PF-5806-son Farmon · 30.08.2019

Oʻzbekiston Respublikasida kosmik faoliyatni rivojlantirish toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-5806
  • Qabul qilingan sana:30.08.2019
  • Kuchga kirgan sana:31.08.2019
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 06/19/5806/3678

Mamlakatda amalga oshirilayotgan mavjud ilmiy-texnologik yoʻnalishlarni kengaytirish va talab yuqori boʻlgan yangi yoʻnalishlarni yaratishga qaratilgan faol investitsiya siyosati, shuningdek, aholining turmush darajasi va sifatini yaxshilash boʻyicha amalga oshirilayotgan dasturiy chora-tadbirlar innovatsiyalar, nano-texnologiyalar, atom energetikasi, kosmik sanoat kabi hali foydalanilmagan yuqori ilmiy hajmdor, texnologik va keng koʻlamli faoliyat yoʻnalishlaridan foydalanishni talab etadi.

Oʻzbekiston Respublikasida mashinasozlik sohasida kosmik tadqiqotlar va texnologiyalarni rivojlantirish uchun zarur boʻlgan muhim ilmiy-texnik, sinov-ishlab chiqarish, tajriba-izlanish salohiyati, yetarli intellektual va kasbga doir resurslar, muayyan bazaviy kosmik infratuzilma mavjud.

Shu bilan birga, mamlakatda qishloq va suv xoʻjaligi, ekologiya, telekommunikatsiya, geologiya-qidiruv, kartografiya, meteorologiya, seysmologiya va shaharsozlik sohalarining samaradorligini oshirish imkoniga ega boʻlgan erni masofadan turib zondlash, yoʻldosh aloqa, navigatsiya tizimlari kabi kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar sohasida faoliyat deyarli amalga oshirilmayapti.

Mamlakatning yanada barqaror rivojlanishi, jumladan iqtisodiyotning turli sohalarida innovatsion kosmik texnologiyalardan foydalanish orqali mavjud ilmiy-texnik salohiyatni samarali amalga oshirish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi xavfsizligini taʼminlash maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi (keyingi oʻrinlarda — “Oʻzbekkosmos” agentligi) tashkil etilsin.

(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-maydagi PF-76-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.05.2023-y., 06/23/76/0296-son)

3. Quyidagilar “Oʻzbekkosmos” agentligining asosiy vazifalari etib belgilansin:

kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar sohasida yagona davlat siyosati va strategik yoʻnalishlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;

Oʻzbekiston Respublikasida kosmik tarmoqni rivojlantirishning davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;

kosmik faoliyat, kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar sohasida qonun hujjatlarini takomillashtirish boʻyicha takliflar tayyorlash, shu jumladan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish;

kosmik faoliyat sohasining lozim darajada rivojlanishi, sohaga tegishli va u bilan bogʻliq ishlar, xizmat koʻrsatishning bajarilishini taʼminlash maqsadida kosmik faoliyat sohasidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;

kosmik tarmoq infratuzilmasi, kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar, ilmiy-izlanish, tajriba-konstruktorlik va innovatsion ishlarni rivojlantirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;

kosmik faoliyatning barcha yoʻnalishlari boʻyicha kadrlarni, jumladan yetakchi xorijiy oliy taʼlim muassasalarida tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish;

stratosfera va boshqa uchuvchisiz uchish apparatlari, shuningdek erni masofadan turib zondlash va yoʻldoshli aloqa kosmik apparatlarini qoʻllagan holda davlat organlariga masalalarni hal etish samaradorligini oshirishda koʻmaklashish;

kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshirish;

xorijiy investitsiyalar va ilgʻor texnologiyalarni kosmik faoliyat sohasiga, shu jumladan davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida jalb qilish maqsadida manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda xalqaro moliya institutlari, donor-mamlakatlar, kompaniyalar va banklar bilan hamkorlikni rivojlantirish;

kosmik va yoʻldosh texnologiyalarni joriy etish boʻyicha loyihalarni amalga oshirish uchun mahalliy tijorat tuzilmalari, ishlab chiqaruvchilar va moliya resurslarining keng jalb etilishini taʼminlash;

kosmik faoliyatning ayrim yoʻnalishlari tijoratlashtirilishini ragʻbatlantirish.

(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-maydagi PF-76-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.05.2023-y., 06/23/76/0296-son)

5. 2019-2020-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida kosmik tarmoqni rivojlantirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

6. Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi faoliyatini tashkil etish boʻyicha Hukumat qarorini qabul qilsin.

7. “Oʻzbekkosmos” agentligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:

2019-yil 1-noyabrga qadar Oʻzbekiston Respublikasining “Kosmik faoliyat toʻgʻrisida”gi Qonuni loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritsin.

2020-yil 1-iyulga qadar 2020 — 2030-yillar davomida Oʻzbekiston Respublikasida kosmik tarmoqni rivojlantirish davlat dasturi (keyingi oʻrinlarda — Dastur) loyihasini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

Dastur loyihasini ishlab chiqishda quyidagi masalalarni hal etishga alohida eʼtibor qaratilsin:

Oʻzbekiston Respublikasida kosmik tarmoqni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini amalga oshirish boʻyicha yaxlit koʻrishni ishlab chiqish va strategik vazifalarni samarali hal qilish;

sanoat va ekologik xavfsizlikning yuqori darajasini taʼminlovchi zamonaviy ilgʻor texnologiyalarni qoʻllagan holda kosmik tarmoq va tegishli infratuzilma obyektlarini qurish;

oliy taʼlim muassasalarida hamda oʻquv markazlarida kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar sohasi mutaxassislarini tayyorlashni tashkil etish.

8. “Oʻzbekkosmos” agentligi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda kosmik faoliyatni rivojlantirish uchun imtiyozli kreditlar va grantlarni jalb qilish maqsadida Dastur doirasidagi loyiha takliflari pasportini Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga kelgusida xalqaro moliya institutlari va boshqa xorijiy donorlar bilan koʻrib chiqish uchun taqdim etsin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

10. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2019-yil 30-avgust,

PF-5806-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-avgustdagi PF-5806-son Farmoniga ILOVA

2019-2020-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida kosmik tarmoqni rivojlantirish boʻyicha

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.