Respublikada tutzorlarni kengaytirish, tutchilikda suv tejovchi sugʻorish texnologiyalarini qoʻllash hamda agrotexnika tadbirlarini samarali oʻtkazilishini ragʻbatlantirish, innovatsion gʻoyalar, ilmiy ishlanmalar va ilm-fan yutuqlarini keng joriy etish orqali pillachilik tarmogʻi ozuqa bazasini koʻpaytirish, eksportga moʻljallangan mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirish, shuningdek, pillachilik tarmogʻida amalga oshirilayotgan islohotlarni yanada chuqurlashtirish maqsadida:
1. Quyidagilar:
2020-yilda yangi tutzorlar barpo etish uchun pillachilik tarmogʻi tashkilotlariga oʻrnatilgan tartibda koʻp yillik ijara shartnomasi asosida ajratiladigan qishloq xoʻjaligida foydalanishdan chiqib ketgan yer maydonlarining hududlar kesimidagi roʻyxati 1-ilovaga muvofiq;
2020 — 2024-yillarda respublika hududlarida meliorativ obyektlar atrofida va qishloq xoʻjaligi yerlarida hosildorlikni koʻpaytirishga yoʻnaltirilgan shamol va suv eroziyalaridan himoyalash uchun ihota tutzorlarini barpo etish prognoz parametrlari 2-ilovaga muvofiq;
2020 — 2025-yillarda ipak qurti parvarishlash va tirik pilla xomashyosi yetishtirishning asosiy maqsadli koʻrsatkichlari 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq yangi intensiv tutzorlar barpo etishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash maqsadida 2020-yil 1-fevraldan boshlab Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan:
pillachilik va tutchilik tashkilotlariga tutzorlarda tomchilatib sugʻorish tizimini joriy etish xarajatlarining bir qismini qoplash uchun tomchilatib sugʻorish tizimini joriy etgan holda yangidan tashkil etilgan tutzorlarning har bir gektariga 8 million soʻmgacha;
maydoni 10 gektar va undan ziyod gektardagi tutzorlarga suv chiqarish uchun burgʻilangan quduq, shuningdek, daryolar, kanallar hamda boshqa suv havzalaridan suvni tortish uchun nasos stansiyasini qurishga har bir metri uchun 600 ming soʻmdan, ammo 120 million soʻmdan oshmaydigan miqdorda Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligining tegishli dalolatnomasiga asosan subsidiya taqdim etiladi.
(2-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 1-iyundagi PF-85-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.06.2023-y., 06/23/85/0325-son)
Bunda budjet mablagʻlarini oluvchilar bilan tuziladigan import shartnomalarini majburiy ekspertizadan oʻtkazish va roʻyxatga olish talabi pillachilik va tutchilik tashkilotlari tomonidan suv tejovchi sugʻorish texnologiyalarini joriy etish, suv chiqarish uchun burgʻulangan quduqni, shuningdek, daryolar, kanallar va boshqa suv havzalaridan suvni tortish uchun nasos stansiyasini qurish boʻyicha ishlar doirasida tuziladigan import shartnomalariga tatbiq etilmaydi.
Mazkur bandda koʻrsatilgan subsidiyalar Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti topshiriqlariga muvofiq hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha xarajatlar uchun nazarda tutilgan mablagʻlar hisobidan qoplanishi belgilab qoʻyilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi:
Suv xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi va Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda pillachilik va tutchilik tashkilotlariga tutzorlarda tomchilatib sugʻorish tizimlarini joriy etish, suv chiqarish uchun burgʻulangan quduqni, shuningdek, daryolar, kanallar va boshqa suv havzalaridan suvni tortish uchun nasos stansiyasini qurish boʻyicha xarajatlarning bir qismini qoplab berish tartibini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
Innovatsion rivojlanish vazirligi va “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi bilan birgalikda 2020-yil 1-sentabrga qadar suv tejovchi sugʻorish texnologiyalarini joriy etishga davlat budjetidan ajratilgan mablagʻlarning tutzorlarni tashkil etishga, suv va moddiy resurslar (elektr energiyasi, mineral oʻgʻitlar va boshqalar) iqtisod qilinishiga taʼsirini mustaqil konsalting kompaniyalarini jalb qilgan holda oʻrgansin va 2020-yil 15-sentabrga qadar Vazirlar Mahkamasiga suv tejovchi sugʻorish texnologiyalarni joriy etishning maqsadga muvofiqligi yuzasidan takliflar kiritsin;
yangidan tashkil etiladigan tutzorlarga suv tejovchi sugʻorish texnologiyalarini joriy etish maqsadga muvofiq deb topilganda 2021-yildan boshlab Moliya vazirligi bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarini shakllantirishda zarur mablagʻlarni koʻzda tutib borilishini taʼminlasin.
4. Mazkur qarorning 3-bandi uchinchi xatboshisida nazarda tutilgan mustaqil konsalting kompaniyalarini jalb qilish bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi zaxira jamgʻarmasidan qoplansin.
5. Belgilab qoʻyilsinki:
“Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi mahalliy ijroiya hokimiyati organlari bilan birgalikda pillachilik tashkilotlari tomonidan tutzorlar barpo etilishini monitoring qiladi va mavjud muammolarni hal etishda amaliy yordam koʻrsatadi;
(5-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 2-fevraldagi PF-28-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.02.2024-y., 06/24/28/0099-son)
oʻtkazilgan monitoring natijalari har yili bir marta xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari tomonidan muhokama qilinadi va muhokama natijalariga koʻra pillachilik tashkilotlari oʻzlariga ajratilgan yer maydonlarida bir yil davomida tutzorlar tashkil qilmagan taqdirda ularga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 4-dekabrdagi “Respublikada pillachilik tarmogʻini jadal rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4047-son qaroriga muvofiq taqdim qilingan yer soligʻi boʻyicha imtiyozlarning amal qilishini toʻxtatish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlarining qarorlariga asosan yer maydonlaridan samarasiz foydalanayotgan pillachilik tashkilotlariga yer soligʻi boʻyicha imtiyoz qoʻllashni toʻxtatish chorasini koʻrsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi va Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashining “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi hududiy “Agropilla” masʼuliyati cheklangan jamiyatlariga tegishli boʻlgan tutzorlarni tajriba sinov tariqasida aholiga oilaviy pudrat asosida 1 gektardan 3 gektargacha taqsimlash toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bilan birgalikda:
a) bir oy muddatda “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi hududiy “Agropilla” masʼuliyati cheklangan jamiyatlariga tegishli boʻlgan tutzorlarni aholiga oilaviy pudrat asosida taqsimlash tartibini quyidagi mexanizmlarni hisobga olgan holda ishlab chiqib, tasdiqlasin:
pillachilik tashkilotlari tomonidan aholiga tutzorlarni yangilash uchun tut koʻchatlari va pilla mavsumlarida ipak qurti urugʻini bepul tarqatish;
aholiga tutzorning but saqlanishi, tut bargi hosildorligini oshirish, yetishtirilgan pilla hajmi boʻyicha talab qoʻyilishi;
aholi tomonidan yetishtirilgan pilla hosilini sotishdan tashqari tutzorlar orasiga qoʻshimcha ekinlar ekish orqali olinadigan daromadlarni ularning oʻzlarida qoldirish;
b) 2020-yil 1-aprelga qadar tajriba sinov tariqasida 4-ilovaga muvofiq hududlardagi tutzorlarni aholiga oilaviy pudrat asosida biriktirib berilishini taʼminlasin va 2020-yil 1-noyabrga qadar tajriba sinov natijalariga asosan respublikaning qolgan hududlaridagi mavjud tutzorlarni aholiga oilaviy pudrat asosida taqsimlash boʻyicha taklif ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
8. “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda 2020-yil 1-martga qadar:
respublikadagi mavjud tutzorlar xatlovdan oʻtkazilishini taʼminlasin;
xatlov natijasida aniqlangan eskirgan, yaroqsiz tutzorlarni yangilash dasturini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin;
oʻzboshimchalik bilan boshqa maqsadlarda foydalanish uchun berib yuborilgan tutzorlar boʻyicha maʼlumotlarni tegishli organlarga, shu jumladan prokuratura organlariga qonunchilikda oʻrnatilgan tartibda chora koʻrish uchun taqdim etsin;
b) 2020-yil yakuniga qadar pillachilik tarmogʻi tashkilotlariga ajratiladigan yerlarda kamida 5 ming gektar tutzor tashkil qilish va ularda tomchilatib sugʻorish tizimlarini joriy etish chorasini koʻrsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat taʼminoti sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi bilan birgalikda 2020-yil 1-aprelga qadar hududlarda pillachilik tarmogʻini rivojlantirish maqsadida oʻrnatilgan tartibda xalqaro moliya tashkilotlarining imtiyozli kredit va grant mablagʻlarini jalb qilish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi bilan birgalikda ishsiz aholini ipak qurti boqish va agrotexnik tadbirlar oʻtkazishni oʻrgatishga moʻljallangan oʻquv kurslarini tashkil etsin hamda pilla boqishdan olinadigan daromadlar boʻyicha tushuntirish ishlarini olib borsin.
11. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi bilan birgalikda:
tizimli ravishda hududlarda yangi tutzorlar barpo etish, eskirgan tutzorlarni yangilash, pilla yetishtirish mavsumlarini uyushqoqlik bilan oʻtkazish boʻyicha hududiy dasturlarning ishlab chiqilishi, ijro etilishi va monitoringini taʼminlasin;
har hafta tumanlar sektorlari rahbarlari, tegishli davlat organlarining hududiy boʻlinmalari bilan birgalikda pillachilik tarmogʻidagi muammolarni aniqlash va bartaraf etish maqsadida pillachilik tashkilotlari bilan uchrashuvlarni, pilla yetishtirish mavsumlarida esa kasanachilar xonadonlariga borishni tashkil etsin;
pillachilik tarmogʻini yanada rivojlantirishni ragʻbatlantirish, shuningdek, hududlarda mavjud muammolarni hal etish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritib borsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi va “Oʻzstandart” agentligi bilan birgalikda ikki oy muddatda grant mablagʻlari hisobidan:
Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti tasarrufidagi naslli ipak qurti urugʻi yetishtiruvchi muassasalarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash maqsadida ularni moddiy-texnika vositalari bilan taʼminlash;
“Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi huzurida pilla va ipak sifatini aniqlash boʻyicha ixtisoslashgan zamonaviy laboratoriya tashkil qilish choralarini koʻrsin.
13. “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti bilan birgalikda respublikada tayyorlanayotgan tut urugʻlari sifat koʻrsatkichlarini nazorat qilish hamda tutchilikka ixtisoslashgan xoʻjaliklar tomonidan kafolatlangan tut koʻchatlarini sotish tizimini yoʻlga qoʻysin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasining Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti va Toshkent davlat agrar universitetining ipakchilik va tutchilik yoʻnalishida kadrlarni tayyorlash sohasiga oid hamkorligini yoʻlga qoʻyish boʻyicha taklifi maʼqullansin.
“Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi Toshkent davlat agrar universiteti bilan birgalikda:
Ipakchilik ilmiy-tadqiqot institutida ipakchilik va tutchilik mutaxassisliklari boʻyicha talabalarga mashgʻulotlar oʻtkazish uchun zarur oʻquv korpusi ajratilishini, uning taʼmirlanishini, zamonaviy oʻquv va ilmiy-laboratoriya uskunalari, mebel, inventarlar bilan jihozlanishini taʼminlasin;
Yaponiya, Koreya Respublikasi, Xitoy Xalq Respublikasi va boshqa ilgʻor xorijiy davlatlardagi ipakchilik va tutchilikka ixtisoslashgan taʼlim va ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish hamda ulardagi malakali professor-oʻqituvchilar va mutaxassislarni oʻquv jarayoni va malaka oshirish kurslariga jalb etish choralarini koʻrsin.
15. Belgilab qoʻyilsinki, 2020-yil 1-fevraldan boshlab Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti rahbar xodimlarining ish haqi budjet mablagʻlari hisobiga fundamental, amaliy tadqiqotlar va innovatsion ishlarning ilmiy-texnika dasturlarini amalga oshirishda qatnashuvchi ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbar xodimlarining bazaviy lavozim maoshlariga tenglashtiriladi.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 5-ilovaga muvofiq qoʻshimcha va oʻzgartirish kiritilsin.
17. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
18. Mazkur qaror ijrosi quyidagi tartibda amalga oshirilsin:
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha maslahatchisi A.D. Vaxabov — mazkur qaror ijrosini sifatli, toʻliq va oʻz vaqtida taʼminlasin, unda belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan masʼul vazirlik, idora va tashkilotlar faoliyatini samarali tashkil qilsin hamda muvofiqlashtirsin, har oyda ular rahbarlarining bajarilgan ishlar toʻgʻrisidagi hisobotlarini qabul qilsin hamda aniqlangan kamchiliklarni oʻz vaqtida bartaraf etsin;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari — mazkur qarorning 1-ilovasiga muvofiq hududlarda yangi tutzorlar barpo etish uchun “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi tavsiyasiga asosan pillachilik tarmogʻi tashkilotlariga qishloq xoʻjaligida foydalanishdan chiqib ketgan yer maydonlarini ajratsin;
“Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi raisi B.Q. Sharipov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari — tutzorlar tashkil qilish, ularda tomchilatib sugʻorish tizimlarini joriy etish, mavjud tutzorlarni aholiga oilaviy pudrat asosida taqsimlash va sifatli pilla yetishtirish boʻyicha maqsadli koʻrsatkichlarning bajarilishini taʼminlasin;
Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi raisi N.J. Bakirov va “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi raisi B.Q. Sharipov — respublika hududlarida meliorativ obyektlar atrofida va qishloq xoʻjaligi yerlarida shamol va suv eroziyalaridan himoyalash uchun ihota tutzorlarini barpo etish choralarini koʻrsin;
Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori A.K. Koʻchimov, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi vazifasini bajaruvchi A.D. Xadjayev — mazkur qarorning mazmun-mohiyati va amaliy ahamiyatini yoritishga oid maqolalar, brifinglar, matbuot anjumanlari, tematik telekoʻrsatuvlar tashkil etsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2020-yil 17-yanvar,
PQ-4567-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 17-yanvardagi PQ-4567-son qaroriga 1-ILOVA
2020-yilda yangi tutzorlar barpo etish uchun pillachilik tarmogʻi tashkilotlariga oʻrnatilgan tartibda koʻp yillik ijara shartnomasi asosida ajratiladigan qishloq xoʻjaligida foydalanishdan chiqib ketgan yer maydonlarining hududlar kesimidagi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 17-yanvardagi PQ-4567-son qaroriga 2-ILOVA
2020 — 2024-yillarda respublika hududlarida meliorativ obyektlar atrofida va qishloq xoʻjaligi yerlarida shamol va suv eroziyalaridan himoyalash uchun ihota tutzorlarni barpo etish
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 17-yanvardagi PQ-4567-son qaroriga 3-ILOVA
2020 — 2025-yillarda ipak qurti parvarishlash va tirik pilla xom ashyosi yetishtirishning asosiy maqsadli
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 17-yanvardagi PQ-4567-son qaroriga 4-ILOVA
Tajriba sinov tariqasida aholiga oilaviy pudrat asosida biriktirib beriladigan tutzorlar hududlari va maydoni
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 17-yanvardagi PQ-4567-son qaroriga 5-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan qoʻshimcha va oʻzgartirish
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 27-dekabrdagi “Paxta xom ashyosini yetishtirishda tomchilatib sugʻorish texnologiyalaridan keng foydalanish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga oid kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4087-son qaroriga 2-ilova quyidagi mazmundagi 13-band bilan toʻldirilsin:
“13. “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasining hududiy “Agropilla” MChJ rahbari”.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 31-iyuldagi “Pillachilik tarmogʻida chuqur qayta ishlashni rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4411-son qaroriga 3-ilovaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2019 — 2025-yillarda “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi tarkibidagi korxonalar tomonidan ipak mahsulotlari ishlab chiqarish va eksport qilish boʻyicha PROGNOZ PARAMETRLARI