08.2019
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/19/4411/3500

Soʻnggi yillarda respublikada pillachilik sohasini rivojlantirish, ishlab chiqariladigan mahsulotlarning turlarini kengaytirish, shuningdek, pillachilik tarmogʻi korxonalarining eksport va investitsiya faoliyatini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar pilla xomashyosi yetishtirish hajmini oshirish, uni qayta ishlash hisobiga eksportbop ipak mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini koʻpaytirish, shuningdek, respublikamizning chekka hududlaridagi aholi, ayniqsa ayollar bandligini taʼminlash imkonini berdi.

Shu bilan birga, jahon bozori konyunkturasining tez fursatlar bilan oʻzgarib borayotganligi, isteʼmolchilarning talablari kuchayayotganligi, shuningdek, xorijiy bozorlarda oʻzbek mahsulotlariga boʻlgan talab oshayotganligi pillachilik sohasini rivojlantirish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlarning izchil amalga oshirilishini talab qilmoqda.

Pillachilik tarmogʻida amalga oshirilayotgan islohotlarni yanada chuqurlashtirish, sohani jadal rivojlantirish va diversifikatsiya qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ishlab chiqarishni tashkil etishning klaster usulini keng joriy etish, pillani chuqur qayta ishlashda investitsiyalar hajmini oshirish hamda yuqori qoʻshilgan qiymatli tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni keng yoʻlga qoʻyish maqsadida:

1. Quyidagilar:

pillachilik klasterini tashkil etishda korxonalarning iqtisodiy faoliyat turlari roʻyxati 1-ilovaga muvofiq;

pillachilik klasterlarini tashkil etadigan “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi tarkibidagi korxonalar roʻyxati 2-ilovaga muvofiq;

2019 — 2025-yillarda “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi tarkibidagi korxonalar tomonidan ipak mahsulotlari ishlab chiqarish va eksport qilish boʻyicha prognoz parametrlari 3-ilovaga muvofiq;

2019 — 2021-yillarda pillachilik tarmogʻida chuqur qayta ishlashni tashkil etish asosida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari roʻyxati 4-ilovaga muvofiq;

pillachilik sohasini yanada rivojlantirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar rejasi 5-ilovaga muvofiq maʼqullansin.

2. Belgilab qoʻyilsinki:

2022-yil 1-avgustga qadar pillachilik tarmogʻi korxonalariga (ularning vakolatli vakillariga) 6-ilovaga muvofiq roʻyxat boʻyicha mahsulotlarni AQSH, Xitoy, Hindiston va Turkiyaga eksport qilishda havo va temir yoʻllari transportida tashish xarajatlarining 50 foizigacha miqdorini, Yevropa Ittifoqi davlatlariga eksport qilishda havo va temir yoʻllari transportida tashish xarajatlarining 70 foizigacha miqdorini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan kompensatsiya qilishga subsidiyalar taqdim etiladi;

(2-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 27-apreldagi PF-116-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.04.2022-y., 06/22/116/0353-son)

“Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi tarkibiga kiruvchi korxonalar tomonidan pilla yetishtirish boʻyicha tuzilgan shartnoma asosida pilla yetishtiruvchi subyektlarga (ularning roziligi bilan) avans hisobiga keyinchalik tayyorlanadigan pilla uchun toʻlov summasiga oʻtkazgan holda yetkazib berilgan tut ipak qurti urugʻi va pilla yetishtirish uchun zarur boshqa moddiy-texnika resurslari hamda tut koʻchatlari qiymati tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilish oboroti deb hisoblanmaydi;

lizing asosida qishloq xoʻjaligi texnikasini xarid qilish, mineral oʻgʻitlar, urugʻlik, oʻsimliklarni kimyoviy himoya qilish vositalari va boshqa material resurslarini yetkazib berish boʻyicha fermer xoʻjaliklari uchun nazarda tutilgan shartlar hamda tartib pillachilik tarmogʻi korxonalariga ham tatbiq etiladi;

2020-yil 1-yanvardan boshlab tut daraxtlarini gʻayriqonuniy ravishda kesganlik, shikastlantirganlik yoki yoʻq qilganlik uchun undirilgan jarimalarning 50 foizi huquqbuzarlik sodir etilgan hududda yangi tut koʻchatlarini ekish uchun maqsadli yoʻnaltiriladi;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 29-noyabrdagi “Mahalliy ishlab chiqaruvchilarning eksport salohiyatini yanada ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5587-son Farmoni 1-bandida nazarda tutilgan imtiyozlar 2021-yil 1-yanvarga qadar xom ipak (TIF TN kodi 5002) va ipak momigʻi (TIF TN kodi 5003) mahsulotlariga ham tatbiq etiladi. Bunda, imtiyozlarni qoʻllash natijasida boʻshaydigan mablagʻlar ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, shu jumladan texnologik uskunalar sotib olish uchun maqsadli tarzda yoʻnaltiriladi;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 4-dekabrdagi “Respublikada pillachilik tarmogʻini jadal rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4047-son qarori 5-bandida nazarda tutilgan kompensatsiya taqdim etish tartibi loyihalar qiymati va sonidan qatʼi nazar pilla yetishtirishni, shu jumladan pilla yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklari va kasanachilarga boʻnak berishni, ular bilan yakuniy hisob-kitoblarni amalga oshirishni hamda qurilish va rekonstruksiya ishlarini moliyalashtirish maqsadlari uchun ham tatbiq etiladi va mazkur tartibning amal qilish muddati 2023-yil 1-yanvarga qadar uzaytiriladi.

3. “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi:

hududlarda “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi tarkibiga kiruvchi korxonalar tomonidan tut koʻchatlarining ekilishi, ipak qurti urugʻi va pilla yetishtirish, pillani chuqur qayta ishlash, ipak, ipak momigʻi va ipakdan chuqur qayta ishlangan mahsulotlar eksportini amalga oshirish, investitsiyalarni jalb etish va yangi ish oʻrinlarini yaratish boʻyicha prognoz koʻrsatkichlarining toʻliq bajarilishini muntazam ravishda monitoring qilib borsin;

tut koʻchatlarini ekish, ipak qurtini parvarishlash inshootlarini qurish, pilla yetishtirish va uni chuqur qayta ishlashni tashkil qilish, ipak mahsulotlari eksportini amalga oshirish va yangi ish oʻrinlari yaratish boʻyicha belgilangan koʻrsatkichlarni taʼminlashda sustkashlikka yoʻl qoʻyayotgan “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi tarkibiga kiruvchi korxonalar boʻyicha ularga taqdim etilgan imtiyozlarni qayta koʻrib chiqish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritib borsin;

tirik pilla yetishtiruvchilardan yetishtirilgan tirik pillani sotib olish (ularning tirik pilla yetishtirish xizmati) narxini 2020-yildan kamida 20 foizga, 2021-yildan yana kamida 10 foizga oshirish choralarini koʻrsin.

4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyat hokimliklari 2020-yil 1-yanvarga qadar fermer va dehqon xoʻjaliklariga, qishloq xoʻjaligi hamda paxtachilik-toʻqimachilik klasterlariga yer uchastkalarini ajratish toʻgʻrisidagi qarorlarda hamda yer uchastkalari ijarasi shartnomalari (shu jumladan oldin qabul qilingan qarorlar va tuzilgan shartnomalarda) “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi tarkibidagi korxonalarning mazkur yer uchastkalaridagi qishloq xoʻjaligi ekin maydonlari chetida va yoʻl boʻyida joylashgan tut daraxtlaridan pilla yetishtirish uchun ozuqa sifatida foydalanish huquqi nazarda tutilishini taʼminlasin.

5. Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti tasarrufida Fargʻona, Samarqand, Xorazm, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida naslli ipak qurti urugʻi yetishtiruvchi muassasalari (keyingi oʻrinlarda — muassasalar) tashkil etilsin.

Belgilansinki, muassasalarning moliyaviy-xoʻjalik faoliyati bilan bogʻliq xarajatlarini moliyalashtirish:

ularning xoʻjalik faoliyatini amalga oshirishdan tushadigan mablagʻlar;

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;

xalqaro moliya institutlari grantlari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

6. Fargʻona, Samarqand, Xorazm, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda muassasalarga davlatga tegishli boʻsh turgan binolarda ijara haqining “nol” stavkasini belgilagan holda zarur maydonlarni ajratsin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi bilan birgalikda:

ikki oy muddatda tut daraxtlarini gʻayriqonuniy ravishda kesganlik, shikastlantirganlik yoki yoʻq qilganlik uchun undirilgan jarimalarning 50 foizi huquqbuzarlik sodir etilgan hududda yangi tut koʻchatlarini ekish uchun maqsadli yoʻnaltirish tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

2019-yil 1-noyabrga qadar qishloq xoʻjaligi ekinlari dalalari chetidagi va yoʻl boʻyidagi tut daraxtlarini xatlovdan oʻtkazib, qatʼiy hisobini yuritish va ularni gʻayriqonuniy ravishda kesish, shikastlantirish yoki yoʻq qilish holatlarining oldini olish choralarini koʻrsin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi Moliya vazirligi va “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi bilan birgalikda 2019-yil 1-dekabrga qadar davlat budjeti mablagʻlari hisobidan Ipakchilik ilmiy-tadqiqot institutida “Tut ipak qurti ekologiyasi va kimyoviy zaharlanish profilaktikasi” laboratoriyasini tashkil etsin.

9. 2022-yil 1-avgustga qadar “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi tarkibidagi korxonalar tomonidan ipak qurti urugʻlarini, istisno tariqasida, “bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash” bojxona rejimiga joylashtirishga ruxsat berilsin hamda olib chiqilishi natijasida tayyorlangan pillalarni respublika hududiga olib kirishda bojxona toʻlovlaridan (bojxona yigʻimlaridan tashqari) ozod etilsin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi:

Tashqi ishlar vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi va “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi bilan birgalikda mahalliy ipak mahsulotlari eksport qilinayotgan xorijiy davlatlarning bojxona tarif stavkalarini tahlil qilib, ularni kamaytirish masalalarini ushbu davlatlar bilan oʻtkaziladigan hukumatlararo komissiyalarning (qoʻmitalar, kengashlar va ishchi guruhlar) kun tartibi va yakuniy bayonnomalari loyihalariga kiritish;

“Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi tarkibiga kiruvchi korxonalarga xorijiy davlatlarda koʻrgazma stendlarini tashkil qilish va xalqaro koʻrgazma-yarmarkalarda ishtirok etish boʻyicha xarajatlarini kompensatsiya qilish choralarini koʻrsin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi “Hududgaztaʼminot” AJ, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi bilan birgalikda ikki oy muddatda pillachilik tarmogʻi korxonalarining elektr energiyasi va gaz tarmoqlariga ulanganligi hamda uzluksiz taʼminlanganligi holatini oʻrganib chiqib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

12. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasiga pillachilik tarmogʻida hunarmandchilik va kasanachilik uchun yaratilayotgan shart-sharoitlarni hamda islohotlarni amalga oshirish jarayonlarini ommaviy axborot vositalarida keng yoritish, maqolalar chop etish, teleradiodasturlarni efirga uzatish hamda Internet tarmoqlariga joylashtirish tavsiya etilsin.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 7-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

15. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.A. Gulyamov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2019-yil 31-iyul,

PQ-4411-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 31-iyuldagi PQ-4411-son qaroriga1-ILOVA

Pillachilik klasterini tashkil etishda korxonalarning iqtisodiy faoliyat turlari

Izoh: Mazkur roʻyxatga, zarurat boʻlganda, “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 31-iyuldagi PQ-4411-son qaroriga2-ILOVA

Pillachilik klasterlarini tashkil etadigan “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi tarkibidagi korxonalar

Izoh: Mazkur roʻyxatga, zarurat boʻlganda, “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.

(2-ilovaning matni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-fevraldagi PQ-4984-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.02.2021-y., 07/21/4984/0098-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 31-iyuldagi PQ-4411-son qaroriga3-ILOVA

2019 — 2025-yillarda “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi tarkibidagi korxonalar tomonidan ipak mahsulotlari ishlab chiqarish va eksport qilish boʻyicha

(3-ilovaning matni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 17-yanvardagi PQ-4567-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 18.01.2020-y., 07/20/4567/0063-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 31-iyuldagi PQ-4411-son qaroriga4-ILOVA

2019 — 2021-yillarda pillachilik tarmogʻida chuqur qayta ishlashni tashkil etish asosida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari

Izoh: Loyihalarning qiymati va moliyalashtirish manbalariga loyihalar boʻyicha texnik iqtisodiy asoslantirish ishlab chiqilgandan soʻng va shartnomalar imzolash natijalariga asosan oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 31-iyuldagi PQ-4411-son qaroriga 5-ILOVA

Pillachilik sohasini yanada rivojlantirish boʻyicha amaliy

(5-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 7-oktabrdagi PF-6320-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.10.2021-y., 06/21/6320/0940-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 31 iyuldagi PQ-4411-son qaroriga6-ILOVA

Eksport qilishda havo va temir yoʻllari transportida tashish xarajatlarining 50 foizigacha miqdorini kompensatsiya qilishga subsidiyalar taqdim etiladigan mahsulotlar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 31-iyuldagi PQ-4411-son qaroriga7-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-martdagi “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-2856-son qarorining 7-bandi uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi tarkibiga kiruvchi tashkilotlar hamda ipak qurti urugʻini ishlab chiqarish, pillani tayyorlash va qayta ishlash tashkilotlari tomonidan olib kelinadigan pilla yigirish va ipak gazlama toʻqish dastgohlarining ehtiyot qismlari, tut daraxti urugʻi va koʻchatlari, ipak qurtining superelita, elita va sanoat urugʻlari belgilangan tartibda tasdiqlanadigan roʻyxatlar boʻyicha bojxona toʻlovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) ozod etilsin;”.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 4-dekabrdagi “Respublikada pillachilik tarmogʻini jadal rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4047-son qarorining 5-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“5. Pillachilik tarmogʻidagi loyihalarning qiymati, soni va ularni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan valyuta turidan qatʼi nazar, “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi tarkibiga kiruvchi tashkilotlarning tutzorlar barpo qilish, ipak qurti urugʻini sotib olish, pilla yetishtirish, shu jumladan pilla yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklari va kasanachilarga boʻnak berish, ular bilan yakuniy hisob-kitoblarni amalga oshirish, qurilish va rekonstruksiya ishlarini bajarish, shuningdek, ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish boʻyicha loyihalarini moliyalashtirish maqsadida 2019 — 2022-yillarda ajratiladigan bank kreditlari foiz xarajatlarini qoplash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi hisobidan tijorat banklari tomonidan belgilangan kredit stavkasining 50 foizi, biroq 10 foizdan ortiq boʻlmagan miqdorda kompensatsiya taqdim etish tartibi oʻrnatilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2019 — 2022-yillar davomida har yili 100 mlrd soʻm miqdoridagi mablagʻlarni tegishli yilning 1-fevraliga qadar mazkur bandda nazarda tutilgan kompensatsiyalarni taqdim etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasiga oʻtkazib bersin.”.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.