Qishloq xoʻjaligida iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, chorvachilik mahsulotlari yetishtirish va qayta ishlash sohasida ilgʻor xorijiy texnologiyalarni faol joriy etish, fermer xoʻjaliklari va qishloq xoʻjaligi tashkilotlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularning ishlab chiqarish salohiyatini oshirish, shuningdek, Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida:
1. Quyidagilar:
a) 2019-yil 13-noyabrda Oʻzbekiston Respublikasi va Osiyo taraqqiyot banki (keyingi oʻrinlarda — OTB) oʻrtasida “Chorvachilik sohasida qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratishni rivojlantirish” loyihasini (keyingi oʻrinlarda — Loyiha) moliyalashtirish uchun 2 foiz stavkada, shu jumladan 5 yil imtiyozli davrga 25 yilda qoplash muddati bilan qiymati 150,0 mln AQSH dollari miqdoridagi qarz bitimi imzolanganligi;
b) Loyihaning umumiy qiymati 237,45 mln. AQSH dollari ekvivalentini, ulardan:
150 mln. AQSH dollari OTBning qarzi;
56,15 mln. AQSH dollari ekvivalentidagi mablagʻlar Loyiha ishtirokchilari (benefitsiarlar)ning ulushi;
31,30 mln. AQSH dollari ekvivalentidagi mablagʻlar, shu jumladan soliq va bojxona toʻlovlari boʻyicha imtiyozlar berish shaklida — 22,46 mln. AQSH dollari ekvivalentidagi mablagʻlar, investitsiya davrida moliyaviy xarajatlarni toʻlash shaklida — 8,84 mln. AQSH dollari ekvivalentidagi mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasining Loyihani amalga oshirishdagi ulushini tashkil etishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilansinki:
Loyiha Oʻzbekiston Respublikasining barcha viloyatlari va Qoraqalpogʻiston Respublikasida amalga oshiriladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — Qoʻmita) Loyihaning oʻz vaqtida va toʻliq amalga oshirilishi, uning muvofiqlashtirilishi va boshqarilishi, shuningdek, Loyihani amalga oshirish davrida monitoring va hisobot yuritilishi uchun masʼul ijro etuvchi organ hisoblanadi;
(2-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-iyundagi PF-90-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.06.2023-y., 06/23/90/0352-son)
kredit liniyasini boshqarish, OTBning qarzi oʻz vaqtida oʻzlashtirilishi va maqsadli foydalanilishini taʼminlash, shuningdek, subloyihalarni amalga oshirish boʻyicha monitoring va hisobotni yuritish funksiyalari Loyihada ishtirok etuvchi Oʻzbekiston Respublikasining tijorat banklariga yuklanadi;
Loyihani amalga oshirish davri 6 yilni (2020 — 2025-yillar) tashkil etadi.
(1-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PQ-388-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2025-y., 07/25/388/1235-son)
3. Quyidagilar:
“Chorvachilik sohasida qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratishni rivojlantirish” loyihasining asosiy texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlari 1-ilovaga muvofiq;
“Chorvachilik sohasida qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratishni rivojlantirish” loyihasi boʻyicha Osiyo taraqqiyot bankining qarzidan foydalanish sxemasi 2-ilovaga muvofiq;
“Chorvachilik sohasida qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratishni rivojlantirish” loyihasi doirasida Osiyo taraqqiyot bankining qarzini soʻndirish, foiz va komissiya toʻlovlarini amalga oshirishning prognoz jadvali 3-ilovaga muvofiq;
“Chorvachilik sohasida qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratishni rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Agentlik Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Markaziy banki bilan birgalikda bir oy muddatda Loyiha doirasida OTB tomonidan ajratilgan qarzni ishlatish tartibini, subloyihalarni tanlash va ularni baholash mezonlarini koʻrsatgan holda, kreditni qayta moliyalashtirishning muddatlari va shartlari toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqsin hamda tasdiqlasin.
5. Qoʻmita raisi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari zimmasiga Loyiha doirasidagi tadbirlarni samarali amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlarni taʼminlash, shuningdek, OTB va Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari talablariga muvofiq hisobot hamda zarur hujjatlarni tayyorlash va taqdim etishni oʻz vaqtida tashkillashtirish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-fevraldagi PF-67-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.02.2022-y., 06/22/67/0128-son)
6. Oʻzbekiston Respublikasi moliya vaziriga Oʻzbekiston Respublikasi nomidan OTB tomonidan ajratiladigan qarzni qayta kreditlash bitimlarini imzolash, shuningdek, ularga Qoʻmita va Loyihada ishtirok etuvchi Oʻzbekiston Respublikasining tijorat banklari bilan kelishilgan holda tegishli oʻzgartirishlar kiritish vakolati berilsin.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-fevraldagi PF-67-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.02.2022-y., 06/22/67/0128-son)
7. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi:
Oʻzbekiston Respublikasi va OTB oʻrtasidagi qarz bitimi;
Loyiha doirasida Qoʻmita hamda Loyihada ishtirok etuvchi tijorat banklari bilan OTBning qarz mablagʻlarini qayta kreditlash bitimlari va ularga kiritiladigan oʻzgartirishlar yuzasidan oʻrnatilgan tartibda yuridik xulosalar bersin.
(7-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-fevraldagi PF-67-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.02.2022-y., 06/22/67/0128-son)
8. Quyidagilar:
Loyihani amalga oshirish doirasida OTB qarzi hisobidan xarid qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) va transport vositalari bojxona toʻlovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yigʻimlardan tashqari), qoʻshilgan qiymat soligʻidan, davlat maqsadli jamgʻarmalariga majburiy toʻlovlardan;
Loyihani amalga oshirishda ishtirok etayotgan jismoniy shaxslar — Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlarining daromadlari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻidan ozod qilinsin.
Belgilansinki:
mazkur bandga muvofiq taqdim etilgan imtiyozlarning amal qilishi Loyiha doirasida qayta moliyalashtirilgan mablagʻlar hisobidan jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan xarid qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ga ham joriy etiladi;
ushbu imtiyozlar natijasida boʻshagan mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasining Loyihani amalga oshirishdagi ulushi deb hisoblanadi.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi Loyiha Oʻzbekiston Respublikasining Investitsiya dasturlariga belgilangan tartibda kiritilishini taʼminlasin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Qoʻmitaning buyurtmanomalari boʻyicha Loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi chet ellik mutaxassislarga kirish vizalarini konsullik va haqiqiy xarajatlarning oʻrnini qoplash hisobidan yigʻimlarni undirmagan holda rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-fevraldagi PF-67-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.02.2022-y., 06/22/67/0128-son)
11. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Qoʻmitaning buyurtmanomalari boʻyicha Loyiha doirasida jalb etiladigan chet ellik mutaxassislarga koʻp martalik vizalarni rasmiylashtirish, berish va muddatini uzaytirishni, shuningdek, turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazish va uning muddatini uzaytirishni davlat boji undirmasdan taʼminlasin.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 9-iyundagi PF-109-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.06.2026-y., 06/26/109/0580-son)
12. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 27-noyabr,
PQ-4538-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 27-noyabrdagi PQ-4538-son qaroriga 1-ILOVA
“Chorvachilik sohasida qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratishni rivojlantirish” loyihasining asosiy texnik-iqtisodiy
Izoh: * Yakuniy narx koʻrsatkichlari batafsil loyiha-smeta hujjatlari, tovarlar (ishlar va xizmatlar) yetkazib berish boʻyicha belgilangan tartibda oʻtkaziladigan tender savdolari natijalari asosida belgilanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 27-noyabrdagi PQ-4538-son qaroriga 2-ILOVA
“Chorvachilik sohasida qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratishni rivojlantirish” loyihasi boʻyicha Osiyo taraqqiyot bankining qarzidan foydalanish
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 27-noyabrdagi PQ-4538-son qaroriga 3-ILOVA
“Chorvachilik sohasida qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratishni rivojlantirish” loyihasi doirasida Osiyo taraqqiyot bankining qarzini soʻndirish, foiz va komissiya toʻlovlarini amalga oshirishning prognoz
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 27-noyabrdagi PQ-4538-son qaroriga 4-ILOVA
“Chorvachilik sohasida qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratishni rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish boʻyicha
(4-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-iyundagi PF-90-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.06.2023-y., 06/23/90/0352-son)