Mamlakatimizda qorakoʻlchilik tarmogʻida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish, naslchilik ishlarini takomillashtirish orqali sifatli qorakoʻl teri yetishtirish, choʻl ozuqabop ekinlar urugʻchiligi maydonlarini tashkil etish va yaylovlar hosildorligini oshirish hamda qorakoʻlchilik subyektlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash borasida soʻnggi yillarda bir qator ijobiy ishlar amalga oshirildi.
Shu bilan birgalikda, bugungi kunda sohada mavjud ichki imkoniyatlardan toʻliq foydalanilmayapti.
Xususan, naslchilik ishlarini yanada takomillashtirish, choʻl yaylov ozuqabop oʻsimliklar urugʻchiligi maydonlarini kengaytirish, sohada eksportbop qorakoʻl va qorakoʻlcha teri yetishtirish, mahsulotlarni chuqur qayta ishlash va xom ashyolardan tibbiyot maqsadlari uchun foydalanish ahvoli bugungi kun talabiga javob bermaydi.
Respublikada qorakoʻl zotli qoʻylar bosh soni va qorakoʻlchilik mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlarini yanada oshirish, naslchilik ishlarini ilmiy asosda takomillashtirish, qorakoʻlchilik mahsulotlarini, xom ashyolarini chuqur qayta ishlash va tibbiyot maqsadlari uchun keng foydalanish hamda soha xodimlarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida:
1. Quyidagilar:
2019 — 2021-yillarda qorakoʻl zotli qoʻylar bosh soni, jun va qorakoʻl teri ishlab chiqarishni koʻpaytirishning prognoz parametrlari 1, 1a, 1b-ilovalarga muvofiq;
qorakoʻlchilik mahsulotlarini qayta ishlashni tashkil etuvchi korxonalar roʻyxati 2-ilovaga muvofiq;
qorakoʻlchilik sohasida eksportbop qorakoʻlcha teri yetishtirish va tibbiyot uchun noyob dorivor vositalar ishlab chiqarishda foydalaniladigan qorakoʻlchilik xom ashyosi yetkazib berish korxonalari roʻyxati 3-ilovaga muvofiq;
yaylovlar hosildorligini oshirish maqsadida choʻl yaylov oʻsimliklari urugʻchiligi maydonlarini kengaytirish parametrlari 4-ilovaga muvofiq;
naslchilik qorakoʻlchilik xoʻjaliklariga kuchli ozuqalar yetishtirish maqsadida talab etiladigan sugʻoriladigan yer maydonlarini ajratish parametrlari 5-ilovaga muvofiq;
oʻrmon xoʻjaligi tashkilotlariga qarashli uzoq choʻl hududlaridagi naslchilik qorakoʻlchilik xoʻjaliklarining suv chiqarish inshootlari joylashgan naslchilik qorakoʻlchilik xoʻjaliklariga ajratiladigan yaylov yer maydonlari 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo, Samarqand, Jizzax va Surxondaryo viloyatlari hokimliklari bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Yaylov xoʻjaligini rivojlantirish uyushmasi, “Xalq banki” ATB bilan birgalikda mazkur qarorga muvofiq belgilangan prognoz parametrlar ijrosini taʼminlash yuzasidan tumanlar va qorakoʻlchilik subyektlari kesimida manzilli chora-tadbirlarni tasdiqlasin hamda ularning samarali va toʻliq ijrosi yuzasidan tizimli monitoring oʻrnatsin.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 8-iyuldagi PF-6259-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.07.2021-y., 06/21/6259/0657-son)
3. Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi, Buxoro, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlari hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda mazkur qarorga 6-ilovada nazarda tutilgan oʻrmon bilan qoplanmagan yaylov yer maydonlarini xatlovdan oʻtkazib, ularning oʻrmon xoʻjaligi tashkilotlaridan naslchilik qorakoʻlchilik xoʻjaliklariga ajratib berilishini taʼminlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Respublika “Qorakoʻlchilik” uyushmasi, Navoiy va Qashqadaryo viloyati hokimliklarining Navoiy viloyatida qorakoʻl zotli qoʻylarning sur rangi boʻyicha, Qashqadaryo viloyatida qora va koʻk rangi boʻyicha yuqori elita sinfli nasldor qorakoʻl qoʻylar yetishtirishga ixtisoslashtirilgan Ilmiy-naslchilik tajriba stansiyalarini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
Quyidagilar Ilmiy-naslchilik tajriba stansiyalarining asosiy vazifalari etib belgilansin:
yuqori nasldor elita sinfiga mansub sur, qora va koʻk rangli qorakoʻl zotli qoʻylar otarlarini ilmiy asosda tashkil etish;
otarlarda naslchilik va sunʼiy urugʻlantirish ishlarini tizimli tashkil etish, bunda ranglar boʻyicha qimmatli eksportbop yarim doira qalamgul, qovurgʻasimon va yassi gul tipidagi qorakoʻl qoʻylar seleksiyasiga alohida eʼtibor qaratish;
serpusht qorakoʻl qoʻylarni oʻzaro juftlash orqali jahon moʻyna bozorlari talabidan kelib chiqib, qorakoʻl terining raqobatbardosh turlarini yaratish;
yetishtirilgan yuqori mahsuldor qorakoʻl qoʻy va qoʻchqorlarni aholi xonadonlariga, dehqon hamda fermer xoʻjaliklariga tizimli ravishda yetkazib berishni yoʻlga qoʻyish.
Ushbu stansiyalarni tashkil etish bilan bogʻliq xarajatlar mahalliy davlat hokimiyatiorganlarining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.
5. Belgilansinki, 2019 — 2023-yillarda qorakoʻlchilik xoʻjaliklariga yetishtirib eksportga sotilgan har bir dona qorakoʻl terisi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan 50 ming soʻmdan va har bir dona qorakoʻlcha terisi uchun 75 ming soʻmdan subsidiyalar ajratiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Respublika “Qorakoʻlchilik” uyushmasi bilan birgalikda ikki oy muddatda qorakoʻlchilik subyektlariga subsidiya berish tartibini ishlab chiqib, tasdiqlasin.
6. Respublikada qorakoʻlchilik sohasida naslchilik seleksiya ishlarini takomillashtirish, jahon bozori talablariga mos boʻlgan raqobatbardosh qorakoʻl terisi ishlab chiqarish va uni qayta ishlashni moliyaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlash maqsadida Yaylov xoʻjaligini rivojlantirish uyushmasi huzurida Qorakoʻlchilikni rivojlantirish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) tashkil etilsin.
(6-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 8-iyuldagi PF-6259-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.07.2021-y., 06/21/6259/0657-son)
Quyidagilar Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirishning manbalari etib belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan foiz toʻlovlarisiz qaytarish sharti bilan 7 yil muddatga 2019-2020-yillarda ajratiladigan 50 mlrd soʻm;
Yaylov xoʻjaligini rivojlantirish uyushmasiga aʼzo tashkilotlarning hamda boshqa jismoniy va yuridik shaxslarning ixtiyoriy ajratmalari;
(6-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 8-iyuldagi PF-6259-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.07.2021-y., 06/21/6259/0657-son)
xalqaro moliya institutlari va boshqa xorijiy donorlarning grantlari va kreditlari;
Jamgʻarmaning vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlarini tijorat banklari depozitlariga joylashtirishdan olingan daromadlar;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
7. Belgilansinki, Jamgʻarma mablagʻlari quyidagi maqsadlarga ishlatiladi:
naslchilik-seleksiya ishlarini ilmiy asosda tashkil etish va uni takomillashtirish;
inqirozga uchragan yaylov yer maydonlarini tiklash, choʻl-yaylov ozuqabop oʻsimliklarining birlamchi urugʻchilik maydonlari va madaniy yaylovzorlarni tashkil etish;
(7-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-yanvardagi PQ-34-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.01.2025-y., 07/25/34/0096-son)
chorva mollari uchun qishlov mavsumida kuchli ozuqa zaxirasini yaratish;
(7-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-yanvardagi PQ-34-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.01.2025-y., 07/25/34/0096-son)
sohada resurs tejamkor uskunalar sotib olish va ozuqa sexlari (granulyator)ni tashkil etish hamda qorakoʻlchilik subyektlari tomonidan qishloq xoʻjaligi texnikalari va agregatlarini sotib olishni moliyalashtirish;
uzoq choʻl hududlarida suv chiqarish inshootlarini barpo etish hamda mavjudlarini taʼmirlash va modernizatsiya qilish;
sohaga yangi zamonaviy texnologiyalar, innovatsion gʻoyalar va ishlanmalarni olib kelish hamda joriy etish;
mutaxassislarning xalqaro koʻrgazmalar va yarmarkalarda ishtirok etishi, sohadagi kadrlar malakasini oshirish, shu jumladan yosh mutaxassislarning xorijda oʻqishi, stajirovka oʻtashi, xorijiy mutaxassis va maslahatchilarni jalb qilish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash;
Yaylov xoʻjaligini rivojlantirish uyushmasining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda ishchi xodimlarni moddiy va ijtimoiy ragʻbatlantirish;
(7-bandning toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 8-iyuldagi PF-6259-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.07.2021-y., 06/21/6259/0657-son)
kavrak yetishtirish bilan shugʻullanadigan xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan qishloq xoʻjaligi texnikalari va agregatlari, resurs tejovchi uskunalar va zamonaviy texnologiyalar xarid qilinishini moliyalashtirish;
kavrak oʻsimligi koʻchati va urugʻini sotib olish;
suv chiqarish inshootlarini barpo etish;
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 27-apreldagi PF-116-sonli Farmoniga asosan oʻninchi — oʻn ikkinchi xatboshilar bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.04.2022-y., 06/22/116/0353-son)
Yaylov xoʻjaligini rivojlantirish uyushmasiga yuklatilgan boshqa vazifalar ijrosini taʼminlash.
(7-bandning oʻninchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 8-iyuldagi PF-6259-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.07.2021-y., 06/21/6259/0657-son)
8. Yaylov xoʻjaligini rivojlantirish uyushmasining Jamgʻarmaga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan ajratiladigan mablagʻni tijorat banklari orqali qorakoʻlchilik subyektlariga 5 yil muddatga 3 yillik imtiyozli davr bilan, yillik 5 foiz (shundan 4 foiz bank marjasi) stavkada kredit sifatida ajratish haqidagi taklifi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 26-apreldagi PQ-224-son qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.04.2022-y., 07/22/224/0349-son)
9. Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Respublika “Qorakoʻlchilik” uyushmasi bilan birgalikda bir oy muddatda Jamgʻarma mablagʻlaridan foydalanish tartibini ishlab chiqib, tasdiqlasin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va Innovatsion rivojlanish vazirligi Yaylov xoʻjaligini rivojlantirish uyushmasi bilan birgalikda qorakoʻlchilik xom ashyolari asosida yaratiladigan noyob dori vositalari — immunitetni tiklovchi “Timoptin inyeksiyasi” va kamqonlikda qoʻllaniladigan “Eritim” preparatlarini ishlab chiqarishni 10 baravargacha oshirish choralarini koʻrsin va ushbu maqsad uchun talab etiladigan mablagʻlar ajratilishini taʼminlasin.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 8-iyuldagi PF-6259-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.07.2021-y., 06/21/6259/0657-son)
11. Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi va Sogʻliqni saqlash vazirligi qorakoʻlchilik xom ashyolari asosida yaratiladigan Kardin va Aflan dori vositalarining klinik sinovlarini olib borish va ishlab chiqarishni tashkillashtirsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi ushbu ishlanmalarni grant mablagʻlari bilan taʼminlasin.
12. Belgilab qoʻyilsinki, 2019-yil 1-sentabrdan boshlab Yaylov xoʻjaligini rivojlantirish uyushmasi qorakoʻlchilik subyektlarida qorakoʻl zotli qoʻylarning:
(12-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 8-iyuldagi PF-6259-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.07.2021-y., 06/21/6259/0657-son)
bosh soni, genofondini saqlash va takomillashtirish, naslchilik-seleksiya ishlari, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifati yuzasidan davriy monitoring hamda jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi;
genofondini saqlash, boshqa zotli qoʻylar bilan chatishtirmaslik hamda biriktirilgan yer (yaylov) maydonlaridan maqsadli va samarali foydalanish toʻgʻrisida zarur tavsiyalar beradi.
13. Naslchilik qorakoʻlchilik xoʻjaliklariga qarashli yaylovlarni tuman hokimligi zaxirasiga olish, shuningdek, boshqa yoʻnalishdagi fermer xoʻjaliklariga va qishloq xoʻjaligi korxonalariga berish Yaylov xoʻjaligini rivojlantirish uyushmasining roziligi bilan amalga oshirilishi belgilab qoʻyilsin.
(13-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 8-iyuldagi PF-6259-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.07.2021-y., 06/21/6259/0657-son)
(14-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 2-sentabrdagi PQ-4817-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 03.09.2020-y., 07/20/4817/1254-son)
15. Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Samarqand viloyati hokimligining:
Samarqand shahri, Xishrav qoʻrgʻoni, Samarqand koʻchasi, 1-uyda joylashgan Samarqand qishloq xoʻjalik kasb-hunar kollejining maʼmuriy binosini tegishli hududlari bilan birgalikda Qorakoʻlchilik va choʻl ekologiyasi ilmiy-tadqiqot institutiga operativ boshqarish huquqi asosida bepul berish;
(15-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 2-sentabrdagi PQ-4817-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 03.09.2020-y., 07/20/4817/1254-son)
Samarqand viloyati Hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat markazi hamda Samarqand viloyati “Chorvanasl” markazini Samarqand shahri, Mirzo Ulugʻbek koʻchasi, 47-uy manzilida joylashtirish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Fanlar akademiyasi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi hamda Samarqand viloyati hokimligi mazkur bandda koʻrsatilgan bino va inshootlarning belgilangan tartibda qabul qilinishi va topshirilishini taʼminlasin.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi fundamental, ilmiy-amaliy hamda innovatsion tadqiqotlar davlat ilmiy-texnik dasturlari va ilmiy mavzularni shakllantirishda veterinariya, qorakoʻlchilik va chorvachilik sohasida yuqori sifatli veterinariya vositalari, naslchilik ishlarini yuritishning hamda yuqori hosildor ozuqa ekinlarining yangi navlarini yaratish va urugʻchiligini yoʻlga qoʻyishning zamonaviy usul va texnologiyalari ishlab chiqilishini nazarda tutuvchi ilmiy loyihalar kiritilishini taʼminlasin.
17. Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi va Oʻzbekiston milliy axborot agentligi Yaylov xoʻjaligini rivojlantirish uyushmasi bilan birgalikda qorakoʻlchilik sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni ommaviy axborot vositalarida muntazam yoritib borsin.
(17-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 8-iyuldagi PF-6259-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.07.2021-y., 06/21/6259/0657-son)
18. Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
19. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 16-avgust,
PQ-4420-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 16-avgustdagi PQ-4420-son qaroriga 1-ILOVA
2019 — 2021-yillarda qorakoʻl zotli qoʻylar bosh sonini koʻpaytirishning
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 16-avgustdagi PQ-4420-son qaroriga 1a-ILOVA
2019 — 2021-yillarda jun ishlab chiqarishni koʻpaytirishning
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 16-avgustdagi PQ-4420-son qaroriga 1b-ILOVA
2019 — 2021-yillarda qorakoʻl teri ishlab chiqarishni koʻpaytirishning
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 16-avgustdagi PQ-4420-son qaroriga 2-ILOVA
Qorakoʻlchilik mahsulotlarini qayta ishlashni tashkil etuvchi korxonalar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 16-avgustdagi PQ-4420-son qaroriga 3-ILOVA
Qorakoʻlchilik sohasida eksportbop qorakoʻlcha teri yetishtirish va tibbiyot uchun noyob dorivor vositalar ishlab chiqarishda foydalaniladigan qorakoʻlchilik xom ashyosi yetkazib berish korxonalari
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 16-avgustdagi PQ-4420-son qaroriga 4-ILOVA
Choʻl yaylov oʻsimliklari urugʻchiligi maydonlarini kengaytirish
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 16-avgustdagi PQ-4420-son qaroriga 5-ILOVA
Naslchilik qorakoʻlchilik xoʻjaliklariga kuchli ozuqalar yetishtirish maqsadida talab etiladigan sugʻoriladigan yer maydonlari ajratish
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 16-avgustdagi PQ-4420-son qaroriga6-ILOVA
Oʻrmon xoʻjaligi tashkilotlariga qarashli uzoq choʻl hududlaridagi naslchilik qorakoʻlchilik xoʻjaliklarining suv chiqarish inshootlari joylashgan naslchilik qorakoʻlchilik xoʻjaliklariga ajratiladigan yaylov yerlari